Annotatsiya: Mashhur ingliz yozuvchisi Charlz Dikkens “Oliver Tvist” romanida o‘z davridagi ijtimoiy tuzum hamda yetim bolalar hayotini mahorat bilan yoritgan. Mazkur maqolada adibning yetim va yetimlik motivini yaratishdagi o‘ziga xos uslubi tahlilga tortiladi.
Tayanch so‘zlar: Charlz Dikens, ijtimoiy hayot, yetim, yetimlik, realist, mavzu, qahramon, roman
Annotatsiya: Izvestnыy angliyskiy pisatel Charlz Dikkens v svoem romane “Oliver Tvist” umelo opisal sotsialnuyu sistemu svoego vremeni i jizn sirot. V dannoy state analiziruetsya unikalnыy stil pisatelya v sozdanii motivov sirot i sirotstva.
Klyuchevыe slova: Charlz Dikens, sotsialnaya jizn, sirota, sirodstva, realist, tema, xarakter, roman
Key words: Charles Dickens, social life, orphan, orphan hood, realist, literary theme, character, novel
Abstract: In his novel “Oliver Twist”, the famous English writer Charles Dickens skillfully described the social system of his time and the lives of orphans. This article analyzes the author’s unique style in creating the motives of orphans and orphanhood.
Ma’lumki, angliya adabiyotining “Viktoriya asri” (“Victorian age”) nomi bilan tarixda qolgan davri romanchilik janrida yaratilgan ko‘plab asarlarni yetkazib bergan. Ular orasida ingliz yozuvchisi Charlz Dikkens romanlari alohida e’tirof etishga loyiq. Yozuvchining bir qator romanlari jahon adabiyoti durdonalari qatoridan o‘rin egallagan bo‘lib, ularning deyarli barchasini birlashtirib turuvchi motiv mavjud.
Adabiyotshunos olim B. Hofman “
Orphans and orphanhood is everywhere in Dickens” (Etimlar va yetimlik Dikensning hamma yerida bor) deb ta’kidlaydi [2, 11]. Dikkensning “Oliver Tvist”, “Devid Kopperfild”, “Katta Umidlar” kabi bir qator asarlarining bosh qahramonlari yetim ekanligi bu fikrning naqadar to‘g‘ri ekanligini isbotlaydi. Jumladan, adib o‘zining “Oliver Tvistning boshidan kechirganlari” nomli romanida o‘sha davrdagi jamiyat qusurlaridan biri bo‘lmish norasida yetimlarga bo‘lgan adolatsiz munosabatni hamda yovuz niyatli kishilarning ularni turli yomon yo‘llarga yetaklashga urinishlari singari illatlarni ochib bergan va bu orqali insoniyat qalbida daydi – yetim bolalarga nisbatan mehr-shavqat tuyg‘usini uyg‘ota olgan. Asarni tahlil qilar ekanmiz, bosh qahramon Oliver Tvist kabi yosh va begunoh bolalar atrofdagi razolatga qaramasdan, o‘zining pokligini saqlay olishi, yaxshilikka ulkan ishonchi tufayli, yorug‘ kelajakka erishishi mohirlik ila qalamga olinganligining guvohi bo‘lamiz.
O‘zining deyarli barcha romanlarida asosan ota-onadan mahrum yetim bolalar hayotining turli jabhalarini tasvirlagan buyuk yozuvchi, o‘z qahramonlarini London ko‘chalaridan qidirishga va ularning kechmishlarini boricha yoritishga harakat qilgan. Shuning uchun ham, bu asarlar nafaqat ingliz, balki jahon adabiyotida ham realizmning yorqin namunalari bo‘lib hisoblanadi. Ularda o‘sha davrda hukm surgan ocharchilik, qashshoqlik va ojizlar ustidan hukmronlik qilishning salbiy oqibatlari tasviri o‘rin olgan. Mahkam Mahmudov ham adib haqida fikr bildirar ekan, uni Kapitalizm jamiyatidagi “taraqqiyotning mana shu ziddiyatlarini” eng chuqur ochib ko‘rsatgan adiblardan biri deb ta’riflaydi [4,297]. Sanna Oskarson esa, o‘z maqolasida Dikkens obrazlari xususida shunday fikr bildiradi:
“… the characters of Oliver and Monks were created by Dickens to show the hardships of the Victorian society as well as the possibility of another, better society”.(Dikkensning Oliver va Monks obrazlari Viktoriya jamiyati qiyinchiliklari hamda yaxshi jamiyatga eltuvchi imkoniyatlarni ko‘rsatib berish uchun yaratilgan. )[ 4,4]
“Oliver Tvist” asarining yaratilishiga Dikkens yashagan davrdagi yetim bolalarga nisbatan achinarli munosabat, ularning nochor va ayanchli ahvoli turtki bo‘ldi. Asarda “Mehnat uyi”ga tashlab ketilgan yuzlab bolalarning boshidan kechirganlari, ularning og‘ir ahvoli tasvirlangan bo‘lib, bu yerda istiqomat qiluvchi bolalar hech qachon qorni to‘yib ovqatlanmagan va mashaqqatli mehnatlarga jalb qilinganligini ko‘rish mumkin. Oqibatda ba’zi bolalar qiyinchilikdan, ba’zilari esa, ochlikdan o‘lib ketishgan. Ularning ko‘pchiligi kam qonlik kasalligi bilan xastalangan va shu kasallik tufayli yosh yetim, norasida bolalar dunyodan ko‘z yumishar edi. Bu xolatni esa Oliverning yosh do‘sti Dik bilan bo‘lgan suhbatdan ilg‘ab olish qiyin emas :
-…Namuncha ranging oqarib ketibdi-ya.
-Doktor meni o‘ladi deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim.
…… Bilaman, Oliver, doktor to‘g‘ri aytgan, nimaga desang, tez-tez osmon farishtalari, keyin sira-sira ko‘rinmaydagan mehribon yuzlar tushimga kiradi. [4,42]
Ushbu jumlalarni aytgan bolakay Dikning ko‘nglidan kechayotgan iztiroblari, yoshgina bolaning o‘z taqdiridan nolimay o‘limini kutib turgani inson qalbini larzaga soladi.
Muallif asarda ko‘plab bolalar o‘sha paytdagi eng og‘ir va iflos ishlarni bajarishga majbur qilinganligini ham ochiq-oydin qoralagan. Mo‘ri tozalovchi Janob Gemfildning quyidagi so‘zlari orqali fikrimizni isbotlashimiz mumkin:
“O‘g‘il bolalar-o‘larday qaysar va dangasa xalq, shu sababli, jentlmenlar, lang‘illab yonib turgan olovdan o‘taversin, bir pasda pildiragancha pastga tushiradi-qo‘yadi. Ustiga-ustak, jentlmenlar, bu xayrli ish, sababki, mabodo bolakay mo‘rida tiqilib qolsa-yu, o‘t yoqib tovonini kuydira boshlasang, u jonining boricha tipirchilab, tiqilib qolgan joyidan chiqib ketishga tirishadi” [4,19]
Qo‘shimcha qilib aytadigan bo‘lsak, ayni damdagi yetimlarga mas’ul shaxslarning naqadar loqaydligini bolalarning karavot tagida qolib nobud bo‘lishi yo bo‘lmasam, kir yuvish jarayonida kuyib, dunyoni tark etish holatlari orqali bilib olish mumkin. Charlz Dikkens u yerdagi holatni shunday tasvirlaydi:
“… cho‘p-ustixon bo‘lib qolgan yo‘qsillarning egnilaridagi kiyimlarni uzluksiz ravishda, qayta-qayta toraytirib tikishga to‘g‘ri keldi. Biroq, ayni chog‘da, mehnat uyi istiqomatchilarining soni ham qashshoqlarning tanalari singari yupqa tortib bordi … ” [4,16]
Shu kabi ayanchli holatlar, ijtimoiy muhitning bolalar taqdiriga ta’sir qilmay qolmaganini ko‘rsatib turibdi. Qiyinchilik va adolatsizlikka dosh bera olmay qochib ketgan bolalar singari, yosh Oliver ham mehnat uyidan bosh olib ketishga majbur bo‘ladi. Birgina ovqat so‘ragani tufayli shavqatsizlarcha jazolangani, uning uchun chidab bo‘lmas zolimlik sifatida yuragini qattiq jarohatlaydi. Ammo uni tashqarida ham bir qator sinovlar kutib turgan edi. U to‘qnash kelgan dastlabki ko‘ngilsizlik o‘zi bilmagan holda cho‘ntakkesarlar to‘dasiga qo‘shilib qolishi bo‘ldi. To‘daboshi Fedjin yosh bolalarni (Artful Dodger, Jek Dokins) mohir cho‘ntakkesar qilib tarbiyalardi va shu jirkanch yo‘l orqali hayot kechirardi, oxir oqibatda bu illat uni dor ostiga olib bordi-yu, ayanchli halokatga ro‘baro‘ qildi. Oliverning ham epchilligini sezib, o‘z yo‘liga solmoqchi edi va bir necha marta bunga urinib ham ko‘rdi, Oliver esa o‘zining qanday ishlar uchun sinovdan o‘tkazilayotgani hatto xayoliga ham keltirmas edi, uning uchun bu shunchaki beozor bolalarcha o‘yindek ko‘rinardi:
- Ko‘ramiz, qani uni menga bildirmay ololarmikansan. Yertalab o‘ynayotganimizda ular buni qanday qilishganini o‘zing ko‘rding-ku. Oliver dastro‘molni bildirmay ololdi, bu esa Fedjinda mamnunlik uyg‘otdi. U hatto bolani “eng ulug‘ odam chiqadi sendan” deb maqtab qo‘ydi [4,50].
Shu tariqa Oliver o‘g‘rilar muhitida bir nafas yashashga majbur bo‘ladi va bu qisqa davrda hayoti bir necha bor xavf ostida qoladi. Ammo, bu yoshgina bola hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi, o‘z qarashlari
Biroq shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, asar qahramonining keyingi taqdiri ijobiy obrazlar, ya’ni mehribon kishilar g‘amxo‘rligi ostida o‘zgarib boradi. Bunday obrazlar qatorida Janob Braunlou hamda Roz Meylilarni aytib o‘tish mumkin. Aynan shu obrazlar yordamida muallif jamiyatni yetimlarga nisbatan bag‘rikeng va saxovatli bo‘lishga chorlaydi.
Asar keng ommaga taqdim etilib, kitobxonlar qalbidan chuqur o‘rin egallagach, uysiz yetim bolalarning xo‘rlanishlari sezilarli darajada ijobiy tomonga siljigani mubolag‘a emas. Shu fikr tasdig‘i sifatida,
“U olam shodliklarini ko‘paytirdi. Uning kitobiga termilgan millionlab juft ko‘zlarda yosh yaltiradi, shodliklari yelga sovurilgan yuzlab qalblarda qaytadan sevinch gullari ochildi” – deydi Dikkens asarlari tadqiqotchisi Stefan Sveyg[4,295].
Bundan tashqari, Angliyadagi juda ko‘p sonli oliy tabaqa vakillari mehr-muhabbatdan mosuvo, och-yalang‘och, kasallikka chalingan bolalar uchun o‘z yo‘lida mehr-saxovat ulashuvchilar soni ham tobora oshib borgan. Janob Braunlou va Roz Meyli obrazlari orqali ifodalangan bag‘rikenglik va yetim bola taqdiriga qayg‘urish tuyg‘ulari ko‘plab insonlar qalbida mehr-shavqat hissini uyg‘otgan desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Dikkens Oliverning Janob Braunlou xonadonidagi kunlarini shunday tasvirlaydi:
“
Bu baxtli kunlar – Oliverning darddan xalos bo‘lish kunlari edi. Hammayoq tip-tinch, chinniday top-toza va batartib, hamma shunday mehribon va shirinso‘z ediki, uning nazdida shu kungacha hayoti shovqin-suron, g‘ala-g‘ovur, ur-sur bilan kechganidan keyin xuddi jannatga tushib qolganga o‘xshardi” [4,72].
Janob Braunlouning qaramog‘idagi kunlari jannatga qiyos qilingan bo‘lsa, keyinchalik Roz Meyli ko‘rsatgan g‘amxo‘rlik ham Oliver uchun kutilmagan tenggi yo‘q saodatdek edi:
“O‘sha oqshom Oliverning yostig‘ini mehribon qo‘llar to‘g‘rilab qo‘ydi, to uyquga ketguniga qadar go‘zalligu saxovat timsoli qoshida parvona bo‘ldi. U xotirjam va baxtiyor, hatto g‘iq etmay jon berishga ham tayyor edi”[4,154].
Asar nafaqat oliy tabaqa vakillarining qalbida iliqlik tuyg‘ularini uyg‘otdi, balki hukumatning o‘zi ham hech kimi yo‘q yetim bolalarga davlat iqisodiyotidan alohida mablag‘ ajratib ta’lim-tarbiyasini ham e’tiborga olganiga guvohlik beradi S.Sveyg [4,295].
Charlz Dikkens asar voqealari rivojini shunday ehtiyotkorlik bilan olib bordiki, natijada kitobxon o‘zi bilmagan holda voqelikka munosabatini o‘zgartirib boradi. Tanlangan har bir qaxramon qaysidir ma’noda bosh obrazning xarakter-xususiyatini ochib berilishida xizmat qiladi. Yetim va daydi bolalardan yaxshilik chiqmasligiga hamda ulardan faqatgina jinoyatchi va firibgarlar yetishib chiqishiga ishonchi komil bo‘lgan jamiyatda yashagan yozuvchi o‘z davrining qarashlariga qo‘rqmasdan qarshi chiqib, bunday bolalarning hammasi ham yo‘ldan adashmagani, pok qalbli bolalarni ozgina g‘amxo‘rlik yordamida to‘g‘ri yo‘lga solish mumkinligi, ularning taqdirini o‘zgartirish aynan shu jamiyatning qo‘lida ekanligini yoritib berishga muvaffaq bo‘ldi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
- Ahrorqulov A, Rahmonqulov A. (2012) Jahon bolalar adabiyoti namoyondalari. Farg’ona, B. 92
- Hochman, Baruch and Ilja Watchs. (1999) Dickens: The Orphan Condition. Fairleigh Dickinson University Press, 225
- Charles Dickens. (1955) Oliver Twist. M.: Foreign Languages Publishing House, P. 551
- Charlz Dikkens. Oliver Tvistning boshidan Ruschadan
Erkin Mirobidov tarjimasi. (1984) Toshkent G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. B. 302
- http://www.divaportal.org//record.jsf?pid=diva2%3A1220241&dswid=2871
- https://www.sparknotes.com/lit/oliver/motifs/ (14.09.2020)