Shukur Xolmirzaev hikoyalari va unda folklorizmlar tasnifi
S.M.Mamayusupova
JDPU katta o‘qituvchisi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevdan o‘zbek adabiyoti xazinasiga juda katta adabiy meros qoldi. Adib o‘zbek prozasining roman, qissa, hikoya, esse, badia ham badiiy publitsistikaning adabiy suhbat, ochiq xat, falsafiy esse, adabiy maqola janrlarida barakali ijod qildi. Bu o‘rinda Shukur Xolmirzaevning buyuk so‘z san’atkori ekaniga urg‘u berib, “Abadiy zamondosh. Shukur Xolmirzaev hayoti va ijodiy faoliyatidan lavhalar” nomli yirik tadqiqot yaratgan Olim Toshboev ta’rifini keltiramiz: “Adib ijodiy merosi serqirra va serjiloligi bilan o‘quvchini maftun etadi. Bu ohangdorlik va rang-baranglik zamirida adib suygan erkinlik g‘oyasi mujassam desak, haqiqatga xilof bo‘lmaydi. Shukur Xolmirzaev ijodiy faoliyati davomida hech kimdan ohang olmadi hamda hech kimga ham soz va ovozini berib qo‘ygan emas. U salaflariga cho‘ng bir muhabbat bilan murojaat qildi, tengdoshlari bilan faxrlandi, uka va shogirdlariga nisbatan beg‘araz bo‘ldi. Youvchining qanday yashab o‘tgani, shaxs sifatidagi suvrati, hayotga va odamlarga munosabati haqida ustozlari, safdoshlari ko‘p va xo‘b yozgan”[1.3] Bu ta’rifda biroz publitsistik pafos kuchaygan bo‘lsada, ammo muallif adib ijodiga xolis va haqqoniy baho bergan.
O‘zbek adabiyotshunosligida Shukur Xolmirzaev hayoti va ijodi doimiy ravishda o‘rganilib kelinayotgan tadiqot ob’ektlardan sanaladi. Adibning romanlari, qissalari, hikoyalari, badiiy publitsistikasi bo‘yicha ancha-muncha monografik tadqiqotlar ham yaratilgan. Xususan, H.Karimov, Sh.Doniyorova, G.Tilovova, O.Toshboev, M.Qo‘chqorova, K.Shahobov, kabilarning adabiy portret va dissertatsion ishlarini sanash mumkin[2,53]. Ammo bu dissertatsion ishlar yaratilgunga qadar ham adib ijodi katta adabiyotshunoslar U.Normatov, O.Tog‘aev, I.G‘afurov. A.Kattabekov, H.Boltaboev, X.Do‘stmuhammedovlar tomonidan o‘rganilib, ularning dissertatsiya, maqola, risola, taqrizlarda tahlil etilgan.[3.3]
Bevosita Shukur Xolmirzaevning hikoya janridagi badiiy-uslubiy izlanishlarini Sh.Doniyorova, G.Tilovovalar o‘rgangan bo‘lsa, esse, badialarini M.Qo‘chqorova o‘rgangan. Jumladan, Sh.Doniyorova nomzodlik dissertatsiyasi asosida nashr etilgan “Ijodkor va uslub” monografiyasida Shukur Xolmirzaev hikoyalaridagi milliy kolorit, qahramonning o‘ziga xosligi, milliy xarakter, badiiy tasvir, uslub qirralari, badiiy niyat va badiiy shakl, “shafqatsiz realizm” unsurlari, so‘zning badiiy tasvirdagi o‘rni masalalarini atroflicha tadqiq etgan.[3,56] Xususan, olima Sh.Doniyorova Shukur Xolmirzaev hikoyalarida ko‘zga tashlangan qahramonlarning ungacha yaratilgan qahramonlardan farqlanishini e’tirof etib, shunday yozadi: “Hikoyada qahramonlar obrazini badiiy vositalarning yangicha ko‘rinishlari bilan berish tamoyili 60-yillarda o‘zbek adabiyotiga kirib kelgan Sh.Xolmirzaev ijodida o‘ziga xos uslub sifatida ko‘rina boshladi. Uning “Olis yulduzlar ostida” (1968) nomli to‘plamiga kiritilgan ilk hikoyalaridayoq ana shu tamoyil o‘z ifodasini topgan edi. Yozuvchi o‘zining dastlabki hikoyalaridan boshlab hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qahramonlar obrazini olib kirdi”.
Xuddi shuningdek, katta adabiyotshunoslarimizdan biri Y.Solijonov ham “Hozirgi o‘zbek hikoyasi: janr mezonlari, talab va imkoniyatlari” tadqiqotida o‘zbek adabiyotida bu janrning taraqqiyotini ekskurs tarzda kuzatar ekan, Shukur Xolmirzaev hikoyalariga alohida to‘xtalib, shunday yozadi: “Janr strukturasida o‘tgan asrning 80-90-yillarida paydo bo‘lgan bunday o‘zgarishlar ko‘proq Shukur Xolmirzaev ijodida ko‘zga tashlandi. Yozuvchining ayrim hikoyalari 70 betdan to 192 betgacha bo‘lgan hajmni va har biri kamida o‘ntadan ziyod turli qiyofa va toifadagi qahramonlarni, davrga xos muhim muammolarni qamrab oladiki (“Ozodlik”, “Bulut to‘sgan oy”, “Kuzda bahor havosi”, “O‘zbekbobo”), boshqa bir ijodkor ularni bemalol qissa yoki roman deb e’lon qilishi mumkin edi. Janr talablari qobig‘ini yorib chiqqan bunday o‘zgarishlarga tadqiqotchi S.Xolmirzaevaning ular “hajm jihatidan ham, badiiy niyatning ko‘lami jihatidan ham qissa darajasida” ekanligini ta’kidlab, bu masalani (qissami yoki hikoya?) hal etishni mutaxassis olimlar e’tiboriga havola qilishi bejiz emas. Chindan ham, o‘tgan asrning 60-70-yillarida san’atning barcha sohalaridagi singari yangilanish jarayonini boshidan kechirgan hikoya qisqa muddatda tubdan o‘zgardi va to shu kungacha peshqadamlik mavqeini saqlab kelayotir. Ayniqsa, hozir bu janr ham shaklan, ham mazmunan, ham struktural tomondan yangilanganiga guvoh bo‘lamiz”. E’tibor bersak, har ikki olim ham 60-yillar adabiy avlodidan bo‘lgan Shukur Xolmirzaevning hikoya janri strukturasi va obrazlari, qahramon yaratish olamiga yangilik olib kirganini ta’kidlashmoqda.
Haqiqatan ham Shukur Xolmirzaev XX asr tongida paydo bo‘lgan hikoya janrining go‘zal namunalarini yaratgan A.Qodiriy, Cho‘lpon, A.Qahhor, G‘.G‘ulom, Oybek, A.Muxtor kabi yirik hikoyanavislarning bu sohadagi ulkan tajribalarini o‘zlashtirdi, o‘rgandi. Bundan tashqari, adib rus, hind, fransuz, ingliz, nemis hamda qardosh halqlarning hikoyachilik maktabini ham qattiq o‘rgandi. Natijada, yozuvchi o‘zbek hikoyachiligi taraqqiyotiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkaza oladigan jami 86 ta hikoya namunalarini yaratdi. Adibning “Saylanma” 5 jildlikning 3-jildiga Shukur Xolmirzaevning hikoyalari jamlangan. Shu hajm va ko‘rsatkichning o‘zi yozuvchining hikoya janri ustida olib borgan adabiy tajribalari va ulkan zahmatidan darak beradi. Agar shu o‘rinda mohir hikoyanavis Abdulla Qahhorning “Asarlar. Olti tomlik”ning “Birinchi tom. Hikoyalar. Portretlar. Feletonlar” jildiga qarasak, unda yozuvchining jami 38 ta hikoyasi jamlanganiga guvoh bo‘lish mumkin. Abulla Qahhor iste’dodli adib bo‘lgani uchun ham o‘zining badiiy jihatdan bo‘sh hikoyalarini jildlikka kiritmagan. Ammo son jihatdan qaralganda, Abdulla Qahhor ham 38 dan ziyod hikoya namunalarini yaratgan.
Shukur Xolmirzaevning o‘zi ham 3-jildlik “Saylanma”siga jamlangan hikoyalarini ko‘rib, qizi Sayyora Xolmirzaevga “Ena qizim Sayyorajon” nomli esse yozgan. Bu esse mazmun mohiyati bilan ko‘proq bizga vasiyatnoma janrini eslatib yubordi. Adib mazkur bitigida shunday yozgan: “To‘plagan uch jild hikoyalaringni (uchinchisini qo‘lyozma shaklida) men ham o‘qib chiqdimu, negadir baqirgim keldi. Hatto yig‘lagim keldi. Axir bu hikoyalar – duru gavhar, shedevrlarku! Sen bo‘lmaganingda bu uch jildlikning bir satri ham ro‘yobga chiqmasdi.
Qolaversa, men bu hikoyalarning har birini dunyo adabiyoti hikoyachiligiga bo‘ylab yozganman. Bular qandaydir sintez javohirlar edi, ularning fazilati katta. Bolam, bu jildlar dunyo adabiyotida ham yangilik, boylik, hali bu asarlar o‘z qadrini topadi. Qolaversa, R.Tagor, J.London, O.Genri, E.Xemingueylar ham menchalik ko‘p va xo‘p yozmagan (hikoyalar nazarda tutilyapti). Bilasan, Uilyam Folkner Amerika adabiyoti Akademiyasining eng katta mukofotiga sazovor bo‘lgan. Barcha jild hikoyalarini bir necha bor o‘qib chiqqanman. Ko‘pi eksperiment, menga ta’sir qilgani juda oz. U ayrim hikoyalarida voqeani tasvirlab boraveradi, men qahramonni ichida edim deb yana davom ettiraveradi. Axir dunyo adabiyotida hikoya janrining qonun-qoidalari bor-ku! Hozirgi kunda dunyo hikoyachiligini biladigan yozuvchilar ham, tanqidchilar ham oz”.
Yozuvchi o‘zi yaratgan 3-jild hikoyalaridan hayratlanib, ularni “durdonalar” deb ataydi. E’tibor bersak, yozuvchi o‘z qalami bilan dunyo adabiyoti hikoyachiligidan o‘zi suv ichgan buloqlarni ham sanab o‘tgan. Bular: R.Tagor, J.London, O.Genri, E.Xeminguey, U.Folknerlardir. Shukur Xolmirzaev o‘zbek-rus hikoyachiligini o‘zlashtirishdan tashqari, hind va amerika hikoyachiligini ham qattiq o‘qib-o‘rgangani ma’lum bo‘lmoqda.
Adibning qizi S.Xolmirzaeva ham “Saylanma. Hikoyalar. I-jild”ga yozgan kirish so‘zida shunday yozadi: “…Shukur Xolmirzaev tinimsiz yozadi, adabiyotni, ijodni hayotining mazmuni deb biladi.[4,8]
“So‘nggi bekat, “Qil Ko‘prik”, “Yo‘lovchi”, “Olabo‘ji”, “Dinazavr” romanlari, “Yur, tog‘larga ketamiz”, “Tuproq ko‘chalar”, “Yo‘llar, yo‘ldoshlar”, “Ot yili” qissalari, “Qora kamar”, “Ziyofat” kabi dramatik asarlari, Shukur Burhonov, Shuhrat, Odil Yoqubov, Ro‘zi Choriev, Erkin A’zam, O‘lmas Umarbekov, Botir Zokirov, Abdulla Oripovlar haqidagi o‘nlab esselari, adabiy maqolalari, “Hayot abadiy”, “Og‘ir tosh ko‘chsa”, “Ozodlik”, “O‘zbek xarakteri”, “Tanholik” kabi turkum hikoyalari… Ha, hozirgi kunda Shukur Xolmirzaev haqida Abdulla Qahhordan keyin hikoya janri imkoniyatlarini bir pog‘onaga ko‘tarib qo‘ydi” deyilgan iqror yirik adabiyotshunoslarimiz tomonidan aytilgan. Ha, 40 yillik ijodiy mehnat mahsuli – bu izlanishlar, yo‘qotishlar, dunyo hikoyachilik maktablariga kirib chiqishlar, eng muhimi, o‘zining xatolaridan, tajribalaridan olgan saboqlari natijasidir, aytish mumkinki, avtorning ma’naviy o‘sishi ham asarlarida aks etgan”.
Yuqorida berilgan jadvallar orqali mohir hikoyanavisning har o‘n yillikda yaratgan hikoyalari aniq maxrajga keldi. Ya’ni, Shukur Xolmirzaev 60-yillarda jami 16 ta; 70-yillarda jami 31 ta; 80-yillarda 17 ta; 90-yillarda 20 ta; 2000-yillarda 2 ta hikoya yaratgan. Bu jadvallarda aniq ko‘rsatilgan hikoyalar va xronologik izchillikka ko‘ra adibning xalq og‘zaki ijodidan foydalanish mahoratini ham bosqichma-bosqich kuzatish va tahlil qilish hamda muayyan ilmiy-nazariy xulosalar chiqarishga imkon paydo bo‘ladi. Son nuqtai nazaridan solishtirilganda, adib ayniqsa, 70-90- yillarda hikoya janrida ko‘p ijod qilib, jami shu ikki o‘n yillikda 51 ta hikoya yaratgan. Albatta, chinakam san’at asari badiiyatini hech qachon raqamlar belgilanmagan.
Shukur Xolmirzaev hikoyalari va bir butun ijodi ko‘zdan kechirilganda, adibning o‘zbek xalq og‘zaki ijodini chuqur o‘zlashtirgani, o‘z ijodida ham folklorizmlarni mo‘l-ko‘l ishlatganini anglash mumkin. Shukur Xolmirzaev hikoyalari B.Sarimsoqov, I.Yormatov, L.Sharipova tasnifi bo‘yicha o‘rganilsa, oddiy folklorizmlar, murakkab folklorizmlar, analitik folklorizmlardan mahorat bilan foydalanib, hikoya kontekstiga teran badiiy-g‘oyaviy, shakliy ishlovlar berganini ta’kidlash joizdir. Folklorizmlar tasnifini yangilab ko‘rsatgan Kovalev tasnifi bilan yondoshadigan bo‘lsak, Shukur Xolmirzaev hikoyalarida organik folklorizm, maishiy folklorizm, intiutiv folklorizm, ratsionalistik folklorizm turlari uchraydi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Toshboev O. Abadiy zamondosh. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. – B. 3.
2.Karimov H. Shukur Xolmirzaev. Adabiy portret. – Toshkent: 1999; Shu muallif. Adabiy portretlar: Odil Yoqubov. Shukur Xolmirzaev. O‘tkir Hoshimov. Tog‘ay Murod. – Toshkent: Yangi nashr, 2017. – 420 b;480 b;
3.Shaxobov K.B. Hozirgi o‘zbek nasrida o‘tish davrining badiiy talqini (Shukur Xolmirzaev asarlari asosida): filol. Fanlari falsafa dok. diss.. avtoref. – Farg‘ona, 2019. – 53 b.
4.Tog‘aev O. Idrok va ijod. – Toshkent: 1982; G‘afurov I. Inqilob hamisha harakatda // O‘zbekiston adabiyoti va san’ati, 1984. – №19;