Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Odam savdosi-mudhish jinoyat.

Inson qadri baland va ulug‘ mavjudotdir. U sog‘-salomat, kuchli va aqlli bo‘lishi uchun, o‘zini-o‘zi asrab avaylashi, himoya qilishi hamda shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishi lozim. Xavfsizligimizga hamda ijtimoiy-ma’naviy barqarorligimizga rahna soluvchi illatlardan biri bo‘lgan odam savdosi – bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylandi. Ta’kidlash joiz odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko‘ruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Ya’ni, yengil yo‘l bilan daromad topish istagida jinoyat sodir etish – ikki toifadagi odamlarni ham halokat domiga tortmoqda. Yildan- yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo‘layotganlar soni ortib bormoqda. Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan  jirkanch ko‘rinishga ega.   2013 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan. Ayni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi bo‘lgan bu turdagi jinoyat dunyo miqyosida keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko‘ra, undan jabr ko‘rganlar soni bir necha millionlarini tashkil qilmoqda. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, dunyo bo‘yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromad 7 milrd AQSh dollaridan oshmoqda. Afsus bilan ta’kidlash kerakki dunyoda “odam savdosi” bozori va unga talab kundan-kunga oshib bormoqda.   BMTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 mln. 700 ming shaxs odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Har yili 600 mingdan 800 mingtagacha ayollar chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda. O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2008 yil 17 aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.   Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni o‘z ichiga oladi. Statistik ma’lumotlrga ko‘ra bugungi kunda xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarimizning 70-80% ini ayollar tashkil etadi. Ularning 20-30%i aldanib, orta qaytayotganlarni tashkil etadi. Bugun yurtimizda mana shunday aldanib firibgarlar tuzog‘iga ilingan fuqarolarimizga ma’naviy, ruhiy, moddiy taraflama ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarimizni bu jinoyatga aralashib qolmasliklari uchun tushuntirish targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ushbu jinoyatga qarshi kurashish bilan birgalikda, yoshlarimizning huquqiy onggini-da oshirish ko‘zlagan tadbirlar turli xil uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Istagimiz hech kim odam savdosidek mudhish jinoyatning qurboni bo‘lmasin, firibgarlar to‘riga ilinib, halokat domida qolib ketmasin.