- Shaamirova Yu.K. Noto‘liq oilalarda o‘smirlarni milliy-ma’naviy tarbiyalash. Ped. fan. nomz. … diss. – T.: 2006. –139 b.
- Tojiboyeva X.M. “Gender yondashuv asosida o‘smir yoshdagi o‘quvchilarda “ommaviy madaniyat”ga qarshi immunitetni shakllantirishning pedagogik strategiyalari” // Monografiya. – Toshkent: “Tafakkur qanoti” nashriyoti, 2021. – 208 bet.
- Gender mainstreaming of employment policies – A comparative review of 30 European countries. Luxembourg: Office for Official Publications of the European Comm unities, 2008 – p. 44.
- Hofstede G. Masculinity and Femininity: The taboo dimension of national cultures, 1998. SAGE Publications Inc. 238 p.
- O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 10-jild. T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2003. – 540 b.
O‘SMIR YOSHDAGI O‘QUVCHILARNING GENDER MADANIYATINI RIVOJLANTIRISHDA O‘YINLARDAN FOYDALANISHNING PEDAGOGIK IMKONIYATLARI
Alibekov Dilshod Islomovich
T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti mustaqil izlanuvchisi
Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘smir yoshdagi o‘quvchilarning gender madaniyatini rivojlantirishda o‘yinlardan foydalanishning pedagogik imkoniyatlari haqida fikr yuritilgan. Shuningdek, o‘smirlik davrining o‘ziga xos xususiyatlari, gender madaniyatni tarkib toptirishning murakkabliklari bayon qilingan.
Tayanch so‘zlar: o‘smir, gender madaniyat, pedagogik imkoniyat, geymifikatsiya, o‘yinlar, didaktik vosita, shaxsiy sifatlar, ijtimoiy rollar, o‘g‘il bola, qiz bola, psixologik rivojlanish.
Аннотация. В данной статье рассматриваются педагогические возможности использования игр в развитии гендерной культуры школьников-подростков. Также описаны специфические особенности подросткового возраста, сложности формирования гендерной культуры.
Ключевые слова: подросток, гендерная культура, педагогические возможности, геймификация, игры, дидактический инструмент, личностные качества, социальные роли, мальчик, девочка, психологическое развитие.
Abstract. This article discusses the pedagogical possibilities of using games in the development of gender culture of adolescent students. Also, the specific characteristics of adolescence, the complexities of creating a gender culture are described.
Key words: adolescent, gender culture, pedagogical opportunity, gamification, games, didactic tool, personal qualities, social roles, boy, girl, psychological development.
Shaxsning har bir yosh davri o‘ziga xoslikka ega bo‘lib, rivojlanishning muayyan qonuniyatlariga tayanadi. Bu asosiy yutuqlar, shakllanish va qayta shakllanish imkonini beradigan holatlar, ruxiy rivojlanishning muayyan bosqichlariga xos sifatlarning namoyon bo‘lishi, o‘zini anglash layoqatining o‘ziga xos jihatlarining ifodalanishida ko‘rinadi.
O‘smirlik yoshida «lider» bo‘lishga kuchli intilish, sinfdoshlarining uni tan olishiga erishishi bolalarni eng ekstravagant intizom buzilishi, gender madaniyatiga ta’sir qiladi. Ilk o‘smirlik davri 10 yoshdan boshlanib, 14 yoshgacha davom etadi. Katta o‘smirlik yoshi esa 14-16 yosh davriga to‘g‘ri keladi. Aksariyat psixologlar o‘z tadqiqotlarida o‘smirlik davrining murakkab, ziddiyatlarga boy davr ekanligini ta’kidlaganlar. O‘smirlik davri uchun xarakterli xususiyatlardan biri o‘zini kattalardek xis etishidadir. Bu davrda o‘z-o‘zini anglash va o‘z-o‘zini baholash rivojlanadi. O‘smir o‘ziga shaxs sifatida qiziqish bildirib, layoqatlari va imkoniyatlarini yuqori baholaydi[1].
Gender tushunchasi o‘g‘il va qiz bolalarning ruxiy hamda biologik o‘ziga xosligini ifodalaydi. Gender konsepsiyasida qiz va o‘g‘il bolalarning o‘ziga xosligi asoslab berilgan. O‘g‘il va qiz bolalarning jinsiy belgilari ijtimoiy holatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham asoslash lozim. Shaxsning gender xususiyatlari shaxslararo ijtimoiy munosabatlarga qay tarzda ta’sir ko‘rsatishini ham aniqlab olish talab etiladi[2].
O‘g‘il va qiz bolalar orasidagi farqlarni aniqlashda qanday ijtimoiy madaniy o‘ziga xosliklar ifodalanishini aniq ilg‘ab olish lozim. So‘nggi yillarda fanda erkaklar va ayollar orasidagi ijtimoiy-madaniy va konstutsional farqlarni chegaralash, gender va jins tushunchasiga xos belgilarni aniq farqlashga oid yondashuvlar vujudga keldi. Gender hamda jinslar orasidagi psixologik farqlar ular bajaradigan rollarda ham o‘ziga xos tarzda ifodalanadi. Bu ayniqsa shaxslararo ijtimoiy-madaniy munosabatlarda yorqinroq ifodalanadi.
Gender o‘z-o‘zini anglash tizimida munosabatlar gender identlik bilan bog‘lanadi[3]. Bu insonning shaxsiy xulq-atvor modelini yaratishi bilan ham bog‘liq. Gender o‘z-o‘zini anglash ijtimoiy o‘z-o‘zini anglashning o‘ziga xos ko‘rinishidir. Gender o‘z-o‘zini anglash milliy o‘z-o‘zini anglash bilan bog‘liq.
Gender o‘z-o‘zini anglash yaxlit tizimni tashkil etib, muayyan tarkibiy qismlariga ega. Birinchi navbatda, kognitiv, bu shaxsning maskulinlik va femininlikning muayyan modeliga muvofiqligini anglashida namoyon bo‘ladi. Emosional – shaxsning mazkur tizimga mos kelishi yoki kelmasligini anglashi. Irodaviy – shaxsning muayyan jamiyatdagi gender modelga muvofiq kelishi yoki kelmasligini anglashida namoyon bo‘ladi.
Ikkinchidan, gender identivlik va dinamiklikning statistik komponentlarini farqlash.
Femininlik va maskulinlik gender jihatdan o‘zini anglashning asosiy shakli hisoblanadi[4]. Bu muaynya gender tipga mansublik haqida fikr yuritishni ifodalaydi. Muayyan gender g‘oyani loyihalash, ijtimoiy faoliyatning ko‘plab turlarida uni taqdimot qilishda namoyon bo‘ladi.
Har bir sinfda turli xarakterdagi qiz va o‘g‘il bolalar tahsil oladilar. Ular muvaffaqiyat qozonishga ishonch va qat’yait bilan intiladilar, ochiq va qat’iy harakatlar amalga oshiradilar, sokin harakatlanadilar, optimist yoki jur’atsiz bo‘ladilar. Ular jazolarga nisbatan sezgirlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Qo‘rqoq, sertashvish va xavotirli, ishonchsiz, jizzaki bolalar o‘zlarining jinsiy identivliklari bilan farqlanib turadilar.
Madaniy muhit insonlarning birgalikda yashashining o‘ziga xos tarkibiy tuzilishi va xamkorlikdagi faoliyatini ifodalovchi jarayondir. Madaniy muhit faoliyat xarakteri bilan bog‘liq holda jamiyat a’zolarining hamkorligi va madaniy taraqqiyotga aloqadorlik darajasini belgilaydi. Madaniy qadriyatlar inson huquqlari bilan uyg‘unlashishi lozim. Chunki inson huquqlarini umuminsoniy qadriyat sifatida baholash mumkin. U barcha madaniyatlar uchun umumiy harakterga ega. Inson va kishilar guruhining qadri yaxlit tarzda jamiyat madaniy darajasini belgilaydi. Jamiyatdagi turli ziddiyatlarni bartaraf etish madaniyatning qadriyat darajasiga ko‘tarilishini ta’minlab, fuqarolar orasida sog‘lom ma’naviy muhitning shakllanishigi xizmat qiladi.
Bu shuni anglatadiki, inson huquqlari muayyan bir madaniyatga emas, balki madaniyatlar majmuiga xosdir. Madaniyatning o‘zgarishi uning muayyan jamiyat hayotiga moslashishini anglatadi. Taraqqiyot maxsuli sifatida har bir madaniyat uchun xos bo‘lgan jihatlar mazkur jamiyat a’zolarining madaniy saviyasini belgilashga xizmat qiladi. Madaniyatning mohiyati inson huquqlarini poymol etmagan holda ma’naviy taraqqiyotga xizmat qilishdan iborat. Tabiiy muhitning o‘zgarishi, iqtisodning globallashuvi, axborotlar oqimining kengayishi turli madaniyatlarning uyg‘unlashuvi natijasida gibrid madaniyatning vujudga kelishini ta’minladi.
Madaniyat – ajdodlarning merosi asosida shakllangan tushunchalar modelidan iborat bo‘lib, muayyan muhit doirasida insonlarni turli farqli guruhlarga ajralishlariga xizmat qiladi. Ijtimoiylashish natijasida jamiyat a’zolari nima muhim, nima muhim emasligini anglab etadilar. Bunday umumiy tushunchalar turli ramzlar, qadriyatlar, me’yorlar, e’tiqodlar va ijodning turli shakllarida o‘z ifodasini topadi. Natijada jamiyat a’zolari kundalik hayotda katta va kichik guruhlarga mansub bo‘ladi.
Gender qadriyatlar gender madaniyatning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, tarixiy va zamonaviy nuqtai nazardan uni tushunish va baholash imkonini beradi. Chunki erkaklar va ayollarga xos bo‘lgan qadriyatlar o‘tmish madaniyatining tarkibiy qismi bo‘lib, bugungi kunda ham o‘zbek xalqi mentalitetining negizini tashkil qilganligi uchun o‘smir yoshdagi o‘g‘il va qiz bolalarni tarbiyalashda alohida ahamiyatga ega. Gender madaniyatni aniq tasavvur qilish uchun uning o‘ziga xos jihatlarini bilish talab etiladi.
Gender madaniyatning taraqqiyoti mikroijtimoiy hamda makroijtimoiy omillar bilan mutanosib tarzda tavsiflanadi. Bunda gender kategoriyalarning aksiologik jihatdan zamonlar osha etib kelganligi alohida hamiyatga ega.
Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, o‘smir yoshdagi o‘quvchilarning gender madaniyatini rivojlantirishda o‘yinlar katta pedagogik imkoniyatlarga ega. Chunki o‘yin faoliyati murakkab ijtimoiy-madaniy hamda didaktik hodisa sifatida ko‘plab falsafiy-madaniy, pedagogik-psixologik tadqiqotlarning ob’ekti bo‘lmoqda hamda uning pedagogik jarayonda murakkabligi va o‘ziga xosligi bilan belgilanmoqda.
O‘yin – o‘quvchilarni bilish, ijod qilish, ma’naviy-intellektual jihatdan rivojlantirish vositasidir. O‘yin yordamida o‘quvchilar oldiga yangi olam ochiladi. O‘yindan foydalanmay turib o‘quvchilarni to‘laqonli rivojlantirish imkonsizdir. O‘yin jarayonida o‘quvchilar o‘zaro munosabatlar tizimini o‘zlashtirib, rivojlanadilar, shaxs sifatida shakllanadilar.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida “o‘yin” tushunchasi quyidagicha ifodalangan: “O‘yin – tarbiyalash va hordiq chiqarish vositalaridan biri…. Ma’lumki, inson o‘z hayotida o‘yin, o‘qish, mehnat, dam olish kabi mashg‘ulotlar bilan band bo‘ladi” [5; 500-b.]. Shunga ko‘ra, o‘yin insonni har tomonlama rivojlantiruvchi mashg‘ulot turi hisoblanadi. Ayniqsa inson faoliyatining dastlabki bolalik va o‘smirlik davrida o‘yin faoliyatning asosiy turlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Bu davrda o‘yin faoliyati o‘qish faoliyati bilan uyg‘unlashadi, uning tarkibiy qismiga aylanadi. Shuning uchun ham, ta’limning aksariyat vazifalari didaktik o‘yinlar yordamida amalga oshiriladi.
O‘quvchilar orasida muloqot o‘rnatishda o‘yinlar alohida o‘rin egallaydi. Uning murakkabligi pedagogik jarayonda o‘yin faoliyatining o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. O‘yinlarning o‘ziga xos xususiyatlari sifatida ularning alohida pedagogik qimmatga egaligi, erkinligi va ixtiyoriyligi e’tirof etiladi. Shuning uchun ham o‘smir yoshdagi o‘quvchilarning gender madaniyatini rivojlantirishda o‘yinlar amaliy jihatdan yo‘naltirilgan bo‘lib, kafolatlangan natija olishga xizmat qilishi bilan alohida pedagogik qimmatga ega.
O‘yin jarayonining samaradorligi unda yaratilgan imkoniyatlar yordamida ta’minlanadi. Bunday imkoniyatlar sirasiga o‘quvchilarning faol harakatlanishlarini ko‘rsatish mumkin. Harakatning muhimligi pedagogik jihatdan yetarlicha asoslangan va baholangan.
Bugungi kunga kelib o‘yin texnologiyalari doirasida juftliklar va guruhlarda ishlash imkonini beradigan bir qator texnologiyalar mavjud. To‘laqonli o‘yin texnologiyalari yordamida juftliklar va kichik guruhlarda yurishlar, yugurish, buyumlarning turlarini anglash, hayvonlarning harakatlariga taqlid qilish, raqslar yordamida nafaqat harakatlardagi kamchiliklar, balki ijobiy his-tuyg‘ulardagi yetishmovchiliklar ham bartaraf etiladi.
Har qanday o‘yinning asosiy ko‘rsatkichi uning his-tuyg‘ularni ifodalovchi qismidir. U insonning aqliy, jismoniy va ijtimoiy faollikka bo‘lgan ehtiyojining qondirilishi bilan bog‘liq tarzda vujudga keladi. Ijodiy muhitda shartlilik, hazil-mutoyibaga moyillik, musobaqalashish ehtiyoji vujudga keladi. Harakatli o‘yinlar odatda, kulgi, chaqiriq, shovqin-suron bilan amalga oshadi. Bunday holat turli jins vakili bo‘lgan o‘yin ishtirokchilarida tezkorlik, ochiqlik, shaxsiy imkoniyatlari va layoqatlarini erkin tarzda namoyon qilish imkonini beradi.
His-tuyg‘ular yo‘nalishida o‘yinlarning muhim tarbiyaviy qimmati shundaki, o‘yinlar o‘quvchilarning kayfiyatlarini ko‘taradi, ularni tetiklik, dadillikka undaydi, quvnoqlik, hayotdan zavqlanish, qiyinchiliklarni bartaraf etish hissini tarkib toptiradi. Bularning barchasi o‘smir yoshdagi o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida tabiiy muloqot va hamkorlik muhitini qaror toptiradi. Bunday muloqot o‘quvchilar orasidagi o‘zaro aloqa va ijtimoiy munosabatlarning vujudga kelishini ta’minlaydi. Bunday muhit avvalambor, o‘smir yoshdagi o‘quvchilarda yoqimli kechinmalarning vujudga kelishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘qituvchilar shuni yaxshi tushunishlari kerakki, o‘quv jarayonidagi o‘yin faoliyati shunchaki o‘quvchilarning dam olishlari, faoliyat turini almashtirish uchun tashkil etiladigan o‘yinlar emas, balki aniq pedagogik maqsadga ega bo‘lgan didaktik jarayondir. Bu o‘yinlar birinchi navbatda ta’limiy ahamiyat kasb etadi. Ular yordamida o‘quvchilarning diqqatlari dars materiallariga qaratilib pedagogik hamkorlik jarayoni vujudga keltiriladi. O‘yinlar yordamida o‘quvchilarga yangi bilimlar taqdim etilib, jadal mantiqiy fikrlash, birgalikda ishchan faoliyat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan pedagogik muhit vujudga keltiriladi.
Foydalanilgan manbalar: