Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

BADIIY TARJIMADA  MILLIY RUXIYATNI IFODALASH  

Narbekova Ra’no Usmanovna  JDPU  Xorijiy tillar fakulteti   ANNOTATSIYa: Ushbu maqolada original  asarlarning milliy koloritini tashkil qiluvchi qator elementlar birikmasini funksional to‘g‘ri aks ettirish tarjimachilikning ham nazariy tahlili, ham amaliy yechimini talab qiluvchi muhim masalasi ekanligi, shu bilan birga badiiy asar tarjimoni oldida hamisha asliyatdagi milliy o‘ziga xoslikni o‘zga tillarda me’yor doirasida berish masalasi haqidagi vazifalar ko‘rsatilib o‘tilgan. Kalit so‘zlar : milliy, kolorit, obraz, original, asar, janr, kompozitsiya,  urf-odat,funksional.   Asliyat uslubini tarjimada to‘la-to‘kis saqlash undagi milliy ruh va umuman milliylikni aks ettirish masalasiga borib taqaladi. Chunki tarjima qusurlarining aksariyati milliy tushunchalarni tarjimada bekamu ko‘st ifodalanmay qolishi tufayli vujudga keladi. Adabiyotning milliyligini bir qancha belgi-xususiyatlaridan farqlab olish mumkin. Bulardan eng muhimlari – badiiy adabiyotda aks etgan xalq psixologiyasi, milliy turmush tarzi, maishiy va madaniy hayoti, milliy an’ana, urf-odatlar kabi omillardir. Mazkur belgilar bir butun holda asar milliy koloritini yuzaga keltiradi. Milliy bo‘yoqdorlik esa badiiy asarlarda o‘zining tabiiy shakllarida obraz, xarakter, syujet, kompozitsiya, til va uslub tarkibida namoyon bo‘ladi. Turli xalqlar turmush tushunchalarini anglatadigan so‘zlar tarjimasi asar milliy fazilatini belgilaydigan omillar qatorida bo‘lib, mutarjimdan ularga sezgirlik bilan yondashish talab etiladi. Bundan tashqari, tarjima tili milliy ruhiyatini asliyatniki bilan beixtiyor almashtirib qo‘ymaslik uchun bu ishda nozik usullar qo‘llanishini taqozo etadi. Ushbu bob ana shu ikki masala tahliliga bag‘ishlanadi. Ma’lumki, original  asarning milliy koloritini tashkil qiluvchi qator elementlar birikmasini funksional to‘g‘ri aks ettirish tarjimachilikning ham nazariy tahlili, ham amaliy yechimini talab qiluvchi muhim masaladir. Badiiy asar tarjimoni oldida hamisha asliyatdagi milliy o‘ziga xoslikni me’yor doirasida berish masalasi ko‘ndalang turadi. Chunki har qanday asar o‘sha xalqning milliy hayoti bilan bog‘liq voqelikni aks ettiradi. Shunday yozuvchilar borki, ularning asarlaridagi yorqin milliy chizgilar ayniqsa, aniq-tiniq ajralib turadi. “Bizning buyuk masalnavisimiz Krilovning iqtidorini bus-butunligicha baholamoqchi bo‘lgan chet ellik uning asarlarida ifoda etilgan maishiy turmushni o‘rganish uchun rus tilini o‘rganib, Rossiyada yashab ko‘rishi kerak” degan ekan V. Belinskiy  . Bu fikrdan kelib chiqadiki, muallif yaratgan asarning  milliy o‘ziga xosligi va uni tarjimada qayta tiklashdagi metodologik murakkablik o‘sha tilgagina xos bo‘lgan jihatlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun milliy bo‘yoqdorlik masalasini faqatgina milliy shart-sharoitda organik butunlik hosil qilgan badiiy asarning mazmuni va shakli uyg‘unligi, uning obrazlarida sayqal topuvchi xalqning hayoti, bu obrazlarga maxsus chizgilar berguvchi xalqning tili tushunchalari asosida hal etmoq lozim. Milliy bo‘yoqdorlik – ma’lum adabiy asarning o‘ziga xos uzviy jihati bo‘lib, y tilda o‘z aksini topadi. U ko‘proq xalqning maishiy va ijtimoiy ahvolini ifoda qiluvchi obrazlarda yoki yorqin idiomatikasida namoyon bo‘ladi. “Asarga o‘ymakorlik, jimjimadorlik kiritavergan bilan milliy ruh tug‘dirib bo‘lmaydi. Umumiy til vositalaridan tashqari, har bir ijodkorning o‘ziga xos individual uslubidan kelib chiqadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, “tarkibiy milliylik”, “uslubiy milliylik”, “individual milliylik”, “davriy milliylik”, “nutqiy milliylik”ni aniqlash va buni tarjimada qanday aks ettirish yo‘llarini izlab topish faqat tashqi milliy-etnografik belgilar,milliylik komponetlarini berish yo‘llarini aniqlashga qaraganda beqiyos murakkab va muhim” Roman yoki qissaning milliy ruhiyatini berishda tarjimon u qadar qiyinchiliklarga duch keladi deb bo‘lmaydi, chunki katta hajmli bu asarlarda milliy bo‘yoqdorlikni tashkil qiluvchi komponentlar yetarlicha topilib, tarjimon milliy muhitni yaratishda kattaroq imkoniyatlarga ega hamda ijod faoliyatida sezilarli darajada erkinlikni qo‘lga kiritadi. Katta asarlar tarjimasi haqida fikrlaydigan bo‘lsak, undagi maydon, xarakter chiziqlarining kengligi, peyzaj, turmush tasviridagi batafsillik va boshqalar tarjimonga ijod uchun qulay sharoitlar yaratadi. Hikoyada esa masala boshqacharoq qo‘yiladi, chunki bitta siqiq voqea, birgina epizod, personaj xarakterining biror jihatini ko‘rsatilishi, detal, peyzaj, intonatsiyani kichik hajmli hikoyada sezib olish, yagona milliy ohang yaratish  va uni o‘z o‘rnida qayta tiklash murakkab jarayondir va bu tarjimondan katta mahoratni talab qiladi. Kichik hajmli asar tarjimasida mutarjim ham voqealar rivojini, ham obrazlar tasvirini, tugun, yechimni jo qila olishi, yana bular fonida o‘sha millatning milliy o‘ziga xosliklarini ham yetkazib bera olishi lozim. Tabiiyki, tarjimada milliy koloritni tashkil qiluvchi har bir komponentga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, unga o‘z tilidan xos va mos talqin topish, ekvivalent mavjud bo‘lmagan holatda ham o‘sha leksik birlikni matndan chiqarib tashlamaslik talab qilinadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, yozuvchi aynan hikoyachilik janrida ilk sinovlardan o‘tadi, mana shu janrda qalamini qayraydi, u yozgan hikoyalarda ilk bora ijodiy uslubi qirralari namoyon bo‘ladi. Ma’lum bir chet el adibining ijodi va yozish uslubi bilan ilk bora tanishmoqchi bo‘lgan kitobxon uning katta hajmli romanini o‘qib chiqquncha, hikoyasini yarim soat mobaynida o‘rganib, muallifning qay uslubda qalam tebratishidan xabar topishi mumkin. Tarjimada asliyat badiiyligini saqlab qolish original asarning milliy o‘ziga xosligini aks ettirish muammosiga borib taqaladi. G.Gachechiladzening tarjimada milliylikni aks ettirish to‘g‘risidagi qarashlariga e’tibor qaratsak. Olimning fikricha, tarjimada yangi lisoniy vositalar orqali qayta yaratiladigan badiiy shakl emas, til o‘zgaradi. Ilk qarashda, tarjima yangi “milliy” shaklning yaratilishiga o‘xshaydi, chunki asarning mazmuni yangi lisoniy matoga burkanadi. Biroq bu dastlabki qarash. Asarni tarjima qilish – asliyat mazmunini yangi milliy shaklda berish degani emas. Bunday tushuncha zamirida shaklning mazmundan ajralib qolishi yotadi va metodologik xato sifatida badiiy asar to‘qimasining buzilishiga olib keladi. “Tarjima – bu asliyatning mazmun va shakl birligini saqlagan holda yangi lisoniy materialda berish bo‘lib, bu asliyat badiiy voqeligini bir butunlikda aks etishi demakdir; shu sababdan unda lisoniy elementlarda ifodalangan tarjimon ijodining milliy o‘ziga xosligi ham namoyon bo‘ladi. Tarjimonning individualligini uning milliy xususiyatlarisiz ko‘rish mumkinmi? Axir u o‘z xalqining farzandi va aynan xalqi uchun tarjima yaratadi. Qolaversa, milliy o‘ziga xoslik nafaqat tilda bilinadi, chunki tarjima bir lisoniy shaklni boshqasi bilan almashtirishdan iboratgina emas. Binobarin, “tarjimon individualligi” tushunchasi tarkibiga “milliy o‘ziga xoslik” tushunchasi ham kiradi”[1]. Har bir millat tili tarkibida shunday so‘zlar uchraydiki, asliyatda alohida belgilar bilan farqlanmasa-da, har doim ham ularni boshqa tilga muqim bo‘lib qolgan tarjima qoidalari asosida o‘girib bo‘lmaydi. Ma’lum xalqqa mansub bo‘lgan buyum, tushuncha va hodisalarni ifodalaydigan so‘zlar asar muallifiga tasvirlayotgan qahramonlari moddiy-ma’naviy hayotini haqqoniy, milliy shaklda dalillash jarayonida dastak vazifasini o‘taydi. Tarjimondan esa o‘z tilida muqobil talqini mavjud bo‘lmagan xalqlar turmush tushunchalarini anglatadigan bunday so‘zlar ma’nosini to‘la-to‘kis yetkazib berish va bu bilan bog‘liq qator murakkab vazifalarni yechish talab qilinadi. Realiyalar badiiy asarning milliy xususiyatini belgilaydigan asosiy vositalardan hisoblanadi. Xalqlar turmush tushunchalarini anglatadigan so‘zlarni tarjimada muqobil qayta tiklash evaziga original asarning milliy to‘qimasini o‘zga tilda beshikast qayta yaratishdek yechimi shart bo‘lgan tarjima muammosini ma’lum ma’noda hal etish mumkin. Bu o‘rinda, xos so‘zlar va termin tushunchalarini bir-biridan farqlash lozimligini ham aytib o‘tish kerak. Terminlar – ilmiy leksikaning asosi; ularning ishlatilish doirasi – maxsus ilmiy adabiyotlar. Xos so‘zlar esa aksar badiiy adabiyotga xos bo‘lib, ular mahalliy, tarixiy, milliy bo‘yoqdorlikning komponetlari hisoblanadi. Terminlar jahondagi barcha xalqlarning umumiy mulki bo‘lsa, xos so‘zlar faqatgina o‘zi vujudga kelgan xalq tiliga tegishlidir. Ularning boshqa tilga qanchalik mahorat bilan olib o‘tilishiga qarab, qabul qilgan tilining yo boyiganini, yo keraksiz yuk bilan “og‘ir tortib” qolganini belgilash mumkin. Xalqlar turmush tushunchalarini anglatadigan so‘z va jumlalarni  tarjimada adekvat talqin qilish asar badiiy uslubini tarjimada saqlashga kirishgan har bir ijodkorning yuzma-yuz keladigan doimiy masalalaridan biridir. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bu muammoga nazariy tomondan yondashgan birorta ham olim haligacha realiyalarni tarjima qilishning yagona qoidasini ishlab chiqqani yo‘q, chunki tarjima ijodiy jarayon bo‘lib, bunday fikrning uchrashi ham kutilmaydi. Biz ham bu mavzuda o‘zimizning ilmiy-tanqidiy mulohaza va xulosalarimizni bayon qilish orqali  xos so‘zlar tarjimasi borasida amaliyotda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli tasodifiy to‘siqlarni ma’lum ma’noda bartaraf etish yo‘llarini taklif qilmoqchimiz. Xos so‘zlarni tarjima tilida qayta tiklash uchun, nazarimizda, quyidagilarni hisobga olmoq kerak: –  asarning janri; –  xos so‘zning matndagi vazifasi, ya’ni ma’no yuklamasi; –  asliyat tili va tarjima tilidagi xos so‘zlarning munosabati; –  asliyat va tarjima tillarining o‘ziga xosliklari – ularning so‘z yasash imkoniyati, adabiy an’analari; –  tarjima tiliga kiritilgan xos so‘zning o‘quvchiga tushunarlilik darajasi. Realiyalarni kontekstga qarab, faqatgina majoziy emas, balki moddiy ma’nolarida kelganda ham turli xil usullar yordamida o‘girish va ularning ayni xususiyatlarini hisobga olish ob’ektiv xulosalarga kelish imkonini beradi. Xalqlar turmush tushunchalarini anglatadigan vositalarni boshqa tilga o‘girish jarayonida, eng avvalo ularning muayyan matnda o‘tab kelayotgan uslubiy vazifalarini aniqlash, shundan keyin ularga har jihatdan mos, ayni paytda, shu til me’yori va madaniyati qabul qila oladigan darajada bo‘lgan ifodalarni tanlash darkor. Tarjimon asar muallifining milliy uslubiga o‘ta sezgirlik bilan yondashmog‘i kerak. Xos so‘zlarni badiiy asar asosida tadqiq qilish o‘sha asar muallifining o‘z xalqi milliy madaniyati va tarixini qay darajada bilishi va yetkazib bera olishini aniqlashda katta rol o‘ynaydi. O‘quvchi uchun nafaqat asar fabulasi, balki qahramonlari yashab, faoliyat ko‘rsatgan zamon, muhit, maishiy turmush sharoitlari ham birdek qiziq. Xos so‘zlarni asarda qo‘llashiga qarab muallifning “dunyoga milliycha qarashi”ni belgilash mumkin. Tarjimada eng to‘g‘ri usulni tanlay olish uchun asliyat matnidagi notanish xos so‘zlarning ma’no-mazmunini to‘g‘ri anglab olish muhim. Notanish realiya – bu asliyat matniga chetdan kiritilgan realiyadir. Muallif uni asosan kitobxonga notanish bo‘lgan muhit, xalq hayotidan ma’lum bir lavhani tasvirlash maqsadida kiritadi. Ushbu tushunchalar kitobxon tarjima asarini o‘qish jarayonida ularni qiynalmasdan qabul qilishi va shu bilan birga notanish milliy ruhiyatni his qilib turadigan qilib kiritilishi kerak. Muallif ularni berishda sal xatoga yo‘l qo‘ydimi, o‘quvchi bu so‘zlarni atayin qo‘llanilgan ekzotika sifatida qabul qiladi. “Asl nusxadagi tarixiy va milliy o‘ziga xoslikning barcha unsurlarini saqlab bo‘lmaydi, lekin ularning orasidan shundaylarini ushlab qolmoq kerakki, natijada o‘quvchida tarixiy va milliy muhit tasavvuri paydo bo‘lsin” Har bir millat kishisining o‘ziga xos xususiyatlarini tasvirlash badiiy asarga milliylik tusini beradi. Tarjimada milliy o‘ziga xoslikni aks ettirishda u yoki bu xalq vakiliga xos psixologik harakatlar, odat, qiyofa, muomala me’yorlari, xulq-atvor va marosimlarini bera bilish tarjimonlik mahoratini belgilaydi. O`Henri hikoyalarining milliy o‘ziga xosliklaridan biri shundaki, muallif asarlarida ma’lum badiiy maqsadni ko‘zlagan holda diniy va afsonaviy realiyalardan ko‘plab foydalanadi. Ushbu realiyalar hikoyada o‘z badiiy funksiyasiga ega bo‘lganligi uchun tarjimon ularni o‘girishda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Ijodkor o‘zbek kitobxoni o‘zga din tarixi, obrazlari, o‘ziga xos tushunchalaridan qay darajada xabardor ekanligidan kelib chiqqan holda ish ko‘rishi lozim. O`Henri asarlarida tarjimon bu borada qanchalik muvaffaqiyatga erishganini yoki qanday xatolarga yo‘l qo‘yganligini amalda ko‘rib chiqsak. “Sehrgarlar tuhfasi” hikoyasidan bir misol: O`Henri: “The magi, as you know, were wise men, who brought gifts to the Babe in the manger” Ingliz tilidan  tarjima: “Ma’lumki, yangi tug‘ilgan Isoga tuhfalar keltirgan farishtalar juda dono, favqulodda olijanob bo‘lganlar” Rus tilidagi tarjima: “Volxvы, te, chto prinesli darы mladensu v yaslyax, bыli, kak izvestno, mudrыe, udivitelno mudrыe lyudi” Rus tilidan tarjima: “Oxurdagi chaqaloqqa sovg‘a bergan sehrgarlar juda dono bo‘lishgan”, Hikoyada ikki sevishgan o‘zlaridagi eng qimmatbaho narsalarini sotib, Rojdestvo bayramiga bir-birlariga mutlaqo keraksiz bo‘lgan sovg‘alarni hadya qilishadi. Muallif ularning muhabbat yo‘lida keltirgan bu qurbonliklarini yuksak baholab, “aslida chinakam sehrgarlar ham shulardir” deb qissadan hissa chiqaradi. Muallifning hikoya so‘ngida bevosita qahramonlar tushgan vaziyatga nisbatan bildirgan fikridan asarning g‘oyasi ayon bo‘ladi. Mana shu xulosa chiqariluvchi qismida yozuvchi diniy voqea – Iso payg‘ambarning dunyoga kelganida uni topib, hadyalar bilan ta’zim qilgani kelgan sehrgarlar voqeasiga murojaat qiladi va hikoyaning ikki qahramonini ana shularga tenglashtiradi. Demak, bu diniy voqeadan xabardor bo‘lgan o‘quvchigina muallifning nimani ta’kidlamoqchi bo‘lganini kengroq tushunib yetadi. Ushbu misolda ruscha matnga tayanib ish ko‘rgan tarjimon realiyani so‘zma-so‘z o‘giradi. Rus tarjimoni o‘z xalqining diniy e’tiqodidan kelib chiqib, tushuntirishlarga berilib o‘tirmasdan  asliyatdagi bor narsani tarjimaga olib o‘tgan, ammo bilvosita tarjima egasi o‘zbek kitobxonining o‘zga din tushunchalari to‘g‘risidagi bilimini  hisobga olmay matnning ushbu qismida tushunarsizlikka yo‘l qo‘ygan. Agar tarjimon qisqa shaklda oxur ichidagi chaqaloq voqeasini satr ostida izohlab ketganda, tarjima tili o‘quvchilarining bu borada tasavvuri shakllanib, asarni anglab yetishi oson kechardi. Oradan  yillar o‘tib ushbu asarni ingliz tilidan bevosita o‘girgan yosh tarjimon D.Begmatova “yangi tug‘ilgan Isoga tuhfalar keltirgan farishtalar” deya bu holatga biroz aniqlik kirita olgan. Shunday obrazlar bo‘ladiki, ular bir millatning yaratgan mahsuli bo‘lsa-da, ommalashib ketgani sababli bora-bora to‘laligicha xalqaro xos so‘zlarga aylanib qoladi. Ular barchaga birdek tanish bo‘lgani uchun ham ma’lum millat adabiyoti asarida hech qanday izohsiz qo‘llanilishi hamda muallif ko‘zlagan zaruriy emotsional ta’sirni yetkazib bera olishi mumkin.   Foydalanilgan adabiyotlar  
  1. Fyodorov A. V. Osnovы obщey teorii perevoda. – M.: Vыsshaya shkola, 1983. – S. 278.
  2. Salomov G‘. Tarjima nazariyasiga kirish. – T.: O‘qituvchi, 1978. – B. 83.
  3. Gachechiladze G. Xudojestvennыy perevod i literaturnыe vzaimosvyazi. : SP, 1972. – S. 146-147.
  4. Salomov G‘. Tarjima nazariyasi asoslari. – T.: O‘qituvchi, 1983. – B. 104.
  5. O`Henry. Best stories of O`Henry. – New York: The sun Dial Press, 1945.
  [1] Гачечиладзе Г. Художественный перевод и литературные взаимосвязи. М.: СП, 1972. – С. 146-147.