Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Publitsistik matnning sintaktik-stilistik aspektda o‘rganish

Usmonova Umida Baxtiyorovna, Jizzax DPU Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til  kafedrasi katta o‘qituvchisi Tel: (93) 3087171 Annotatsiya: Ushbu maqolada publitsistik matnning o‘ziga xos xususiyatlari o‘rganilgan va ilmiy tahlil qilingan. Publitsistikaga oid ayrim janrlarning so‘zlashuv jarayoni bilan bog‘liqligi unda so‘zlashuv uslubiga oid xususiyatlarning  namoyon bo‘lishi yoritilgan.  Kalit so‘zlar: publitsistika, publitsistik matn, asar, ma’no, munosabat, stilistika, uslub, nutq. Publitsistik uslub o‘zbek tili FUlari tizimida kitobiy uslub sifatida qaraladi. Unda amal qiladigan barcha me’yorlar adabiy til me’yorlari doirasida bo‘lishi taqozo etiladi. Publitsistikaga oid ayrim janrlarning so‘zlashuv jarayoni bilan bog‘liqligi unda so‘zlashuv uslubiga oid xususiyatlarning  namoyon bo‘lishiga ham olib keladi. Har ikki uslub xususiyatlari uyg‘unlashgan holda yuzaga chiqishidan qat’iy nazar Publitsistik uslub kitobiy uslub va so‘zlashuv uslubining etaloni sifatida omma uchun adabiy nutq namunasi vazifasini o‘taydi. Bu uslublarga bog‘liq ravishda publitsistik matnlar yozma va og‘zaki shakllarda namoyon bo‘ladi. Ammo yozma shakldan foydalanish ustunlik qiladi. Siyosiy sharhlovchilar, komentatorlar, eshittirishni olib boruvchilar, diktorlarning chiqishlari va suhbatlariga oldindan tayyorgarlik ko‘riladi – qog‘ozga tushiriladi. Hech qanday tayyorgarliksiz amalga oshiriladigan, spontan nutqdan foydalanish undan keyingi o‘rinda  turadi. Ba’zi holatlarda bu ikki shakl aralash holda keladi. Siyosiy-publitsistik nutqning bu ko‘rinishidan ko‘pincha davlat rahbarlari foydalanadilar. Publitsistika tufayli, radio va televidenie tilida tez-tez murojaat qilib turilishi natijasida nutqning og‘zaki shakli faqat maishiy faoliyat doirasida qolib ketmadi, u so‘zlashuv va kitobiy nutq doirasida ham amal qila boshladi. Deyarli kitobiy vositalar qo‘llaniladigan ilm-fan, rasmiy axborot, publitsistikaga ham kirib bordi. Bu esa kitobiy va so‘zlashuv nutqini o‘zaro yaqinlashtirishga, faollashtirishga va jadallashtirishga xizmat qildi. Aytilganlardan shunday xulosa kelib chiqadiki, publitsistika va jurnalistika mutlaq bir uslubga xos bo‘lgan usullardan foydalanayotgan emas. Unda nutqning hozirgi o‘zbek tili keng qamrovli tizimidagi barcha – kitobiydan (ilmiy , rasmiy, publitsistik, badiiy) tortib, so‘zlashuv nutqigacha (adabiy-so‘zlashuv, muomala-maishiy, oddiy nutq) elementlari keng qo‘llanilmoqda. Publitsistik uslubning o‘zbek tili funksional uslublari tizimida tutgan o‘rni qanday va uning o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat, degan savollar mazkur uslubning mohiyatini aniqlashimizga imkon beradi. Yuqorida ko‘rib o‘tganimiz ekstralingvistik shart-sharoitlar bilan chambarchas bog‘liq holda publitsistik uslub o‘z lingvistik uslubiy xususiyatlarini namoyish etadi. Bu xususiyatlar til qatlamlarining barcha sathlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, fonetik sathda kitobiy va so‘zlashuv elementlarini talaffuz qilishning uyg‘unligi, ohangning muayyan semantik-stilistik vazifalarni bajarishga bo‘ysundirilishi; leksik sathda ijtimoiy-siyosiy leksikani samarali qo‘llash; morfologik-so‘z yasalishi sathida ot va fe’lning kategorial shakllarini faol ishlatish; abbrevituralar, qisqartmalardan foydalanish; sintaktik sathda  sintaktik qurilmalarning oddiyligi, gap qurilishining tartibligi, jumlaning mantiqiy markazi hisoblanadigan gap bo‘laklari inversiyasi, poetik sintaksis va sn elementlari kabilar mazkur uslubning lingvistik xususiyatlaridir. O‘zbek tili FUlarida sintaktik kategoriyalarning amal qilishida ham umumiylik, ham xususiylik mavjud. Bu qonuniyat publitsistik uslubga ham daxldor. Xususiylikning namoyon bo‘lishi OAVlarining janr xususiyatlariga bog‘liq. Shu ma’noda ekstralingvistik omillarga ham bog‘liq bo‘lgan holda radio, televidenie va gazeta-jurnallar tili va bayon uslubi bir-birlaridan farqlanadi. Masalan, radio nutqini olaylik. Soha tadqiqotchilarining radiojurnalistikaga oid ishlarda «uzun jumlalar, kirish va ergash gaplarga radio chiday olmaydi», «ergash qo‘shma  gaplar radioning dushmani» singari fikrlarini eslaylik. Teleradio nutqida og‘zaki nutq xususiyatlari mavjud bo‘lsa-da, kitobiy nutq elementlari qo‘llanilishi ustunlik qiladi. Lekin kitobiy sintaksisning sifatdosh va ravishdosh oborotlar, kiritma gaplar kabi til birliklarining qo‘llanishi nutqda g‘alizlikni keltirib chiqarishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Sintaktik xususiyatlariga ko‘ra gazeta va jurnallar tili radio-televidenie tilidan anchagina farqlanadi. Har bir material ustida bemalol o‘ylash, kerakli joylarga o‘zgartishlar kiritish va tahrir qilish imkoniyati matubot tilining bir qadar mukammal bo‘lishiga yordam beradi. Bu imkoniyatlarni ishga solish gazeta uchun tayyorlangan materialni nomlashdan boshlanadi. Toxir Malikning «Bekajon» gazetasiga bergan materialga murojaat qilsak,  unda iboralar va xalq maqollari yoki shu xarakterdagi gaplar, so‘roq va undov gaplarning materialga sarlavha sifatida keltirilishi tasviriylik talabi bilan bo‘ladi: Ishq boshqa, havas boshqa. “Bilmayin bosdim tikanni – tortadirman jabrini. Bilsam erdim, bosmas erdim – tortmas erdim ul tikanning jabrini”. Dunyoda ishq-muhabbatdan begona odam yo‘q singari sarlavhalar ixcham tarzda materialning mohiyatini ochib beradi. A.Mamajonov publitsistik matnlarda yoyiq sodda gaplar chastotasi qo‘shma gaplarga nisbatan yuqori ekanligini aniqlagan.[1] J.Djumabaeva o‘zining «Mustaqillik davri publitsistik asarlaridagi qo‘shma gaplar talqini» nomli ishida mazkur uslubda qo‘shma gaplarning teng va tobe tarkibli tipik turlari ko‘p qo‘llanishini, teng va tobe tarkibli qo‘shma gaplarlarda birinchi qismlar yoki ikkinchi qismlari bir tarkibli gaplardan iborat bo‘lganda, odatda, axborot yetkazish, ta’kidlash, voqealarning ketma-ket bajarilganligi, xulosalash, urg‘u berish, da’vat etish, izoh berish, qat’iylik, eslatish kabi qator mazmun munosabatlari ifodalanishini aniqlagan.[2] Publitsistika ijtimoiy-siyosiy hayot voqealariga faol aralashgani singari zamonaviy til rivoji va taraqqiyotiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatib boradi. Aytish mumkin bo‘lsa, ana shu taraqqiyot darajasini belgilovchi muhim omil hisoblanadi. Masalan, birgina o‘zbek terminologiyasi taraqqiyotini olaylik. Bu haqda akad. A.Hojievning aytganlarini eslaylik: «Hozirgi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va taraqqiyotida vaqtli matbuotning roli ham juda muhimdir. Xuddi shu vaqtli matbuotda, ayniqsa, gazetada, adabiy tilning barcha stillari o‘z aksini topadi. Shu bilan birga, ijtimoiy aloqaning bu formasi kundalik hayotda muhimligi, operativligi va ommaviyligi bilin ham xarakterlanadi. Shu jihatdan, «adabiy tilning eng muhim laboratoriyasi» degan iborani vaqtli matbuotga nisbatan aytish juda ham o‘rinli bo‘ladi».[3] Anglashiladiki, publitsistik matnlarda yuz beradigan sintaktik o‘zgarishlar tasviriylik bilan bog‘liq. Odatdagi standart gap qurilishi, shtamp xarakteridagi jumlalarning qo‘llanilishi xabar mazmunidagi materiallarga xos. Shuning uchun ham M.N.Kojina sintaksisdagi ekspressiv vositalar va standartlar uyg‘unligini stilistikaning prinsiplaridan biri sifatida qaragan.[4] Shunday qilib, garchi publitsistik uslubning o‘z sintaksisi bo‘lmasa-da, sintaktik kategoriyalarning mazkur uslubga xos matnlarda qo‘llanishida alohidaliklar mavjud va ular janr xususiyatlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.   [1] Мамажонов А. Стилистические особенности сложных предложений современного узбекского литературного языка: Автореф.дис. …д-ра филол.наук. – Ташкент, 1991, с.23 [2] Джумабаева Д.Ш. Мустақиллик даври публицистик асарларидаги қўшма гаплар талқини: Филол.фан.номз. …дис.автореф. – Тошкент,2006, 15-16-бетлар. [3] Қаранг: Совет даври ўзбек адабий тилининг тараққиёти. 3 томлик. 1-том. – Тошкент: Фан, 1988, 31-б. [4] Кожина М.Н. Стилистика русского языка, с.196