Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Ilk o‘rta asrda qishloq turar joylari dehqonchilik madaniyatining shakllanishi (Jizzax vohasi misolida)

G‘ofurov Jasur Isaqovich Jizzax davlat pedagogika universiteti, Umumiy tarix kafedrasi dotsenti jgofurov@bk.ru tel: +998933096735 Annotatsiya: Ushbu maqola Ustrushonaning ilk o‘rta asr qishloq turar joylari madaniyatini shakllanishi va rivojlanishida, sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligi munosabatlarining tutgan o‘rniga bag‘ishlangan. Annotatsiya: Dannaya statya posvyaщena roli oroshaemыx zemledelcheskix otnosheniy v formirovanii i razvitii kulturы rannesrednevekovыx selskix poseleniy Ustrushanы. Annotation: This article is devoted to the role of irrigated agricultural relations in the formation and development of the culture of the early medieval rural settlements of Ustrushana. Kalit so‘zlar:  Markaziy Osiyo, Ustrushona, ilk o‘rta asr, qishloq makonlari, Nurtepa, Qalyatepa, irrigatsiya, sug‘orma dehqonchilik, koriz, migratsiya. Klyuchevыe slova: Srednyaya Aziya, Ustrushana, rannee srednevekove, selskie poselenы, Nurtepe, Kalyatepe, oroshenie, oroshaemoe zemledelie, kyariz, migratsiya. Key words: Central Asia, Ustrushana, early Middle Ages, rural settlements, Nurtepe, Kalyatepe, irrigation, irrigated agriculture, kyariz, migration.   Ustrushonani o‘zlashtirilishida uning tabiiy geografik sharoiti muhim ahamiyat kasb etgan. Darhaqiqat, Ustrushona o‘lkasi – Markaziy Osiyodagi qadimdan inson istiqomati, xo‘jaligi va hayotiy faoliyati uchun qulay hisoblangan vohalardan biridir. Ustrushonaning janubiy sarhadlaridagi tog‘lardan bosh olgan va vodiy tomon oqqan daryo va daryochalar, soy va buloq-chashmalar havzasida qadimdan aholi o‘troq yashagan hamda sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik madaniyatining shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Ustrushonaning markaziy, shimoliy va g‘arbiy hududlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida o‘nlab turli davrlar moddiy madaniyatiga oid yodgorliklarni qayd etish barobarida, ularning hayot faoliyati uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan sun’iy sug‘orish tizimlari, irrigatsiya inshootlari  o‘troq xo‘jaliklar faoliyatining bosh asosi sug‘orma dehqonchilik madaniyati bilan uzviy bog‘langan. Tabiiy oqar suv va boshqa manbalar negizida sun’iy sug‘orish inshootlarining asosiy vazifasi, ekin dalalariga har yili uzoq muddat davomida suv yetkazib berish bo‘lgan. Chunki, O‘rta Osiyo sharoitida ba’zi ekinlardan ikki marta hosil olish imkoniyati bo‘lgan, ba’zilari esa (masalan, sholi, paxta…) uzoq vaqt sug‘orilgan, ko‘p suv sarflangan. Nafaqat, Ustrushonada, balki butun Markaziy Osiyoda irrigatsiya inshootlarining xususiyatlari hamda unga uyg‘unlashgan sug‘orish texnikasi muayyan vohaning gidrologiyasi (joyning past-tekisligi, nishabligi), geomorfologiyasi(er tuzilishi, tuproqning turlari)ga va albatta, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan taraqqiyotiga bog‘liq holda shakllangan va shu asosda faoliyat ko‘rsatgan. O‘rta Osiyoda, jumladan, Ustrushonada sug‘orishning turli usullari hayotga tadbiq etilgan va ular bir-biridan ba’zi hollarda keskin holda farq qilgan. Ilmiy izlanishlar tahliliga ko‘ra, ilk o‘rta asrlarda ko‘chmanchi cho‘l xalqlarini shimoliy-g‘arbiy Ustrushonaga ta’sirini, umumiy aloqa me’zonlari va moddiy-madaniy almashuvlarini davriylik jihatdan ikki bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich IV-VI asrlar bilan ikkinchi bosqich VII-VIII asrlar bilan davrlanadi. Cho‘l xalqlarining III-IV asrlarda madaniy, dexqonchilik vohalar tomon siljishi aksariyat hollarda ularning o‘troq hayot tarziga o‘tishi bilan nihoyalangan. Bu holat V-VI asrlarda ommaviy tus olgan [12. –B. 14]. Ilk o‘rta asrlarda ommaviy o‘troqlashuvni amalga oshirilishi tabiiy ravishda sug‘orma dehqonchilik yerlarining kengayishiga, bu esa o‘z navbatida irrigatsiya tarmoqlarini rivojlanishiga, yangi-yangi sug‘orish shahobchalarini bunyod etilishiga sabab bo‘lgan. Ustrushona irrigatsiya inshootlari tarixini o‘rgangan A. I. Bilalovning e’tirof etishicha, «ilk o‘rta asrlarda bunyod etilgan irrigatsiya tizimlari va inshootlari deyarli katta o‘zgarishlarsiz bir necha yuz yilliklar davomida xizmat qilgan, ayrimlaridan hozirgacha foydalanilmoqda. Ilk o‘rta asrlarda butun Ustrushona bo‘yicha umumiy uzunligi 3000 km bo‘lgan irrigatsiya tarmoqlari faoliyat ko‘rsatgan va shu asosda 200 ming.gektar yerni sug‘orish imkoniyatiga erishilgan»[3. c.138]. O‘rta asrlar muallifi Hamidulloh Qazviniyning qayd etishiga qaraganda, Sharq mamlakatlarida sun’iy sug‘orishning asosan 4 ta turi mavjud bo‘lgan. Bular: daryo, soy va buloqlar, koriz va suv quduqlariga asoslangan sug‘orma usullar. Mazkur usullarning dastlabki 2 tasi ochiq holda bunyod etilgan nishab yer bo‘ylab o‘zi tabiiy oqqan kanal va ariqlarga, suvni ko‘tarib beruvchi inshootlar, suv omborlariga asoslangan sug‘orish faoliyatiga ixtisoslashgan. Koriz sug‘orma usuli esa yer osti suvlarini maxsus quduqlar “galereya”si va ularga gorizontal ulangan yopiq lahim orqali yer sathiga chiqarish va yer sathiga yaqin sizot suvlarni quduqlar orqali chiqarishdir. Mazkur sug‘orish usullaridan 3 tasi Ustrushona hududida keng qo‘llanilgan. Shimoli-g‘arbiy Ustrushonada antik davrdan boshlab kanal va shoh ariqlar qurish rivojlangan. Bunga Zarafshon daryosining Raboti Xoja to‘g‘onidan Jizzax vohasiga chiqarilgan, umumiy uzunligi 100 km.ga yaqin, daryoning yettidan bir qism suvini olgan Tuyatortar kanali va uni havzasida bunyod etilgan ko‘hna aholi manzillarini misol qilib keltirishimiz mumkin. Ushbu fikrlarga, Forish tumani Band shaharchasi yaqinida saqlanib qolgan, Ilonchisoy va Osmonsoyning qo‘shilgan o‘zanida X asrda bunyod etilgan Xonbandi suv omborini ham qo‘shimcha qilish mumkin. Mazkur suv omborida yig‘ilgan suv zahirasi bilan 1,5 ming gektar yerni sug‘orish mumkin bo‘lgan [6. – B.305-306]. Soha mutaxassislarining bergan ma’lumotlariga qaraganda sizot suvlarni quduq orqali chiqarib sug‘orish usuli Ustrushonada kam tarqalgan. Bunga sabab 3-10-12 m chuqurlikdan olinadigan sizot suvlari asosan Mirzacho‘l zonasida bo‘lgan. Bu yerda esa, sug‘orma dehqonchilikka nisbatan lalmi dehqonchilik rivojlangan. Shunga qaramasdan, S. Anarboevning ta’kidlashicha, bunday usuldan Jizzax tumaniga qarashli cho‘l sarhadlari bilan tutash hududda joylashgan Yoyilma qishlog‘ida qadimdan o‘tgan asrning 60-yillariga qadar foydalanishgan [1. – B. 51-55]. Shimoli-g‘arbiy Ustrushona geografik atamasi zamirida hududiy jihatdan Sangzor hamda Zominsuv daryolari o‘rtasidagi sug‘orma dehqonchilik vohasi nazarda tutiladi. Turkiston tog‘ining Chumqartov tizmalaridan bosh olib Haydarko‘lgacha (150 km) oquvchi Sangzor o‘rta asr Ustrushonasining uch rustoqi – Burnamad, Xarakana, Fag‘nonni kesib o‘tgan va qadimdan bu madaniy vohalarning asosiy suv manbai hisoblangan [11. –c.15.] . Zominsuv esa Ustrushonaning bosh shahri Bunjikatdan keyingi mavqega ega bo‘lgan Zomin-Sarsandaning ichimlik suvi ehtiyoji va sug‘orma dehqonchiligiga sarflangan. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha daryo suvi Mirzacho‘l sarhadlarida joylashgan Qoratepa shahar yodgorligigacha (60 km) yetib borgan. Ustrushonaning markaziy qismida o‘troq hayot va sug‘orma dehqonchilik qadimdan vujudga kelganligini ta’kidlagan O. I.Smirnova – “yunon mualliflarining shohidlik berishicha, O‘rta Osiyo, xususan, Ustrushonada mil. avv. IV asrdayoq shahar hayoti taraqqiy etgan, sun’iy sug‘orish tizimlariga asoslangan dehqonchilik rivojlangan. O‘rta Osiyo shaharlari orasida o‘sha davr uchun eng ulkan va taniqli bo‘lgan Kiropol shahri Ustrushonada joylashgan. Tarixchilar Kiropoldan tashqari Aleksandrning lager-qarorgohi bilan Sirdaryo o‘rtasida joylashgan yana beshta shahar haqida habar beradilar va bu shaharlardan faqat biri Gaza shahri nomini eslatib o‘tishadi”[10. c.188]. Shimoli-g‘arbiy Ustrushonada hozirgacha arxeologiya tadqiqotlari asosida aniqlangan eng qadimgi sug‘orma dehqonchilik vohasi Xo‘jamushkentsoy havzasidagi Xontepa, Sag‘anoqtepa I, II qishloq makonlari bilan bog‘liq madaniy mavzedir. Bu ikki yodgorlik soyning o‘ng qirg‘og‘ida, uning quyi oqimida joylashgan bo‘lib, milodiy er.avv, V-IV asrlar bilan davrlanadi [13.]. Xo‘jamushkentsoyning quyi oqimi hozirgi paytda beton shoh ariqqa solinib Xontepa mavzei yaqinida g‘arb-sharq yo‘nalishi bo‘yicha burib yuborilgan bo‘lsada, eni, 50-60 m, chuqurligi 3-5 m, janubdan shimol tomonga yo‘nalgan eski, quruq o‘zan haligacha saqlanib qolgan. Sangzor va Zominsuv oralig‘idagi vohada ilk antik davrga oid Xontepa va Sag‘anoqtepaga o‘xshash yodgorlik 1990 yillar oxirida Ko‘rpasoydagi qishloq makonidan topilgan va hozirgacha boshqa qayd etilgani yo‘q. Shimoli-g‘arbiy Ustrushonada Xontepa yil sanasi bilan ma’lum davriy uzilishdan keyin bir guruh aholi makonlari qad ko‘taradi. Bu makonlar sug‘orma dehqonchilikning oddiy qonuniyatiga amal qilgan holda, katta soy va buloqlar o‘zani yoqasida, vohaning asosiy suv manbai ikki daryo qirg‘og‘ida quriladi. Ustrushonaning ma’lum va mashhur shaharlaridan biri Zominning o‘rni Qo‘rg‘ontepadan (O‘rdatepa), mil. avv II-I asrlarga oid arxeologik materiallarni shaharni ichimlik suvi va dehqonchilik xo‘jaligini ta’minlash uchun Zominsuvdan chiqarilgan shoh ariq yoqasidan topilishi tasodifiy hol emas [2. c.62-63]. Antik davrning ushbu bosqichida Sangzor daryosi bilan bog‘liq dehqonchilik aholining mavzeida shahar va qishloq makonlari qurilishi nisbatan ommaviy tus olgan. Bu davrda vohaning eng ulkan va bizning davrimizgacha yaxshi saqlanib qolgan Qaliyatepa shahar makoni va uning atrofida bunyod etilgan bir qancha qishloq manzillari saqlanib qolgan [8.]. Ustrushonaning oqar suv manbalari qishloq xo‘jaligi suv muammosi mavjud bo‘lgan mavzelarida koriz quduqlar tizimiga asoslangan sug‘orish tizimi ham faoliyatda bo‘lgan. Mazkur turdagi inshoot O‘smat–Novqa avtomobil yo‘lining chap tomonidagi qir bag‘rida joylashgan kar’er hududida, yer qatlamning eng yuqori no‘qtasidan hisoblaganda 9,5 m pastda, janubiy – sharqdan shimoliy – g‘arb yo‘nalishi bo‘yicha ketgan yer osti yo‘lagi – lahim ko‘rinishida bunyod etilgan bo‘lib, uning g‘arbiy qismi ekskavator ishlayotgan paytda ochilib qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu inshoot yer sathidan qariyb 10 m chuqurlikdan inson sa’y-harakati bilan qachonlardir bunyod etilgani yaqqol ko‘rinib turgan yer osti inshooti – lahimning eni 70-75 sm, hozirgi saqlanish balandligi 55-60  sm bo‘lib, uning ichki tuzilishini  va yo‘nalishi ilmiy guruh a’zolari tomonidan aniqlandi [9. –b.162]. Tekshirishlar, qiyosiy o‘rganishlar natijasida, Baxmal tumani Novqa qishlog‘i hududida qayd etilgan ushbu qadimiy inshoot o‘tmishda aholini ichimlik suv bilan ta’minlash, haydalma ekin paykallarini sun’iy sug‘orish maqsadida qo‘llaniladigan koriz suv chiqarish tizimi ekanligi aniqlangan [9. –b.163]. Koriz qazish, undan suv chiqarib xalq xo‘jaligida foydalanish uchun qadimgi davr gidrogeologlari, miroblar va xalq ustalaridan yer osti suvlari sathi va ularda ro‘y beradigan o‘zgarishlarni, joy relefidagi nishablikni aniq belgilash talab etilgan. Bu maxsus asboblar (astrolyabiya, vaterpas…) vositasida amalga oshirilgan. Demak, koriz tizimi, asosan bir yo‘nalishda qazilgan o‘nlab quduqlar va ularning bir-biri bilan yer ostidan tutashtiruvchi suv yo‘li lahimdan iborat bo‘lgan. Baxmalda topilgan koriz tizimining davriy sanasini aniqlash uchun hozircha, moddiy ashyoviy manbalar qayd etilgani yo‘q. Shunga qaramasdan, Novqa qishlog‘i hududida joylashgan arxeologiya yodgorliklarining katta qismini V-VI; VII-VIII asrlarga oid qal’a qo‘rg‘onlar tashkil etganini hisobga olsak, mazkur inshootni kamida ilk o‘rta asrlarda (V-VIII asrlar) bunyod etilgan, deb taxmin qilish mumkin bo‘ladi [9.-b.163]. Ustrushonaning irrigatsiya inshootlari tarixi bilan shug‘ullangan A. I. Bilalovning ta’kidlashicha, Markaziy Ustrushonada ham xuddi Sug‘ddagidek qishloq xo‘jaligida koriz sug‘orish tizimlaridan keng foydalanilgan. Shahristonsoy, Bosmandasoy, Oqsuv oqar suv havzalarida bunyod etilgan korizlarni o‘rgangan muallif ularning qadimiyligi va turga ajralishi haqida fikr bildirgan. A. I. Bilalovning manbalarni o‘rgangan holda bergan ma’lumotiga qaraganda Xovos va Jizzax o‘rtasida ham ko‘plab korizlar faoliyat ko‘rsatgan [3. c.93-95]. Ushbu ilk sug‘orma dehqonchilik shakllangan kichik sug‘orma vohalar tarixidan kelib chiqqan holda demak, butun Ustrushonani, xususan, shimoli-g‘arbiy Ustrushonaning asosiy suv havzalarida o‘ta gavjum, zich joylashgan arxeologiya yodgorliklari tashkil qilgan kichik madaniy vohalar sug‘orma dehqonchiligi asrlar davomida irrigatsiya rayonlari tizimini vujudga keltirgan va shu tizim asosida o‘z faoliyatini davom ettirgan. Ilk o‘rta asrlar sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligi va irrigatsiya tarmoqlari haqida fikr bildirish uchun bizning ixtiyorimizda, nafaqat, davriy sanasi ishonchli aniqlangan arxeologiya yodgorliklari, balki, atroflicha bo‘lsada, ushbu masala bo‘yicha muayyan tasavvurlarni hosil qiluvchi o‘rta asr mualliflarining yozma ma’lumotlari ham mavjud. O‘rta asr geograf-sayyohlarining yozishicha, bu davrda Ustrushona Movarounnahrning Sug‘d, Farg‘ona, Shosh viloyatlari kabi taraqqiy etgan, ko‘p tarmoqli dehqonchilik viloyatiga aylangan. Al-Istahriy bu viloyatlar haqida yozar ekan …. «suv bilan ta’minlanmagan shahar, qishloq, ekinzor va yaylovlarning o‘zi yo‘qdir. Eng toza, eng yumshoq, eng xushta’m suv ulardadir»… deb tasdiqlaydi. Ibn-Havqal esa bu o‘lkada mevalarni juda ko‘p yetishtirilishini, hatto mevalar bilan uy-hayvonlari boqilishi haqidagi hayratomuz ma’lumotlarni keltiradi [3: 7.]. Yozma va arxeologiya ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda ustrushonaliklar asosan g‘allakorlikda – bug‘doy, arpa, suli, sholi, kunjut, no‘xat loviya, bog‘dorchilikda – uzum, o‘rik, olma, olcha, shaftoli, yong‘oq, bodom, polizchilikda – qovun, tarvuz, qovoq yetishtirganlar. Paxta yetishtirish dehqonchilik xo‘jaligida muhim o‘rinda turgan. Ko‘rinib turibdiki, ekinlarining asosini ko‘p suv talab qiladigan o‘simlik va mevalar tashkil qilgan. O‘rta asrlarga oid yozma manbalar mualliflari, afsuski, Ustrushonaning sug‘orish tizimlari haqida aniq va to‘liq ma’lumotlarni yozib qoldirishmagan. Mualliflar poytaxt Bunjikatning suv ta’minoti haqida nisbatan ancha to‘liq ma’lumot berishsada, qolgan rustoqlar va ularning bosh shaharlari suv xo‘jaligi haqida qisqa va umumiy tarzda «oqar suv manbai mavjud» ligini eslatib o‘tishgan xolos. Darvoqe, al-Istahriy «Ustrushonada kemalar suza oladigan daryo va ko‘llar yo‘q», deb habar bersa, Yoqut Zominning «mo‘l oqar suvi, cheksiz g‘allazorlari, anvoyi bog‘lari, sonsiz chorva mollari» haqida ma’lumot bergan. «Hudud al-Olam»ning noma’lum muallifi esa Jizzaxni – «oqar suv yaqinidagi shahar», deb ta’riflaydi. Albatta, muallif oqar suv, deb Sangzorni nazarda tutgan. Ta’kidlash joizki, geograf-sayyohlarning ushbu qisqa e’tiroflaridan ham o‘rta asrlarda Ustrushonada, xususan, uning shimoli-g‘arbiy rustoqlarida irrigatsiyaning keng tarmoq otgan tizimlari mavjud bo‘lganligini, sug‘orma dehqonchilikdan mo‘l hosil olinganini bilsa bo‘ladi. Ustrushonada yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari qo‘shni viloyatlarda, xususan, Xo‘jand bozorlarida sotilgan [4. – c.17-22.]. Ustrushonaning ilk o‘rta asrlar sug‘orma dehqonchiligi madaniyatining shakllanishi uchun quyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin: – shimoliy-g‘arbiy Ustrushona sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligi muqaddimasi dastlab Nurtepa bilan Nurtepadan keyingi bosqichda Xontepa aholi makoni bilan bog‘liq. Kichik davriy tanafusdan keyin mazkur madaniyat Sangzorning quyi oqimi Qaliyatepa mavzeida vujudga kelgan, bu jarayon daryoning o‘rta va yuqori oqimi vodiysiga, Zominsuv, Qili daryochalari havzasiga ko‘chgan va ilk o‘rta asrlarda yanada rivojlanishda davom etgan. – bu  davr sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligi, aynan ushbu davr uchun xususiyatli bo‘lgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy munosabatlar bilan uzviy bog‘liq holda taraqqiy etgan. – yuqorida ta’kidlanganidek, bu davr butun O‘rta Osiyo hududiga, jumladan, eng yaqin qo‘shni Ustrushonaga O‘rta Sirdaryo bo‘yi chorvador xalqlarining ommaviy tarzda o‘troqlashuv jarayonlari bilan xarakterlanadi. – Sirdaryo bo‘yi xalqlari uchun eng yaqin «kontakt zona» hisoblangan Ustrushona mazkur o‘troqlashuv jarayonlariga birinchilardan bo‘lib tortilgan va bu jarayonlarda faol ishtirok etgan. – yozma manbalar va ayniqsa, arxeologiya tadqiqotlarining ko‘rsatishicha, Ustrushonada ham Turon-Turkiston zaminining boshqa viloyatlarida mavjud bo‘lgani kabi sug‘orma dehqonchilik ho‘jaligi qadimgi davrdan shakllangan va o‘z taraqqiyotining uzoq yo‘lini bosib o‘tgan. Ayniqsa, ilk o‘rta asrlarda tog‘ oldi va dasht mavzelaridagi qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, bu mavzelarga suv chiqarish ishlariga katta e’tibor qaratiladi.   Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Anarboev S. Tuyatortar kanali qurilish tarixi. // Arxeologlar hikoya qiladi. –Toshkent, 1974, – B. 51-55.
  2. Buryakov Yu.F; Gritsina A.A. K otkrыtiyu antichnogo yadra Zaamina. // ONU. №8,- Tashkent, 1994, – S.63-66.
  3. Bilalov A.I. Iz istorii irrigatsii Ustrushanы. //  (MKT. Vыp. 4). – Dushanbe. 1980, – S.138.
  4. Betger Ye.K. Izvlecheniya iz knigi “Puti i stranы” Abul Kasыma ibn Xaukalya // Trudы SAGU, Arxeologiya Sredney Azii. Vыp. CXI – Tashkent, 1957, – S.17-22.
  5. Danilyovskiy V.V., Kononov V.N., Nikitin V.A. Issledovanie rastitelnыx ostatkov iz raskopok sogdiyskogo zamka na gore Mug v Tadjikistane // Trudы Tadjikskoy bazы AN SSSR. t. VIII. – Moskva-Leningrad, 1940, – S.489-490.
  6. Muhammadjonov A.R. Quyi Zarafshon vodiysining sug‘orilish tarixi (qadimgi davrlardan to XX asr boshlarigacha). – Toshkent, 1972, – B.305-321.
  7. Pardaev M., Suyunov S. Shimoliy – g‘arbiy Ustrushonaning sug‘orilish tarixidan. // O‘zbekiston qadimda va o‘rta asrlarda . Respublika yosh olimlari ilmiy anjumani ma’ruzalari bayoni. – Samarqand. 15-16 mart. 1993.
  8. M.X. Severo-zapadnaya Ustrushana v epoxu rannego srednevekovya (po materialom nijnego techeniya r. Sangzar). AKD. – Tashkent, 1995, – S.15.
  9. Pardaev M,H., G‘ofurov J.I., Qoraboev S.S. G‘arbiy Ustrushonaning yer osti suv chiqarish inshooti haqida // O‘zbekistonda Arxeologik tadqiqotlar. 8-soni, – Samarqand, 2012. – B. 162.
  10. O.I. Arxeologicheskie razvedki v Ustrushane 1950. //MIA. №37, – Moskva-Leningrad, 1953, – S.188.
  11. Suyunov S. Istoriya orosheniya severo-zapadnoy Ustrushanы (V-XVI vv. Po arxeologicheskim materialam). AKD. Samarkand, 1998. –S.15.
  12. Toshboev F.E. Ustrushona chorvadorlarining antik davr madaniyati. AKD. Samarqand, 2017. –B.14.
  13. Gritsina A.A. Severnaya Ustrushana v seredine I tыsyacheletiya do n.e. – nachale XIII v n.e. (Arxeologo-topograficheskoe issledovanie) // – Samarkand, 1990.