ONALARIMIZ NUTQI JOZIBADORLIGI ASLO SO’NMASIN!
Har bir tilning inson kamolotida tutgan o’rni va shakllanib borishida onalarning o’rni juda katta. Chunki har bir go’dak ona allasini eshitib katta bo’larkan, voyaga yetgach ham ona bilan muloqoti uzilmaydi, ona bilan eng ko’p gaplashadi.
Shunday ekan, onalar, ayollar ona tilimizning sofligini saqlab, farzandlarda tilga sadoqat ruhini uyg’otishi ayollarga nechog’li bog’liq ekani ma’lum bo’ladi. O’zbekiston Respiblikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva BMTning Xotin-qizlar masalasi bo’yicha bo’lib o’tgan sammitida ilk bor o’zbek tilida so’zlagani va mazkur nutq dunyoning bir necha davlatlari tiliga tarjima qilib berilganligi o’zbek tilining jahon minbarlaridan birida tinglangani – o’zbek ayolining ona tiliga mehr-muhabbatini oshkor etganidan dalolatdir. Ifodador, jarangdor, tashbehlarga boy va hush ohang tilimizni ayollarimiz nutqi ila farzandlar qalbida kurtak yozishi bu kelgusida ona tili sofligini saqlash hamda g’urur bilan himoya qilish, ardoqlashdek natijasini – mevasini berishi tabiiy, albatta. Bugun Ona tilimiz jozibasini yo’qotmay, boy kalomlarini nutqiy bisotimizga to’kib, til madaniyatiga hissamizni qo’shmoqlik farzandlar kamolining eng muhim omillaridan biri ekanini anglamoq fursati yetdi. Darhaqiqat, oilalarda nutqiy odob, so’zlashuv madamiyatiga befarq bo’lmaslik ko’p jihatdan onalar til madaniyatiga borib taqaladi. Birgina ertaklar mazmunidagi voqealar, hodisalarning chiroyli bayon qilinishi farzandlar til boyligini oshirishda katta o’rin tutadi, qolaversa, o’z nutqining ravonligi, so’zga boyligini anglab o’sayotgan farzand qalbida ona tiliga nisbatan iftixor hissini uyg’otadi.
Farzandlarimiz tilimiz jozibasidan bahra olib ulg’aysinlar!
Surayyo Do’stova,
O’zbek tili o’qitish metodikasi kafedrasi katta o’qituvchisi.