Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Muvaffaqiyat – hammamizning, har birimizning harakatimiz va tashabbuskorligimizga bog‘liq

Bugungi zamonaviy bilim esa yuksak darajada axborot texnologiyalariga asoslagan taraqqiyot hosilasidir. Bugun barcha joyda, ayniqsa, biz pedagoglar orasida Prezidentimizning “Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni loyihasi qizg‘in muhokama qilinayotir. Darhaqiqat, Vatanimiz kelajagi xalqimiz taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari hech kimni befarq qoldirmaydi. Yurtimiz kelajagi, ravnaqi va farovonligi, dunyo mamlakatlari ichida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi, shubhasiz, bugungi yoshlarimizning zamonaviy bilimlarni qanchalik egallashlariga bog‘liq. Bugungi zamonaviy bilim esa yuksak darajada axborot texnologiyalariga asoslagan taraqqiyot hosilasidir. Hozir ta’lim-tarbiyaning oldida yoshlarni jahon taraqqiyotining shu yutuqlari asosida voyaga yetkazish vazifasi turibdi. Prezident farmoni loyihasida aynan shu masalalar – ta’limda yaqin yillar ichida o‘z natijasini beradigan vazifalar qamrab olingan. Bu maqsadni amalga oshirish pedagogik oliy ta’lim muassasalari zimmasida ayniqsa katta mas’uliyat yuklaydi. Davlatimiz rahbari O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrik nutqida ham taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim va tarbiya ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Shu talabdan kelib chiqqan holda fikrlaydigan bo‘lsak, bugungi pedagogik ta’lim muassasalarining o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Ular yetkazib berayotgan yosh pedagog kadrlar maktabda ta’lim sifatini, o‘qitish metodikasini, mazmunini o‘zgartirishga layoqatlimi? Ammo shu paytgacha tayyorlab chiqarilgan pedagog kadrlar farmonda qo‘yilgan talablarga to‘liq javob berolmasligi ma’lum. Bu albatta faqat ularning kamchiligi emas. Chunki ularning o‘zlariga bilim beradigan, malakasini oshiradigan muhit yaratilgan emasdi. Bu ayniqsa aniq fanlar sohasida sezilib turibdi. To‘g‘risi, yurtimizda hozircha Qorako‘ldagi kabi matematika maktablari sanoqli. Shuning uchun farmon loyihasi muhokamalarida Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirilayotgani to‘g‘ri. Ushbu mamlakatning umumiy savodxonligi, tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha erishgan yutuqlarini o‘rganib, o‘zimizda joriy etsak, albatta juda foydali bo‘ladi. Bu vazifalar biz, oliy ta’lim muassasalari pedagoglari, ayniqsa, pedagogika yo‘nalishidagi universitet va institutlar professor-o‘qituvchilari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat dunyodagi zamonaviy o‘quv dasturlari, o‘qitish metodikalarini o‘rganib, umumta’lim maktablarida joriy qilishdagi ishlarimizni tubdan yangilashdan iboratdir. Demak, bu fanlardan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, elektron ta’lim resurslarini yaratish va ulardan foydalanish metodikasini ishlab chiqishni tezlashtirish kerak. Shu bilan birga umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz ham kerak. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ochiq darslarni, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun mahorat darslarini tashkil etish lozim. Bunda ham avvalo o‘zimiz tashabbuskor bo‘lishimiz lozim. Bu ishlar bugungi kungi talabga to‘liq javob bermasada, hozircha ham amalga oshirib kelinayotir, tajribamiz yo‘q emas. Xususan, yaqinda institutimiz informatika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi Sh.Rashidov tumanidagi 16 – umumiy o‘rta ta’lim maktabida ochiq darslar va o‘qituvchilar uchun “Mahorat darslari” tashkil etildi. Bunday hamkorlik doimiy yo‘lga qo‘yilsa albatta yaxshi samara beradi. Loyihada ham oliy ta’lim muassasalari bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamkorligini kuchaytirish vazifasi aniqlashtirilsa yanada foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.   Xurram TANGIROV, Jizzax davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchisi