Djalmatova Zamira Djonikulovna Filologiya fanlar nomzodi
Rus tili va adabiyoti
o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti,
Jizzax davlat pedagogika instituti
Jizzax, O‘zbekiston
998919400676
Annotatsiya
Maqola o‘zbek va rus yozuvchilarining 70-yillarda epik asarlaridagi urbanistik jarayonlarini badiiy mujassamligiga bag‘ishlangan.
Tahlil natijasida muallif buyuk o‘zbek yozuvchisi P.Qodirovning “Olmos kamar” romani boshqa asarlar bilan urbanistik yo‘nalishda qiyosiy tipologik tahlili namoyon etilgan, jumladan I. Shamyakinning “Atlantlar va kariatidalar” asari.
Asarning badiiy tasvirida asosiy e’tibor urbanistik jarayonning ta’siri shaharda yashovchi xalqga, uning ongiga, fikrlashiga va xulqini o‘zgarishiga qaratilgan.
Asosiy muammolar yoritilgan, jumladan oilaviy munosabatlar, ma’naviy boyliklarning avloddan avlodga o‘tishi, shaharning milliy qiyofasini saqlanishi uchun kurash, milliy boyliklar, an’analar va h.k.
Eng asosiysi – yuqorida aytilgan va boshqa asosiy omillar ta’sirida bo‘la turib, shaharliklarning tuyg‘ularini ifoda etish, vaholanki ular birgalikda odam ruhiga, xulqiga va dunyoqarashiga ta’siri.
Tadqiqot natijasida muallif ushbu asarlarga mos bo‘lgan umumiy xususiyatlari, farqlari, genetik birlashuv aloqalari, hamda ularning umumiyligi va mushtarakligi sabablarini alohida diqqatga sazovor qiladi.
Kalit so‘zlar: badiiy-falsafiy konsepsiya
, adabiyotlararo mushtaraklik, ma’naviy omillari, rasmiy tarzda, g‘ayriinsoniy xususiyatlar.
70-yillarda sobiq Ittifoq adabiyotida deyarli bir vaqtda ketma-ket shahar muammolariga bag‘ishlangan katta epik asarlar paydo bo‘la boshladi. Rus adibi Sergey Zaliginning “Janubiy Amerika varianti”, ozar yozuvchisi Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati”, “Oq ko‘rfaz” asarlarida, asosan, shahar hayoti doirasidagi oilalar taqdiri yoritildi. Ularning “oilaviy” romanlar tipiga kiritish mumkin.
Sobiq Ittifoqdagi siyosiy-mafkuraviy ta’limotning universalligi, hayot tarzi, tafakkurdagi yaqinliklar shu xududdagi milliy adabiyotlarda yaratilgan badiiy asarlardagi ayrim muammolar tasvirida o‘xshash jihatlar, xususiyatlar, alomatlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Ammo bu sobiq Ittifoq doirasidagi ayrim adabiyotlar o‘rtasidagi adabiy-badiiy aloqa-bog‘lanishlar, o‘zaro ta’sir omili ham mavjud bo‘lganligini inkor qilmaydi, albatta.
Agar «Olmos kamar» V. Rasputinning «Matyora bilan xayrlashuv», Yu. Trifonovning «Almashish» qissalari bilan ayrim muammolar (tabiat muhofazasi, urbanizatsiyaning kuchayishi, oila) tasvirida kesishsa, I. Shamyakinning «Atlantlar va kariatidalar» romani bilan ko‘p jihatdan yaqin va mushtarakdir.
Belarus yozuvchisi Ivan Shamyakinni “Atlantlar va kariatidalar” romanida esa katta shahar arxitektorlar ishi, taqdiri, tuzayotgangan loyihalari va ularning atrofidagi bahs-munozaralar, qahramonlarning o‘z oilasiga, do‘stlariga, qarindosh-urug‘lariga munosobati shahar muammolariga bog‘liq ravishda yoritilgan.
Taniqli o‘zbek adibi Primqul Qodirovning “Olmos kamar” romani ham shunday yo‘nalishdagi asar. To‘g‘ri, bu romanlar, milliy urf-odatlar, tafakkurlar va xususan, mualliflarning badiiy mahorati nuqtai nazardan bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo, ayni vaqtda, asar qahramonlari-me’morlar (Abror, Karnach) tabiati, xarakteri, ular hal etmoqchi bo‘lgan ishlar o‘rtasida qandaydir yaqinlik, o‘xshashlik mushtaraklik ham bor. Buni tushunish qiyin emas. Chunki bir davlatda yashab turgan me’morlar bir-biriga o‘xshash muammolarniva vazifalarni hal etishlari tabiiydir. Bu tabiiylik esa, yozuvchilarga ta’sir etmasligi mumkin emas, albatta. Buning ustiga, mazkur asarlar yaratilgan davrda sobiq Ittifoq adiblararo g‘oyaviy yakdilligi, partiyaviy birlik hukm surganini ham nazardan qochirmasligimiz kerak. Ammo, zamon va tuzum muhri bo‘lgan birlikdan qat’iy nazar, talabchan adiblarning asarlari badiiy jihatlari bilan bir-biridan yaqqol farqlanib turadi.Shunga qaramasdan, afsuski, yuqorida aytib o‘tilgan mavzu va muammosiga ko‘ra mushtarak asarlar xanuzgacha qiyosiy planda tadqiq qilinmagan. Ularni muqoyasaviy tahlil etish o‘zbek adabiyotining jahon badiiyatidagi o‘rnini badiiy saviyasini aniqlash yordam bergan bo‘lardi.
Bu asarlar turli adiblar tomonidan yozilganligi hamda qahramonlari turli halqlarining vakillari bo‘lishiga qaramasdan ularni asarga asos qilib olgan muammo-shahar muammosi (urbanistika) birlashtirib turadi.
Urbanistik asarlarining alohida, o‘ziga xos tamoyillari bormi? Umuman, ular qaysi jihatlari bilan boshqa badiiyat namunalaridan farq qiladilar?
Bu savollarga javob topish maqsadida olib borgan izlanishlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, o‘zbek adabiyotshunosligida bu mavzu maxsus tadqiq qilinmagan ekan. Qomusiy lug‘atlarda urbanizatsiya lotin tilidagi urbs (shahar), urbanizm lotincha urbanus (shaharga xos) so‘zidan olinib, birinchidan, adabiyot va sa’atda katta shaharlar bunyod bo‘lishi bilan aloqador inson taqdiri, tabiatdagi muammolarning badiiy aks ettirilishi va ikkinchidan, shaharda katta binolardan iborat gigant qurilishni yoqlovchi yo‘nalishni bildirishi qayd qilingan.
Urbanistik yo‘nalishidagi badiiy asarning chizgilari XIX asrning ikkinchi yarmidan Uitmen ijodida “O‘tning barglari” , (1855), hamda keyinroq V.Bryusov, E. Verxarn, A. Blok va boshvalar ijodida ko‘zga tashlana boshlagan. Ma’lumki, XIX asrning 50-yillaidan boshlab dunyo miqyosida urbanizatsiya kuchaya boshladi. Badiiy adabiyo jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirar ekan, urbanistik jarayon ham bundan mustasno qolishi mumkin emasdi.
Hayotda kechayotgan bu jarayon insonlar tafakkuri, qalbida o‘zgarishlar yasamasligi mmkin emas edi. Bu esa, o‘z navbatida badiiy adabiyot oldiga ham yangi muammolarni ko‘ndalang qo‘yishi tabiiydir.
Bu qalamga olingan mavzu, muammodagi va shular yechimiga qaratilgan ijodiy prinsiplardagi mushtaraklik serqirra bo‘lib, qahramon, janr, badiiy asar qurilmasi, syujet kabi estetik kategoriyalar majmuini o‘z ichiga olgan.
Ikki yirik epik asar o‘rtasidagi o‘xshashlik romanlarning nomlanishidayoq seziladi. Bu romanlarning nomida asl va ramziy ma’nolar mavjud.
«Olmos kamar»ning asl ma’nosi me’morchilikka oid. Zilzila hududida joylashgan Toshkent shahrida quriladigan ko‘p qavatli binolar olmosday mustahkam qattiq po‘lat kamarlar bilan mustahkamlanadi. Romanning ramziy ma’nosi esa asrdan asrga, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy-ma’naviy qadriyatlar zahirasini, vorisiylikni ifoda etgan.
- Shamyakin romani sarlavhasida ham shunga yaqin asl va ramziy ma’nolar mujassam.
«Atlant» yunoncha «Atlantos» so‘zidan olingan bo‘lib, “Xorijiy so‘zlar lug‘ati»da uning uch ma’nosi berilgan:
1) yelkasida osmon gumbazini ko‘tarib turuvchi pahlavon;
2) me’morchilikda erkak qiyofasidagi xaykal bulib, ustun vazifasini bajaradi.
Bu suzning uchinchi ma’nosi anatomiyaga tegishlidir.
«Kariatida» – me’morchilikda ayol qiyofasidagi haykal, u atlant singari ustun o‘rnida qo‘llanilgan.
«Atlantlar va kariatidalar» shahar me’morchiligi va oila muammolarini tasvirlovchi yirik epik asar bo‘lganidan, sarlavhaning asl va ramziy ma’nolari mavzu, badiiy tasvir mohiyatini aks ettirgan.
Roman sarlavhasidagi ikki so‘z (atlant, kariatida) – aslida me’morchilikda qo‘llaniladigan atamalar. Ular asar qahramonlarining kasb-kori, faoliyatini anglatib turibdi. Shu bilan birga, sarlavha chuqur falsafiy ma’no anglatadigan ramzni ham ifoda etadi. Atlant-bino qurilishida qo‘llangan erkak, kariatida ayol haykalini anglatayotgani sababli bu ramzlar romandagi ijobiy qahramonlar(erkak va ayollar)ning jamiyat mas’uliyatini o‘z zimmalariga olib, taraqqiyot, istiqbol uchun yashab, kurashayotganliklarini bildiradi.
Ivan Shamyakin – taniqli belorus yozuvchisi. Asarlari faqat o‘z respublikasidagina emas, sobiq Ittifoq doirasida keng tarqalgan, qiziqish bilan o‘qiladi.
Uning asarlarida samimiyat, milliy kolorit bo‘rtib turadi. Syujet, kompozitsiya puxta ishlangan, xarakterlar aniqligi, hayotiyligi, badiiyligi jihatidan alohida e’tiborga loyiq.
- Shamyakinning boshqa nasriy asarlari kabi «Atlantlar va kariatidalar» ham badiiy jozibali, qiziqarli voqealar tizimi asosiga qurilgan roman.
«Atlantlar va kariatidalar»- ham urbanistik roman. Uning asosiy tasvir ob’ekti – zamonaviy shahar, unda yashayotgan odamlar, ularning ruhiy-axloqiy dunyosi, uy-fikrlari, kechinmalari, muammo va o‘zaro munosabatlari.
Yozuvchi shaharning kengayishi, kattalashishi, fan-texnika jarayonining shahar qiyofasi va shaharliklar ruhiyatiga ta’siri kabilarni bosh qahramon va boshqa personajlar xayot yo‘li, ziddiyat va yaqinliklarini tasvirlash orqali badiiy tasvirlashni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.
Roman bosh qahramoni Maksim Karnach – shahar bosh arxitektori. O‘z kasbini jon-dilidan sevadigan, iste’dodli muallif Maksimning ish faoliyati, oiladagi hayoti, xotini, do‘stlari, kasbdoshlari bilan aloqa-bog‘lanishlarini tasvirlash orqali o‘z davrining dolzarb axloqiy, ma’naviy, psixologik muammolari bo‘yicha badiiy-falsafiy konsepsiyasini yuzaga keltirgan.
Maksimning ko‘p xususiyatlari – ishchanligi, kasbga mehri, o‘zini ayamay ishlashi, adolatsizlik va munofiqlikka toqat qila olmasligi, do‘st-birodarlariga oqibati uni «Olmos kamar»ning bosh qahramoni Abrorga yaqinlashtirgan.
Bu ikki qahramonning dunyoqarashi, faoliyat yo‘li, kurash usullarida mushtaraklik yaqqol kuzga tashlanib turadi.
Qahramonlararo bunday yaqinlik, o‘xshashlikning o‘z zamini, asoslari bor, albatta. Qahramonlarni avvalo kasb-kor (me’morlik) tutashtirib turibdi. Ular yashayotgan davr ham (asrimizning 60-70-yillari) bir. Binobarin, davrning, kasbkorning uyg‘un muammolari, urbanistik romanning janriy xususiyatlari ikki qahramon orasidagi muayyan o‘xshashlikni keltirib chiqargan.
Bu fikrlar Maksim Abrorning yoki aksincha Abror Maksimning takrori degan xulosani keltirib chiqarmaydi.
Har bir qahramon o‘ziga xos individual sifat-alomatlarga ega, ular o‘zi yashayotgan milliy, zamon, psixologik-ma’naviy muhitning mahsuli bo‘lib, shu muhit ularning o‘zligini, mohiyatini, xarakterini belgilab bergan.
- Shamyakin romanidagi Maksim xarakteri asar badiiy matnini tashkil etgan voqealar oqimida yaqqolroq ochilib boradi.
Bu qahramon o‘zi mansub davr, millatning shaxsdagi tajassumi sifatida ajralib turadi.
«Atlantlar va kariatidalar» faqat ishlab chiqarish romanigina emas. Unda ma’naviy-axloqiy muammolarning badiiy tadqiqi asosiy o‘rin egallaydi.
Asarda taraqqiyot va qoloqlik, yaxshilik va yomonlik orasidagi murosasiz kurash badiiy aks etgan, bu kurash romanning yetakchi badiiy konfliktini yuzaga keltirgan.
To‘g‘ri so‘z, talabchan Maksim me’mor sifatida o‘zi yashayotgan shaharning ko‘rkam, uyg‘un bulishi uchun jon kuydiruvchi mutaxassis.
Maksimning bu xususiyatlari uning ijobiy qahramon sifatida mohiyatini belgilab bergan. U rahbarlarga yoqish uchun o‘lib-tiriladigan, moslashuvchan kimsalarni yomon ko‘radi.
«Olmos kamar» qahramoni Abrorda ham ikkiyuzlamachi, munofiq kishilarga qarshi nafrat tuyg‘usi kuchli. Abror iqtidorsiz me’mor Sherzod Bahromovning didsiz, sayoz loyihalariga qarshi romanning butun voqea chizig‘i davomida murosasiz kurash olib boradi. Chunki Sherzod loyihalari bo‘yicha qurilgan binolar, qurilishlar shahar husnini buzadi, undagi tabiat muvozanatiga jiddiy zarar yetkazadi. Sherzod asrlar davomida shaharga ko‘rk berib turgan Bo‘zsuv o‘zanini ko‘mib tashlab, uning o‘rniga tik beton kanal qurish uchun harakat qilganda, Abror bu ishga keskin qarshi chiqadi. Chunki bunda tirik tabiat yo‘qoladi, Bo‘zsuv sohilidagi zabardast chinoru emanlar, qayrag‘ochlar kesib tashlanadi.
«Atlantlar va kariatidalar» romanida ham bosh qahramon Maksimga qarshi turgan timsol bor. U ham Sherzod singari layoqatsiz, og‘uvchan kimsa. Muttasil o‘z manfaatini o‘ylaydi, iste’dodi tufayli obru qozongan Maksimni ko‘rolmaydi.
«Atlantlar va kariatidalar»dagi Makoed, «Olmos kamar»dagi Sherzod timsollari qiyofasiz odamlarning fojiasi. Garchi Sherzod va Makoedni salbiy personajga xos ayrim xususiyat, belgilar birlashtirib tursa-da, ular ijodkorning munosobati, tasviri, bahosi, individual alomatlari bilan bir-biridan ajralib turadi.
P.Qodirov tasviridagi Sherzod ichki xislatlari(iste’dodsizlik, munofiqlik, moslashuvchanlik)ga ko‘ra salbiy obraz. Lekin tashqi ko‘rinishi, muomalasi, ishbilarmonligi bilan atrofdagilar e’tiborini qozonadi. Vaziyatga qarab aql bilan ish ko‘radi, sharoitni to‘g‘ri baholashga qodir muomalasi ham risolidagiday: «xushqomat», «chiroyli kiyinadi», har qanday og‘ir ahvoldan ustalik bilan chiqib ketishga o‘rinadi.
- Shamyakin esa Makoed obrazini butun asar davomida salbiylashtirishdan tashqari, yana deyarli karikaturalashtirgan ham.
Makoed o‘ziga raqib bo‘lgan Maksim Karnachning xizmat mavqeiga ma’lum sabablar bilan putur yetishi mumkinligini eshitib, sevinchi ichiga sig‘may irg‘ishlaydi, u yoqdan bu yoqqa yuguradi, bu xabarni boshqalarga yetkazib, ularni quvontirmoqchi bo‘ladi. Ammo salbiy personajning «quvonch»iga hech kim qo‘shilmaydi, hatto xotini Nina bu voqeadan terisiga sig‘mayotgan eriga kinoyaviy muomalada bo‘ladi.
Makoed o‘zining psixologik, muomala, harakat, ta’sir muhitiga ko‘ra Sherzod darajasida badiiy chuqur ishlangan emas. Ammo Makoedning maqsad-o‘ylari, shrinishlari qanchalar kichik, arzimas bo‘lmasin, u jamiyat, shahar taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Adib bu haqiqatni roman voqealar oqimi davomida izchil, realistik dalillagan holda ko‘rsatib borgan.
Dadil, foydali loyihalari, takliflari tufayli katta tashkilotlar bilan ixtilofga borgan Maksimning rasmiy doiralarda qoralana boshlanishi bilan Makoedga imkoniyatlar eshigi ochila boshlaydi. Uni katta muassasalarga maslahatlashish uchun chaqirishadi, xom-xatala, zaif loyihalari tasdiqlanishi aniq bo‘lib qoladi.
Sherzod uchun Abror, Makoedga Maksim Karnach kabilarning muttasil dushman tuyulishining chuqur sabablari, omillari bor. Iste’dodli shaxslar bo‘lmagan joyda o‘rtamiyona mutaxassislarning yuqori mavqe qozonishi uchun yo‘l ochiq. Bu har ikkala asarda badiiy jihatdan to‘la dalillanadi.
Sherzod, Makoed kabilar Abror, Maksimlarning asablarini yemirib, qiyinchiliklarsiz, yaxshi yashash yo‘llarini topadilar. Ammo ularning har biri hayotda, oilada baxtsiz.
Sherzod o‘zi sevmagan, o‘z ta’biri bilan aytganda, «sovuq yulduz»ga o‘xshash ayolga uylangan. Er-xotin o‘rtasida ma’naviy yaqinlik, mehr-muxabbat yo‘q. Bu esa personajning qalbida befarqlik, alamzadalik paydo qilgan. U baxtli yashayotgan Abror va Vaziralarning oilasiga ba’zan havas, ba’zan hasad bilan qaraydi, hech qachon oilasi ularday bo‘lmasligini his etadi.
Makoedning oilaviy taqdiri Sherzodnikiga o‘xshash, hatto unikidan ham ayanchliroq. Uning xotini Nina Ivanovna erining mayda odam, iqtidorsiz mutaxassis ekanini biladi. Shu sababli unga mensimay, loqayd munosabatda bo‘ladi. Eriga kinoyaviy- masxaraomuz qaraydi. Oilada muhabbat tuyg‘usi yo‘q.
Romannavislarning badiiy konsepsiyasiga ko‘ra to‘g‘rilik, ezgulik bo‘lmagan joyda chinakam baxtga erishib bo‘lmaydi. Bu konsepsiya jahon so‘z san’atining e’tiborga loyiq barcha badiiy yaatmalarida o‘ziga xos yo‘sinda aks etgan.
- Shamyakin ham, P. Qodirov xam mana shu umuminsoniy, umumbadiiy-falsafiy fikrni adabiy-badiiy jarayonning yangi boskichida ijobiy rivojlantirib, roman matni, qahramon va personajlar taqdirida ancha ta’sirli, ibratli tarzda gavdalanishga muvaffaq bo‘lganlar.
Inson, jamiyat taraqqiyoti bir-biriga zid, qarama-qarshi kuchlar (yaxshilik va yovuzlik; jaholat va ilg‘or fikr)ning muttasil kurashi, bellashuviga uzviy bog‘liq. Dialektikaning mana shu muhim qonuniyati o‘zbek va belorus adiblarining urbanistik romanlarida akterlararo kurash tasviri orqali o‘z ifodasini topgan.
Abror, Karnachning xarakteri, faoliyati syujet davomida ma’lum ma’noda salbiylashgan Sherzod, Sayfulla Rahmonovich, Ignatovich, Makoed va unga o‘xshaganlar bilan bo‘lgan bahs-munozara, to‘qnashuv, ziddiyatlarda Shaxs Inson sifatidagi mohiyati ochilish bilan bir qatorda yanada shakllanib, rivojlanib boradi.
Ikki romanda bosh qahramonlarning ijodkor, yetuk mutaxassis tarzidagi faoliyati, ishlarini ko‘rsatishga alohida ahamiyat berilgan. Bu vazifaning ikkala adib uchun ham qiyin, ham ung‘ay tomonlari bor.
Mushkul tomoni shundaki, ikki ijodkor ham o‘zlari uchun boshqa soha-me’morchilik, uning vazifalari, spesifik jihatlarini maxsus darslik, qo‘llanma, jurnallardan chuqurroq o‘rganganlar, shahar qurilishining xos tomonlarini o‘qib-o‘zlashtirganlar.
Ung‘ayligi esa shundan iboratki, me’mor ham shoir, yozuvchi singari ijodkor, u ham o‘ziga xos yo‘llar orqali obraz yaratadi. Binobarin, romannavislar o‘z qahramonlarining ijodkor, yaratuvchi sifatida o‘rinishlarini, orzu-o‘ylarini yaxshi anglaganlar. Bu esa ular yaratgan qahramonlarning hayotiy, real tasvirlanishiga va badiiy ishonarli chiqishiga sabab bo‘lgan.
Abror o‘zbek milliy me’morchiligi an’analari, yutuqlarini G‘arb (Evropa) me’morchiligi tajribalariga uyg‘unlashtirish tarafdori. U shahar qurilishida milliy o‘ziga xoslikni saqlash maqsadida ko‘p fikrlaydi, izlanadi. Ammo izlanishlari ma’lum kuch va guruhlarning keskin qarshiligiga sabab bo‘ladi. Faqat azaliy raqibi Sherzodgina emas, ishxonadagi rahbari Sayfulla Rahmonovich ham uni «milliy mahdudlik»da ayblaydi.
Bu zayldagi aybnoma-«ruslashtirish» jarayoni faollashgan sho‘ro tuzumi yillarida katta ko‘ngilsizliklar va xavf tug‘dirishi aniq edi.
Abror poytaxtdagi markaziy maydonning takrorlanmas, go‘zal landshaftini yuzaga keltirish uchun mahalliy iqlimga chidamsiz archa, qayin kabi daraxtlar o‘rniga terak, eman, chinor ekishni taklif qilganda, sho‘roviy mutaassiblikning umumlashma timsoli Sayfulla Rahmonovich titrab-qaqshab:»Kumush rang archalar Kreml yonida o‘sadigan faxriy daraxtlardir. Shuning uchun biz ularga maydonning markazidan joy ajratganmiz. Qrim qarag‘ayi yoki Nalchik archasi o‘rniga, deylik, chinor yoki sadaqayrag‘och, jiyda ekishni taklif etish xunuk bir mahalliychilik, milliy mahdudlikdir» (116-117-betlar) -deydi. Bu o‘zbek adabiyotidagi manqurt obrazi bo‘lib, Chingiz Aytmatovning mashhur manqurtini yodga soladi.
Bu kabi ayblovlar bugungi davr kishisi, ayniqsa, yoshlar uchun juda kulgili, g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin. Ammo manqurtlik, soxta baynalmilallik tuyg‘ulari hukmron bo‘lgan sho‘ro mustabid saltanatida bunday dag‘dag‘a, safsatalar yuzlab milliy ziyolilar- shoir, bastakor, olim va me’morlarning hayoti va taqdirida fojiali rol o‘ynagani tarixdan yaxshi ma’lum.
Abror shaxs sifatida imon-e’tiqodi butun, yetuk inson timsoli. U Sayfulla Rahmonovich, Sherzod singari dunyoqarashi tor qolipda cheklagan kishilarning siyosiy-mafkuraviy aybnomalari, ma’muriy tazyiqlariga qaramay o‘z qarashlarida sobit qoladi. Kurashdan, ijoddan, faoliyatdan to‘xtamaydi. Bu borada u yolg‘iz emas, otasi, shaharning ilg‘or fikrli, milliy an’analarga sodiq kishilari, kasbdoshlari uni bu kurashda qo‘llab-quvvatlaydilar.Natijada, taraqqiyot va jaholat o‘rtasidagi olishuv ezgulik-Abrorlar foydasiga hal bo‘ladi.
Pirimqul Qodirov realistik badiiy prinsiplar asosida mana shu ziddiyatni ancha chuqur, hayotiy asosda tasvirlashga harakat qilgan. Lekin shu bilan bir qatorda asarda sobiq Ittifoq adabiyotining yagona metodi hisoblangan sotsialistik realizmning salbiy alomatlari ham mavjud. Bu ayniqsa asar badiiy konfliktining yechimida yaqqol ko‘rinadi.
Abror va Sayfulla Rahmonovich, Sherzodlar orasidagi ixtilof shahar partiya komitetining aralashuvi hamda ishtiroki tufayli barham topadi. Bu hayot ziddiyatlarini sun’iy ravishda yechishdan iborat bo‘lgan stereotipning ko‘rinishidir, albatta.
To‘g‘ri, konfliktning bunday yechimida aybni faqat yozuvchi zimmasiga yuklash ham insofdan emas. Chunki sosrealizm adabiyoti odatda ijodkordan mana shu kabi yechimlarni qat’iy talab qilar edi.
Bundan tashqari, yana shu narsani ham unutmaslik kerakki, sho‘ro davrida barcha yirik siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’muriy muammolar partiya tashkilotlarida ko‘rib chiqilgan, muhokama etilgan va standart tarzda bo‘lsa ham tayyor yechim va xulosalar berilgan. Romannavis o‘z asarida buni ham hisobga olishga majbur bo‘lganini unutmaslik kerak.
«Atlantlar va kariatidalar» romanining asosiy qahramoni Maksim Karnach Abror singari me’morchilikda milliy an’analar va xususiyatlarni asrab qolish, ularni zamonaviy shahar qurilishi amaliyotiga tadbiq etish, har bir ko‘cha, maydon, bino va xonaning takrorlanmas uslub va ko‘rinishga ega bo‘lishi tarafdori. U me’morchilikda «qoliplashtirishga», ya’ni bir-birining takrori bo‘lgan bino va ko‘chalarni qatorlashtirib ko‘rib tashlanishiga qarshi.
«Atlantlar va kariatidalar»ning bosh qahramoni ham me’mor sifatida shahar hayotida ekologiyaning, tabiatning o‘rni ahamiyati beqiyos ekanini juda chuqur tushungan shaxs.
U mamlakat vazirlar kengashi o‘zi yashayotgan shahar yaqinida yirik kimyo kombinata qurishga qaror qilganini eshitgach, bu asossiz, zararli ishni to‘xtatish uchun harakatga kirishadi. Chunki shaharning «tabiiy o‘pkasi» bo‘lgan Oppoq Sohilda kombinat qurilishi tabiat muvozanatini izdan chiqarishi-o‘tloq, daraxtzorlar qurishi, havo ifloslanishi, shaharning tabiiy go‘zalligiga putur yetishi aniq.
Maksimning bunday harakatlari ma’muriy tashkilot rahbarlarining, ayrim tor fikrli kasbdoshlarining g‘ashiga tegadi. Unga nisbatan turli-tuman tazyiqlar bo‘la boshlaydi. Ammo qahramon to‘siq va ta’kiblar qarshisida ko‘rkib, esankirab qolmaydi. O‘z ishi, kurashining adolatli, to‘g‘ri ekanligi unga kuch, iroda, jur’at berib turadi.
«Olmos kamar»da ham, «Atlantlar va kariatidalar»da ham tabiatni asrab-avaylash muammosiga markaziy o‘rinlardan birini berilgani tasodifiy xodisa emas.
Har ikki romandagi tabiat tasviriga doir tipologik xususiyat haqida fikr yuritganda, bu xususiyatning asosiy omili yuqorida aytib o‘tilgan jarayondan kelib chiqqani ma’lum bo‘ladi.
Ikki roman ham umidbaxsh ruh, qahramonlarning kelgusi taqdiri, hayot yo‘liga ishonch hissi bilan yakunlangan. Ammo bu hayotbaxsh xotima «sotsialistik realizmning soxta «optimistik» talabidan kelib chiqqan deb karamaslik kerak. Bu o‘rinda ikki ijodkorning hayotni tasvirlash prinsiplaridagi mushtaraklikni alohida qayd etish lozim. Inson kelajakka ishonmasa, ertangi kunga umid ko‘zi bilan qaramasa, u kurashdan, faoliyatdan, mehnat qilishdan to‘xtashi muqarrar. Ana shu qarash ikkala asarning nafaqat xulosasida, butun voqea oqimi, badiiy konsepsiyasida umidbaxsh ruh balqib turishiga asos bo‘lgan.
P.Qodirovning “Olmos kamar” I.Shamyakinning «Atlantlar va kariatidalar» asarlari bilan qiyosiy tadqiq etish quyidagi xulosalarga olib keldi:
- a) «Olmos kamar»ni boshqa milliy adabiyotlar vakillari tomonidan yaratilgan urbanistik yo‘nalishdagi asarlar bilan qiyosiy tekshirish va tahlil etish ma’lum prinsiplar bo‘yicha bir guruhga jamlangan so‘z san’atlariga xos tipologik, aloqaviy xususiyatlarni anglash bilan bir qatorda o‘zbek muallifi yozgan romanning o‘ziga xos jihatlari-poetikasi, badiiy olami, qahramonlarning badiiy strukturasidagi fazilat chuqurroq anglash, yaxshiroq tadqiq etish va baholashga imkon beradi;
- b) urbanistik adabiyot namoyondalari o‘z diqqat-e’tiborlarini urbanizatsiya ta’sirida qolgan ma’naviy-axloqiy, psixologik muammolarga qaratganlar. Jahon doirasida kechgan shiddatli texnikaviy taraqqiyotniig asrlar davomida barqarorlashib ulgurgan milliy hayot tarzi, urf-odatlar, kishilararo aloqa-muomalalar, qarindosh-urug‘chilik, do‘st-birodarlik kabilarga ta’siri; bu ta’siri; to‘xtatish yoki mu’tadillashtirish har bir milllatning jon tomiri va o‘zligi hisoblangan qishloqning shahar soyasida kuchsizlanib, yo‘qolib ketayotganiga qarshi o‘ziga xos norozilik kayfiyatlari bu adiblar asarlarining markaziga qo‘yilgan;
ADABIYoTLAR
- Mirziyoev Sh.. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. : –O‘zbekiston, 2017. – B. 17.
- Abdusamatov X.Tarix va badiiy talqin. T.: Adabiyot va san’at. 1995. B.184.
- Djalmatova Z.D. O‘zbek va rus yozuvchilari asarlarida urbanistik jarayoning badiiy mujassamligi. Taffakur ziyosi. – Jizzax, 2020, №3. B.112
- Dioniz Dyurishin i kollektiv. Osobыe mejliteraturnыe obщnosti.-5.- T.: Fan, 1993. -156 s.
- Dyurishin D. Teoriya sravnitelnogo izucheniya literaturы. – M.: Progress, 1979. S.5
- Kadыrov P. Almaznыy poyas: Tashkentskiy gorodskoy roman. Perevod s uzbekskogo Yu. Surovseva. – M.: Sovetskiy pisatel,1984. – 270s.
- Konrad N.I. Zapad i Vostok. – M.: Nauka, 1972. – S. 429.
- Mamajanov S. Teranlik: Adabiy jarayon va adabiy tanqid. – T.: Adabiyot va san’at, 1987. – 189b.
- Mirvaliev S. Nasr, davr, qahramon. – T.: Adabiyot va san’at, 1983. – 240b.
- Ortega-i-Gasset Xose. «Degumanizatsiya iskusstva» i drugie rabotы. Sbornik / Perevod s ispanskogo (Posleslovie N. Matyash). – : Raduga, 1991. – 638 s.
- Terakopyan JI. Nad_kartoy Vostoka. Voprosы literaturы. – 1986. №2,- S. 3-46.
- Shamyakin Ivan. Atlantы i kariatidы. Snejnыe zimы. Romanы. 2-ye izd. (Avtorizovannыy perevod s belorusskogo A. Ostrovskogo). -M.: Molodaya gvardiya, 1978. -S. 5-314.