O‘zbek hikoyalarida qo‘llangan ramziy obrazlar tavsifi va Xurshid Do‘stmuhammad ijodi
Hikoya – badiiy adabiyotda kichik epik janr, hayot hodisalari ixcham ifoda etiladigan nasriy asar. Hikoya janri qadim anʼanalarga ega. Oʻtmishda hikoyalar folklor asarlari tarkibida bayon unsuri boʻlib ishtirok etgan. Mustaqil janr sifatida faqat yozma adabiyotda shakllangan.
Oʻzbek adabiyotida hikoya juda qadimdan boshlangan. Ilk yozma adabiy yodgorliklar – Kultegin va Toʻnyuquq bitiktoshlarida bayon qilingan voqealar ishtirok etuvchilar tomonidan hikoya qilingan. Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” asarida adolat, haqiqat, qanoat, ofiyat, aql kabi xususiyatlarni o‘zida jamlagan qahramonlar hayotini tasvirlab beradi. Asarda to‘rtta yetakchi qahramon bor:
Kuntug‘di – elig (hukmdor) – Adolat timsoli.
Oyto‘ldi – vazir – Davlat timsoli.
O‘gdulmish – vazirning o‘g‘li (otasining vafotidan keyin vazir) – Aql timsoli.
O‘zg‘urmish – Oyto‘ldining uzoq qarindoshi, zohid – Qanoat (ofiyat) timsoli. Ularning har biri ramziy tarzda adolat, davlat, aql va ofiyat (qanoat)ni aks ettiradi. Ayni paytda asarda ular muayyan lavozim egasi sifatida ko‘rinadi. Asar qahramonlarning o‘zaro suhbati asosiga qurilgan. Nosiriddin Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy” asarida ham axloqiy xarakterdagi hikoyalarning yaxshi namunalari bor. Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonidagi hikoyatlar, “Sabʼai sayyor” dostonidagi yetti musofir hikoyalari ham bu janrning ilk namunalari hisoblanadi. Alisher Navoiy ijodida ham ramziy obrazlar orqali inson hayotining ajralmas qismi hisoblangan adolat, muhabbat, mehr-oqibat, gumanizm, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash tasvirlangan ramziy obrazlilik mavjud. Xususan, adibning “Lison ut-tayr” dostonida bunday namunalarni ko‘plab ko‘rishimiz mumkin.
XVI asrda yaratilgan Poshshoxojaning “Gulzor” va “Miftoh ul-adl” asarlari oʻzbek hikoyachiligining rivojlanishiga asos boʻlgan.
XX asr o‘zbek adabiyotida yangi davr boshlangan asr deb atashimiz mumkin. Kishilik taraqqiyotining jadal sur’atlarda rivojlanishi milliy adabiyotimizda ham o‘z aksini topdi. Chunki bu adabiyot yangicha g‘oyaviy-estetik konsepsiyasi bilan ham, shuningdek, yangicha poetik tasvir usullari bilan ham mumtoz adabiyot namunalaridan farq qiladi. Shuni ta’kidlash joizki, bu davr adabiyoti ming yillik tarixga ega bo‘lgan adabiyotimizning eng yaxshi an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, ayni chog‘da hayotda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy o‘zgarishlarni o‘zida ifoda etgan adabiyotdir.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yuz bergan qator ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar birinchi galda jadidchilik harakatlari yangi tipdagi adabiyotning yuzaga kelishida asosiy omil bo‘ldi. Shuningdek, bu davrda adabiy aloqalarning kuchayishi, bu davr adabiyotining shakliy imkoniyatlarini kengaytirdi. Natijada dramaturgiya, nasr bilan birga publitsistika, adabiy tanqidchilik ham shakllana boshladi. Milliy she’riyatimizda esa aruz vazni asosiy o‘rin egallab kelgan bo‘lsa, shu davrdan boshlab, barmoq she’r tizimi yetakchi mavqega ega bo‘ldi. XX asr o‘zbek adabiyotining eng muhim yutuqlarian biri yozma dramaturgiya va nasrchilikning rivojlanishi va ma’lum bir mavqeni egallashidir. Nasriy asarlarga bo‘lgan talabning vujudga kelishi natijasida Hamzaning “Yangi saodat”, “Uchrashuv”, Abdulla Qodiriyning “Uloqda”, “Juvonboz”, Cho‘lponning “Qurboni jaholat”, “Do‘xtir Muhammadiyor” kabi hikoyalar shu jihati bilan xarakterlidir. XX asrning 20-30-yilllarida o‘zbek nasri yangi yo‘nalishlari bilan yangi bosqichga ko‘tarila boshladi. Bu davr hikoyachiligida realistik hikoyalar bilan birga hajviy hikoyalar yaratishga ham e’tibor berila boshlandi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” o‘zbek hajviy hikoyachiligida yangicha yo‘nalishni boshlab berdi. Bu hikoyalarning asosida fosh qiluvchi kulgu yotadi.
Bu davrda yana Cho‘lponning “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola”, “Novvoy qiz” hikoyalari yaratildi. Bu hikoyalarda realistik tasvir bilan, qahramonlar ruhiyatining rang-barangligi badiiy vositalar bilan ochib berilgan.
Mazkur hikoyalarda dastlabki namunalardan farqli ravishda insoniy tuyg‘ularning ma’naviy tubanliklar tufayli toptalish jarayonlari psixologik tahlil orqali tasvir etiladi. Xullas, 20-yillar hikoyachligidagi tashviqot mazmunidan, asta-sekin badiiy tasvirga, psixologik tahlilga bo‘shatib berganligini ko‘rishimiz mumkin.
30-yillarda hikoyacchilik mavzusi kengayib, ulardagi obrazlar ham xilma-xil toifalarni aks ettira boshlagan. Sho‘ro davri ta’siri milliy hikoyachiligizda ham o‘z izini qoldirgan. Xususan, Oydinning “Eslash yoki vigovor”, “Yamoqchi ko‘chdi”, Husayn Shamsning “Radio”, Shokir Sulaymoniyning “O‘ch”, Majid Fayziyning “Dongdor yigit” kabi hikoyalarida davr nafasi sezilib turadi. O‘zbek hikoyachiligi haqida so‘z yuritar ekanmiz, Abdulla Qahhorni tilga olmaslikning iloji yo‘q.
Abdulla Qahhor o‘zbek hikoya janrining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biridir. Adibning “O‘g‘ri” hikoyasi alohida ahamiyatga ega hikoyalardan biridir. “O‘g‘ri” hikoyasi haqida U.Normatov quyidagilarni alohida ta’kidlaydi “Hikoyadagi voqea mantiqiy jihatdan bir-birlari bilan chatishib ketgan faktlar zamiridan tashkil topgan. Undagi voqea rivoji go‘yo ko‘p bosqichli raketa harakatini esga soladi. Voqea rivojidagi har bir xalqa, fakt o‘z funksiyasini o‘tab bo‘lishi bilan navbatdagisini harakatga solib yuboradi”[1]. “Ho‘kizini o‘g‘irlatgan Qobil bobo esa har tomondan chora izlaydi”[2]. Voqealar davomida “Otangga bor, onangga bor” qabilida ish tutiladi va yakunda Egamberdi paxtafurush tomonidan “bir emas ikki ho‘kiz” berilishi, faqat “kichkina shart” borligi ma’lum bo‘ladi. Asar yakunida yechim kitobxonga taqdim qilinadi.
XX asr hikoyachiligida, shuningdek, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirkarim Osim, Hakim Nazir, Nosir Fozilov, Farhod Musajonov, O‘lmas Umarbekov va boshqa adiblarimiz qalam tebratdilar. Ularning hikoyalarida qahramonlarning badiiy tasviri, ruhiy kechinmalari, insoniylik va zamon voqealariga munosabatni ko‘rishimiz mumkin.
Milliy hikoyalarimizda badiiy tasvir vositalarining qo‘llanilishi borasida shuni aytishimiz mumkinki, turli xil ramziy obrazlar qo‘llangan hikoyalar asosan mustaqillik davrida vujudga kelgan. Ammo sobiq sho‘ro tuzumi davrida ham, undan oldingi davrlarda ham bunday hikoyalar mavjud bo‘lgan.
Hikoyalarda ramziy obrazlarning qo‘llanilishiga e’tibor beradigan bo‘lsak, asarda hayotiy voqealarga ramziy obrazlar qo‘shilib ketadi. Xususan, Erkin Samandarning “G‘ayb qushlari” hikoyasida mog‘ullar bosqini, ularning yurtimizda olib borgan bosqinchiliklari, Urganch shahri mudofaasi, yurtdoshlarimizning mardligi hamda sa’va va qarchig‘ay voqealari hikoya qilinadi. Asarda Najmiddin Kubroning mo‘g‘ul elchisi ustidan g‘alaba qozonishi, bundan oldin esa, sa’va va qarchig‘ay jangi tasvirida dastlab qarchig‘ay sa’vani quvlashi, keyin esa sa’vaning qarchig‘ayni mag‘lub qilishi ramziy obrazdir, Bunda qarchig‘ay zulm, qonxo‘rlik ramzi bo‘lsa, sa’va ezgulik, yashilik ramzidir. Bu voqeani kuzatib turgan Najmiddin Kubro o‘zining mag‘lub emasligini chuqur his qiladi. Yana bir adibimiz Orziqul Ergashning “Dala o‘rtasidagi daraxt” hikoyasida dalaning o‘rtasida yakka shotut o‘sganligini, yosh-u keksa bu daraxtning har doim mavjud bo‘lishini ta’kidlaydilar. Uning qachon ekilganligini hech kim bilmaydi, hatto yoshi ulug‘ kishilar ham shotutning bolaliklarida ham shu holatda ekanligini aytadilar. Voqealar davomida shotutning yonib ketishi yuz beradi. Ammo yangidan shoxlar chiqarib boshlangani ham ta’kidlanadi. Ayni paytda shotut tarixiy ildizlarimiz, milliyligimiz va yaxshilik ramzidir. Asarda Norqobil tomonidan sheriklarining mehmon emasligi, hammasi shu qishloqning farzandlari ekanligi, shu shotut kabi ildizlari chuqur botganligi aytiladi. Bundan ko‘rishimiz mumkinki, inson qayerda bo‘lsa ham, kim bo‘lsa ham uning ildizlari har doim yordam berishi tushuniladi. Ayni paytda bu erkinlik, yangi davr boshlanishi hamdir.
Inson taqdiri, haqiqat va burch, ishonch va sadoqat, yangilikka intilish va insoniylik tuyg‘ulari tasvirlangan hikoyalardan biri Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidir. Asarda ijarachi tomonidan rassomning ijod namunalari tahlil qilinadi. Asarlar xronologik tarzda joylashtirilib, eng birinchi 1921-yilda chizilgan “Maymun yetaklagan odam” edi. Bunda yosh, navqiron yigit zanjirlangan maymunni o‘rmonda yetaklab chiqayotgani tasvirlangan. Bunda yigit yangi tuzum vakili, mahalliy insonlarni “yangi tuzum”ga olib chiqishi ramz asosida ko‘rsatilgan. Suratlar xronologiyasi keyingi yillarga o‘tgan sayin qora rang ustunlik qila boshlaydi va yakunda maymun yigitni yana “o‘rmonga” olib kirib ketgani tasvirlangan. Bu hikoyada sovet mafkurasining puchligi, insonlarni aldab kelganligi ramzlar vositasida ochib berilgan.
Bundan tashqari Zulfiya Qurolboy qizi o‘zining “Qadimiy qo‘shiq” hikoyasida Eshon obrazi orqali jirkanch nafsoniyat ramzini yaratgan. Asar voqealari Sultonmurodning telba holiga tushishi bilan yakunlanadi. Hikoyada insonlar o‘rtasidagi sof muhabbat eng ezgu his ekanligi tarannum qilinadi. Yana bir adibimiz Shodiqul Hamroning “Suratdagi ayol” hikoyasida insoniylik, qadr-qimmat va or-nomusning hamma narsadan ustunligi ko‘rsatilgan. Bunda surat insonning armonlari, orzulari ramzi sifatida bizni mushohadaga undaydi.
Xurshid Do‘stmuhammad ijodi. Taniqli adiblarimizdan biri Xurshid Do‘stmuhammad dastlabki faoliyatini jurnalistikada boshlagan. Adibning birinchi qissasi “Nigoh” nomi bilan chop etilgan. “Hovli etagidagi uy” nomli birinchi kitobi 1989-yilda chop etilgan. Adibning “Panoh”, “Oromkursi” qissalari, “Bozor” romani va bir qancha hikoyalari jamlangan “Beozor qushning qarg‘ishi” to‘plami nashr etilgan. Adibning yana “Qazo bo‘lgan namoz”, “Ozod iztirob quvonchlari”, “Hamid A’lamovning aytolmagan gaplari” kitoblarida turli xil janrdagi asarlari mavjud. Tarjimon sifatida Akutagava Ryunoskening “Rasyomon darvoza” hikoyasini, Temur Po‘latovning “Yetti huzur-halovat va qirq qayg‘u alam”[3] romanini va boshqa ko‘plab asarlarni tilimizga tarjima qildi.
Muallif o‘zi aytganday “Alloh taolo iqtidordan, iste’doddan qismasa, qo‘liga qalam tutgan inson bir yilda ham shaklanishi mumkin. Lekin hech bir iste’dod sohibi men shakllanib bo‘ldim, ijod cho‘qqisiga erishdim degan gapni ayta olmaydi. Badiiy ijodning tabiati shunday: qo‘lingizdagi qalam hamisha sizning yuragingizga tahlika solib turadi… Mana shu tahlikani, chorlovni va da’vatni hamisha his etib turadigan inson izlanishdan, qora mehnatdan to‘xtamaydi…[4]”.
Xurshid Do‘stmuhammad ijodiga nazar tashlar ekanmiz, yangi davr kishilarining hayotida ro‘y berayotgan hodisalar, insonlarning o‘zligini saqlab qolishi, yangi davrga qadam qo‘yishi tasvirlangan. Bunda qahramonlar, burch, haqiqat, insoniylik, shaxsiy manfaat, insoniy qusurlar bilan to‘qnash keladi. Adibning “Otamning do‘sti” hikoyasida insonlarning ma’lum bir qoliplarga tushib qolishi, ayrim insonlar soxta obro‘ uchun o‘z erkidan mahrum bo‘lib qolayotganligi tasvirlangan. Adibning “Bozor” romani butunlay oʻzgacha uslubiy yoʻnalishda bitilgan. Asar tili boshdan-oyoq ramzlar, metaforalar, imo-ishoralar asosiga qurilgan. Bu tilni oʻqimay, uqmay turib romanni tushunish, uning tub mohiyatini anglash amrimahol. Birgina asar nomi – “bozor” soʻzi tarkibidan “bozor” tushunchasidan tashqari “or”, “zor”, “ozor” maʼnolarini qidiradi muallif. Butun boshli romanda bunaqa ramziy ishoralar toʻlib-toshib yotibdi. Oddiy kitobxon ularning hammasi mohiyatini anglashga qurbi yetmas, ammo asar bagʻrida lovullab turgan yolqinni baralla koʻrib, his etib turadi. Bu romandagi ikki jozibador shaxs – Fozilbek bilan Qadriya qalbidagi mayoqdir. Asar voqealari, asosan, bir bozor va unga yondosh qiroatxonada kechadi. Romanda bozor – metafora, ramz, timsol, hayotning oʻziga xos badiiy modeli. Ushbu asar haqida Umarali Normatov “…Muallif iborasi bilan aytganda, “bozorning oʻzi dunyo”, odamlarning ichini koʻrish, tomosha qilish borasida bozordan qulayroq joy yoʻq dunyoda. Bozor odamlarning ich-ichini agʻdarib koʻz-koʻz qiladigan “ajoyibxona”, bunda har bir bandasining feʼlidagi zoʻravonlik, soddaligu mugʻombirlik, laqmaligu uyatchanlik – hammasi bozorda yo pinhona, yo oshkora koʻzga tashlanadi. Eng muhimi, bozor – romanda muallif uchun jamiyat maʼnaviyatidagi bugungi ogʻriqli jarayonlarni taftish etishning qulay vositasi[5]” – deb ta’kidlaydi.
Romanda bozor bilan yondosh holda qiroatxona tasviri ham bor. Bozor hamisha gavjum, jamiki tumonot bozorda. Bozordagilarning barchasi nafs ilinjida. Nafs balosi tufayli bozor yonmoqda, choʻkmoqda. Bozor yonidagi qiroatxona esa kimsasiz, xarob, huvillab yotibdi… Hayot hech qachon aqli rasolardan, fidoyilardan holi qolgan emas. Hamma oʻzini bozorga urayotgan, balki nafs koʻyiga mubtalo boʻlib qolgan zamonda, qarangki, qoq bozorning ichidan, bozor odamlari orasidan bir maʼnaviyat, maʼrifat fidoyisi Fozilbek otilib chiqadi, ilohiy taqdir uni kimsasiz huvillab yotgan maskandagi yana bir maʼnaviyat fidoyisi Qadriyaga roʻbaroʻ qiladi… Bu ikki yosh nafs balosi tufayli bozor yonayotgan, choʻkayotgan, nafs bandalarini olov qaʼriga tortib ketayotgan bir zamonda najot yoʻlini qidiradilar. Ular bozorni halokatdan qutqarish yoʻli maʼnaviyatda deb biladilar. Fozilbek maslakdosh sevgilisi bilan birga bozor oʻzgarishlarini tushunish, uning tilini, hikmatini oʻrganish, zulmat qaʼriga choʻkayotgan bozorni maʼnaviyat, maʼrifat yogʻdusi bilan nurlantirish ustida astoydil oʻy suradi, amaliy harakatga oʻtadi. Yozuvchining diqqat-eʼtibori bozor manzaralari va mojarolarining bevosita oʻzini emas, personaj ongi, ruhiyatidagi aks-sadosini ifodalash, badiiy tahlil etishga qaratiladi, bunda “ong oqimi” tajribalaridan ijodiy foydalanadi. Umuman olganda Xurshid Do‘stmuhammad asarlarida ramziy obrazlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Adibning hikoyalaridagi ramziylikni esa keying bobimizda alohida ko‘rib chiqamiz.
[1] Қўшжонов М. Норматов У. Маҳорат сирлари. – Т.: Ғафур Ғулом номидаги бадиийй адабиёт нашриёти. 1968, 13-14-бетлар
[2] Ўлжабоев У. Ҳикоячиликда давр нафаси.- Т.: Турон замин зиё нашриёти.68-бет.
[3] Мирвалиев С. Шокирова Р. Ўзбек адиблари. – Т.: Ғафур Ғулом нашриёт матбаа-ижодий уйи. 300-бет
[4]Хуршид Дўстмуҳаммад. Беозор қушнинг қарғиши. – Т.: Шарқю 2006. 3-бет
[5] Normatov U. Badiiyat ko‘zgusi – millat taqdiri. “Sharq yulduzi” 2011. 3-son