Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Talabalar va abiturientlar diqqatiga!!!

O’qishni ko’chirish va qayta tiklashga oid masalalar 1-qism Yoz oylari abituriyentlar uchun naqadar qizg‘in bo‘lsa, ba’zi talabalar uchun ham muhim vaqt hisoblanadi. Sababi iyul-avgust oylarida OTM qabul komissiyalari nafaqat yangi talabalarni o‘qishga

qabul qilish bilan, balki talabalar o‘qishini ko‘chirish (perevod) hamda talabalar safidan chetlatilgan talabalarni qayta tiklash (vosstanovleniye) jarayonlari bilan ham mashg‘ul bo‘lishadi. Bugungi kunda mazkur mavzuga aloqador ko‘plab savollar yuzaga kelayotganligi sababli ushbu masalaga imkon qadar oydinlik kiritishga yordam beradigan maqolani e’tiboringizga havola qilishni lozim deb topdim.

Huquqiy asos Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan belgilanadi. Qachon? Talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshiriladi. Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar davom etadi. Talabalar o‘qishini qayta tiklash bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi: o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar davom etadi. Kim tomonidan? Bir OTM doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (qayta tiklash — talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yilgacha bo‘lgan muddatda) shu OTM rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan OTM bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi: 1) oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa OTMga; 2) oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa OTMga; 3) talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat o‘tganda. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi: 1) xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan OTMlardan O‘zbekiston Respublikasi OTMlariga; 2) talabalar safidan chetlashtirilganligiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa; 3) bir OTM doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi OTMlarga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga (mutaxassisliklariga). O’qishni ko’chirish va qayta tiklashga oid masalalar 2-qism Qanday hollarda rad javobi berilishi mumkin? Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos bo‘ladi: – xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan OTMlarda yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga; – respublika OTMlardagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga; – OTMlarning markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga; – birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan istisno); – OTMda mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa; – namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda; – to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda; – talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda; – OTMga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa; – qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda. Qancha? Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi. Qanday hujjatlar topshiriladi? O‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: – ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi); – talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari; – pasportning nusxasi. O’qishni ko’chirish va qayta tiklashga oid masalalar 3-qism Xorijiy OTM lardan o‘qishni ko‘chirish – Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan fuqarolar tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘zlari ta’lim olgan xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi o‘qitish tili bo‘yicha muayyan ta’lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) topshiradi. – Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini o‘tash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda OTMlarga ega vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilganlar o‘qishni ko‘chirayotganda maxsus sinov topshirmaydi. – Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasi Idoralararo komissiyaga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Idoralararo komissiya qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga ko‘chiriladi. – Ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasida tegishli o‘qitish tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tilini tanlash fuqaroning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi. Fanlardan farqlar bo‘lganda – Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash vaqtida o‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi. – Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy ta’lim muassasasi rektorining talabaga o‘rnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrug‘i chiqariladi. Stipendiya miqdorini belgilashda fanlar bo‘yicha farqlarni topshirish ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi. O‘qishni ko‘chirishda rozilik olish – O‘qishni ko‘chirish chog‘ida talaba ilgari ta’lim olgan OTM roziligi talab etilmaydi. – OTMda yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi. – Talabani boshqa OTMga o‘qishini ko‘chirib qayta tiklashda uning ilgari ta’lim olgan OTM roziligi talab etilmaydi. Grant yoki kontrakt? – O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisligi) bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra OTMlarda tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi. Boshqa hollarda o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. – Davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan yetimlar, I va II guruh nogironlar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o‘tagan (zaxiraga bo‘shagan kunlaridan boshlab uch yil mobaynida), akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan shaxslar istisno tariqasida, o‘qishga davlat grantlari o‘rinlariga qayta tiklanishi mumkin. Alohida qoidalar – O‘qishdan chetlashtirilgan (kursdan qoldirilgan) o‘quv yilida kursiga talabani o‘qishga qayta tiklashga (ko‘chirib tiklashga) yo‘l qo‘yilmaydi. – O‘qishdan chetlatilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat (harbiy xizmatda bo‘lganlik, uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq mehnat ta’tili hamda sog‘liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) bo‘lgan hollarda talabalar o‘qishini qayta tiklash oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunuvidagi vazirlik va idoralar ruxsati bilan amalga oshiriladi. O’qishni ko’chirish va qayta tiklashga oid masalalar 4-qism Bir ta’lim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirsa bo‘ladimi? Bu eng ko‘p beriladigan savollardan biri. Masalan, kunduzgidan kechkiga o‘tkazsa bo‘ladimi, sirtqidan kunduzgigachi va h.k. Ha, bir ta’lim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish mumkin, lekin barcha hollarda ham emas. Quyida birma-bir ko‘rib chiqamiz. – Kunduzgi ta’limdan quyidagilarga ko‘chirish ruxsat etiladi:
  • kunduzgi;
  • sirtqi;
  • kechki (smenali).
Kunduzgi ta’limdan maxsus sirtqiga ko‘chirib bo‘lmaydi. – Sirtqi ta’limdan ruxsat etiladi:
  • sirtqi (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
  • kechki (smenali).
  Sirtqi ta’limdan kunduzgi hamda maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi. – Kechki ta’limdan ruxsat etiladi:
  • kechki ta’lim (faqat bir ta’lim sohasi doirasida);
  • kunduzgi.
Kechki ta’limdan sirtqi hamda maxsus sirtqi ta’limga ko‘chirib bo‘lmaydi. – Maxsus sirtqi ta’limdan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirib bo‘lmaydi, o‘z navbatida boshqa ta’lim shakllaridan maxsus sirtqiga ko‘chirish talabi ham rad etish uchun asos bo‘ladi. Faqat maxsus sirtqida bir ta’lim sohasi doirasidagina ko‘chirishga ruxsat etiladi. – Shuningdek, maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa OTMga ko‘chira olmaydi.   Qaysi xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMga test sinovlarisiz qabul qilinadi? Javob: 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-sonli Prezident qaroriga binoan, g‘oliblari davlat OTMlariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra, quyidagi 5 ta xalqaro olimpiada g‘oliblariga ana shunday imtiyoz beriladi:
  1. Xalqaro matematika olimpiadasi – International Mathematical Olympiad (IMO)
  2. Xalqaro fizika olimpiadasi – International Physics Olympiad (IPhO)
  3. Xalqaro kimyo olimpiadasi – International Chemistry Olympiad (IChO)
  4. Xalqaro biologiya olimpiadasi – International Biology Olympiad (IBO)
  5. Xalqaro informatika olimpiadasi – International Olympiad in Informatics (IOI)
Izoh: mazkur ro‘yxatda keltirilmagan xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalari maqomi asosiy olimpiadalarning respublika bosqichiga tenglashtiriladi va ular ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi. Bu nima degani? Ya’ni yuqorida sanalgan 5 ta xalqaro olimpiadadan boshqa barchasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga test sinovisiz o‘qishga kirish huquqi berilmaydi, balki qaysi fandan g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, faqat o‘sha fandan maksimal ball beriladi. Aytaylik, barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan Mendeleyev xalqaro kimyo olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi OTMga hujjat topshirsa, unga test sinovlarida kimyo fanidan maksimall ball beriladi, lekin qolgan 2 ta fanini o‘zi ishlashiga to‘g‘ri keladi. Sirtqi ta’limda ham 3 ta yo‘nalishni tanlasa bo‘ladimi? JAVOB: Ha, bo‘ladi. Abituriyentlar hujjat topshirayotganda fanlar bloki mos keladigan 3 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi mumkin. Savol: Uchta OTM ga topshirishda sirtqi va kunduzgiga topshirish imkoni bormi? Masalan ikkitasi sirtqi bittasi kunduzgi qib! JAVOB: Yo‘q, mumkin emas. Bu yerda bir jihatni e’tiborga olish kerakki, tanlanayotgan 3 ta yo‘nalish albatta bitta TA’LIM SHAKLI doirasida bo‘lishi kerak. Ya’ni bitta kunduzgi, bitta sirtqi, bitta kechki ta’limni tanlab bo‘lmaydi. Agar asosiy OTM sifatida kunduzgiga topshirayotgan bo‘lsangiz, demak qolgan 2 ta yo‘nalishni ham faqat kunduzgilar orasidan tanlay olasiz, sirtqi yoki kechki ta’limni qo‘sha olmaysiz. Yoki aksincha, agar sirtqiga topshirmoqchi bo‘lsangiz, demak barcha yo‘nalishlaringiz faqat sirtqi ta’lim doirasida bo‘lishi kerak. Savol: Oʻqishga topshirsak diplomimizni qaytib berishadimi qaytib berishgan taqdirda  sirtqi ta’limga topshira olamanmii JAVOB: kunduzgi yo‘nalishlarga hujjat topshirganda diplom va pasportni qaytarib beradi, lekin bu abituriyentga sirtqiga topshirish imkonini bermaydi. DTMda baza bitta bo‘ladi va kunduzgiga topshirganlarni sirtqiga qabul qilishmaydi. Shuning uchun yoki kunduzgiga, yoki sirtqiga topshirishni oldindan aniqlab olishingiz kerak. Savol: Agar testdan yiqilgan taqdirda sirtqi taʼlim shakliga hujjat topshirsa boʻladimi? JAVOB: Yo‘q, topshirib bo‘lmaydi. Kunduzgi yo‘nalishlarning javobi chiqqan paytda allaqachon sirtqiga hujjatlarni qabul qilish tugab bo‘lgan bo‘ladi. Eslatma: Bu yil abituriyentlar 6ta yo’nanalishga hujjat topshirishlari mumkinligi aytilmoqda. “YIQILGAN” ABITURIYENT HAM TALABA BO‘LISHI MUMKINMI? Abituriyentlar belgilangan kvota bo‘yicha o‘qishga kirolmagan taqdirda SUPER KONTRAKT asosida qabul qilinishi mumkin. Bunda SUPER KONTRAKTning miqdori kontrakt to‘loviga nisbatan quyidagicha belgilanadi: 1 ballgacha yetmaganda — 1,5 barobar; 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganda — 2 barobar; 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganda — 2,5 barobar; 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganda — 3 barobar; kirish uchun 4 balldan ko‘p va minimal balldan (56,7) kam bo‘lmaganda — 10 barobar va undan ko‘p (yo‘nalishga qarab). Bundan tashqari, 56,7 dan kam ball to‘plaganlar ham talaba bo‘lishi mumkin. Bunda abituriyentlar hujjat topshirgan yo‘nalishi bo‘yicha eng yuqori SUPER KONTRAKT miqdorining 2 barobarini to‘lashi lozim. Masalan, oshirilgan to‘lov kontrakti 10 barobar (100 mln. so‘m) bo‘lsa — 20 barobar (200 mln. so‘m) to‘lanadi. Eslatib o‘tamiz, oshirilgan kontrakt faqat birinchi o‘quv yili uchun to‘lanadi. Bu yil kirish imtihonlari nechta fandan bo’ladi? Rasman Kirish imtihonlari 2ta mutaxassislik fanidan bo’ladi! «Joriy yilning 30-aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar va tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idora, tashkilotlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida hamda abituriyentlarni qiynab qo‘ymaslik maqsadida faqat 2020-2021-o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu 2 ta mutaxassislik fanlari 2019-yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilingan edi» deyiladi dtm.uz rasmiy sahifasida. Abituriyentlarga qo’shimcha ma’lumot Alohida ta’kidlash kerakki, infeksiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda abituriyentlarning 1000 o‘rinlik binolarda 3-4 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bu bejizga emas, albatta. Shuning uchun ham mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kv.m joy ajratiladi, sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi. Qayd etilgan ushbu jarayon ham karantin cheklovlari butunlay olib tashlangandan so‘ng amalga oshiriladi. Amalga oshiriladigan ishlar va jarayonlar bo‘yicha keng jamoatchilikka ma’lumot berib borilmoqda. Keyingi o‘quv yilidan boshlab, hamma jarayon belgilangan tartib-qoidalar asosida bo‘lishini takroran eslatib o‘tamiz.