BALLADA VA DOSTONLARDA XALQONA POETIK TAFAKKUR
(Shuhrat ijodi misolida)
Soatova Nodira Isomitdinovna,
JDPU professori v.b, f.f.doktori
XX asr o‘zbek she’riyatida ballada janrining yuksak badiiy namunalari yaratilgani adabiyotshunoslikda yaxshi ma’lum. Ijodda o‘z uslubi, fikran tiniq tafakkuri va qarashlari bilan an’anaviy dunyoqarashimizga o‘zgarish kiritgan Shuhrat ijodida xalq dardini ifodalagan, xalqona pafosga ega ballada va dostonlar talaygina. Shoir “Keksa kommunist hikoyasi”, “Sirdaryo”, “Raymonda”, “Mening o‘rtog‘im”, “Bobo va nabira”, “Mardlik afsonasi”, “Guldursun”, Quvg‘indi” kabi o‘nlab balladalar yaratganki, ularning ayrimlariga to‘xtalamiz.
“Mardlik afsonasi” balladasida shoir tarixga nazar tashlab, yurti uchun ayol boshi bilan kurashib xalq qahramoniga aylangan, olov yurakli To‘marisning jasoratini kuyladi. Ma’nan yuksak axloqiy go‘zal fazilatlar sohibasi To‘maris obrazi orqali kitobxonni ona yurtini sevishga, ardoqlashga, kerak bo‘lsa, xalqini himoya qilish uchun jon fido qilish har bir inson uchun oliy burch ekanligini ko‘rsatib berdi. Shuhratning balladalari mavzu jihatdan xilma-xil bo‘lishiga qaramay, barchasining mazmun-mohiyati bir, ya’ni ona yurtni mustamlaka bo‘lishdan, qullikdan saqlash, shu yo‘lda birlashish, vatan uchun sidqidildan xizmat qilishga chorlovdan iborat, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
“Quvg‘indi” nomli balladasida shoir Ukrainaning “vulqon shoiri” Taras Shevchenkoning fojiali hayotini qalamga olar ekan, shoir obrazi orqali o‘z orzu umidlarini ifodalaydi. Shuhrat “Guldursun” balladasida Ko‘hna Xorazm tarixini varaqlab, o‘z “muhabbati”, to‘g‘rirog‘i, hayvoniy hirsi uchun xalqini sotgan, vatanfurush kimsaning basharasini ochib tashlagan. Bizningcha, bu mavzularni yoritishdan shoirning o‘z oldiga qo‘ygan birdan bir maqsadi shuki, inson hech qachon Inson degan sharafli unvoniga dog‘ tushirmasligi, iymon-e’tiqodidan ayrilmasligi, oldiga qo‘ygan katta maqsadidan adashmasligi kerak. Shu g‘oya balladaning boshidan oxiriga qadar xalqa ip bo‘lib o‘tadi “Guldursun” balladasidagi quyidagi misralar yuqoridagi qarashlarimizni yana bir bor dalillaydi:
Ikki marta chiqmaydi bir kunda quyosh,
Ikki marta kelmaydi dunyoga bu bosh!
Bir boshga bir o‘lim bor, yasha insoncha!
Kimga kerak tutqunlik, oh-voh, iskanja!
Sirasini aytganda, bu g‘oya Shuhratning aksar she’riy va nasriy asarlarida ham turli shaklda – goh qahramonlarning shiddatli nutqi, goh lirik kechinmalari, goh g‘oyaviy raqibi bilan qilgan bahslarida aks-sado berib turadi. Shuhrat hayotlik paytida ham shu g‘oya bilan yo‘g‘rilgan fikrlarini o‘qtin-o‘qtin takrorlab, armon to‘la qalbini bo‘shatib olardi. Binobarin, shu g‘oyani nafaqat Shuhrat ijodining, ayni paytda hayotining ham leytmotivi, deyishimiz mumkin.
Yov keldimi o‘lkaga bosib, o‘g‘rincha,
Yovga yovcha qarshi tur umring boricha,
Erksiz o‘tgan bir yildan ozod on yaxshi!
Dushman tutgan ol guldan tarki jon yaxshi!
Qachon, axir, qafasda sayrabdi bulbul!
Qachon, axir, zulmatda yashnabdi bir gul?
Ko‘ramizki, bu misralar shoirning zulmga, zolimga, bosqinchiga bo‘lgan isyoni, bir so‘z bilan aytsak, qatag‘on qurbonlari Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosirlar g‘oyaviy qarashlarining, ular ijodida balqib turgan erk va hurriyat g‘oyalarining davomidek aks-sado berib turadi.
Darhaqiqat, Shuhrat “Beruniy, Farg‘oniy, Xorazmiy, Navoiy, Ulug‘beklarga mansub ulug‘ millatning qayg‘usi bilan yashamoqni, Shiroq, To‘maris, O‘g‘uzxon, Muqanna, Manguberdi, Amir Temurlar ruhiga payvand buyuk Turkistonning menligini tiklash yo‘lida kurashmoqni boshqa hoyu-havaslardan muhimroq sanab, burchini shaxsiy huzur-halovatidan ustun qo‘ya oldi. Necha vaqtlar o‘tsa-da, yozuvchining ismi, asarlari biz uchun hanuz ardoqli bo‘lib qolayotganining bosh sababi ham shu”(I.Rahim).
Shuhratning dastlabki poemasi XX asrning 37-yillarida yaratilgan. Uning yozilish tarixini eslab ijodkor shunday deydi: “Men frontda yarador bo‘lib gospitalga tushdim. Uzoq vaqtlar janglarda yurib kitobni sog‘inib qolgan ekanman, yaradorlikdan bir oz o‘zimni o‘nglab olgach, maktab kutubxonasidan (gospital, ta’kid bizniki N.S) Pushkin asarlarini, xususan, uning “Yevgeniy Onegin”ini olib, qayta-qayta mutolaa qildim. “Farzand” mana shu mutolaa natijasida, to‘g‘rirog‘i, A.S. Pushkin ta’sirida paydo bo‘ldi”(Shuhrat).
Shoirning “Farzand” poemasidan keyin “Kichik sarguzasht”, “Mehrol”, “Xotin qalbi”, “Mangulik”, “Orzu va qasos”, “Farzand”, “Chol”, “Jamila”, “So‘lmas chechaklar” kabi o‘nlab poema dostonlari yaratildi.
“Kichik sarguzasht”, “Orzu va qasos”, “Farzand” poemalari tarixiy mavzuda bo‘lib, 1937 yilda yozilgan “Kichik sarguzasht” poemasida grajdanlar urushi voqealari qalamga olingan. Doston shoirning o‘z boshidan o‘tkazgan, ko‘rgan-kechirgan voqealarni badiiy lavhalarda qahramon tilidan yuqori pafosda ifodalab berilishi bilan ahamiyatli.
“Orzu va qasos” poemasini 1940 yilda yozgan shoir, poemada A.Chexov, Pushkin, Lermontov, Fuzuliy, xalq qo‘shig‘i va xalq iborasi bir necha boblari boshida epigraf sifatida keltirar ekan, ayniqsa XIII bobning boshida keltirgan “Ot chidamas achchiq qamchi zahriga, Hech kimsa tushmasin zolim qahriga” xalq iborasi doston leytmotivini belgilab bergan. Doston qahramoni oddiy xalq ichidan chiqqan, bir umr mehnat qilib kosasi oqarmagan mehnatkash, qalbida endi Qamarga bo‘lgan o‘tli muhabbatiga yeta olmagan yigit – Samadning boshidan o‘tkazgan ko‘rguliklari tasviriga bag‘ishlangan. O‘z elidagi qabih muhtojlik sabab Samad o‘zga yurtga ketishga majbur bo‘ladi. Shoir buni shunday o‘tli misralarda ta’riflaydi:
Qaysi yerni qilmasin orzu,
U yerda ham shu tosh-torozu.
U yerda ham mana shu quyosh,
Yig‘lab to‘kar qonli, olov yosh!
Farg‘onada ish ko‘p, odam oz degan gapni eshitib, u yerga borgan yigit har eshikka bosh suqib, ish topa olmay oxiri qarol tushishga majbur bo‘ladi, natijada boy o‘g‘lini sayr qildirishdan tortib, samovarga o‘tin yorishu, omborga g‘alla tashish, dalada ketmon urish, barcha – barcha ishlarni qiladi, lekin biri ikki bo‘lmaydi, qo‘li pul ko‘rmaydi. Musofirchilik Samadning tinka-madorini batamom quritadi. Shoir Samadning bu holatini o‘ziga xos uslubda quyidagicha tasvirlaydi:
O, musofir, g‘arib musofir,
Musofirga jo‘r bo‘lar kim bor?
Unga go‘yo keng olam zindon,
Turgan joyi o‘shandan parcha,
Shu zindonni bo‘lib, talashib,
Makon qilgan insonlar-barcha….
Shoir aytmoqchi bo‘lgan g‘oyani “barcha” so‘ziga yuklaydi, buni biz shoir so‘z oxiriga qo‘ygan ko‘p nuqtalardan ham bilishimiz mumkin. Shoir barcha so‘zini ishlatib, zulmkorning kim ekanligini aniqlashni kitobxonning o‘ziga qoldiradi. Insonlarni o‘z manfaati yo‘lida xor-zor qilgan kimsalar tufayli, shoir so‘zi bilan aytganda, “Samad mard devkor” kabi norg‘ul yigitlarning hayoti ostin-ustun bo‘lib ketishiga olg‘irlarning badnafs iymonsizligi sabab ekanligini alam bilan so‘zlaydi shoir. Hazrati xon farmoyishi bilan ariq qazishga chiqqan qora xalqning og‘ir turmushi dostonda shunday chizgilarda ifodalanadi:
Quyosh chiqmay boshlaydi qazish,
O‘zbek, tojik, qirg‘iz va qozoq…
Necha badan qildi tarki jon,
Ne tanda qoldi qon izi!
Dostonda shoir ariq qazishga chiqqanlarni bir necha millat vakili ekanligini aytar ekan, band oxiriga uch nuqta qo‘yadi, demak bu yana boshqa millat vakillari ham borligiga ishora ekan, nazdimizda shoir ko‘p millatli Sovet hukumati mustamlakasida zulm ko‘rayotgan ezilgan xalqni nazarda tutgan bo‘lsa ajabmas. Dostondagi Samad obrazi timsolida hayot nohaqliklariga qarshi chiqadigan, inson haq-huquqini himoya qilishni o‘z burchi deb biladigan haqiqatparvar yo‘lboshchini tasvirlashni shoir maqsad qilgan:
Yetar endi shuncha razolat,
Bormi bizga farog‘at tongi?
Yoki hamon bosib yotarmi,
Siynamizni dard-zulmat zangi!..
– Qani shafqat, qani adolat,
Qani inson qadri-qimmati?!…
Jinoyatmi, zulmga qarshi,
Mardonavor “haq!” –
deya kurash. Shoir aytmoqchi, “zulmat zangi” xalqimizni mustamlaka ostida yetmish yil ushlashini guyoki shoir bashorat qilgandek, kurashga chorlagan. Va aytish mumkinki, Shuhrat “…chin ma’noda milliy shoir edi. Bu narsa u kishining tabiatlarida borligi uchun ham yozganlari barchaga tushunarli va bir o‘qishdayoq yoqib qolar edi”(B.Alimov).
“Farzand” poemasi 1944 yilda yozilgan bo‘lib, dostonda o‘z eli urf-odatlarini qadrlaydigan, ona yurti ozodligi uchun jonini fido qilgan kazak Kuban farzandi Volin-Vadimning fashistlarga qarshi jangi va bu urushda qahramonona halok bo‘lgani hikoya qilinadi. “Farzand” dostoni, bir qarashda, Ikkinchi jahon urushi mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib ko‘rsinsa-da, asar zamirida, shoirning totalitar tuzum bilan bog‘liq armonlari, iztiroblari, o‘sha davrda eskilik sarqiti, millatchilik deb qoralangan milliy qadriyatlarimizning toptalgani bilan bog‘liq satrlar ustivorlik qilgan. Masalan:
Jinoyatmi, ayting, yoronlar,
Ota qabrin qilmoq ziyorat?
Jinoyatmi, qilmak ibodat,
El rasmiga kirgach, u faqat?
Eskilik urf tezdan o‘churmu?
Holva desang og‘iz chuchurmu?!
Jinoyatmi, ota hurmatin,
Vatan mehrin qilmoq tantana?.
Totalitar tuzum millatimizga xos bo‘lgan urf-odatlar, qadriyatlarning avloddan-avlodga eltuvchi xalqning saralarini qirib tashladi. Ular manglayiga “xalq dushmani” degan tamg‘a urildi. Ular nomini tilga olish, ular asarlari o‘qish taqiqlandi. 1956 yilda Stalin shaxsiga sig‘inishning fojiali oqibatlari yuzaga chiqib, adabiyot olamidagi jabrdiydalar oqlanganlaridan keyin ham 1937 yil jallodlari Shuhrat, Shukrullo, Said Ahmad singari Cho‘lpon va Qodiriyning izdoshlariga tinchlik bermadilar. Shunga qaramay, Shuhrat shu mavzuning qirralarini “Orzu va qasos” dostoni va boshqa asarlarida ham yoritishda mardona davom etdi. Shoir dostonida hayotdagi nohaqliklariga dadil qarshi chiqa oladigan, inson haq-huquqlarini himoya qila biladigan ishni o‘z burchi deb biladigan haqiqatparvar yo‘lboshchi – Samad obrazini katta mehr bilan yaratdi. Mana, uni qiynagan masalalar… Mana, xalqning osuda va baxtli hayotiga o‘tmish soyasini tashlab turgan va lirik qahramonni minbarga chorlagan masalalar… Va aytish mumkinki, o‘z asarlaridagi obrazlar orqali lozim bo‘lgan gapni aytish Shuhratgagina xos jasorat, bir xususiyat edi. Bu jasoratni shoirning Abdulla Qahhor bilan o‘rtasidagi do‘stlikda ham ko‘rish mumkin. Shuhrat qalami o‘tkir ijodkorgina emas, hayotda ham qalbi daryo, mustahkam irodali inson edi. Abdulla Qahhor Moskvada jon talashib yotganda ham Shuhrat uning yonida mardonavor tura oldi. Mana bu xotira ham Shuhratning aslida xalqimizning asl oltin farzandi ekanligini ko‘rsatadi:“Abdulla Qahhorni ustoz deb bilgan ayrim shogirdlar orasida undan uzoqlashganlar va mukofotdan mahrum bo‘lmayin, deb ta’ziyasiga bormay qo‘yganlar ham bor. Ammo Shuhrat shularni bila turib Abdulla Qahhorga o‘zini yaqin tutdi. Tabiiyki, bu narsa Shuhratning foydasiga bo‘lmaydi, o‘ziga jabr qiladi. Abdulla Qahhor Moskva kasalxonalaridan birida og‘ir xastalikdan vafot etgan damlarda ham adibga munosabatni bila turib, Shuhrat uning yonida bo‘ladi. Mashaqqatlar bilan adib jasadini Toshkentga olib kelishda ham jon kuydiradi. Dafn marosimidagi rasm-rusumlarni, xufiya janozasini o‘tkazishda ham o‘zi bosh-qosh bo‘ladi. O‘ldi, endi menga nima foydasi tegardi, demadi. Shuhrat ana shunday odam edi. U e’tiqodi mustahkam, riyodan or qiladigan, e’tiqodi yo‘lida har qanday mashaqqatni tortishga tayyor ijodkor edi”(Shukurullo).
Yuqoridagi dostonida milliy urf-odatlar, qadriyatlarni hurmatlash, qadrlash jinoyatmi deya hayqira olgan shoir Abdulla Qahhorning “Dafn marosimidagi rasm-rusumlarni, xufiya janozasini o‘tkazishda ham o‘zi bosh-qosh” bo‘la olishi uning so‘zi bilan dili bir chin inson ekanligidan dalolat. Yana shuni aytish kerakki, Shuhrat shu bilangina kifoyalanmadi, ya’nikim, Qahhorning janozasiga kelishga qo‘rqqan insonlardan farqli o‘laroq marosimlarni o‘tkazish barobarida “Adib (A.Qahhor, ta’kid bizniki N.S) vafotidan keyin “Ustozning oxirgi kuni” degan maqola e’lon qildi. Bu maqola ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Gap shunda ediki, Abdulla Qahhor og‘ir kasal holda ba’zi mansabdorlarning nayranglari tufayli ko‘p aziyat chekkan ekan. Shuhrat o‘sha vaziyatlarni tap tortmasdan, batafsil oshkor qildi”(M.Qo‘shjonov). Shuhratning bu jasorati, odamiyligi, iymoniga sobitligi, o‘sha tariximizning qora turg‘unlik yillarida qanday taqdirlandi “Abdulla Qahhorning janozasidagi nutqi, “Guliston” jurnalida bosilgan maqolasi uchun ta’qib ostiga olindi. Yana sinov, yana imtihon… Romanlari bosmaxonlarda, she’rlari redaksiya papkalarida qolib ketdi. U tengilar oltmish yoshlarini nishonlaganlarida hukumat mukofotlariga, unvonlariga sazovor bo‘ldilar. Ammo Shuhratning yubileyi muzdekkina bo‘lib o‘tdi. Bunday munosabatlarga o‘rganib qolganidanmi, yo irodasi kuchli ekanidanmi, harqalay o‘zini tutdi. Ichidagi alamlarini sezdirmadi. Nolib yurmadi. O‘zini ijodga urdi, qalami bilan sirlashdi… Hayot uni yana bir bor, ammo dahshatli sinovga tortdi. U xastalanib to‘shakka yiqildi… O‘ttiz yildan ortiq chekkan iztiroblari o‘z ishini qildi. Kamsitishlar, unutishlar, nazardan chetga surishlar Shuhratning sog‘lig‘ini so‘rib oldi. U shu ahvolda ham qo‘lidan qalamini qo‘ymadi. Titroq barmoqlari boshqatdan xat yozishni o‘rgandi. Shu mehnatkash nimjon qo‘llar she’r yozishdan to‘xtamadi”(S.Ahmad). Mana Shuhrat qanday inson edi, o‘z ta’biri bilan aytsak “Oltin zanglamas” ekan, ijodkor ham shunday yolg‘on dunyodagi zar kimxoblarga, mansabu amalga uchmaydigan, xalqi baxti saodati uchun bir nafas kurashdan to‘xtamaydigan maslagi kuchli, iymoni mustahkam qalam sohibi edi.
Shoirning “So‘lmas chechaklar” nomli dostoni Vatan urushida fashistlarga qarshi kurashib, ularning qo‘liga asir tushgan qahramon jangchi xotirasiga bag‘ishlab 1962 yilda yozilgan. Rotasidan ajralib, olti kecha-kunduz yo‘l yurib, partizanlarga kelib qo‘shilgan jangchi, yana qo‘liga qurol olib, fashistlarga qarshi kurashar ekan, janglarning birida nogahoniy portlashdan oyog‘idan ayriladi va nemislar qo‘liga asir tushadi. Qanchalar zulm, azob berishmasin, uning og‘zidan bironta so‘z, ma’lumot ololmagan dushman jangchini keng maydonga olib borib qonli dorga osishadi:
Qonli qo‘lin artdi fashist,
Mamnun edi, shod edi.
“Kim partizan bo‘lsa, biling,
Oqibati shu!” – dedi.
Dostonning g‘oyaviy pafosini shunda ko‘rish mumkin: har kun ertalab qahramon jangchining qabrini gul-chechaklar qoplaydi. Qancha soqchi qo‘yilmasin, nazorat qanchalik kuchaytirilmasin, buning oldini ololmagan, qish kelganida endi iz qolishidan qo‘rqib qabrga hech kim gul olib kelishiga va bu sovuqda gullar yashnamasligiga ishongan fashistning umidlari sarobga aylanadi. Qahraton sovuqning qor izg‘irinida yashnab turgan so‘lmas chechaklar barq urib turaveradi, gul sochganni fashist qo‘lga ololmay xunobi chiqaveradi. Shoir bu voqelikni mahorat bilan quyidagicha misralarda bitadi:
Ular sochgan gul-chechakda,
Vatan mehri bir parda.
Fashist ko‘zi uni ko‘rmas,
Va ko‘rishdan ojizdir.
Iflos fashist! Yoqangni yirt,
Tirnoq g‘aji-befoyda.
Vatan sodiq farzandini,
Ardoqlaydi har joyda!
Doston nihoyatda ko‘tarinki ruh, hayotiylik va samimiylik bilan tasvirlanganligi jihatidan muhim ahamiyatga molik. Shuhratning “Mehrol” ertak-dostoni xalq ertagi syujeti asosida yozilgan bo‘lib, shoir uni yaratishda A.Pushkin, H.Olimjon an’analarini davom ettirgan. Doston tasvir usuli, xalqona ohangda yaratilganligi bilan kishini o‘ziga tortadi. Tinch hayot qurishga o‘zini bag‘ishlagan mehnat qahramonlari obrazini yaratishga bel bog‘laydi va ko‘p o‘tmasdan “Xotin qalbi” nomli poemasini 1948 yilda yaratdi. “Xotin qalbi” qirqinchi yillar an’analari asosida yozilgan. Asarning markazida bir o‘zbek ayolining qora kechmishi turadi. Doston qahramoni Xoldor asar boshida ipaklarga o‘ranib, o‘sma-surmani qosh-ko‘zlariga qo‘yib, etiklarni g‘archillatib, kampirlar tili bilan aytganda “Satang Xoldor” bo‘lib yurgan ayol, paxtali shim, soldatcha etik kiyib, kolxoz uchun jonini tikkan turmush o‘rtog‘i Vatan urushi jangiga ketgandan keyin, butun oila og‘irligini o‘z nozik yelkasiga olgan, satangligidan asar qolmagan, eridan kelgan qora xatdan keyin esa:
Shundan beri shohi atlaslar,
Gardirobda hayrona qoldi.
Shundan beri shoda marvaridlar,
Qo‘sh uzuklar ardona qoldi.
Shundan keyin betiga ajin,
Sochlariga inmishdi qirov,
deya, shoir Xoldor tasvirini chizadi. Xoldor endi bor kuchini turmush o‘rtog‘ining peshona teri tomgan paxtazor dalalariga mehrini beradi, ayol boshi bilan raisalik darajasiga ko‘tariladi, yolg‘iz farzandi Maratga mehrini berib, uning tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Doston orqali shoir o‘zbek ayolining urush davridagi taqdiri, Xoldor hayotida marhum turmush o‘rtog‘i xotirasi uchun ko‘rsatgan jonbozligini aks ettiradi. Doston shoirning boshqa dostonlariga nisbatan hajman ancha katta bo‘lib, Xoldorning butun faoliyati to‘lig‘icha bo‘rttirilmay “O‘zaro tekshirishda”, “Ilk ochilgan ko‘sak”, “Birinchi karvon”, “Kuz”, “Vakila”, “Xotima” qismlarida izchil yoritib berilgan. Dostonda ayol boshi bilan yozning issig‘ini issiq demay, qishning qahraton sovug‘ini sovuq demay dalada yurib, pahta yetishtirishda katta natijalarga erishgan, halol mehnati tufayli el izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgan oddiy bir o‘zbek ayolining his-tuyg‘ulari, quvonchi, ko‘ngil to‘rida yotgan iztiroblari yaqqol aks ettirilganligi bilan qimmatlidir.
Shuhrat ijodida inson ruhiyati va qalb kechinmalarini, xalq dardini ifodalagan, xalqona pafosga ega dostonlar talaygina. Har bir ijodkor xalq dardini o‘z yaratiqlarida bayon qilar ekan, unda hissiy jo‘shqinlik bo‘lishi tabiiy, shu barobarinda “…san’at asarining mag‘zi, javhari estetik mohiyatga ega bo‘lgan his-tuyg‘ulardan iborat bo‘lsagina, o‘ziga xos pafosni ifoda etadi”(M.Olimov).
Har bir millatning asrlar davomida badiiyatda shakllangan zavq-shavqi, adabiy-estetik didi bor. Ijodkorlar hamisha shu xalqona estetik tamoyilga amal qilib yashaydi. Xalq og‘zaki ijodi yaratiqlari yozma adabiyot uchun asosiy omil ekanligini chuqur anglagan Shuhrat “Mangulik” dostonini o‘zgacha muhabbat bilan yaratadi. Yengil xalqona vaznda bitilgan doston boshlamasidayoq o‘ynoqi satrlarda muallif badiiy zavqi – estetik didi ravshan namoyon bo‘ladi:
Ma’shuq! Ma’shuq! Mag‘rur bir tog‘,
Azamat tog‘, mashhur tog‘.
Har qadami bir afsona,
Har o‘ngiri-xilvatgoh.
Har irmog‘i bir qo‘ng‘iroq,
Har tosh osti bir buloq.
Zo‘r boshiga kiyib olgan,
Oppoq qordan cho‘ng popoq.
Dostonda tasvirlanayotgan tog‘ obrazi va obrazli ifoda mukammalligida, hamda fikr va tuyg‘u tasvirida Shuhratning xalq dostonchilik an’analaridan mohirona foydalana olgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Mangulik” dostonini mutolaa qilish, o‘rganish va tahlil qilish jarayonidan kelib chiqib aytish mumkinki, xalq dostonlariga xos bo‘lgan lirizm va chuqur falsafani shoir o‘z dostonida ta’sirchan ifoda va ohangdorlikni uyg‘unlashtirish orqali bera olgan. Dostonda ma’shuq, tog‘, afsona, xilvatgoh, qo‘ng‘iroq, bir buloq, cho‘ng popoq tarzdagi band so‘ngida obrazlar talabi bilan yuzaga kelgan ohangdorlik so‘zlari qofiyadosh so‘zlar bo‘lib, shoir dostonidagi o‘ziga xos ifodasi uchun xizmat qilgan.
Shu o‘rinda, dostondagi vaznni aniqlash va musiqiylikni uyushtirish nuqtai nazaridan barmoq she’r vaznining turlariga to‘xtalish joiz. Vaznlar sodda vazn, qo‘shma vazn, aralash vazn, erkin (sarbast) vaznga bo‘linadi. Sodda vazn misralardagi bo‘g‘inlar soniga teng bo‘ladi va shu bir xillik she’rning barcha misralari uchun xos bo‘lib, she’rning boshidan oxirigacha izchil saqlanadi. Qo‘shma vazn esa birdan ortiq turkumga asoslanadi. Qo‘shma vaznda misralardagi bo‘g‘inlarning soni turlicha bo‘lib, tovlanib turadi, turoqlar ham rang-barang bo‘ladi. Mana shu rang-baranglik ma’lum tartibda takrorlanadi. “Mangulik” dostoni ham qo‘shma vazn talablari asosida yozilgan bo‘lib, 8, 7, 8 ,7 rang-baranglik kabi ma’lum tartibda takrorlanadi.
Yoz kelganda gul-chechakka,
To‘lar zangor etagi.
To kuzgacha yashil turar,
Bahor yozgan kurtagi..
Kim kezmagan bu tog‘larda,
Kim uzmagan chechagin!
Kim bilmaydi bu yerlarning,
Afsonayu cho‘pchagin!
Tog‘ obrazi berilishida shoir doston musiqiyligini, ifoda quvvatini ifodalashda she’riy san’atlardan unumli foydalangan va tog‘ obrazi tasviri to‘liq o‘xshatish san’atiga asoslangan. Shuningdek, shoir tog‘ni ma’shuq ekanligini e’tirof etar ekan, mag‘rur, azamat, mashhur, gul-chechak, afsonayu cho‘pchak, deya ta’riflab tanosub san’atini, bir tog‘, azamat tog‘, mashhur tog‘, har qadami, har irmog‘i, kim kezmagan, kim bilmaydi kabi takrir san’atini qo‘llaydi. Shoir doston davomida lirik kayfiyat va lirik syujetini satrlarda takomillashtirib, mavzu va g‘oyaning ta’sirchan ifodalarini original bera oladi. Ushbu dostondagi parchada etagi, kurtagi, chechagin, cho‘pchagin so‘zlari qofiyadosh so‘zlar bo‘lib, bu qofiyalar “..badiiy ekspressivlikni, obrazlilikni tashkil qilgan holda g‘oyani ifodalashda ko‘makchi vazifasini o‘taydi”(H.Mirhaydarov).
Doston bir qarashda sotsrealizm talablari asosida yozilgandek taassurot uyg‘otadi o‘quvchida. Ya’nikim, doston proletariat rahbari Lenin siymosini qoya toshga solmoqchi bo‘lgan rassom haqida yozilgandek. “…balladada shoir Lenin bilan bog‘liq bo‘lgan konkret voqea orqali bir tomondan, Lenin haqida yuragidagi gapni aytishga erishadi, ikkinchi tomondan, davr dramasini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi”(U.Normatov). Nazarimizda, munaqqid “Lenin haqida yuragidagi gapni aytishga erishadi”, deganda ehtimol o‘ta ehtiyotkorlik qilgan, aslida shoir Lenin haqida emas, o‘z xalqi haqidagi so‘zlarni aytganini bildirmoqchi bo‘lgandir. Doston yozilgan vaqtga e’tibor beraylik, 1961 yil yanvar, munaqqid tahlili esa 1969 yil.
Hech kimga sir emaski, XX asrning ikkinchi yarmidan asr so‘ngigacha bo‘lgan vaqt oralig‘i sovetlar hukumati siyosatining kuchaygan va dunyoda hukmronlik mavqeiga ega bo‘lgan davri hisoblanadi. Bu davrda mazkur hukumat o‘z mavqeini mustahkamlash va ta’sirini oshirish uchun mamlakat ichkarisida xalqni qo‘rquv va sarosimada saqlab turish uchun ko‘p bor siyosiy qatag‘onlar olib borgan. Shoir ham bu tahlikali davr qurbonlaridan. U endi aytmoqchi bo‘lgan gapini yetti o‘lchab emas, yetmish o‘lchab aytishga majbur. Shu nuqtai nazardan qarasak, shoirning “Mangulik” dostoni qahramoni rassom qalbidagi armon, orzularini aytish uchun chizajak bo‘lgan rasm proletariat rahbari Lenin deyishdan o‘zga iloj yo‘q.
Zeroki, sotsialistik realizm davrida ijod etgan ijodkorlar haqida adabiyotshunos olim, G‘aybullo as-Salom “…ko‘pgina hushyor yozuvchilar xalq rivoyatlari, afsonalari, asotirlarini yozma adabiyotga olib kirishga harakat qildi yoki tarixiy mavzularga murojaat etdi, o‘zgalarning (ko‘pincha o‘ris yozuvchilar yoki xorijiy mualliflarning) asarlarini o‘zbekchaga o‘girishga moyillik qildi, masal yozdi. Basharti, asliy (original) asar yaratganda ham, majoziy bir tilda, “lisonul g‘ayb” yo‘sinida, turli imo-ishoralar bilan, “qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” qabilida qalam tebratdi” deb e’tirof etgan fikrlari naqadar asosli ekanligini, “lisonul g‘ayb” yo‘ldan borgan Shuhratning “Mangulik” dostonida ham yorqin ko‘rishimiz mumkin.
Dostonda tabiatning yaratig‘i tog‘ oralab yurgan rassom “Chigirtkalar sibizg‘asi, kapalaklar bazmiga” tahsin, hasanot o‘qish bilan yuragidagi o‘tni o‘chira olmay halak:
Rassom kezar…. yuragida,
Qaynar ilhom bulog‘i.
Qaysi birin xatga olsin,
Yetarmikan bo‘yog‘i.
Birdan fikrin tortib qoldi,
Ulkan, yassi qoya tosh.
Qoya toshki, ajab emas,
Quyosh bo‘lsa teng qurdosh!
Ne-ne dovul, ne-ne chaqmoq,
Hamlasiga bergan dosh,
Ne-ne sellar, ne-ne yellar,
Qilmoq bo‘lgan xomtalash.
Hammasidan g‘olib chiqqan,
Turar hamon purviqor.
Hamon uning qalbi metin,
Etaklari gulbahor.
Dostonda shoir rassom obrazini yaratar ekan, uning orzu umid, tilagi, yuragini, qalbini o‘rtagan hasrat g‘amini “Ne-ne dovul, ne-ne chaqmoq, Ne-ne sellar, ne-ne yellar” xomtalash qilib mahv etolmagan, barcha balolardan g‘olib chiqqan purviqor ko‘ksi qiya, tekis toshga yo‘nishni maqsad qilganini o‘ziyoq, xalqimiz siymosini xuddi shunday ko‘rishga orzumand ekanligini ko‘rsatadi, nazarimizda. Aytish mumkinki, ramzlar zamirida ijodkor o‘zi aytmoqchi bo‘lganlarini bayon qiladi. Dostondagi bunday tasvirlar ma’lum ma’noda ijodkorning o‘z ideallari bilan ham bog‘liq tarzda tarannum etilgan. Dostonda rassom toshga Lenin suratini solgani, yillar o‘tib yurtga maxluq fashist hujum qilgani va beayov g‘azab bilan suratni yo‘q qilish niyatida bo‘yab tashlashganini aytadi. Lekin Allohning qudrati bilan bo‘yalgan rasmdagi bo‘yoq yomg‘ir bois ketib, rasm tik boqib mag‘rur turganligi tasvirlanadi. Doston mazmun-mohiyati ezgulik va yovuzlik, yorug‘lik va qorong‘ulik, bosqinchilar va ozodlikka bo‘lgan ehtiyoji sifatida bo‘y ko‘rsatgan. Keltirilgan parchada bulog‘i, bo‘yog‘i, tosh, qurdosh, dosh, xomtalash, purviqor, gulbahor so‘zlari qofiyaga olinishi orqali poetik fikr va tuyg‘ular ta’sirchanligi oshirilgan. “Ne-ne dovul, ne-ne chaqmoq, Ne-ne sellar, ne-ne yellar” misralarida shoir takrir va tanosub san’atidan o‘rinli foydalana olgan.
Soxta bo‘yoq qanday ko‘msin,
Surat emas axir u!
Unga mangu jilo bergan
Xalqning yurak mehri-ku!
Kim mehrga bo‘yoq surkab,
O‘chiribdi yurakdan!
Kim quyoshga bo‘yoq churkab,
Ko‘chiribdi falakdan!
Kim idroku aql-shuurni,
Mahv etolgan bo‘yoq-la,
U tog‘larning jonli qalbi,
U tug‘ishgan shu tog‘-la!
O‘chmas! O‘chmas! U – mangulik!
Xalqning aynan o‘zidir.
Yuqoridagi parchadan ham aniq, ravshan ko‘rinib turibdiki, nemis fashistlar chaplagan bo‘yoqlar yo‘q qila olmagan, mahv eta olmagan rasm aslida Leninning emas, balki xalqning aynan o‘zi ekanligini, tug‘ishgani bir el ekanligiga shoir satrlar silsilasida yashirin ishora beradi.
Biz dostonni o‘rganganimizda, uning ichidagi tom ma’noda yashiringan shoirning ideal g‘oyasiga e’tibor qaratmog‘imiz lozim. “Orzu va qasos” dostonining IV bo‘limida “Qizil gul ochilar g‘unchadan-g‘uncha, Sarson bo‘ldi ko‘chalarda bir necha” xalq maqolini epigraf qilib olgan shoirning o‘zi xalqdan ilhom olishini, o‘zi yozayotgan ijod namunalarida o‘zi mansub bo‘lgan xalk poetik tafakkurining ulushi borligini e’tirof etadi. Bu hol adabiyotshunoslikda she’riyatdagi xalqona pafos xususida fikr yuritishga imkon beradi. Chinakam ijodkor deb, o‘zidan oldin o‘tgan salaflari ijodidan ijodiy ta’sirlanib, ulardan ilhomlanib, o‘z so‘z va fikrlarini ularni takrorlamasdan, balki g‘oyalarini rivojlantirgan adibni ayta olamiz. Zero, ijodkorning “…tasavvurini qo‘zg‘ovchi, unga turtki beruvchi boy haqiqiy assotsiatsiyalar tug‘diruvchi, tasvirlanuvchi voqelikni to‘la va o‘z bo‘yog‘ida bera oluvchi turli murakkab taassurotlar yaratuvchi kuchli badiiy xazinadir”(G‘.Mo‘minov). Dostonda musiqiylikni ta’minlagan “axir u, mehri-ku, surkab, churkab, yurakdan, falakdan, bo‘yoq-la, tog‘-la” qofiyalari orqali bandlar aro yaxlitlik, tasviriylik so‘zlar takrori bilan uyg‘unlasha olgan.
Kuzatishlarimiz natijasida shunday xulosa keldik:
Shuhratning ballada va dostonlari badiiy jihatdan g‘oyat go‘zal. Bunga sabab, shoir ballada va dostonlarida takrorlanmas poetik obrazlar, yangi detallar topganligidadir. Folklorning bitmas-tuganmas an’analaridan bahramand bo‘lganligi shoirning mahorati yuksakligini ta’minlagan. Ijodkorning liro-epik asarlariga xos muhim xususiyatlar sifatida, matnlarning serma’no metaforalarga boyligi, yaratilgan obrazlarida ramziy-timsollar, ko‘chimlar yordamida ulkan milliy va umumbashariy falsafiy fikrlarning ko‘tarib chiqqanligini qayd etish mumkin.
Shuhrat ballada va dostonlarida Vatan mavzusini yoritishda shoir lirik chekinish bilan o‘z armonlarini, iztiroblarini, totalitar tuzum man etgan eskilik sarqiti, millatchilik deb qoralagan qadriyatlarimizning toptalayotganini qalamga olib ketgan. Shuningdek, asarlari g‘oyasida shoirning maqsadi, adabiy-estetik qarashlari o‘z tajassumini topgan.
Shoir xalq dostonlariga xos bo‘lgan lirizm hamda chuqur falsafani ballada va dostonlarida ta’sirchan ifoda ohangdorligida uyg‘unlashtirish orqali Qodiriy, Cho‘lponlarning g‘oyaviy qarashlarini qahramonlarcha davom ettirib, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni hurmatlash, qadrlash jinoyatmi deya hayqira olish Shuhratgagina xos jasorat, bir xususiyat edi.