O‘zbek tilining qardosh turkiy tillar orasida eng boy va serqatlam bo‘lishida, rivojlangan jahon tillari qatoridan munosib joy egallashida, o‘zbek adabiy tilining taraqqiyotida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning o‘rni beqiyos. Alisher Navoiy asarlari tafakkur gulshani bo‘lish bilan birga, g‘oyat boy so‘z xazinasi hamdir. Shoir asarlarida o‘zbek xalqi turmush tarzi va dunyoqarashining barcha sohalariga oid so‘z va iboralar mavjud. “…o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, shevalari, tarixiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayorlash sifatini tubdan yaxshilashga erishmog‘imiz zarur.”
[1] Bu boradagi ilmiy izlanishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga asos bo‘lmoqda.
Navoiy asarlarining lug‘at boyligi deb ataluvchi leksik tizimning mohiyatini, so‘zlarning qo‘llanish doirasini, hajmi va chegarasini belgilash o‘zbek tilshunoslik fani uchun dolzarb ahamiyatga ega.
O‘zbek tilshunosligida turli sohalarga doir so‘z va terminlar maxsus o‘rganilgan bo‘lsa-da, o‘zbek adabiy tili tarixining to‘liq shakllanish davri hisoblangan Alisher Navony ijodi bilan bog‘lik mukammal, umumlashtirilgan leksikologik tadqiqotlar ko‘p emas.
Navoiy asarlari tili leksik boyligining ma’lum qismini o‘simliklar dunyosini aks ettirgan so‘zlar tashkil qiladi.
Tadqiqotda Alisher Navoiy asarlari tilidagi o‘simlik nomlari to‘planib, ular geneologik, leksik – semantik va semantik-uslubiy yo‘nalishlarda tadqiq etildi, tarkibida o‘simlik va daraxt nomlari bo‘lgan qo‘shma so‘zlar, so‘z birikmalarining ham semantik-uslubiy jihatlari, badiiyatdagi o‘rni tahlil qilindi. Bu dolzarb masalaning ijobiy hal etilishi Navoiy asarlari leksik boyligi haqidagi ilmiy, nazariy bilimlarni to‘ldiradi, o‘zbek tili leksikasi taraqqiyot yo‘lini to‘g‘ri belgilashda ulush bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi PF-4797-sonli “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi, 2017 yil 28 iyuldagi PQ-3160 son “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishning yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi Qarori, 2017 yil 22 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi,
[i]2020yil 21 oktyabrdagi PF – 5850-sonli “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu ilmiy maqolamiz natijalari muayyan darajada xizmat qiladi.
Navoiy asarlari tili leksikasini o‘ta boyligi, badiiy tilining leksik-semantik va grammatik-uslubiy jihatlardan mukammalligi uchun turkiyshunos olimlar va o‘zbek tilshunoslari uning merosini chuqur tadqiq etish bo‘yicha jiddiy izlanishlar olib borishdi. Navoiy asarlari til xususiyatlariga bag‘ishlangan tadqiqotlar ko‘lami va miqdori ko‘p bo‘lganligi, ularning barchasini sanab ko‘rsatish imkoniyati yo‘qligi sababli uning asarlari tilini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shgan A.K.Borovkov, A.M.Щerbak, A.Rustamov, F.Abdullayev, G‘.Abdurahmonov, O.Usmonov, E.Fozilov, B.Bafoyev, S.Ashirboyev, U.Sanaqulov, E.Umarov, X.Doniyorov, H.Dadaboyev, N.Husanov, I.Nosirov, Z.Hamidov, B.Yusupov, D.Abduvaliyeva va boshqa olimlarning nomlarini alohida e’tirof etish lozim.
Hozirgi kungacha Alisher Navoiy asarlari tilining so‘z boyligi, bu boylikning geneologik asoslari statistik metod orqali atroflicha chuqur tadqiq etilgan.
Alisher Navoiy asarlaridagi fitonimlarning tadqiqi natijasida quyidagi ilmiy natijalarga erishildi:
– shoir qo‘llagan fitonimlarning ko‘pchiligi o‘z ma’nosidan tashqari, umumiste’mol (ko‘chma) ma’nolarga ham egaligi,
gul leksemasi (50 dan ortiq ma’noda) va
sarv leksemasi (20 dan ortiq ma’noda) ko‘pma’noliligi bilan boshqa nomlardan ajralib turishi, o‘simlik nomlarining semalari asosida turli ko‘chma ma’nolar hosil qilish badiiy uslub xususan, o‘xshatish va sifatlash san’atlari uchun xizmat qilishi ko‘rsatildi;
– Navoiy asarlari tilidagi fitonimlarning statistik-morfologik tahlili ularning, asosan, tub so‘zlar ekanini ko‘rsatdi, lekin o‘simlik nomlaridan ko‘plab sodda yasama va qo‘shma so‘zlar hosil qilinganki, ular (
gul leksemasidan 60 dan ortiq so‘z yasalgan) ayni o‘simlik nomini emas, balki ularning semalariga aloqador bo‘lgan boshqa (ko‘chma) ma’nolarni anglatishga xizmat qilgan. So‘z yasalishi, asosan, ot, sifat va ravish turkumlari doirasida bo‘lganligi ko‘rsatildi.
– o‘simlik nomlari leksemalarida «o‘simlik», uning «hosili» va «mahsuloti» (tanasi) semalari birgalikda mavjud ekanligi va ulardan biri ikkinchisidan ko‘chma ma’no yo‘li bilan hosil qilinmasligi ko‘rsatildi;
– ko‘chma ma’nolarning fitonimlar leksemasining semantik strukturasi zaminida hosil qilinishi va qo‘llanishi Navoiy badiiy matnlari asosida sharhlandi. Fitonimlardan badiiy tilda foydalanish mahorati ulug‘ shoir tafakkur qudratining, so‘z san’atidagi mahoratining, badiiy uslubi jilokorligi va jozibadorligining belgilaridan biri ekanligi misollar vositasida tavsiflandi.
O‘simlik nomlari har bir xalq tilida ma’lum qatlamni tashkil qiladi. O‘simlik nomlarida shu xalq yashab kelgan tarixiy-geografik hududga va iqlimga mos keluvchi nabotot olami ko‘lami ham namoyon bo‘ladi.
Alisher Navoiy asarlari tilidagi bir mavzuiy guruh so‘zlari – fitonimlarni o‘rganish muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Chunki tildagi so‘zlarni mavzuiy guruhlarga bo‘lib o‘rganish so‘z qo‘llash tarixini mukammalroq yoritishga, so‘zlarning tarixiy-etimologik qiyofasini aniqlashga, so‘zlarning diaxronik o‘zgarishlari va sinxron holatdagi shaklini baholashga, o‘rganilayotgan tilga qardosh va qardosh bo‘lmagan tillarning leksika jihatidan ta’sirini baholashga, so‘zlarning leksik-semantik,semantik-uslubiy xususiyatlarini kengroq yoritishga imkoniyat beradi.
Fitonimlar lisoniy va botanik birlik sifatida seleksiya, nav va uning xilini, qanday o‘simlik (sabzavot, poliz, rezavor, donli ekinlarni, mevali va manzarali daraxtlar)ni ifodalashi, pishish vaqti va boshqa tabiiy belgi-xususiyatlariga ko‘ra tasniflanadi..
Navoiy asarlaridagi fitonimlarning semantik maydonini tabiiy bo‘linishiga ko‘ra quyidagicha guruhlash mumkin:
- Gul nomlarini ifodalovchi fitonimlar.
- Mevali va mevasiz daraxtlarni ifodalovchi fitonimlar.
III. Madaniy ekinlar va yovvoyi o‘simliklarni ifodalovchi fitonimlar.
- Sabzavot va poliz ekinlarini ifodalovchi fitonimlar
Ma’lumki, boshqa so‘zlardan farqli o‘laroq, o‘simlik nomida shu o‘simlikning «tupi» tushunchasi ham, «mevasi» tushunchasi ham, «guli» tushunchasi ham ifodalanadi. Uning «tupi», yoki «mevasi», yoki «guli» ma’noda ekanligi nutqiy birlikdan (kontekstdan) anglashiladi.
Nomshunoslikda «o‘simlik nomlari» birikmasi o‘simliklar va ularning turkum, tur, nav va xillarini atab keluvchi tub, yasama so‘zlar (
gul, rayhon, lola, shalg‘am, behi, gulbun, gulbarg va h.) va so‘z birikmalari (
guli ra’no, guli sadbarg, oq terak, ko‘k terak va h.) majmuasini anglatadi. Shu sababli sodda, qo‘shma hamda «so‘z birikmasi» tuzilishli o‘simlik nomlarini tahlilga tortildi, shuningdek, o‘simlik nomlari leksemalari ishtirokida tuzilib, o‘simlik nomini emas, boshqa ma’nolarni anglatuvchi so‘zlarning semantikasi haqida ham fikr yuritildi.
Усманова Махфуза Cадиковна
JDPU, maktabgacha ta’lim metodikasi kafedrasi v.b.dotsent
[1] Мирзиёев Ш.М. Ўзбек тилига давлат тили мақоми берилганинг ўттиз йиллигига бағишланган тантанали маросимдаги нутқ // Халқ сўзи. 2019 йил 22 октябрь.