Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

QALAMPIR YALPIZNING DORIVORLIK XUSUSIYATI

Almamatov Jasur Mirza o`g`li – o`qituvchi., Nurqobilova Kamola To‘lqin qizi – talaba  JDPU, Biologiya va uni o`qitish metodikasi kafedrasi Annotatsiya. Yer yuzida 500000 dan ortiq o’simlik turi ma’lum bo’lib, bu o’simliklar ichida zaharli va dorivorlik xususiyatiga ega bo’lgan turlari bor. Qadimdan insonlar xalq tabobati hamda tibbiyotdan o’simliklarni yer ustki va yer ostki qismidan foydalanib kelgan. Kalit so’zlar: efir, moy, karvavol, validol, mentol, izovalerin, kislota, atir, upa, oq, qalampir, yalpiz, qora, damlama, nastoyka. Qadimdan insoniyat ko’pgina kassaliklarni davolashda shifobaxsh o’simliklardan malhamlar, damlamalar tayyorlab, xastalik bilan og’rigan bemorlarni davolashda foydalanib kelganlar. Insonlar o`simliklardan faqat dori sifatida foydalanib qolmay, balki oziq-ovqat, bo’yoqlar, kiyim-kechak, va zararkunandalarga qarshi kurashishda ham keng foydalanib kelgan. Dorivor o’simliklar ichida o’z ahamiyati bilan ajlralib turuvchi o`simliklardan biri bu, qalampir yalpiz. Qalampir yalpiz yasnotkadoshlar (labguldoshlar) – Lamiaceae (Labiatae) oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 30 – 100 sm keladigan, ko‘p yillik o‘t o‘simlik hisoblanadi. Poyasi bir nechta, tik o‘sadi, to‘rt qirrali, barglari cho‘ziq tuxumsimon yoki nishtarsimon, o’tkir uchli, arrasimon, notekis qirrali bo‘lib, qisqa bandi yordamida poyada qarama-qarshi o‘rnashgan. Qizil binafsha rangli, mayda gullari poyasi bilan shoxlari uchida g’uj joylashgan boshoqsimon to‘pgulni hosil qiladi. Yalpizning mevasi – to‘rtta yong‘oqcha yalpiz iyun – sentabr oylarida gullaydi.        (1-rasm).   1-rasm. Mentha piperita L.   Madaniy yalpiz oʻsimligi yovvoyi yalpiz turlari – suv yalpizi (Mentha aquatica) va yalpiz (Mentha spicata)ni duragaylash yoʻli bilan olingan. Qalampir yalpiz MDH mamlakatlarida yovvoyi holda uchramaydi. U Ukraina, Belorussiya va Moldaviya respublikalarida, Rossiyada yalpizning naslchilik navlari Krasnodar o’lkasi va Voronej viloyatida sanoat miqyosida yetishtiriladi[1], Markaziy Osiyo davlatlarida madaniy sharoitlarda o’stiriladi. Qalampir yalpizning ikki tur xili bor: qora qalampir yalpiz va oq qalampir yalpiz. Oq qalampir yalpizning poya va tomirlari oq yashil, qora qalampir yalpizning poya va tomirlari esa qizil-binafsha rangda bo’ladi. Dorivor mahsulot sifatida, asosan, qora qalampir yalpiz tur xili o’stiriladi. Yalpizning oq tur xilining hidi nozik va yoqimli  bo’lgani uchun u parfumeriya (atir-upa) va oziq-ovqat sanoati uchun o’stiriladi. Barglari va poyalarining yuqori tarkibida asosan efir moyi (mentol) bor,  xususan o’simlik bargida 2,40 – 2.75 foiz, gul to’plamida 4 – 6 foiz, poyasida 0,3 foiz efir moyi bo’ladi. Qalampir yalpizning yangi navlari tarkibida 4 – 5 foizgacha efir moyi bor. Tabobatda qalampir yalpiz barglaridan oshqozon-ichak yo’llari kasalliklarida antiseptik va yalig’lanishga qarshi vosita sifatida foydalaniladi. Efir moyi antiseptik vosita sifatida tish tozalash kukuni, «korvalol», «validol» tarkibiga kiradi. Qalampir yalpiz qadimdan xalq tabobatida turli kasalliklarni davolash uchun ishlatilgan. Abu Ali ibn Sino qalampir yalpiz bilan bosh va quloq og‘rig‘ini davolagan, hamda ovqat hazmini yaxshilash, yaralarni, sariq va boshqa kasalliklarni davolash uchun ishlatilgan. Qalampir yalpiz bargi va efir moyining dorivor preparatlari (damlamasi, nastoykasi va yalpiz suvi) ko‘ngil aynishini va qusishni to‘xtatishda hamda ovqat hazmini yaxshilashda ishlatiladi. Yalpiz suvi yana og‘iz chayqash, dorilar ta’mini yaxshilash uchun qollaniladi. Mentol preparatlari quloq, burun, nafas yo‘llari kasalliklarida hamda tish og‘rig‘ini qoldirish uchun ishlatilgan. Bargidan damlama, efir moyidan yalpiz suvi, nastoyka tayyorlanadi; mentol migren qalami va validol l% (izovalerian kislotaning mentol bilan hosil qilgan murakkab efiridagi mentolning 25 – 30 foizli eritmasi) tarkibiga kiradi. Bargi tinchlantiruvchi, o’t haydovchi, me’da kasalliklarida ishlatiladigan yig’malar — choylar va qorin og’rig’ini qoldirish uchun ishlatiladigan tabletka va tomchilar tarkibiga kiradi. Mentol ingofen tarkibiga kiradi. Yalpizning boshqa turlari tarkibida ham mentol bor. Yaponiyada ekiladigan Mentha arvcnsis L. var. piperascens Horn, ning yer ustki qismida 0,05 foiz efir moyi, moyi tarkibida esa 43 – 90 foiz mentol bo’ladi. FOYDALANGAN ADABIYOTLAR
  1. E.T.Berdiyev, M.X.Hakimova, G.B.Maxmudova. O’rmon dorivor o’simliklari “Sano – standart” nashriyoti – Toshkent – 2016 – 151-152 b.
  2. Sulaymonov I.J., Ergashev D.T. Dorivor o’simliklar yetishtirish texnologiyasi fanidan amaliy mashg’ulotlar. Namangan-2020 – 85-86 b.
  3. H. X. Xolmatov, O’. A. Ahmedov. Farmakognoziya 1-qism. Cho’lpon nomidagi nashriyot – matbaa ijodiy uyi Toshkent -2008 – 193 – 196 – 197 – b.
      [1]https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%9C%D1%8F%D1%82%D0%B0_%D0%BA%D0%BE%D0%BB%D0%BE%D1%81%D0%B8%D1%81%D1%82%D0%B0%D1%8F