Shaxsning oʻz aybini tan olishi uni aybdor boʻlishiga asos boʻlmaydi!!!
Huquqiy davlatda qonun ustuvorligi amalda taʼminlanishi hamda inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi odil sudlov tizimi amal qilishi shart. Eng muhimi, shaxslar noqonuniy, asossiz yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlardan iborat dalillar asosida aybdor deb topilishi va javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Jinoiy taʼqibga olingan shaxsning iqrorlik ko‘rsatuvlarigagina asoslanib, uni “aybdor”-deb, xulosa chiqarish odil sudlov tamoyillariga ziddir.
Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz loyihasining 28-moddasida “Аgar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”- deb, belgilovchi norma o‘z ifodasini topmoqda. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart. Faqatgina shaxsning o‘z aybini bo‘yniga olish haqidagi ko‘rsatmasi uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasligi lozim.
Bunda shaxsni aybdor deb topish va uni jazoga tortish uchun yetarli dalillar to‘plangan bo‘lishi kerak. Bu kabi qoida Yaponiya va boshka davlatlarning konstitutsiyalarida mustahkamlangan. Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyati haqidagi ko‘rsatmalari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqrorlik boshqa ishonchli dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin.
Mazkur qoida “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning 14-moddasidagi “o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatma berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur qilinmaslik” kafolatidan ham kelib chiqadi. Ushbu qoida sodir etilgan jinoyat bo‘yicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlar javobgarlikka tortilishining oldini olishga, ayni paytda jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.