Mutolaa…
Agata Kristi. Tilsimli shaxmat (hikoya)
Ko‘pincha biz Puaro bilan Soxodagi mo‘jazgina restoranchada ovqatlanardik. Bir kuni kechqurun biz u yerda eski qadrdonimiz — inspektor Jepni ko‘rib qoldik. Stolimizda bo‘sh o‘rin bo‘lgani sababli, u bizning yonimizga kelib o‘tirdi.
— Biz tomonlarga bormay qo‘ydingiz, — deb undan o‘pkaladi Puaro. — Sariq yosuman ishidan keyin hech ko‘rishmadik siz bilan, o‘shandan beri, mana, darrov bir oy ham o‘tib ketibdi.
— Men shimolga borib keldim. O‘zingizning gaplaringiz qalay? Katta to‘rtlik ish ko‘rsatib yotibdimi?
Puaro barmog‘i bilan uni yanib qo‘ydi.
— Siz bekorga mening ustimdan kulyapsiz. Katta to‘rtlikning mavjudligi aniq.
— O‘-o‘, men bunga shubha qilmayman. Lekin ular, siz ta’riflaganchalik, dunyoning ustuni ham emas-da.
— Do‘stim, siz qattiq yanglishasiz. Hozirgi paytda butun dunyoga yovuzlik urug‘ini o‘ta faollik bilan sochayotgan shu Katta to‘rtlik bo‘ladi.
Ularning maqsadi nimaga qaratilgani hech kimga ma’lum emas, lekin shu paytgacha bunday o‘ta jinoiy tashkilot dunyoda bo‘lmagan. Bu tashkilotga Xitoyning eng yirik zakovat sohibi boshchilik qiladi, uning tarkibida amerikalik millioner va frantsiyalik olima bor, tashkilotning to‘rtinchi raqamli a’zosi masalasiga kelsak…
Jep uning so‘zini bo‘lib dedi:
— Bilaman, bilaman. Hozir siz faqat o‘sha to‘rtinchi raqam haqida o‘ylayapsiz. Ehtiyot bo‘ling, mese Puaro, tag‘in u butun es-hushingizni olib qo‘ymasin. Keling, yaxshisi, boshqa biron narsa ustida gaplashaylik. Sizni shaxmat qiziqtiradimi?
— Ha, o‘ynaganman.
— Siz kecha yuz bergan voqea haqida o‘qidingizmi? Dunyoga mashhur bo‘lgan ikki shaxmatchi o‘rtasida bo‘lgan matchni aytyapman, ulardan biri o‘yin chog‘ida o‘lib qolgan.
— Ha, ko‘ruvdim bu haqdagi maqolani. Birinchi shaxmatchi — rus chempioni doktor Savaronov, ikkinchisi — yurak xuruji kasalidan o‘lgani — amerikalik iste’dodli yigit Gilmor Uilson.
— Juda to‘g‘ri. Bir necha yil burun Savaronov Rubinshteyn bilan o‘ynab uni yutgan va rus chempioni bo‘lgan. Uilsonni esa ikkinchi Kapablanka deb aytishardi.
— Juda alomat hodisa, — dedi Puaro o‘ychanlik bilan. — Yanglishmasam, bu ish bilan siz shug‘ullanyapsiz, shekilli?
Jep iymanib kulib qo‘ydi.
— Juda to‘g‘ri topdingiz, mese Puaro. Lekin men kalavaning uchini topolmay qiynalyapman. Uilson soppa-sog‘ odam edi — unda hech qachon hech qanday yurak xastaligi bo‘lmagan. Uning o‘limi sababini izohlab bo‘lmayapti.
— Uni doktor Savaronov, yo‘limga g‘ov bo‘lmasin, deb gumdon qilgan, demoqchimisiz? — dedim men dangaliga.
— Bunga ishonish qiyin, — deb quruqqina javob qildi Jep. — Bitta odamning, hatto u rus bo‘lganida ham, — boshqa bir odamni, faqat shaxmatda yutqazib qo‘ymaslik uchun o‘ldirishiga ko‘zim yetmaydi. Umuman olganda, menimcha, buning aksi bo‘lganda, haqiqatga yaqinroq bo‘lardi. Chunki doktor Savaronovni Laskerdan[1], keyin dunyoda ikkinchi o‘ringa qo‘yishadi.
Puaro o‘ychanlik bilan bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Xo‘sh, unda g‘oyachangiz nimadan iborat? — deb so‘radi u. — Nima maqsadda u Uilsonni zaharlagan? Menimcha, siz uni aynan zaharlangan, deb faraz qilyapsiz — shunday emasmi?
— Shak-shubhasiz. Bu o‘rinda yurak xuruji dardi yurakning urishidan to‘xtaganini bildiradi, xalos. Bu vrachning rasmiy xulosasi, ammo u men bilan qilgan suhbatida, bunday xulosa uni qoniqtirmasligini aytdi.
— Murdani qachon yorishmoqchi?
— Bugun kechqurun. Uilson favqulodda o‘lgan. U soppa-sog‘ bo‘lgan, dona surib turib birdan joni uzilib yiqilgan.
— Bunaqa tez ta’sir qiladigan zaharlar juda kam uchraydi, — dedi Puaro.
— Bilaman. Ehtimol jasad yorilganda masala oydinlashar. Lekin men bir narsaga hech tushunolmayapman: kimga kerak ekan Gilmor Uilsonni gumdon qilish? U kamtarin, beozor yigit edi. Qo‘shma Shtatlardan yaqinda kelgan edi. Uning bironta ham dushmani bo‘lmasa kerak bu dunyoda.
— Ha, juda aql bovar qilmaydigan hodisa, — dedim men.
— Nega endi? — dedi Puaro jilmayib. — Ko‘rib turibman, Jepning o‘z taxminlari borga o‘xshaydi.
— Bor, mese Puaro. Mening taxminimcha, zahar Uilsonga emas, boshqa odamga mo‘ljallangan.
— Savaronovgami?
— Ha. Savaronov inqilob arafasida bolsheviklarga qarshi kurashgan ekan. Bir paytlar uni halok bo‘lgan deb ham hisoblashgan. Lekin, aslida, u o‘limdan jon saqlab qochib qolgan va uch yilgacha Sibirning eng xilvat go‘shalarida benihoya og‘ir sharoitda kun kechirgan. U juda ko‘p azob chekkani sababli soch-soqoli oqarib, tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketgan va munkillagan chol bo‘lib qolgan. Aytishlaricha, yor-do‘stlari, tanish-bilishlari ham uni zo‘rg‘a tanishibdi. U nogiron, uyidan juda kam chiqadi, Vestminsterda jiyani Sonya Davilova va bir rus xizmatkori bilan turadi. Bu bellashuvda qatnashishni u sira-sira xohlamagan va taklifni bir necha marta rad etgan, lekin gazetalar, Savaronovning bu o‘jarligini sportchi uchun yarashmagan qiliq, deb shov-shuv ko‘targanlaridan keyin, u rozi bo‘libdi. Ikkinchi tomondan, Gilmor Uilson ham chinakam yankilarga xos tixirlik bilan uni bellashuvga chaqiraverib, axiri niyatiga yetibdi. Bilasizmi, mese Puaro, nima uchun Savaronov musobaqadan bosh tovlagan? Nimagaki, u omma e’tiborini o‘ziga qaratishni istamagan. Tag‘in biron kishi payimga tushmasin, deb qo‘rqqan. Mening fikrim shu — Gilmor Uilsonni adashib zaharlab qo‘yishgan.
— Ayting-chi, Savaronovning o‘limini tilovchi bironta g‘arazgo‘y shaxs bormi?
— Bunday shaxs faqat uning jiyani bo‘lishi mumkin. Savaronov yaqinda juda katta boylikka merosxo‘r bo‘lgan. Buni unga madam Bonu meros qilib qoldirgan. Eski tuzum paytida Bonuning eri qand zavodining xo‘jayini bo‘lgan ekan. Aytishlaricha, bir vaqglar Bonu bilan Savaronov bir-birlarini sevishgan va Bonu jazmanining o‘lgani haqidagi xabarga hech qachon ishonmagan.
— Match qayerda bo‘libdi?
— Savaronovning kvartirasida. Sizga aytuvdim — u nogiron. —Ancha odam yig‘ilibdimi?
— O‘n-o‘n ikkita. Balki undan ham ko‘proqdir. Puaro aftini ma’nodor burishtirdi.
— Sho‘ringiz qurisin, Jep, oldingizda juda og‘ir vazifa turipti.
— Uilsonning zaharlangani aniq ayon bo‘lgani hamono ishim yurishib ketishi muqarrar.
— Agar sizning, Savaronov qurbon bo‘lishi kerak edi, degan taxminingiz to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, unda qotil yana bir marta urinib ko‘rishi ehtimoldan xoli emas — siz bu haqda o‘ylab ko‘rmadingizmi?
— Gapingiz to‘g‘ri. Hozir Savaronovning kvartirasini ikkita odamimiz kuzatib turipti.
— Bu tadbiringiz, turgan gapki, doktornikiga bomba qo‘ltiqlab kirmoqchi bo‘lganlarni cho‘chitib yuboradi, — dedi Puaro iltifotsiz istehzo bilan.
— Siz bu masalaga jiddiy qiziqib qolgan ko‘rinasiz, mese Puaro, — dedi Jep ko‘z qisib qo‘yarkan. — O‘likxonaga borib Uilsonni, vrachlar qo‘liga tushmasidan oldin, bir ko‘zdan kechirishni xohlamaysizmi? Kim bilsin, ehtimol uning galstugiga qadalgan to‘g‘nag‘ichi sal qiyshayib qolgandir-u, bu narsa sirni ochishda hal qiluvchi bebaho dalil bo‘lar.
— Azizim Jep, boyattan beri qo‘lim qichib, sizning to‘g‘nag‘ichingizni to‘g‘rilab qo‘ygim kelyapti. Ijozat berasizmi? O! Mana bu boshqa gap. Ha, albatta, qani, ketdik o‘likxonaga.
Bu yangi jumboq Puaroning butun e’tiborini tortib olgani yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Keyingi paytlarda u faqat Katta to‘rtlik ustida bosh qotirayotgan edi mana, uning boshqa narsaga qiziqib qolganini ko‘rib men xursand bo‘ldim.
O‘zim bo‘lsam amerikalik baxti qaro yigitning qotib qolgan jasadini va burushgan basharasini ko‘rib, sho‘rlikka qattiq achindim. Puaro murdani diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Uning badanida, agar chap qo‘lidaga kichkina chandiqni hisobga olinmasa, hech qanday qiynoq izi yo‘q edi.
— Doktor buni kesilgan emas, kuygan deb aytyapti, — dedi Jep.
Keyin Puaro stolga terib qo‘yilgan narsalarga e’tiborini qaratdi (ularni konstebl murdaning cho‘ntaklaridan olgan edi). Bularning bari uncha ahamiyatga ega bo‘lmagan narsalar edi — ro‘molcha, kalitlar, hamyon va bu ishga daxli bo‘lmagan bir necha maktub. Ammo sal narirokda alohida turgan narsa Puaroning diqqatini o‘ziga tortdi.
— Shaxmat donasi-ku! — deb yubordi u. — Oq fil. Nima, bu ham uning cho‘ntagidan chiqdimi?
— Yo‘q, uni murda mahkam siqimlab olgan ekan. Biz uning barmoqlarini zo‘rg‘a ochib oldik. Kezi kelganda, uni doktor Savaronovga qaytarib berish kerak bo‘ladi. Bu uning fil suyagidan yasalgan juda bejirim shaxmat donalaridan biri.
— Ijozatingiz bilan, buni egasiga men qaytarib bersam. Uning huzuriga kirish uchun yaxshi bahona bo‘lardi.
— Ahha! — deb chinqirib yubordi Jep. — Siz bu ish bilan shug‘ullanmoqchisiz — topdimmi?
— Ha. Siz juda ustalik bilan qiziqish uyg‘otdingiz menda bu ishga.
— Juda yaxshi-da. Sal bo‘lsa ham, fikringizni chalg‘itdim. Mana, kapitan Xastings ham roziga o‘xshaydilar.
— Yanglishmadingiz, — dedim men uning gapini tasdiqlab. Puaro murda tomonga o‘girildi.
— Buning to‘g‘risida menga aytadigan boshqa gapingiz yo‘qmi? — deb so‘radi u.
— Yo‘q, shekilli…
— Hatto uning chapaqay ekanligi haqida ham hech nima demaysizmi?
— O, siz sehrgarsiz, mese Puaro. Qayoqdan bildingiz? U chindan ham chapaqay bo‘lgan. Holbuki, ko‘rayotgan ishimizga buning hech qanday daxli yo‘q.
— Ha, mutlaqo daxli yo‘q, — deb Puaro shosha-pisha Jepning fikrini ma’qulladi, chunki uning taraddudlana boshlaganini payqagan edi. — Bu mening kichkinagina hazilim, vassalom. Bilasiz-ku, men sizni kalaka qilishni yaxshi ko‘raman!
Biz mana shu do‘stona hazil-huzul gaplar bilan xayrlashdik.
Ertasi kuni ertalab biz Vestminsterga, doktor Savaronovnikiga yo‘l oldik.
Eshikni bizga xizmatkor ochdi; uning yuzi xuddi o‘liknikidek ifodasiz edi.
Puaro unga Jepning muxtasar tavsiya yozilgan tashrifnomani ko‘rsatdi, shundan so‘ng bizni ajoyib guldor matolar va g‘aroyib ekzotik buyumlar bilan bezatilgan shifti past, uzun xonaga boshlab kirishdi. Bu xonaning devorlariga antiqa ikonalar osilgan, yerga esa hayratomuz eroniy gilamlar to‘shalgan edi. Stolda samovar turardi.
Men bir ikonani tomosha qila boshladim: u meni o‘ziga mahliyo qilib qo‘ygan edi. Keyin orqamga o‘girilib, Puaroning yerda yaslanib yotganini qo‘rdim. To‘g‘ri, gilam g‘oyatda go‘zal edi, ammo uni bu qadar sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishning hech hojati yo‘q edi, menimcha.
— Nahotki u sizni shunchalik rom qilib qo‘ygan bo‘lsa? — deb so‘radim men.
— A? O! Gilammi? Darhaqiqat, bu juda chiroyli buyum, lekin nechun shunday noyob gilamning qoq o‘rtasiga mix qoqib teshibdiykinlar, hayronman? Yo‘q, Xastings, — dedi Puaro mening unga tomon yura boshlaganimni ko‘rib, — hozir mix yo‘q. Lekin teshigi qolgan.
Shu payt sharpa eshitilib, men orqamga o‘girildim, Puaro epchillik bilan sak-rab o‘rnidan turib ketdi. Ostonada turgan qiz bizga shubha bilan boqardi. Bu o‘rta bo‘yli, ko‘hlikkina ammo ma’yus chehrali qizning ko‘zlari ko‘k, kalta kesilgan sochi tim qora edi. U gapira boshlaganida, ovozi jarangdor va salobatli ekani, talaffuzi esa, mutlaqo inglizchaga o‘xshamasligi ma’lum bo‘ldi.
— Tog‘am sizlarni qabul qila olmasalar kerak. U nogiron.
— Afsus, afsus. Balki o‘zingiz tog‘angizning o‘rniga menga yordam qilarsiz? Siz mademuazel Davilovasiz — shunday emasmi?
— Ha, men Sonya Davilovaman. Nimani bilmoqchi edingiz?
— Men o‘tgan kuni yuz bergan ko‘ngilsiz hodisa — mese Gilmor Uilsonning o‘limi haqida ma’lumot yig‘yapman. Bu haqda siz nima deya olasiz?
Qizning ko‘zlari katta-katta ochildi.
— U shaxmat o‘ynayotganida yurak xuruji dardidan vafot etdi.
— Lekin politsiya buning yurak xuruji ekanligiga ishonmayapti, oyimqiz.
— Voy, demak rost ekan! — deb chinqirib yubordi vahimaga tushgan qiz o‘zini orqaga tashlab. — Ivan to‘g‘ri aytgan ekan.
— Ivan, deganingiz kim? Nima uchun siz, u to‘g‘ri aytgan ekan, deyapsiz?
— Ivan hali sizlarga eshik ochdi. Uning aytishicha, go‘yo Gilmor Uilson o‘z aja-li bilan o‘lmaganmish, balki uni adashib zaharlab qo‘yishganmish.
— Adashib?
— Ha, zahar mening tog‘am uchun mo‘ljallangan ekan.
Sonya boyagi shubhalarini unutib, endi bemalol ochiqchasiga gapirardi.
— Nega bunday deyapsiz, mademuazel? Kim zaharlamoqchi ekan doktor Savaronovni?
Qiz bosh chayqab dedi:
— Bilmayman. Men tog‘amning faoliyatidan g‘ofilman. U menga ishonmaydi. Bu tabiiy hol, menimcha. Negaki, tog‘am meni deyarli bilmaydi. Bu yerda, Londonda uchrashmasimizdan oldin u meni faqat go‘dak chog‘imda ko‘rgan. Lekin shuni aniq bilamanki, u nimadandir qo‘rqadi. Ayting-chi, mese, — deb u Puaroga yaqin keldi va ovozini pasaytirib so‘radi: — Siz «Katta to‘rtlik» deb yuritiluvchi jamiyat haqida hech eshitganmisiz?
Puaro, xuddi boshidan qaynoq suv quyib yuborilganday bir sapchib tushdi.
— Nega siz… siz nima bilasiz Katta to‘rtlik haqida, mademuazel?
— Demak, shunday tashkilot bor! Men buning daragini eshitgan edim, keyin bu haqda tog‘amdan so‘rovdim… Yo tavba, umrim bino bo‘lib, bunchalik qattiq vahimaga tushgan odamni ko‘rmaganman. Tog‘amning rangi dokadek oqarib, butun vujudi dag‘-dag‘ qaltiray boshladi. U o‘shalardan qo‘rqadi, mese, judayam qo‘rqadi, ishonchim komil. Ular amerikalikni, — Uilsonni aytyapman, — yanglishib o‘ldirib qo‘yishgan.
— Katga to‘rtlik, — deb g‘o‘ldiradi Puaro. — Yana Katta to‘rtlik! Qanday hayratomuz uyg‘unlik! Mademuazel, tog‘angizning hayoti hali ham xavf ostida. Men uni himoya qilishim kerak. Shu bois siz menga o‘sha kuni kechqurun bo‘lgan voqealarni, imkon qadar, mufassalroq so‘zlab berishingiz kerak. Siz menga shaxmat taxtasini, ikki o‘yinchi o‘tirgan stolni — hamma-hammasini ko‘rsating!
Sonya devorga yaqin borib, sirti g‘oyat bejirim stolchani g‘ildiratib chiqardi, stolcha ustidagi shaxmat taxtasi kumush va qora rangli kvadratlar bilan bezatilgan edi.
— Buni bir necha hafta burun tog‘amga sovg‘a qilib yuborishgan va navbatdagi matchni shu taxtada o‘ynashni iltimos qilishgan edi. Bu stolcha mana bu yerda — xonaning o‘rtasida turgan edi.
Puaro stolni, mening nazarimda, juda-juda sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Lekin menga qolsa, tergovni butunlay boshqacha usulda olib borgan bo‘lardim. U bergan savollarning ko‘pchiligi mutlaqo befoydadek bo‘lib tuyuldi menga, u eng zaruriy va muhim savollarni deyarli bermadi. Fahmimcha, kutilmaganda Katta to‘rtlikni esga olinishi Puaroni kalovlatib qo‘ygan edi.
Puaro stolni va u turgan yerni diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, shaxmat donalarini ko‘rsatishni iltimos qildi, Sonya Davilova qutiga solingan donalarni ko‘tarib keldi. Puaro bir-ikkita donani qo‘lida aylantirib ko‘rdi-da, parishonxotirlik bilan to‘ng‘illab qo‘ydi:
— Chiroyli donalar.
Lekin qanday ichimliklar ichilgani yoki matchda kimlar qatnashgani haqida bir og‘iz ham so‘ramadi.
Men ma’nodor yo‘talib qo‘ydim.
— Nazarimda, siz Puaro…
U takabburlik bilan so‘zimni bo‘ldi:
— Yo‘q, u haqda o‘ylamang, do‘stim. Buni menga qo‘yib bering. Mademuazel, nahotki tog‘angizni ko‘rish menga nasib etmasa?
Sonya xiyolgina jilmayib qo‘ydi.
— Tog‘am sizni qabul qiladi, ha. Bilasizmi, dastavval siz bilan men gaplashib olishim lozim edi… siz bilan ham, tashrif buyurgan boshqa notanish kishilar bilan ham.
U ichkariga kirib ketdi. Qo‘shni xonadan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitiddi, bir daqiqadan so‘ng qiz qaytib chiqib, bizni qo‘l ishorasi bilan ichkariga taklif qildi.
Kushetkada baland bo‘yli, qotmadan kelgan, qoshlari baroq, soqoli oppoq — xullas, zodagonsifat odam yotardi. Uning so‘lg‘in chehrasi ko‘p qiyinchiliklar va muhtojliklarni boshidan kechirganligida dalolat bsrardi. Doktor Savaronov obro‘-e’tiborli shaxs ko‘rinardi. Kallasining g‘ayrioddiy shaklda ekanligi diqqatimni tortdi. Buyuk shaxmatchi ulkan zakovat sohibi bo‘lmog‘i shart. Men uning dunyoda ikkinchi o‘rindagi shaxmatchi ekanligiga osongina ishondim.
Puaro unga ta’zim qilib dedi:
— Doktor, siz bilan yolg‘iz gaplasha olishim mumkinmi? Savaronov jiyani tomonga o‘girildi.
— Bizni xoli qoldir, Sonya.
Qiz itoatkorlik bilan chiqib ketdi.
— Qulog‘im sizda, ser.
— Doktor Savaronov, siz yaqinda juda katta merosga ega bo‘libsiz. Kechirasiz-u, mabodo o‘lib-netib qolgudek bo‘lsangiz, u boylik kimga qoladi?
— Men jiyanim Sonya Davilova nomiga vasiyatnoma yozib qo‘yganman. Siz o‘ylaysizki…
— Men hech nima o‘ylamayman, ammo siz jiyaningizni yosh bolalik chog‘idan beri ko‘rmagansiz. Bunaqa rolni har qanday odam ham osongina ijro etishi mumkin.
Savaronov hang-mang bo‘lib qoldi. Puaro esa, pinagini buzmay gapini davom ettirdi.
— Bu haqda yetar. Men sizni ogohlantirib qo‘ydim, xolos. Endi siz menga o‘sha kuni kechqurun o‘ynalgan partiyani ta’riflab berishingizni istardim.
— Partiyani? Siz nimani nazarda tutyapsiz?
— Men o‘zim shaxmat o‘ynashni bilmayman. Lekin, bilishimcha, o‘yinni boshlashning hamma shaxmatchilar uchun odat bo‘lib qolgan bir qancha turlari bo‘lar ekan — masalan, gambit. Shunaqa deyishadi, shekilli? Doktor Savaronov jilmayib qo‘ydi.
— Nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Uilson Ryui Lopes o‘yinini qo‘lladi — bu o‘yinning ibtidosi ancha bexatar boshlanadi; ko‘p turnirlarda shaxmatchilar shu usulni qo‘llashadi.
— Nechta yurish qilgan edinglar falokat yuz bergunga qadar?
— Uchinchi yo to‘rtinchi yurishda Uilson birdan stolga muk tushdiyu o‘ldi. Puaro o‘rnidan turdi va go‘yo mutlaqo ahamiyatsiz bo‘lgan oxirgi savolini berdi; lekin bu savolning juda katta ahamiyatga molik ekanligi menga ayon edi:
— U biron nima yeganmidi yo ichganmidi?
— Sodali suv omuxta qilingan viski ichuvdi, shekilli.
— Minnatdorman, doktor Savaronov. Sizni boshqa bezovta qilmayman. Ivan bizni dam olish xonasida kutib turgan edi. Puaro ostonada to‘xtab, undan so‘radi:
— Siz bilmaysizmi, tagingizdagi kvartirada kim turadi?
— Parlament a’zosi ser Charlz Kingvel, ser. Lekin, bilishimcha, hozir bu kvartira ijaraga qo‘yilmoqchi.
— Rahmat.
Biz ko‘chaga chiqdik, osmonda qish quyoshi charaqlab turardi.
— Bilasizmi, Puaro, — dedim men ortiq chidab turolmay, — menimcha, bugun siz sal aynidingiz. Bergan savollaringiz juda bemulohaza bo‘ldi.
— Siz shunday deb o‘ylaysizmi, Xastings? — Puaro menga taajjub bilan boqdi. — Xo‘sh, o‘zingiz nimalarni so‘ragan bo‘lardingiz?
Men Puaroga o‘z so‘roqlarim tarkibini bayon qildim. U gaplarimni, nazarimda, ancha e’tibor bilan tingladi. Mening bu bayonim to uyga yetib borgunimizcha davom etdi.
— Juda soz, g‘oyat puxta o‘ylangan savollar, Xastings, — dedi Puaro eshikni ochib zinadan ko‘tarilar ekan. — Lekin, taassufki, mutlaqo keragi yo‘q ularning.
— Keragi yo‘q? — dedim men hang-mang bo‘lib. — Agar u zaharlanganida bormi…
— Aha! — deb chinqirib yubordi Puaro stolda yotgan xatga qo‘l cho‘zarkan. — Bu Jepdan. O‘zim ham shunday o‘ylovdim.
U xatni menga uzatdi. Xat qisqa va lo‘nda edi. Murdadan hech qanday zahar topilmagan, o‘limning sababi mavhumligicha qolgan.
— Ana, ko‘rdingizmi, — dedi Puaro, — siz bermoqchi bo‘lgan savollarning hech keragi bo‘lmas edi.
— Siz buni sezganmidingiz?
— Sezgandim.
— Qanday qilib?
Puaro qo‘lini cho‘ngagiga tiqib oq fil donasini oldi.
— Ie, uni doktor Savaronovga qaytarib berish esingizdan chiqibdimi? — deb so‘radim men.
— Yanglishdingiz, do‘stim. Kechagi fil hali ham mening chap cho‘ntagimda yotipti. Men uning bu adashini shaxmat donalari solingan qutidan oldim, boya uni mademuazel Davilova menga lutfan ko‘rsatgan paytda.
Men hech nimaga tushunmadim.
— Axir nega uni oldingiz?
— Men bu ikkita filni solishtirib ko‘rmoqchiman. U fil donalarini stolga yonma-yon qo‘ydi.
— Ko‘rinishi bir xil. Lekin sirtiga qarab xulosa chiqarmaylik. Iltimos, mening jajji torozchamni olib kelsangiz.
Puaro ikkita donani nihoyatda sinchkovlik bilan tortib ko‘rdi, so‘ng menga o‘girilib, quvnoq chehra bilan dedi:
— Men haq chiqdim. Ko‘ryapsizmi, men haqman. Ha, Erkyul Puaroni aldab bo‘lmaydi! U telefon tomon otilib, shoshqaloqlik bilan raqamlarni terdi.
— Jepmisiz? Erkyul Puaro gapiryapti. Xizmatkorni, Ivanni ko‘zdan qochirmang. Zinhor uning qochib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Ha, ha, shunaqa.
U go‘shakni ilib menga o‘girildi.
— Siz haliyam tushunmadingizmi, Xastings? Hozir tushuntiraman. Uilson zahardan emas, elektr tokidan o‘lgan. Manavi ikkita donadan birining ichiga metall sterjen o‘rnatilgan. Match o‘ynaladigan stol oldindan tayyorlanib, polning belgilangan yeriga o‘rnatilgan. Fil kumush kataklardan biriga qo‘yilishi bilan Uilsonning badanidan tok o‘tgan-u shu zahoti u jon bergan. Uning qo‘lida kuyuk izi qolgan — chap qo‘lida, chunki u chapaqay bo‘lgan. «Maxsus» stol, aslida, nayrangli qurilma. Lekin men ko‘zdan kechirgan stol — avvalgisining mutlaqo bexatar nusxasi. Qotillik yuz bergandan so‘ng, stolni darhol o‘zgartirib qo‘yishgan. Hamma nayrang pastdagi kvartiradan boshqarilgan, esingizda bo‘lsa, u ijaraga qo‘yilar ekan. Ammo jinoyatchilardan, yo‘q deganda, bittasi Savaronovning kvartirasida bo‘lgan. Bu — uning jiyani — Katta to‘rtlikning ayg‘oqchisi.
— Ivan-chi?
— Ivan mening gumonim bo‘yicha, o‘sha mashhur «to‘rtinchi raqam»ning o‘zi.
— Nima?
— Ha. Bu odam — mohir aktyor. U har qanday rolni ijro etishga qodir.
— Vo ajab, — dedim men. — Hammasi to‘g‘ri chiqyapti. Savaronov o‘ziga qarshi qandaydir fitna uyushtirilayotganini sezgan, shuning uchun matchda qatnashishdan bosh tovlagan.
Puaro menga qarab qo‘ydi, lekin hech nima demadi. Keyin u shaxt orqasiga burildi-da, xona ichida uyoqdan buyoqqa yura boshladi.
— Sizda, mabodo, shaxmat haqidagi kitoblar yo‘qmi, mon ami? — deb so‘rab qoldi u birdan.
— Qayerdadir bor edi.
Men u kitobni qidira-qidira axiri topdim va Puaroga olib kelib berdim. U rohat kursiga o‘tirib olib, kitobni diqqat bilan o‘rgana boshladi.
Taxminan chorak soatlardan keyin telefon jiringladi. Men go‘shakni ko‘tardim. Jep qo‘ng‘iroq qilayotgan edi. Ivan kattakon tugun ko‘tarib uydan otilib chiqibdi-yu ko‘chada uni kutib turgan taksiga o‘tirib jo‘nab qolibdi. «Quv-quv» boshlanibdi. Ivan ta’qib etuvchilarni chalg‘itib, «sochib» yuborishga uringan. Nihoyat, ta’qibdan qochib qutildim, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, to‘g‘ri Xempsteddagi kattakon egasiz uyga yo‘l olgan. Uy qurshab olinibdi.
Men buni Puaroga aytdim. U menga xuddi gap nima haqda borayotganini tushunmayotganday qaradi, so‘ng kitobni menga uzatdi.
— Mana, ko‘ring, do‘stim. Bu Ryui Lopesning o‘yinni boshlash usuli. 1. ye4 – ye5; 2. Kf3 – Kc6; 3. Cb5… Endi qoralar bir necha turdagi himoya yo‘llaridan birini tanlashlari lozim edi. Biroq oqlarning uchinchi yurishi — Cb5 Gilmor Uilsonni o‘ldirgan. Ha, atigi uchinchi yurishdayoq u o‘lgan — nahotki haliyam tushunmagan bo‘lsangiz?
Men uning nima demoqchi bo‘lganiga tushunolmayotganimni aytdim.
— Faraz qiling, Xastings, siz mana bu kursida o‘tiribsiz va ko‘cha eshikning ochshgab yopilganini eshitdingiz — nima deb o‘ilagan bo‘lardingiz?
— Kimdir uydan chiqdi, deb o‘ylasam kerak.
— To‘g‘ri, lekin har qanday medalning orqa tomoni ham bor. Kimdir uydan chiqqan yoxud kirgan bo‘lishi mumkin, ammo bu mutlaqo bir-biriga zid hol, Xastings. Agar siz noto‘g‘ri xulosaga kelsangiz, bir ozdan keyin, albatta, qandaydir kichkinagina tafovut paydo bo‘ladiyu sizning noto‘g‘ri fikr yuritganingiz ko‘rinadi-qoladi.
— Bu bilan nima demoqchisiz, Puaro? Puaro irg‘ib o‘rnidan turib ketdi.
— Aytmoqchimanki, men g‘irt ahmoq ekanman. Qani, tezroq bo‘ling, ketdik V
estminsterga. Ehtimol hali ulgurarmiz.
Biz ko‘chaga otilib chikib taksi tutdik. Puaro men bergan savollarning bittasiga ham javob qaytarmadi. Biz yetib borib, zinadan yugurib chiqdik. Qo‘ng‘iroqni bosdik. Lekin hech kim eshikni ochmadi. Men ichkariga quloq solib, u yerdan kimningdir ingrayotgan ovozini eshitdim.
Eshikbonda kvartiraning ikkinchi kaliti bor ekan, biz unga nima sababdan Savaronovnikiga kirmoqchi ekanligimizni zo‘rg‘a tushuntirdik. Nihoyat, eshikbon rozi bo‘ldi.
Puaro xonaga o‘qdek otilib kirdi. Dimog‘imizga xloroform hidi gup etib urildi. Yerda oyoq-qo‘li bog‘langan, og‘ziga latta tiqilgan Sonya Davilova yotardi. Xloroformga bo‘ktirilgan paxta uning og‘zi bilan burnini berkitgan edi. Puaro paxtani yulqib olib, azza-bazza qizni hushiga keltira boshladi. Saldan keyin vrach yetib keldi. Puaro qizni uning ixtiyoriga qoldirib, meni bir chekkaga boshladi. Doktor Savaronov hech yerda yo‘q edi.
— Nima gap o‘zi, Puaro? — deb so‘radim men hang-mang bo‘lib.
— Gap shundaki, men ikkita bir-biriga o‘xshash xulosadan noto‘g‘risini tanlabman. Esingizdami, Sonya Davilovaning rolini ijro etish oson, chunki tog‘asi uni juda ko‘p yillardan beri ko‘rmagan, deb aytgan edim?
— Ha.
— Ana o‘sha xulosamning teskarisi to‘g‘ri chiqdi. Aytmoqchimanki, tog‘aning rolini ijro etish ham hech qiyin emas.
— Nima?
— Savaronov chindan ham inqilob paytida halok bo‘lgan. O‘zini eng og‘ir muhtojliklarni boshidan kechirgan qilib ko‘rsatgan, judayam o‘zgarib ketganligi sababli, hatto oshna-og‘aynilari ham taniyolmay qolgan, juda katga boylikka merosxo‘r bo‘lgan odam…
— Xo‘sh? Kim ekan u?
— «To‘rtinchi raqam». Sonya unga Katta to‘rtlik haqida eshitganini aytganida, u bekorga cho‘chib ketmagan. Eh, u yana qo‘limdan chiqib ketdi. Bu jumboqni axiri yechishimni u sezgan, shuning uchun begunoh Ivanni, xo‘jako‘rsinga, soxta topshiriq bilan jo‘natgan va o‘zi qizning oyoq-qo‘lini bog‘lab qochib qolgan. Aminmanki, bu orada u madam Bonuning omonatidan katta bir qismini pulga aylantirishga ulgurgan.
— Unda, Savaronovni o‘ldirmoqchi bo‘lganlar kim ekan?
— Uni hech kim o‘ldirmoqchi bo‘lgan emas. Aynan Uilson edi rejadagi qurbon.
— Nega axir?
— Do‘stim, bilasiz, Savaronov dunyoda ikkinchi o‘rindagi shaxmatchi hisoblangan. Taxminlarga ko‘ra, «to‘rtinchi raqam» shaxmat o‘yinining «sh» harfini ham bilmaydi. Turgan gapki, u o‘z o‘yini bilan hech kimni laqillata olmasdi. Shuning uchun u matchdan bosh tovlashga urinib ko‘rgan. Bu niyati puchga chiqqach, Uilsonning taqdiri hal qilingan. Uilson «buyuk Savaronov»ning hatto o‘yin qoidasidan ham bexabar ekanligini ko‘rmasligi kerak edi. U Ryui Lopes o‘yinining muqaddimasini ma’qul ko‘rib, shu usul bilan o‘ynamoqchi bo‘lgan. Lekin «to‘rtinchi raqam» uni uchinchi yurishdayoq o‘limga ro‘para qilgan — bu bilan u navbatdagi dona surishdan, ya’ni himoyaga o‘tish masalasini hal qilishdan qutilib qolgan.
— Azizim Puaro, — deb e’tiroz biddirmoqchi bo‘ldim men, — axir u tentak emas-ku! Men sizning dalillaringizga tushundim, ular to‘g‘ri bo‘lsa kerak, albatta, lekin faqat o‘zining mash’um rolini bundan keyin ham ijro etish maqsadidagina odam o‘ldirish — bunga aqlim bovar qilmaydi! Boshqa ilojini topish ham mumkin edi-ku. Masalan, vrach shaxmat o‘ynashni unga man etib qo‘yganini, o‘ynasa, qattiq hayajonlanishi va kasal bo‘lib qolishini aytsa bo‘lardi-ku.
Puaro peshonasini tirishtirdi.
— To‘g‘ri, Xastings, — dedi u, — boshqa yo‘llar ham bor, lekin ular u qadar ishonchli emas. Qolaversa, siz odam o‘ldirilishini xohlamaganingizdan shunday qarorga kelyapsiz, to‘g‘rimi? Ammo «to‘rtinchi raqam»ning mulohazasi tamomila boshqacha. Men o‘zimni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ryapman, lekin siz bunday qilolmaysiz. Men uning fikrini o‘qiyapman. U fossmeysterlik rolini ijro etishdan huzur qiladi. Aminmanki, bu rolni puxta o‘rganish uchun u shaxmat turnirlariga borib o‘yinlarni kuzatgan. U qovoq solib o‘tiradi, o‘zini o‘yinni rejalashtirayotganday qilib ko‘rsatadi, ammo ichida kulib o‘tiradi. U faqat ikkita yurishni biladi — undan keyingisining keragi yo‘q. U, ya’ni «to‘rtinchi raqam» mamnun, chunki hozir yuz beradigan voqeani — ro‘parasidagi raqibi, u tuzgan rejaga ko‘ra, o‘zini o‘zi o‘ldirishini oldindan biladi… Ha, ha, Xastings, men uning psixologiyasini tushuna boshladim.
Men yelkamni qisib qo‘ydim.
— Siz haqsiz albatta, lekin hayronman, nega u bunday xatarli ishga jur’at etdiykin?
— Xatarli ish? — dedi Puaro to‘ng‘illab. — Buning nimasi xatarli? Nima, Jep uning bu jumbog‘ini yecha olarmidi? Yo‘q. Agar «to‘rtinchi raqam» kichkinagina bir xatoga yo‘l qo‘ymaganida, hech qanday xatar yuz bermagan bo‘lardi.
— U qanday xato ekan? — deb so‘radim men, garchi eshitadiganim javobni oldindan bilsam ham.
— Mon ami, u Erkyul Puaroning miyasidagi mayda-mayda, odmigina hujayralarini hisobga olmagan.
Puaroning fazilatlari ko‘p, lekin kamtarlik bu fazilatlar safiga kirmaydi.
Ruschadan Qodir Mirmuhamedov tarjimasi