Dunyo mamlakatlarida Yangi yilni qanday nishonlashadi?
Yangi yil dunyo xalqlarining eng sevimli bayramlaridan. Uni barcha birday o‘zgacha shukuh va quvonch bilan qarshi oladi. Mazkur bayram har mamlakatda turlicha nishonlanadi, asrlar davomida yashab kelayotgan urf-odat va udumlarga boydir. Masalan, Italiyada Yangi yil, odatda, tashqarida kutib olinadi. 1 yanvar kuni tunda avtomobil harakati to‘xtatib qo‘yiladi. Rimdagi Pyassa del Popolo maydonida Yangi yil namoyishlari o‘tkaziladi. Bu yerda Qorboboni Babbo Natale deb atashadi. U amerikaliklarning Santa Klausiga judayam o‘xshaydi. Biroq bayram sovg‘alarini bolalarga u emas, balki olijanob Feya Befana ulashadi. Afsonalarga ko‘ra, u yarim tunda uchib kelib, yil bo‘yi o‘zining yaxshi xulqi va odobi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lganlarga turli shirinliklar, to‘polonchilarga esa ko‘mir bo‘lagini qoldirib ketadi. Rim an’analariga ko‘ra, Tibr daryosi ustidagi ko‘prikdan o‘zini suvga tashlagan inson yangi yilda baxtli bo‘ladi, deb hisoblanadi. Mazkur mamlakatda Yangi yil kechasi uydagi barcha eski narsalar tashqariga chiqarib tashlanadi. Italiyaliklar qanchalik ko‘p eski buyumlar chiqarib tashlansa, uning izidan yangi yilda shunchalik ko‘p boylik kirib kelishiga ishonadilar. Italiyaliklarning Yangi yil dasturxonida, albatta, yong‘oqlar, yasmiq va uzum bo‘lishi shart. Chunki ular nazdida bunday mahsulotlar uzoq umr ko‘rish, salomatlik va farovonlik ramzidir. Italiyada yana bir udum bor: 1 yanvar kuni ertalab uyga buloqdan suv olib kiriladi. Ular suv baxt-saodat olib keladi, deb hisoblaydi. Italiyaliklarda shunday naql bor: “Agar do‘stlarga sovg‘a qilishga hech narsang bo‘lmasa, unda suv bilan zaytun novdasini hadya qil”. Shuningdek, italiyaliklar uchun yangi yilning ilk kunida birinchi bo‘lib kimni uchratib qolish ham juda muhim. 1 yanvar kuni bukchayib qolgan keksa insonga duch kelish — chinakam baxt sanaladi. Germaniyada ham Yangi yil alohida quvonch va tayyorgarlik bilan qarshi olinadi. Shu kuni ko‘chalarga odamlar sig‘may ketadi: shaharlarning markaziy maydonlarida mushaklar otiladi. Bar va klublar gavjum bo‘ladi. Keksa avlod vakillari Yangi yilni shinam restoranlarda kutib olishni, konsertga kirishni afzal biladi. Yangi yilga tayyorgarlik esa ancha avval boshlab yuboriladi. Nemislarda yangi yilni faqat yangi narsalar bilan qarshi olish odati bor: bir oy oldin yangi stol xarid qilinadi, yaqin insonlar mehmonga chaqiriladi. Shu bois Yangi yil kuni erta tongdan stol ustiga yangi dasturxon yozilib, yangi idish-tovoqlar qo‘yiladi. Shotlandiyada Yangi yil shodiyonalari 29 dekabrdan boshlanib, to‘rt kun davom etadi. Shu kuni odamlar yoqilgan mash’alalarni qo‘lga olib, ko‘chaga to‘planadilar. 30-31 dekabrda bayram tadbirlari davom etadi. Ko‘chalarda tashkillashtirilgan teatr, milliy raqs namoyishlari bayramga o‘zgacha kayfiyat va ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Mamlakatda Yangi yil bilan bog‘liq yana bir qadimiy odat bor: bayram kuni yonuvchan modda — smola solingan bochkani yoqib uni ko‘cha bo‘ylab g‘ildiratish. Bu eski yilning ortda qolgani va yangi yilga yo‘l ochilganining ramzidir. Yangi yilda, an’anaga ko‘ra, ertalabki dasturxonga kulcha, pishloq, tushlikda esa dudlangan g‘oz yoki bifshteks, olmali pirog tortiladi. Ispanlar ham Yangi yilni o‘ziga xos shodu-xurramlik bilan qarshi olishadi. Ispaniyada bu bayramni nishonlash 25 dekabrdan boshlanib, 12 kun, ya’ni 6 yanvarga qadar davom etadi. Yangi yil kuni odamlar shaharlarning kuranti atrofida jam bo‘lib, 12 dona uzum donasini yeyishadi. Uzumning har bir donasi o‘n ikki oyning barchasi omadli o‘tishiga ishoradir. Bu an’ananing yuzaga kelganiga yuz yildan oshdi. Gap shundaki, 1909 yilda Ispaniyada uzumdan shu qadar ko‘p hosil olinganki, sotuvchilar uning narxini qanchalik tushirmasin, omborxonalardagi savatlarga sig‘may qolgan uzumning hammasini sotib yuborishning imkoni bo‘lmagan. Foydadan butunlay benasib qolmaslik uchun sotuvchilar o‘ziga xos ayyorlik, reklama, targ‘ibot usulidan foydalanishga qaror qilishadi. Shunda ular Yangi yil kuni kurantning har bong urganida bittadan uzum yegan kishiga yangi yilda omad kulib boqadi, degan gapni o‘ylab topadilar. Oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, bu an’ana hamon bardavom. Finlyandiyada Yangi yil, odatda, restoranlarda hamkasblar va tanishlar davrasida qarshi olinadi. Soat 12 da odamlar ko‘chaga chiqib, mushakbozlikni boshlab yuboradilar. Odamlar ana shunday shukuhli tunda bir-birlariga salomatlik, baxt-saodat tilaydi. Faqat shu kuni pirotexnika vositalaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Ko‘plab fin oilalari bug‘u va it qo‘shilgan chanalarda uchish uchun tog‘li hududlarga, xususan, Laplandiyaga yo‘l oladilar. Fransiyaning ko‘plab qishloqlarida esa o‘ziga xos an’ana saqlanib qolgan: uy bekalari kelib bayram dasturxoniga tortilgan pishiriqlardan birini buloq suvi oldiga qoldirib ketadi. Bu tortiqni boshqa bir uy bekasi olib, o‘rniga o‘zining ataganini tashlab ketadi. Shunday qilib, bayram kuni ayollar kechgacha bir-birlarini ana shunday siylaydilar. Hindistonda Yangi yil kuni havo ancha iliq bo‘ladi. Bu esa ko‘chada kun davomida sayr qilish imkonini beradi. Yangi yil kuni havo harorati kamdan-kam hollarda 15 darajadan pastga tushadi. Mazkur mamlakatning shimolida yashovchi odamlar Yangi yil kuni o‘zlariga pushti, qizil ranglar bilan oro beradilar. Janubda esa hind ayollari patnislarni turli shirinliklar, gul va kichik sovg‘alar bilan to‘ldirib qo‘yishadi. Yangi yil kuni ertalab kichkintoylar ko‘zlarini ochmay patnis yoniga kelib, sovg‘a tanlaydilar. Vetnamda Yangi yilni Tet deb atashadi. U oy kalendari bo‘yicha, (21 yanvardan 19 fevralgacha) erta bahor paytida nishonlanadi. Bunday kunda barcha araz va gina-kudratlar unutiladi. Bayram oqshomida vetnamliklar bir-birlariga gullash arafasida turgan, g‘o‘rasi bor shaftoli daraxti novdalarini sovg‘a qilishadi. Ko‘chalar esa gullayotgan novda va guldastalar bilan bezatiladi. Mamlakat janubidagi uylarda esa besh dona o‘rik guli bo‘lgan shoxchalar “archa” vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari, uy mehrobiga tarvuz qo‘yishadi. Uning qip-qizil shirin bo‘laklari omad keltirarkan. Tet oilaviy bayram bo‘lib, farzand va nabiralar bobo, buvi va ota-onalarini tabriklashadi. Kattalar ham oilaning kichik a’zolarini qutlab, ularga qizil xaltachalarda pul sovg‘a qilishadi. Shu kuni ayollar qizil va sariq, erkaklar esa qora rangli kiyimlar kiyishadi. Ibodatxonalardagi ruhoniylar ham tashrif buyuruvchilarga qizil xaltachada pul hadya etishadi. Vetnamliklarda zog‘orabaliq sotib olib, yangi yildan kutayotgan niyatlarini aytgan holda uni ariq yoki hovuzlarga qo‘yib yuborish an’anasi ham bor. Mamlakat aholisi an’ana va odatlarini ming yillardan beri saqlab kelayotgani uchun ham bu yerga Tet bayrami arafasida sayyohlar oqimi ko‘payadi. AQShda esa sovg‘adan ko‘ra uning o‘ramlariga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi yil oqshomida oila a’zolari sovg‘alarni o‘zgacha hayajon bilan ochishadi. Bunga sabab sovg‘a xuddi karam ichida yashiringandek, bir necha o‘ramga solingan bo‘ladi. Shu bois o‘ramlar ichida nima yashiringaniga hamma qiziqadi. Angliyada 1752 yilda Yangi yil rasmiy bayram maqomini olgan. 1843 yilda esa ushbu sana munosabati bilan yoru do‘stlarga tabrik xati yuborish an’anasi paydo bo‘lgan. Shu kuni London ko‘chalarida katta sayil uyushtirilib, Berkli maydoniga kelgan har bir kishi karnaval ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Inglizlar Yangi yildagi birinchi mehmon xonadon a’zolariga albatta omad keltirishiga ishonishadi, shu bois ko‘pincha yosh, kelishgan va sog‘lom yigitni kutishadi. Malla, sariq sochli erkaklar va ayollar iloji boricha uyga qo‘yilmaydi. Mamlakatning ba’zi joylarida sochning rangiga e’tibor qilishmaydi. Odamlar mehmondorchilikka non, pirog, tuz va bir bo‘lak ko‘mir olib borishadi. Chunki non va pirog — mo‘l-ko‘llik, ko‘mir — issiqlik, tuz esa boylik ramzi. Londondagi mashhur “Big Ben” soati 24 ga bong urganda mushakbozlik boshlanadi va hamma bayram madhiyasini kuylaydi. Qadimiy taomilga ko‘ra, shu onlarda eski yilni kuzatish va yangi yilni kutib olish uchun uy eshiklari ochib qo‘yiladi. Avstriyada esa kurant vazifasini Muqaddas Stefan ibodatxonasida o‘rnatilgan “Dunyo qo‘ng‘irog‘i” bajaradi. 31 dekabr kuni uning atrofida ko‘plab odamlar yig‘iladi. Ular “Dunyo qo‘ng‘irog‘i”ning 12 bor bong urishini eshitish uchun to‘planishadi. Braziliyada ham bayram juda chiroyli, o‘ziga xos tarzda nishonlanadi. Shu kuni okean sohillariga minglab sham olib kelinib, qum ustida yoqib qo‘yiladi. Braziliyalik ayollar uzun ko‘ylaklarda, qo‘llarida gul tutgan holda okean suviga kirib, suv ustiga gul yaproqlarini sochadilar. Irlandiyada esa yangi yil kirib kelishi oldidan xonadonlar eshiklari ochib qo‘yiladi. Har kim istalgan xonadonga tashrif buyurib, barchani Yangi yil bayrami bilan qutlashi mumkin. Nima bo‘lganda ham Yangi yil barcha xalqlar uchun birday sevimli bayram. Bayram tantanalari qordek oppoq tilaklar, pokiza orzu-niyatlar, ayniqsa, bolajonlarning beg‘ubor, shodon kayfiyatiga hamohangligi bilan ham yanada shukuhlidir.