Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

BEHBUDIYNING TARBIYA TO’G’RISIDAGI SIYOSIY QARASHLARI

Jizzax Davlat Pedagogika Universiteti katta o’qituvchisi Soipnazarova Muqaddas Norpo’latovna soipnazarovamukaddas@gmail.com. +998915663138 В Республике широко отмечается 148-летний юбилей со дня рождения Махмудходжи Бехбуди(1875-1919). В статье анализуруются взгляды Махмудходжи Бехбуди на политическое воспитание.     Ключевые слова и понятия: политическое воспитание, наука о воспитании, воспитание молодежи, политическая партия, политическая структура, педагогика джадида, новая школа, политический плюрализм, политическая квалификатсия. The Republic widely celebrates the 148th anniversary of the birth of Mahmudkhoja Behbudi (1875-1919) is widely celebrated in our country. The article analyzes Mahmudkhoja Behbudi’s views on political education. Key words and concepts: Political education, educational science, youth education, political party, political system, modern pedagogy, new school, political pluralism, political skillls.   O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o’rta ta’lim muassasalari uchun “Tarbiya” fani Kontseptsiyasi”da “tarbiya sohasiga doir siyosatni amalga oshirish” vazifasi belgilandi. Bu vazifa ta’lim tizimida yoshlarni o’ziga xos siyosiy tarbiyalash masalasini qo’ymoqda. Chunki siyosiy tarbiya – yosh avlodning siyosiy ongini shakllantirish, ularga siyosiy bilim berish va ularni siyosiy ko’nikma bilan qurollantirishni amalga oshiradi. Bu bilan Kontseptsiyada ta’kidlanganidek, “yoshlar tarbiyasida dunyoda yuz berayotgan murakkab siyosiy  va mafkuraviy jarayonlarga to’g’ri baho bera oluvchi” avlodni voyaga yetkazishda erishiladi. Shu jihatdan o’zbek “Jadid pedagogikasi” sarboni Mahmudxo’ja Behbudiyning (1875-1919) siyosiy tarbiya to’g’risidagi qarashlaridan xabardor bo’lish muhim ahamiyatga ega. Ma’rifatparvar pedagog Mahmudxo’ja Behbudiy tavalludining 148 yilligini nishonlash O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida alohida ta’kidlandi hamda Prezidentimizning O’qituvchi va murabbiylar kuni munosabati o’tkazilgan tadbirda  ham yana bir bor ta’kidlab, jadid ma’rifatparvar pedagoglar orasida Mahmudxo’ja Behbudiyni ham “El yurt xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlaganliklarini ta’kidladi. Mahmudxo’ja Behbudiy o’z zamonasi yoshlarining bilimli, madaniyatli va siyosiy faol bo’lishlari uchun ilg’or g’oyalari bilan birga amaliy faoliyatda ko’rsatib berganligi bilan ham ahamiyatlidir. U o’z amaliy faoliyatida aqliy tarbiyaning hayotda, ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etishini, yosh avlodni qobiliyatli, yaxshi turmush egasi qilib kamol toptirishda asosiy manba bo’lishini anglaganlar. Mutafakkir o’sha davr maktablari uchun “Muntaxabi jo’g’rofiyai umumiy”(Qisqacha umumiy jo’g’rofiya), “Kitob ul-atfol”(Bolalar uchun kitob), “Muxtasari tarixi Islom”(Islomning qisqacha tarixi), “Madxali jo’g’rofiyai imroniy”, “Muxtasati jo’g’rofiyai Rusiy”(Rusiyaning qisqacha jo’g’rofiyasi) darsliklarini yaratib, millatni savodli qilishga, murg’ak qalbda millat qayg’usi, millat iftixorini uyg’otishga oz bo’lsada hissa qo’shishiga ishongan edi. Mahmudxo’ja Behbudiy o’ziga xos siyosiy qarashga ega bo’lib, u o’z zamonasining yoshlarini siyosiy ongli va siyosiy bilimli shaxslar sifatida voyaga yetkazishni orzu qilgandi. Professor Begali Qosimov(1952-2005) to’g’ri ta’kidlaganidek, u “XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arbobi” sifatida yoshlarni siyosiy tarbiyalash masalasida muhim fikrlarga ega edi, biroq uning siyosiy tarbiya to’g’risidagi qarashlari o’rganilgan emas. Behbudiy bundan yuz yil muqaddam o’z davriga nisbatan ilg’or fikrli ravishda yoshlarni siyosiy tarbiyalashning quyidagi ikki muhim omilini ta’kidlab ko’rsatadi: 1.Mavjud siyosiy partiyalarning g’oyalari bilan tanishtirish;
  1. Mavjud siyosiy tuzumning mazmunini anglatish.
Biz bu yondashuvni “Jadid pedagogikasi” fanining siyosiy tarbiya masalasiga oid kontsepsiyasi sifatida qabul qilamiz va uning bugungi kunda ham ahamiyatini yo’qotmaganligini eslatib o’tmoqchimiz. Behbudiy birinchi masala to’g’risida 1906-yilda yozilgan “Xayrul umuri avsatuho” (Ishlarning yaxshisi o’rtachasidur) maqolasida so’z yuritadi. Unga ko’ra, “butun dunyoda atfol(yoshlar) firqalar(siyosiy partiyalar) g’oyalari asosinda tarbiya etilur; jumladan, Rusiyada to’rt firqa mavjud turur:
  1. Mustabid firqasi(Hukumat partiyasi);
  2. Mashrutai avlomiya(Kadetlar partiyasi);
  3. Ishtirokiyuni ommaviya(Sotsial-demokratlar partiyasi);
  4. Rusiya musulmonlari ittifoqi (partiyasi)”
Ma’rifatparvar pedagog tushuntirib o’tadi. Chunonchi, Mustabid firqasi (Hukumat partiyasi) “Rusiya podshohligini saqlash”, Mashrutai avomiya firqasi (Kadetlar partiyasi) “hokimiyatni fuqarolar ishtirokida boshqarish”, Ishtirokiyuni ommaviya firqasi (Sotsial-demokratlar, keyinchalik kommunistlar partiyasi) “ishchilar ustuvorligi” va Rusiya musulmonlari ittifoqi (partiyasi) esa, “chin e’tiqodlik” siyosiy g’oyalariga asoslanadi. Behbudiy bu siyosiy partiyalarning g’oyalarini tasvirlab o’tar ekan, 1906-yildayoq keyinchalik KPSS nomini olgan partiya to’g’risida, “bu toifaga qo’shilmoq biz musulmonlar uchun nihoyatda zararlidir” deb ogohlantiradi. Chunki donishmand Behbudiy bu partiyaning XX asr tong otaridayoq zo’ravonlik, qatag’on va o’zidan boshqa hech kimni tan olmaslik kabi siyosiy g’oyalarni ko’ra olgan edi. Ma’lum bo’ladiki, Behbudiy yoshlar siyosiy tarbiyasida siyosiy plyuralizm g’oyasiga asoslanishni tavsiya qiladi. Shu jihatdan bugungi kunda  mamlakatimizda mavjud siyosiy partiyalarning g’oyalari esga keladi:
  1. O’zLDP – “liberal (erkin) demokratik” g’oya;
  2. MTDP – “milliy demokratik” g’oya;
  3. “Adolat” SDP – “sotsial demokratik” g’oya;
  4. XDP – “xalq demokratiyasi” g’oyasi.
Demak, partiyamiz demokratiyaning (xalq hokimiyatchiligining) liberal, milliy, sotsial va xalq ishtiroki siyosiy g’oyalarini ilgari suradi. Shu sababli mavjud partiyalarimizning g’oyalari majmui siyosiy plyuralizm g’oyasini ifodalaydi. Bu biz uchun g’oyatda muhim omildir. Behbudiy ikkinchi masala to’g’risida 1906-yili yozilgan “Kitobi muntaxabi jo’g’rofiyai umumiy” (qisqacha umumiy geografiya) darsligida fikr yuritadi va bu darslik o’zbek pedagogikasida “Geografiya” fani uchun birinchi darslik ekanini eslatib o’tish joiz. Unga ko’ra, XX asr boshlarida davlat tuzilishi va boshqaruvini ifodalovchi siyosiy tuzumning ko’pchilikka maqbul bo’lgan quyidagi uch shakli mavjud:
  1. Idorai mutlaqo (Monarxiya);
  2. Idorai mashruta (Konstitutsion parlament);
  3. Idorai jumhuriyat (Respublika).
Ma’rifatparvar pedagog bu siyosiy tuzumlarning boshqaruv asoslarini birma bir tushuntirib o’tadi. Chunonchi, Idorai mutlaqo (Monarxiya) davlat tuzilishi va boshqaruvida “podshoh hokimiyat sohibidir, aning ra’i va amri zako’n (qonun) va nizom bo’ladur”, Idorai mashruta (Konstitutsion parlament)da “saylangan vakillar mamlakatdorlik ishlariga aralashib, mashvarat qilur” va Idorai jumhuriyat (Respublika) boshqaruvida “fuqarolari saylagan boshliq yetti yilg’acha o’z mamlakat va hukumatlarini boshqaradi”. Bunday pedagogik yondashuv XX asr boshlari yurtimiz hayoti uchun yangi hodisa edi. Ma’lum bo’ladiki, Behbudiy mazkur masalaga siyosiy malakaga urg’u beradi. Unga ko’ra yoshlar siyosiy tarbiyasining hosilasi ularning siyosiy malakasini shakllantirish kerak. Shu jihatdan mustaqil O’zbekistonning davlat tuzilishi va boshqaruvi Respublika shakliga asoslanishi esga tushadi.  Behbudiyning bu boradagi fikrini eslab o’tish joiz: “Idorai Jumhuriyatda (boshqaruvning Respublika shaklida)” aksar fuqarosi ahli ilm bo’lib, …. bir nafar donishmad odamni Boshliq saylaydurlarki, u ”Raisi Jumhuriyat”, “Sadrnishini millat” (Millat yetakchisi) yo “Prezident” deb ataladur. Shunday qilib, Mahmudxo’ja Behbudiy milliy pedagogikamizning o’zbek “Jadid pedagogikasi” fanida  birinchi bo’lib yosh avlodning siyosiy tarbiya omillarini belgilab bergan edi. Unga ko’ra, birinchidan, ta’lim tizimida amalga oshiriladigan siyosiy tarbiyada yoshlarning siyosiy ongi, bilimi va faolligini shakllantirishda siyosiy plyuralizm (rang-baranglik) g’oyasiga asoslanish; ikkinchidan, siyosiy tarbiyaning hosilasi sifatida yoshlarning siyosiy malakasini tarkib toptirish; uchinchidan, bu ishda ilg’or siyosiy – pedagogik tajribalarga tayanish kerak bo’ladi. Behbudiyning madaniy, ma’naviy, ma’rifiy va siyosiy qarashlaridagi ilg’or fikrlari, amaliy xulosalari bugungi kunda ham o’z ahamiyatiga ega. Chunki u yashagan davr hozirgi davr bilan mos kelmasada, bugungi ijtimoiy hayotimizga hamohangdir. Behbudiyning bugungi kunda ham yoshlar siyosiy shakllanishida “yangi maktablar ochish”, “kamida to’rtta tilni bilish”, “to’y va marakalarga sarf qiladigan mablag’larni yoshlarning ta’lim olishlari uchun boshqa davlatlarga yuborish”, “kutubxonalar ochish, ularning sonini ko’paytirish, zarur kitoblar bilan boyitish”, “mahalliy kadrlarning xorijda ta’lim olishlari uchun imkoniyat berish”, “Teatrni rivojlantirish va xalqning, yoshlarning teatr orqali dunyoqarashini, siyosiy ongini shakllantirish” g’oyalari nafaqat o’sha davr uchun balki bugungi jamiyat rivoji uchun dasturamal bo’lib xizmat qiladi. Behbudiyning siyosiy tarbiya masalasiga doir qarashlari aniqligi, yangiligi va mo’ljalli ekanligi bilan ahamiyatga ega. Shu ma’noda ta’lim tizimida amalga oshiriladigan yoshlar siyosiy tarbiyasi masalasida, jumladan yangi “Tarbiya” fanining tegishli mavzusini o’qitishda siyosiy plyuralizm g’oyasi, siyosiy malaka masalasi va siyosiy – pedagogik tajriba metodiga e’tibor berish maqsadga muvofiq bo’ladi. Negaki bu masalalar yangicha fikrlovchi va kelajakni ko’ra oluvchi  Mahmudxo’ja Behbudiydek donishmand pedagog tomonidan tavsiya etilganligi bilan tahsinga loyiqdir.   FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020-yil 24-yanvar.
  2. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-sonli “Umumiy o’rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori. ZiyoNet.uz. 2020-yil 7-iyun
  3. Behbudiy M. Tanlangan asarlar.-T.:”Ma’naviyat”. 1997.
  4. Qosimov B. Karvonboshi.// Behbudiy M. Tanlangan asarlar.-T.:”Ma’naviyat”. 1997. 5-38 b.
  5. Ahrarova Z. Mahmudxo’ja Behbudiyning ma’rifiy-pedagogik qarashlari. NDA. – T.: 1997.