- Маҳмудов А.Х. Узлуксиз таълим жараёнига компетентлик ёндошувини жорий қилишнинг дидактик асослари // Узлуксиз таълим. – Т. – 2012. – № 4. – Б. 8-12.
- Ҳожимуҳаммедова Д.Р. Ўқитувчиларнинг касбий компетентлилиги // Халқ таълими. – Т. – 2011. – № 5. – Б. 69-71.
- Андреев А.Л. Компетентностная парадигма в образовании: опыт философско-методологического анализа педагогика // Педагогика. – М. – 2005. – № 4. – С.19-26.
- Алимов Н.А., Юсупов Р.М. Ахборот-коммуникация таълим муҳитида таълим сифатини ошириш омили сифатида // “Ўқитувчиларнинг касбий маҳоратини оширишда инновация технологияларининг аҳамияти” мавзусидаги Республика илмий-амалий конференцияси материаллари. Тошкент, – 2012. – 331-332 б.
- Alimov N.A. va boshqalar. MathCAD da differensial va integral hisobni bajarish metodikasi (metodik qoʻllanma). Toshkent: Fan va texnologiyalar. – 2010. – 96 b.
- Темуров С.Ю. Методика организации самостоятельной работы студентов по курсу математического анализа с использованием информационных технологий // Молодой учёный. – М. – 2010. – № 6 (41). – С. 428-431.
AXBOROT TA’LIM MUHITIDA BOʻLAJAK MATEMATIKA OʻQITUVCHILARI KASBIY KOMPETENTLIGINI SHAKLLANTIRISH
Temurov S.Y. JDPU, Boshlangʻich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi
Annotatsiya. Maqolada boʻlajak matematika oʻqituvchilarida axborot ta’lim muhitidagi kasbiy kompetentlilikni shakllantirishning asosiy yoʻnalishlari tahlil qilinadi.
Kalit soʻzlar: kompetentsiya, kompetentlilik, kasbiy kompetentlilik, boʻlajak oʻqituvchining kasbiy kompetentliligi, matematika oʻqituvchisining matematik tayyorgarligi, axborot ta’lim muhiti.
Аннотация. В статье анализируются основные направления формирования профессиональной компетентности будущих учителей математики в информационной образовательной среды.
Ключевые слова: компетенция, компетентность, профессиональная компетентность, профессиональная компетентность будущего учителя, математическая подготовка учителя математики, информационная образовательная среда.
Summary. The article analyzes the main directions of formation of professional competence of future teachers of mathematics in educational communication sphere.
Keywords: competence, professional competence, professional competence of future a teacher, mathematical preparation of the mathematics teacher, informational and educational sphere.
Respublikamizda oliy ta’lim tizimini modernizatsiyalashning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri boʻlgan yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlashda kasbiy kompetentli yondoshuvni joriy etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Kompetentlilik ta’lim muassasasi oʻqituvchilarining ma’naviy dunyoqarashi, psixologo-pedagogik va tashkiliy-texnologik salohiyati, ya’ni uning kasbiy imkoniyatlarini ifodalaydi. Kasbiy imkoniyatni esa ta’lim muassasasi oʻqituvchilari pedagogik faoliyati jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ular tomonidan tashkil etilayotgan pedagogik jarayonlarning holati va samaradorligi orqali aniqlash mumkin boʻladi.
Demak, kompetentlilik ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish va boshqarish yoʻnalishida zaruriy tushunchalarga ega boʻlgan, yoshlar psixologiyasini yaxshi biladigan, boy va yuksak axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini tadbiq eta oladigan, tegishli ma’lumot va kasbiy tayyorgarlika ega boʻlgan, yuksak pedagogik mahorat va boy kasbiy tajribaga ega boʻlgan pedagog shaxsini ifodalaydi.
Kompetentli yondoshuvning asosiy maqsadi ta’lim oluvchilarda bugungi axborotlashgan jamiyatga muvaffaqiyatli moslashishga asos boʻla oladigan asosiy kompetentsiyalar majmuasini shakllantirish va ularni rivojlantirishdan iborat. Kompetentsiya kasbiy bilim va koʻnikmalar hamda tashabbuskorlik, hamkorlik, guruhda ishlash qobiliyati, kommunikativ qobiliyatlar, mantiqiy fikrlash, axborotni tanlash va undan foydalanish, oʻz kasbiy faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllay olish kabi bir qator sifatlarni oʻz ichiga oladi. Qayd etilgan sifatlar boʻlajak oʻqituvchilarning kasbiy kompetentliligini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Bunday mutaxassislarning muhim kompetentsiyalaridan biri mustaqil ta’lim olish va mustaqil rivojlanishga qobiliyatlilik, oʻqituvchining ta’limni axborotlashtirish sharoitlaridagi pedagogik faoliyatga tayyorgarlik darajasi boʻlishi zarur. Bu sharoitlarda kasbiy masalalarni hal etish uchun pedagogning axborotlashtirish vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash qobiliyati uning kasbiy kompetentliligi komponentlaridan biriga aylanib bormoqda. Zamonaviy pedagogik adabiyotlarda axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi oʻqituvchining kasbiy faoliyat darajasini aniqlashda “axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kompetentlilik” atamasi qoʻllanilmoqda.
Hozirgi vaqtda oʻqituvchining axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kompetentliligi tushunchasiga turli xil yondoshuvlar mavjud boʻlib, ayrim mualliflar (L.U. Luxova, I.G. Ovchinnikova va boshqalar) uni “pedagogning axborot madaniyati” deb nomlab, jamiyatda axborotning vazifasi bilan bogʻliq umumiy madaniyatning asoslaridan biri deb hisoblaydi. Boshqalari esa (E.K. Xenner, A.P. Shestakov va boshqalar), axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kompetentlilik – deganda oʻqitish jarayoni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini mustaqil oʻrganishda shakllanadigan bilim, koʻnikma va malakalar majmuasini tushunadi [1-3].
Matematika oʻqituvchisining axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kompetentliligini, bizning nazarimizda, shaxsning qobiliyatini ta’riflovchi quyidagi xususiyatlar tizimi sifatida tavsiflash maqsadga muvofiq:
– yangi axborotni mustaqil olish, baholash va yaratish;
– ob’ektlar va jarayonlarni, jumladan oʻzining shaxsiy individual faoliyatini modellashtirish va loyihalash;
– axborotlashgan jamiyat a’zolarini oʻqitish, rivojlantirish va tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ta’limiy masalalarni yechish;
– oʻz kasbiy faoliyatida oʻquv jarayonining samaradorligini oshirishni ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash.
Bugungi kunda yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllab matematika fanlarini oʻqitish, shu bilan birga, ta’lim oluvchilarni ularning murakkab olamiga olib kirish va axborot madaniyatini shakllantirishga qobiliyatli oʻqituvchilarni tayyorlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ular bolalar psixologiyasini yaxshi bilishi, oʻqitishning metodik uslublariga ega boʻlishi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi egallagan boʻlishi kerak. Bizning nuqtai nazarimizcha, bunday pedagoglar quyidagi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlari lozim:
– oʻqitish va rivojlantirishda kompьyuterdan foydalanish imkoniyatlarini bilish;
– matematikani oʻqitishni tashkil etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish usullariga ega boʻlish;
– oʻrganilgan mavzuning oʻzlashtirilganlik darajasini aniqlash va oʻz-oʻzini nazorat qilishni tashkil etishda kompьyuterni qoʻllashni bilish;
– oʻqitishning axborotli va an’anaviy texnologiyalarini optimal moslashtirishni bilish;
– oʻquvchilarning ijodiy faoliyatini tashkil etishda yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash va boshqalar.
Pedagogika oliy ta’lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻziga xos xususiyatlarga ega, chunki ular nafaqat oʻrganish ob’ekti, balki predmetli va pedagogik faoliyat uskunasi hamda oʻquv jarayonini oʻquv-metodik ta’minlash vositasi sifatida ham qaraladi.
Axborot jamiyatining rivojlanish dinamikasi aniq dasturiy vositalarni oʻrganishni emas, balki boʻlajak matematika oʻqituvchilari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish imkoniyatlari va istiqbollari, ularni qoʻllashning psixologik-didaktik asoslarini oʻzlashtirishni talab qiladi. Bu boʻlajak matematika oʻqituvchisini kasbiy tayyorlashda aniq fanlar sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash hamda nafaqat fan boʻyicha mustahkam bilimlar va koʻnikmalarni shakllantirish, balki bitiruvchilarning kelajakda fan oʻqituvchisi sifatida oʻzining pedagogik faoliyati davomida yuzaga keladigan tipik masala va muammolarni bilimlar hamda kasbiy tajribalarni qoʻllab yechishga imkon beruvchi sifatlarning rivojlanishiga yordam berishini talab etadi. Ijtimoiy buyurtma pedagogika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, xususan boʻlajak matematika oʻqituvchilariga aynan shunday talablarni qoʻymoqda.
Ushbu maqolada matematika oʻqituvchisining axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kasbiy kompetentliligini shakllantirishning asosiy yoʻnalishlari aniqlanadi.
Boʻlajak matematika oʻqituvchisining axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kasbiy kompetentligini shakllantirishni ularning kasbiy tayyorgarligi sifatini belgilab beruvchi asosiy fundamental fanlardan biri hisoblangan matematik analiz kursi misolida qarab chiqamiz. Ushbu kursni oʻrganishda boʻlajak oʻqituvchining axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kompetentliligini shakllantirish jarayonida ta’lim faoliyati boʻlajak matematika oʻqituvchisining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha haqiqiy faoliyatiga yaqinlashtirilgan boʻlishi lozim.
Matematik analiz kursini oʻqitish jarayonida boʻlajak matematika oʻqituvchisida axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi kasbiy kompetentlilikni shakllantirishni quyidagilar asosida amalga oshirish mumkin:
1) talabaning oʻquv faoliyatini izchil ravishda matematika oʻqituvchisi kvazikasbiy faoliyatiga aylantirish. SHu maqsadda kompьyuterni matematik faoliyat uskunasi sifatida qoʻllash zarur. Masalan, talabalarga ma’ruza uchun taqdimot yaratish, ma’lum mavzu boʻyicha amaliy mashgʻulot ishlanmasini yaratish, oʻquv maqsadli elektron vositalar yaratish, universal matematik paketlar yordamida masalalar yechish taklif etiladi.
2) axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini oʻzlashtirishga qaratilgan kasbiy yoʻnaltirilgan masalalarni yechish mazmuni va usullari orqali. U yoki bu matematik masalani yechishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini qoʻllashning maqsadga yoʻnaltirilganligini va zarurligini talabalar har doim his qilishlarini ta’minlash lozim.
3) oʻqitishning faol usul va shakllari (muammoli ta’lim, tadqiqot usuli, oʻquv-metodik holatlarni tahlil qilish va boshqalar) ni qoʻllash asosida. Masalan, amaliy topshiriqlarni bajarish jarayonida talabalarning pedagogik amaliyoti davrida va keyingi kasbiy faoliyatida ijodiy oʻz-oʻzini faollashtirishi, mustaqil bilim olishi va talaba shaxsining kasbiy ahamiyatli sifatlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratiladi.
4) talabalarning faol mustaqil ishlarini tashkil etish yordamida. Boʻlajak matematika oʻqituvchilari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlarini mustaqil holda qoʻllashning turli usullarini topib, ularni oʻzlashtirishlari zarur. Bunday holda talabalar tomonidan matematik analiz kursining alohida mavzularini elektron qoʻllanmalar yordamida oʻrganish, murakkab boʻlmagan dasturlarni tuzish bilan bogʻliq masalalar kiritilgan nazorat ishlarini bajarish kompьyuterli matematik tizimlardan foydalanish orqali tashkil etilishi mumkin.
Matematik analiz kursining ta’kidlangan imkoniyatlaridan oʻquv jarayonida foydalanish matematika oʻqituvchilarini tayyorlashda kompetentli yondoshuv talablari bilan muvofiqlashtiriladi, chunki boʻlajak matematika oʻqituvchilari matematik analiz kursini oʻrganish bilan birga nafaqat, qanday qilib va qaysi boʻlimlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash imkoniyatlarini koʻra bilishi, balki ularni maktab matematika kursida qoʻllashga tayyorlanishi ham zarur. Boʻlajak matematika oʻqituvchisini maktab matematika kursida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashga tayyorlash masalasi “Matematika oʻqitish nazariyasi va metodikasi”, “Matematikadan misol va masalalar yechish”, “Matematikani oʻqitishda innovatsion texnologiyalar”, “Matematika oʻqitish jarayonini loyihalash” kabi kurslarda hal etilishi mumkin.
Ta’limni axborotlashtirish, avvalambor, uchta asos, ya’ni texnik tuzilmalar, dasturiy ta’minot va oʻquv-uslubiy ta’minotdan iborat axborot-kommunikatsion ta’lim muhitidagi didaktik jarayonning oʻquv ta’minotini ishlab chiqishni nazarda tutadi. Didaktik nuqtai nazardan sanab oʻtilgan asoslardan eng muhimi – oʻquv-uslubiy ta’minotdir. Aynan u, kompьyuterli oʻqitish texnologiyasi jarayonini aniqlaydi va belgilaydi. Oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashning mazmunli jihatini ta’minlovchi axborot muhitini, qoʻyilgan didaktik maqsadlarga erishishni ta’minlashga yordam beruvchi oʻquv va boshqa turdagi axborotlarni talabalar va oʻqituvchining toʻliq va aniq tasavvur qilish masalasini yechish bilan birga qarash lozim. Bizning nuqtai nazarimizcha, bunday muhit sifatida mazmuni quyidagilardan iborat boʻlgan integrallashgan elektron oʻquv kursini tashkil etish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
– kursni oʻrganish boʻyicha metodik koʻrsatmalardan iborat va mavzularning mazmuni qisqacha ochib berilgan qoʻllanma;
– asosiy oʻquv qoʻllanma, qoʻshimcha oʻquv materiallar, davriy ilmiy-uslubiy nashrlarda chop etilgan maqolalar va internet-saytlar materiallarni kompьyuterli matematik tizimlarni qoʻllash boʻyicha praktikum;
– foydalanuvchiga olgan bilimlarini mustaqil baholashga imkon beruvchi nazorat-oʻqitish dasturlari sifatida amalga oshirilgan talabalar bilimini baholash va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi.
Elektron-integrallashgan oʻquv kursi talabalarga tarmoq texnologiyalari yordamida yoki boshqa axborot tashuvchilar, masalan, lazerli disklar, flesh kartalar va boshqalar yordamida yetkazilishi mumkin. Uning dasturlari imkoniyatlari mulьtimedia texnologiyasi asosida talabalarning tayyorgarlik darajasini hisobga oluvchi, mazmuni va shakliga koʻra turlicha boʻlgan materiallarni yagona integrallashgan tizimga birlashtirish imkonini beradi.
Matematik analiz kursining elektron-integrallashgan oʻquv kursini loyihalash va yaratishda oʻquv materiallarini tanlash va tizimlashtirishda oʻqituvchidan quyidagilarni amalga oshirish talab etiladi:
– boʻlajak matematika oʻqituvchisini tayyorlash maqsadlarini e’tiborga olgan holda oʻquv kursi mazmuni hajmini baholash. Buning uchun pedagogik modellashtirish usullarini qoʻllab, kursning axborotli hajmini baholab, uning modelini qurish (DTS da nazarda tutilgan va oʻrganilishi majburiy boʻlgan asosiy tushunchalar va ta’riflar doirasida);
– oʻquv materialini talabalarning idroki va xotira imkoniyatlariga mos holda modullar, boʻlimlar, mavzular va elementlarga ajratish;
– oʻquv predmeti mazmuni elementlari orasidagi bogʻlanishlarni oʻrnatish;
– har bir oʻquv elementi uchun talabalar tomonidan oʻzlashtirishning boshlangʻich va talab etiladigan darajalarini aniqlash;
– fanning mantiqiy tizimiga kiritilgan oʻquv elementlari boʻyicha ularning oʻzlashtirilish darajasi va sifatini aniqlovchi pedagogik testlarni ishlab chiqish.
Shunday qilib, jamiyatning axborotlashtirilishi bilan aniqlanuvchi boʻlajak matematika oʻqituvchisini tayyorlashga kompetentli yondoshuv matematik analiz kursi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari olib boruvchi oʻqituvchining ilmiy-uslubiy tayyorgarligiga qoʻyiladigan quyidagi umumiy talablarni ishlab chiqishga imkon beradi:
– matematika va matematik ta’lim tarixi, matematik fanlar qatorida matematik analiz kursining oʻrni va roli, matematika kursining mazmunini oʻzlashtirishni ta’minlovchi, maktab matematika va informatika kurslari orasidagi fanlararo bogʻlanishlarni shakllantirish uchun ahamiyatli zamonaviy axborot tizimlari, matematik analiz kursini oʻqitish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini qoʻllashda pedagogik amaliyot va matematik analiz kursi boʻyicha mulьtimediali va tarmoqli resurslar hamda ta’limni axborotlashtirish sharoitlarida kursni oʻqitishga metodik yondoshuvlarning xususiyatlari haqida bilimlarga ega boʻlish;
– nostandart matematik masalalarni yechish, matematik analiz kursining boshqa kurslar bilan fanlararo bogʻlanishini amalga oshirish, kurs boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini baholash va tanlash, turli mashgʻulotlarni oʻtkazishda ularni qoʻllash usullarini ishlab chiqish, oʻqitishning an’anaviy usullari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashning maqsadga muvofiqligini aniqlash boʻyicha bilimlar va koʻnikmalarga ega boʻlish;
– kompyuter orqali oʻquv, koʻrgazmali, uskunali boshqarish, axborotni yigʻish, qayta ishlash, saqlash va uzatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun dasturiy vositalar va apparatli qurilmalarni qoʻllash, hisoblash va axborot-qidiruv faoliyat jarayonini avtomatlashtirish, oʻrganilayotgan ob’ektlar haqidagi axborotlarni kompьyuterli vizuallashtirish, ekranda grafiklar va diagrammalarni qurish boʻyicha koʻnikma va malakalarga ega boʻlish.
Yuqorida keltirilgan mulohazalar va xulosalar Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2012-2014 yillarda bajarilgan A1-XT-O-14297-raqamli “Axborot-kommunikatsion ta’lim muhitida matematikani oʻqitishning ilmiy-uslubiy asoslarini yaratish” mavzusidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasi boʻyicha matematika oʻqitish metodikasi ta’lim yoʻnalishida matematik analiz kursini oʻqitish jarayonida oʻtkazilgan tajriba-sinov ishlari natijalari asosida shakllantirildi [4-6].
Adabiyotlar