Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Samuraycha iroda yoxud Ikkinchi jahon urushida vayron bo‘lgan Yaponiyaning “qayta tirilishi”

Ikkinchi jahon urushi Yaponiyaning qaddini anchayin bukdi. Yillar davomida katta urushlarda yutib kelgan, irodali va or-nomusli millatga ega Yaponiya ikkinchi jahon urushida yakson etildi. “Ko‘ksiga” ikki marta atom bombasini qabul qilib olgan davlat (Hirosima va Nagasaki) endilikda butunlay okkupatsion hukumat nazorati ostida edi. Lekin shunda ham kunchiqar davlat mag‘lubiyatini so‘zsiz tan oldi va oldiga katta marralarni zabt etishni qo‘ydi. Urushdan keyin butun hukumat general Duglas Makartur boshqara boshladi. Xalq undan katta islohotlar amalga oshirishini kutardi.

                                                                        General Makartur kim edi?

AQShning Arkanzas shtatida dunyoga kelgan Duglas Makartur hayotini harbiylikka sarflagan, armiya generali (eng oliy harbiy unvonlardan biri) va Filippin armiyasi feldmarshali edi. Qo‘shma shtatlar armiyasida ikkala jahon urushi, Koreya va boshqa joylardagi urushlarda nom chiqargan ofitser bo‘lgandi. Uning iboralari dunyoga mashhur bo‘lgan. O‘tgan asrning 30-yillarida AQShning Pitsburg universiteti bitiruvchi talabalariga qarata shu so‘zlarni aytgandi:

“Qani Rim va Karfagen? Qani Vizantiya? Qani Misr? Ular, ular bir paytlari buyuk davlatlarmidi? Hech kim uning o‘lik ovozini eshitmagan Koreya qani? Ular yiqildi, quladi, o‘ldi, tuproqqa, kulga aylanishdi. Nega? A? Hammasi bir sababga ko‘ra – beparvolik, kommunizm, patsifizmga qarshi qarshi “temir musht”ni ishlatish qo‘rquvidan: tarix shuni isbotladiki, bir vaqtlari o‘zlarining milliy mudofaasiga beparvo bo‘lgan buyuk davlatlar yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishdi”. 1955 yilning 8 oktabrida pensioner Makartur “The New York Times” gazetasiga intervyu beradi.

“Butun dunyo xalqlari keyingi sayyoralararo keyingi katta urush uchun birlashishi kerak. Yer yuzidagi xalqlar bir kun kelib o‘zga sayyoralardan keladigan hujumlarni qaytarishi uchun umumiy jabhani yaratishi darkor”, degan jumlasi hamma uchun qiziq tuyuulgandi o‘shanda.

AQSh Yaponiyada mustahkam iqtisodiy tizim yaratish yo‘lini tanladi. Sherigingning kuchliligi urushda doim senga qo‘l keladi, shiori ostida Yaponiya rivojlantirildi. Makartur hukumati AQShdagidek Yaponiyada antitrest qonunlarini qo‘llay boshladi (Prezident Teodor Ruzvelt davrini eslang). Dzaybasular (moliyaviy klanlar) tarqatilib yuborildi. Ularga qarashli 20 dan ortiq bank yopildi. Monopolist, militarist, yirik yer egalari – feodallar xalq dushmani sifatida ko‘rila boshladi. Harbiy va siyosiy dushmanlar qo‘lga olindi va qatl etildi. Yaponiya Konstitutsiyasi ishlab chiqilgach, unda erkak va ayollarning huquqlari teng qilib belgilandi. Agressiv siyosat olib borgan partiyalar tugatildi.

1946 yilda Yaponiyada agrar islohotlar amalga oshirildi. Hukumat pomeshchiklardan yer sotib olib, dehqonlarga sota boshladi. Yer islohoti dehqonlar foydasiga yerni qayta taqsimlashga olib keldi. Endilikda dehqonlar o‘zlari yetishtirgan mahsulotga o‘zlari egalik qilardi. Yer islohoti bu haqiqiy inqilob edi. Uning ortidan qishloq xo‘jaligi rivojlandi, o‘g‘it ishlab chiqarish jadallashdi, yerga ishlov berishda texnikaga talab ortdi va ishlab chiqarish jonlana boshladi. 1953 yildagi AQSh-Yaponiya o‘rtasida tuzilgan “Do‘stlik, savdo va dengiz kemalari qatnovi to‘g‘risida”gi bitimi ikkala davlat fuqarolariga bir-birining hududida erkin harakatlanish huquqini berdi. Amerikalik magnatlar Yaponiya bozoriga o‘z sarmoyalarini olib kira boshladi.

AQSh bozori sifatli, zamon talabiga javob beradigan va raqobatbardosh tovarlarga ochiq edi. Yaponiya ishlab chiqaruvchilari bu borada o‘zini ko‘rsata oldi. Hozirda AQSh importining 20 foizdan ortig‘ini yapon tovarlari egallagan. Hech bir davlat ular bilan raqobat qila olmayapti. Qirq yil ichida Yaponiyada tizimli va tuzulmaviy islohotlar olib borildi. Sanoat eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlandi. Har bir sohada eng oxirgi texnika yutuqlari sinala boshladi. Yaponiya texnikalar davlatiga aylandi. Chetdan “nou-hau”larning import qilinishi modernizatsiyalash jarayonini tezlashtirib yubordi. Harbiy ehtiyojlar bir necha barobar qisqartirilgach, mablag‘ sanoatni qayta jihozlashga sarflandi. YaMMning atigi 1 foizigina harbiy sohaga yo‘naltirilardi, xolos.

Avtomobilsozlik sohasi rivojlanishi ortidan o‘tgan asrning 60-80 yillari oralig‘ida yengil avtomobil ishlab chiqarish 33 barobar ortdi. 80-yillarda avtomobilsozlikda Yaponiya dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Texnikaning barcha turlari ishlab chiqarila boshladi. Boshqaruvning robotlashgan yoki avtomatlashgan turi birinchilardan bo‘lib joriy qilindi.

Dzaybatsularning “sahnaga qaytishi”

Sanoatning qayta tiklanishi natijasida, 60-yillarga kelib butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan eski monopoliyalarning kuchayishiga imkon yaratdi. Yapon iqtisodiyotida “Misui”, “Misubishi”, “Sumitomo” kabi kattak uchlik moliyaviy guruhlarining o‘rni avvalgi maqomiga qayta boshladi. Ammo bu orada “Rudzi”, “Dinti”, “Sanva”dek kichik moliyaviy oligarxlar ham paydo bo‘lishga ulgurgandi.

Misol uchun Misui moliyaviy guruhini olaylik. Avvaliga uning egalari Yaponiya suv bo‘yida joylashgan davlat ekanligini hisobga olib, kemachilik sanoatini yo‘lga qo‘yishdi. Keyinroq yoqilg‘i sanoati rivojlangach, neft sohasiga (uni tashish va boshqalar) o‘zini urishdi. Mashinasozlik sohasiga talab oshgach, unga o‘tishdi. Vaqt o‘tib texnika, sug‘urta va shunday qilib katta bir korporatsiyaga aylanishdi.

Mirziyoev koronavirusni yengishda Yaponiya tajribasini o‘rnak qilib ko‘rsatdi

Hozirgacha “yapon mo‘jizasi”ning sababi nimada deb so‘rashsa, uning asosiy sababi yapon xalqining sabri va mehnatsevarligida deb javob berishadi. Yaponiyani saqlab olgan tizimlardan yana biri bu millatning birlashuvi hisoblanadi. Ya’ni, ishchi va ish beruvchi orasidagi munosabatning shakllanishi. Ish beruvchi imkon darajasidan ortiq qilib, o‘zining ortiqcha ehtiyojlaridan tiyilib, yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Ishchi esa u bilan mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgungacha bo‘lgan muddatga shartnoma imzolaydi. U bu davrda barcha qiyinchiliklarga rozi bo‘ladi, itoatli va tartibli ishlaydi. Shunga yarasha ish beruvchi ham daromadlaridan kelib chiqib ularga imkon darajasida sharoit yaratib beradi. Bu aynan Ikkinchi jahon urushida singan millat uchun kuchli turtki bo‘ldi. Hamma o‘zini bilib vazifasini bajarardi.Ammo bu vaqtinchalik chora bo‘ldi, xolos. Inson omili ekanda, baribir vaqti kelib xato qilarkan. Kompaniyalar rivojlangach, aksiyadolarning daromadi oshgani sari ular shaxsiy ehtiyojini ko‘paytirdi. Kompaniyalarni ishga tushirgan eski avlod esa qarilik gashtini surardi. 1975-1985 yillar orasida kompaniyalarning daromadi 60-70 foiz oshganda, ishchilarning oyligi atigi 10-12 foizga oshirilgan ekan. Shunday qilib korporativ yapon mehnat tizimi keyinchalik yo‘q bo‘ldi va Amerikadan kirib kelgan adolatli mehnat tizimi yo‘lga qo‘yila boshladi. Bunda Kasaba uyushmalarining o‘rni beqiyos edi.

Keyinchalik uning o‘zgida Yaponiya Kasaba uyushmalari Bosh Kengashi ham tuzildi. Har yili bahor faslida ular katta-katta dzaybatsulargacha o‘z “hujumi”ni amalga oshiradi. Yil davomida barcha tashkilotlardagi ishchi xodimlar shart-sharoiti o‘rganiladi. Xulosalar tayyorlanadi va Hukumatga yuboriladi. Ular esa zarur choralarni ko‘rishni boshlaydi. Keltirilgan huquqbuzarliklarni bartaraf etishda davlat budjetiga ham yaxshigina tushum tushadi.

90-yillarda dunyodagi juda ko‘p davlatlarda bo‘lganidek yapon iqtisodiyotida ham turg‘unlik davri boshlandi. Kompaniyalarning aksiyalari narxi tushib ketdi. Lekin Yaponiyada 80-yillargacha import eksportdan yuqori bo‘ldi. Ammo 90-yillardan eksportni importga nisbatan keskin oshirish choralari ko‘rila boshladi. Yaponiya qaysi davlatda inqiroz yuz berayotsa, undan yangi bozor sifatida unumli foydalanish choralarini ko‘ra boshladi. Lekin inqiroz Yaponiyani ham chetlab o‘tmadi. Yuz mingdan ortiq sanoat korxonalari bankrot bo‘ldi.

“Abenomika”ning paydo bo‘lishi

Iqtisodiy tanglik doim siyosiy tanglikni keltirib chiqaradi. 1995-1996 yillarda Yaponiya liberal-demokratik partiyasi hukumatda keskin nazoratini kuchaytirdi. O‘zlarini har narsada ustun hisoblay boshladi. Mamlakatda korrupsiya, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari keskin oshib ketdi. 2000-yillarda mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazildi va liberal-demokratlar partiyasi o‘z mavqeini yo‘qotdi. Yaponiyada oliy boshqaruvni Bosh vazir lavozimi boshqaradi. Lekin Yaponiya hozirgi Bosh vazir Abegacha bu lavozimga yolchimagan. Yaponiya Sindzo Abegacha bir nechta Bosh vazirlarni ko‘rdi. Ularning ayrimlari korrupsiyada almashdi, ba’zilari bu vazifani ado etolmadi.

Ammo Abe o‘zining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, Amerikaning nufuzli Yel universiteti professori Koichi Hamada bilan “Abenomika”ni qurdi. Umuman olganda, Abening iqtisodiyotni o‘nglashdagi pul siyosati (yenni vaqti-vaqti bilan devalvatsiya qilishi) yangicha yo‘nalish emasdi. Lekin uni xalqaro ekspertlar “Abenomika” deb nomladi. Bu o‘rinda barcha sohalar rivojlantirilishni boshladi. 2009-h moliyaviy yil oxirida Yaponiya yalpi ichki mahsulot hajmi (5 trl dollardan ortiq) bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Bank xizmatlari, sug‘urta, ko‘chmas mulk, transport, chakana savdo, telekommunikatsiya va boshqalar yapon iqtisodiyoti yaxshilanishida muhim o‘rin tutdi. Xizmatlar sohasi ham juda yaxshi yo‘lga qo‘yildi. U endilikda YaIMning to‘rtdan uch qismini berardi.

“Forbes Global 2000” 2009 yil reytingida 288 ta kompaniyasi bilan Yaponiya dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu ro‘yxatda Toyota, Canon, Honda, Sony, Mitsubishi vf boshqa kompaniyalar o‘rin olgandi. 2006 yilda “doing business” (biznesni yuritish) ko‘rsatkichlari bo‘yicha 10 o‘ringacha ko‘tarildi. Bu orada iqtisodiy jihatdan nisbatan erkin bo‘lgan katta davlatlar qatoriga qo‘shildi. Yaponiyaning sohalardagi asosiy hamkorlari AQSh, Xitoy, Koreya kabi davlatlar hisoblanadi. To‘g‘ri, hozirga kelib bir necha turdagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha boshqa davlatlar ortda qolayotgandir. Ammo Yaponiya ikkinchi jahon urushidan keyingi vayronadan mana shunday har taraflama baquvvat davlat ko‘rinishiga keldi. Bunda asosiy xizmatni aynan yaponlarning o‘zi amalga oshirdi va yapon xalqi har qanday millatga o‘rnak bo‘la oladigan millat sifatida ko‘rilmoqda.

Zafarbek Solijonov

                                           (manba qalampir.uz saytidan olindi )