Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

«NAVOIY YODI ILA YASHAYMIZ MUDOM»

So‘z mulkining Cohibqironi

Bu yIl ALIShER NAVOIY TAVALLUDINING 580 YILLIGI nishonlanadi

(maqola Halq so‘zi gazetasining arxiv materiallaridan olindi, ushbu maqola JDPI marhum professor O.Jo‘raev qalamiga mansub)

Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro yoshligidan birga o‘sgan, hamfikr va yana ko‘kaldosh bo‘lganliklaridan ularning do‘stligi bir umr davom etgan. Husayn Boyqaro adabiyot va san’at ahlini yuksak qadrlagan. Alisher Navoiyning buyuk shoir bo‘lib yetishishida uning xizmatlari beqiyos bo‘lsa, Husayn Boyqaroning qirq yilga yaqin Xurosonda hukm  yuritishida va mamlakatda tinchlik o‘rnatishida Alisher Navoiyning ham xizmati cheksizdir. Navoiy Husayn Boyqaro bilan hamfikr, hamdard bo‘lib davlat ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bilan birga, ilm-ma’rifat va ijod bobida ham mushtarak-fikrdosh bo‘lgan. Shuningdek, yozgan asarlarini, avvalo, o‘zaro maslahatlashib, yutuq va kamchiliklarini birga hal qilganlar. Alisher Navoiy ijodining yuksakligini birinchi bo‘lib ustozi Abdurahmon Jomiy tan oladi va quyidagicha baho beradi: Kechirsinlar forsi tilda dur terganlar, Dari tilda nazm injusin kelturganlar. Agar ul nazmin yozsa dari tilda, Qolmas edi so‘z aytishga kuch hech elda… Husayn Boyqaro esa she’riyat bobida Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilgan. Husayn Boyqaro va Navoiy o‘rtasida beg‘ubor do‘stlik bo‘lganligini Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” (“Nodir voqealar”)  asaridagi mana bu satrlar ham tasdiqlaydi: “Alisher o‘z “Xamsa”sini Sulton Husaynga bag‘ishlab taqdim etganida, podshoh aytdi: “Bir mojaro  Siz bilan bizning oramizda anchadin beri hal bo‘lmas edi, bugun shu ishni bir yoqlik qilaylik”. Bu mojaro shunday ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi bo‘lishni ko‘pdan beri orzu qilar va uni “pirim” deb atar edi. Alisher esa bunga javoban: “Yo Alloh, yo Alloh, bu qanaqa so‘z bo‘ldi. Aslida biz muridmiz, Siz esa hammamizga pirsiz”, der edi. Endi Sulton Husayn Alisherdan so‘radi: “Pir nima-yu, murid nima?!” Alisher javob berdi: “Pirning tilagi, muridning tilagi bo‘lishi kerak”. Shunda Sulton Husayn o‘zining oq otini olib kelishni buyurdi. Bu ot juda sho‘x, chopqir edi. Sulton Husayn aytdi: “Siz murid bo‘lsangizu men piringiz bo‘ladigan bo‘lsam, istaymanki, Siz shu otga minasiz, men esa uni yetaklayman”. Alisher noiloj otga minishga majbur bo‘ldi. Alisher egarga o‘tirishi bilan Sulton Husayn otning jilovidan ushlab yetaklay boshladi”. Husayn Boyqaro “Xamsa” dostonlarining tugashi munosabati bilan uning ijodiga bag‘ishlab maxsus risola yozgan. Risolada shunday otashin so‘zlar bitilgan: “…Turk tilining o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqonlarg‘a turkiy oyin va hunar kiyurdi… Bukun nazm arkoni(tayanchi)ning rub’i maskunida qahramon ul turur va bu mamolik (mamlakatlar) fathig‘a sohibqiron ani desalar bo‘lur. She’r: Erur so‘z mulkining kishvarstoni, Qayu kishvarstoni xisrav nishoni. Dema xisravnishonkim, qahramoni, Erur gar chin desang Sohibqironi!..    E’tibor bering, Jomiy, Davlatshoh Samarqandiy, ayniqsa, Husayn Boyqaro Navoiy asarlarini o‘sha davrdayoq yuksak baholagan va she’riyat mulkining sultoni — Sohibqironi deb atagan. Biz shunday ulug‘ zotlarning avlodi ekanmiz, bundan faxrlanish bilan birga ular orzu qilgan avlod — komil inson bo‘lishga harakat qilmog‘imiz lozim. (marhum)  Olimjon JO‘RAEV