IKKI CHASHMA.(Bu yil shoira Zulfiya tavalludiga 106 yil to‘ladi)
Bilmadim, jahon adabiyoti tarixida Hamid Olimjon bilan Zulfiyaga qadar ham ikki shoirning sevgi va muhabbatiga asoslangan boshqa oila bo‘lganmikin?.. Agar bo‘lmagan bo‘lsa, shunday g‘aroyib an’anani bizning ikki mashhur vatandoshimiz Hamid Olimjon bilan Zulfiya boshlab berganlar.
Naim Karimov
Bu dunyoi azimda hech kimning xayoliga kelmagan antiqa voqealar bo‘ladi. Bittayu bitta ko‘karib turgan cho‘pi bo‘lmagan sahroda buloq suvlari otilib chiqib, ko‘z ochib yumguncha shu yerda bog‘-rog‘lar paydo bo‘lishi yoki tog‘-toshlardan iborat g‘arib bir o‘lkada tilla koni topilib, shu yer dunyoning eng boy mamlakatlaridan biriga aylanib ketishi hech gap emas.
Xuddi shuningdek, biri Jizzaxda dehqonchilik, ikkinchisi Toshkentda po‘lat quyuvchilik bilan shug‘ullangan otalardan tug‘ilgan ikki farzandning shoir va shoira bo‘lib ulg‘ayishi, hatto bir adabiy oilani tashkil etib, o‘zbek she’riyatining ikki yorqin yulduzlari o‘laroq chaqnab turishi ham ajabtovur hodisadir.
Bilmadim, jahon adabiyoti tarixida Hamid Olimjon bilan Zulfiyaga qadar ham ikki shoirning sevgi va muhabbatiga asoslangan boshqa oila bo‘lganmikin?.. Agar bo‘lmagan bo‘lsa, shunday g‘aroyib an’anani bizning ikki mashhur vatandoshimiz Hamid Olimjon bilan Zulfiya boshlab berganlar.
Zulfiyaning dastlabki she’ri bosilgan 1931 yilda Samarqanddagi oliy o‘quv yurtini tamomlagan Hamid Olimjon “Ko‘klam” va “Olov sochlar” degan she’rlar va “Tong shabadasi” degan hikoyalardan iborat to‘plamlarini chop etgan, “Qurilish” jurnali va “Yosh leninchi” gazetasida jurnalistika maktabini o‘tgan hamda Til va adabiyot institutida xizmat qilayotgan yosh shoir va adabiyotshunos edi. O‘sha yillardayoq o‘ziga va adabiy istiqboliga ishongan shoirning havaskor shoira bilan uchrashib, unga e’tibor qaratishi va uni sevib uylanishiga qandaydir ilohiy kuchlar aralashgandek tuyuladi.
Chindan ham, O‘qchi mahallasidagi Zulfiya tahsil olayotgan xotin-qizlar bilim yurtiga, aniqrog‘i, shu yerdagi adabiyot to‘garagi mashg‘ulotlariga boshqa shoirlar ham tez-tez kelib turishgan. Zulfiya ham she’rsevar dugonalari bilan yozuvchilarning shu yillardagi uyushmalariga borganida Hamid Olimjondan tashqari, Uyg‘un, Usmon Nosir, Amin Umariy singari navqiron shoirlarni ham ko‘rgan. Lekin uning ham nazar-e’tiborini aynan Hamid Olimjon oxanrabo yanglig‘ o‘ziga tortganki, bu hol tasodifiy emas. Har holda donishmandlar: “Nikoh arshi a’loda o‘qiladi”, deb bejiz aytishmaygan.
…Zulfiya o‘sha yillarda, boshqa dugonalari singari, o‘qituvchi bo‘lishga axd qilgan edi. Lekin u «donolik va bilimning sira tuganmas konlari” — Navoiy va Hofiz, Pushkin va Bayron asarlari bilan tanishar ekan, o‘zi ham “qandaydir juftlangan, ohangdosh satrlar”ni to‘qiy boshlaganini sezadi. U she’r yoza boshlaydi. Shu yillarda bilim yurtida Shukur Sa’dulla va Toshpo‘lat Sa’diy boshliq adabiyot to‘taragi ish olib borar, qizlar ular tufayli mumtoz va zamondosh shoirlarning asarlari bilan tanishar, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un va boshqa shoirlar esa bilim yurtiga kelib, ular bilan uchrashuv kechalarini o‘tkazishar edilar. Hamid Olimjon bilim yurtidagi shunday kechalar¬da qizlar bilan suhbatlashib, ularni mumtoz va sho‘ro adabiyoti namunalarini o‘qishga chorlardi. Zulfiya shunday uchrashuv kechalarida butun vujudi quloqqa aylanib, taniqli o‘zbek shoirlarining she’rlarini zavq bilan tinglardi.
Oradan ko‘p o‘tmay, she’riyatga ixlos qo‘ygan qizlar Yozuvchilar uyushmasiga borib, Hamid Olimjon va Uyg‘un boshqargan seminar mashg‘ulotlarida ham qatnasha boshladilar.
Zul¬fiya tinimsiz kitob o‘qir, kechalari hammadan yashirgan holda she’r mashq qilardi. Nihoyat, u o‘z mashqlarini to‘garak rahbarlariga ko‘rsatishga botindi. Uning «Men ish qizi» deb nomlangan birinchi she’ri 1931 yil 17 iyul kuni Shukur Sa’dulla vositasida «Ishchi» gazetasida bosildi.
Zulfiya she’ri bosilib chikqanidan behad quvongan Normat akasi bir dasta gazetani sotib olib, uni hammaga ko‘z-ko‘z qilib chiqdi. Uning bunday kuvonchga berilishi Zulfiyaga ilhom bag‘ishladi. Uning she’rlari «Yosh leninchi» va «Qizil O‘zbekiston» gazetalarida, «Yangi yo‘l» va «O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti» jurnallarida chop etila boshladi. 1932 yili esa Zulfiyaning birinchi she’rlar to‘plami — «Hayot varaqlari» matbuot yuzini ko‘rdi.
Bu she’rlar Hamid Olimjonning ham nazariga tushdi.
“Men, — deb yozadi Zulfiya, — Hamid Olimjonni ilk daf’a o‘sha yilda ko‘rganman. Biz, yigirma chog‘li adabiyot ixlosmandlari, seminar mashg‘ulotlariga yig‘ilardik. Mashg‘ulotlarni Hamid Olimjon bilan Uyg‘un boshqarardi. Ularning o‘sha paytdagi faqat o‘ziga ishonadigan kishidagina bo‘ladigan bosiq, mag‘rur, kuchli qiyofalari meni hozirgacha hayratga soladi. Ular o‘zlarini nihoyatda erkin tutardi…
…Yashirib o‘tirmayman. Hamid Olimjon ilk ko‘rishuvlardanoq ko‘zimdan ko‘nglimga o‘tdi. Men juda yosh hissiyotim bilan uning keng qalbi, ulkan iqtidorini tuydim”.
1934 yil edi. Hozirgi “Mustaqillik” metro bekati oldidagi maydonchada Hamid Olimjon Zulfiyani uchratib qoladi. Ular shu vaqtga qadar faqat adabiy kechalar tufayligina bir-birlari bilan tanish edilar. Hamid Olimjon tasodifiy uchrashuv¬dan mamnun bo‘lib, Zulfiya bilan uzoq suhbatlashadi.
— She’ringizni o‘qidim, — deydi u oshkora mehr bilan. – Yaxshi. Nimaligini aytaymi? She’rda qalbingizning surati bor. Bir parchagina bo‘lsa ham. U o‘zingizning qalbingiz. Xuddi shunday davom ettirish kerak. Ritorikasiz, haqiqatni yozish zarur…
Zulfiya o‘sha paytda «ritorika» so‘zini g‘ira-shira anglardi. Lekin u bu haqda indamay qo‘ya qoldi.
“O‘shanda, — deb yozadi shoira, — men uyimizga yurib emas, uchib keldim. Keliboq yo‘l bo‘yi tug‘ilgan tuyg‘ularimni qog‘ozga tushirdim. Men bu she’rni shunday yengil, to‘lib-toshib yozdimki, yuragimga allaqanday afsonaviy bir qudrat kirib olib, fikrlarim, qo‘llarimga kuch baxsh etayotganday edi. (Bu “Bahor kechasi” deb atalgan she’rim bo‘lsa kerak.)”
Mazkur kutilmagan uchrashuv Svetlana Somovaning «Shoir haqida doston» asarida bunday tasvir etilgan:
…Hali bular bir-birin topib,
Jamollarin ko‘rguncha ayon,
She’rlari gazetalarning
Betlarida turdi yonma-yon.
She’r ochdi muhabbatga yo‘l,
Ayon qildi qalb otashin ham.
Guyo ular berishgandek qo‘l,
Yuraklarning urishin shu dam —
Sezgandilar satrma-satr,
Bo‘lgandilar maftunu asir.
Ko‘zlariga cho‘kdi o‘ychanlik,
Qandaydir dard, mushtoqlik izi.
Visol uchun bo‘lgan tashnalik
Bir-birovin ko‘rguncha yuzin.
She’rdagi sodda, samimiy,
Har bir so‘zda topgandek aksin,
Bir kun oqshom payti ikkisi –
Nogahoniy ko‘rishgan bir zum
Shodlik, dardni ko‘ring deb birga
Muhr bosdi ular umriga.
(Shukrullo tarjimasi)
O‘sha tasodifiy uchrashuvning bunday shoirona talqini ham, Zulfiyaning o‘sha unutilmas oqshom soatlarida «Bahor kechasi» she’rini yozishi ham bejiz emas. Hamid Olimjon bilan Zul¬fiya o‘rtasidagi do‘stlik va muhabbat saroyining muhtasham binosiga xuddi o‘sha kuni birinchi g‘isht qo‘yilgan edi.
Zulfiya shu uchrashuvdan keyin Hamid Olimjon to‘g‘risida tez-tez o‘ylaydigan, Hamid Olimjon esa yosh shoiraning she’rlarini diqqat bilan kuzatadigan bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay, Zulfiya bilim yurtini tugatib, 1935 yilda O‘zbekiston Fanlar komiteti qoshidagi Til va adabiyot institutining aspiranturasiga o‘qishga kirdi. Bu yerda u bo‘lajak taniqli olimlar – Fitrat, Otajon Hoshim, Solih Mutallibov kabilar bilan birga ilmiy va adabiy-nazariy bilimini oshirdi.
Shu yillarda Til va adabiyot institutida Hamid Olimjon ham xizmat qilardi. U Zulfiya bilan uchrashgan kezlarida uning ijodi bilan qiziqar, unga turli maslahatlar berardi. Har bir uchrashuv ularni tobora yaqinlashtirar va bir-birlarining qalbiga muhabbat urug‘larini sochar edi.
( davomi bor)