Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Mutolaa…

O‘tkir Hoshimov. O‘zbeklar (hikoya) Mahallada qaysi kampirni uyidan topolmasangiz, to‘ppa-to‘g‘ri Otinoyinikiga boravering! Otinoyining hovlisi past ko‘chaning etagida. Uyi ham boshqalarnikidan ajralib turadi. Ikkita derazali pastak uy. Boshqalarning derazasi oldida gilos bo‘lsa, Otinoyinikida ikki tup tut bor. Boshqalarning tomi tunuka bo‘lsa, Otinoyining tomi shifer. Hammaning tomida televizor antennasi bor, Otinoyinikida yo‘q. Ammo uning uyi hamisha hammanikidan gavjum bo‘ladi. Doimo ochiq turadigan pastak darvozadan kirishingiz bilan eng avval dimog‘ingizga gup etib rayhon isi uriladi. Keyin bir mahalla xotinning gangur-gungur suhbatini, bolalarning qiy-chuvini eshitasiz. Mashina sig‘maydigan (unga mashinaning nimayam keragi bor) tor yo‘lakdan o‘tib, qutidekkina shinam hovliga kirasiz. Ariq tortib ekilgan rayhonlar belga uradi. Osh rayhon, sada rayhon, oq rayhon, qora rayhon. Hovli etagida, eski bostirma oldida bir tup o‘rik bor. Dovuchcha tukkanidan boshlab turshak bo‘lguncha mahallaning qora-qura bolalari shoxdan-shoxga tarmashadi. Otinoyi o‘rikni qizg‘anganidan emas, bolalarga achinganidan chirqillaydi: «Hoy, uyingga bug‘doy to‘lgur takalar, tush, yiqilib ketasan!» «Takalar» parvo qilmaydi. Biladiki, Otinoyining tuti ham, o‘rik ham ularniki! Umuman, bu hovli hammaniki. Erta ko‘klamda sumalak shu yerda bo‘ladi. Ismaloq somsa, yalpiz somsa Otinoyining bostirmasidagi tandirda yopiladi. Keyin tut pishadi. Ketidan o‘rik. Mahalladagi xotinoshi bormi, challarmi, beshik to‘yi bormi, quda chaqiriqmi — hammasining maslahati shu yerda pishadi. Qancha non yopiladi, qancha guruch damlanadi. Qudalarga «to‘qqiz-to‘qqiz»da nimalar tortish kerak… To‘g‘ri, u otinlikdan ko‘ra ko‘proq xodimlik qilgan. Ammo uni xodim xola emas, Otinoyi deyishadi. Qolaversa, hozir dasturxonchilikni tashlagan. Uch yil bo‘ldi. Keksayib, kuchi yetmay qoldi. Lekin haliyam Otinoyi deyishadi. Yozda o‘rik tagidagi eski so‘ri, qishda «chiylampa» suvoq qilingan pastak shiftli, tokchalariga barkashlar, chegalangan qadimiy «gardim» laganlar terib qo‘yilgan uy hamisha gavjum bo‘ladi. Hozir yoz. Dumbul bo‘lgan o‘rik shoxida odatdagidek qo‘shni bolalar kir maykasining qo‘yniga o‘rik to‘ldiryapti. Bittasini og‘ziga tashlaydi, bittasini qo‘yniga soladi. (Har ehtimolga qarshi.) Otinoyi pastak shiftli uyida og‘zi ochilgan eski sandiq oldida cho‘kkalab o‘tiribdi. Uyni kuyadori hidi tutib ketgan. O‘rtadagi xontaxta atrofida Inoy garangning xotini Bahri xola, zavodda ishlaydigan «giroy» Ahmadning onasi Muattar xola, «Kelinposhsha» o‘tirishibdi. Otinoyi sandiqdan birma-bir o‘limliklarini olib «ko‘z-ko‘z» qilyapti. —  Mana bu — kafanlik, — deydi u bejirim qilib o‘ralgan dokani ko‘rsatib. Muattar xola dokaning bir uchini chimchilab ko‘radi. —  Yaxshi, misqoli doka ekan. —  Iskandarim ataylab Maskovdan obkelgan. — Otinoyi kerilib qaddini rostlaydi. — Mana buni yirtishga berasila. — U tag‘in bir tugunni ochadi. — Ammo-lekin ro‘mollardan sal ko‘nglim to‘lmay turibdi. Hammasi bir xil bo‘lgani yaxshi. Mana, o‘ttiztasi ko‘k, yigirmatasi moshrang. Mayli, Iskandarimga aytaman, obkelib beradi. —  Qo‘ying, ovsin poshsha, hali ko‘p yurasiz, — deydi Bahri xola ming‘irlab. U ming‘irlamasdan gapirolmaydi. Dimog‘i shunaqa bechoraning. Ayniqsa «p»ni aytolmaydi, «m» deydi. Sal g‘iybatchiroq-ku, ammo yaxshi xotin, ko‘ngli bo‘sh. Qo‘shnining mushugi tug‘sayam, «joni og‘rigandir», deb yig‘laydi. U ro‘molining uchini mijjasiga bosib xo‘rsindi. — Qarab turing, hali qo‘sha-qo‘sha nevaralar ko‘rasiz, to‘ylar qilasiz, ovsin moshsha! — U «poshsha» deganda ovozi «moshsha» bo‘lib chiqadi. — Aytganingiz kelsin. — Otinoyi ma’yus jilmayadi. «O‘limligini» tartib bilan yana sandiqqa joylaydi. — Xudo Iskandarimgayam qo‘chqordek o‘g‘illar bersa ajabmas. Kechayam kelib ketdi, bolam boyaqish. — Otinoyi sandiqni qaytadan titkilaydi. — Mana, — deydi ikki lo‘ppi yaltiroq qog‘ozli sovunni olib. — Polcha degan joydan mozor bosib kelgan. Iskandarim obkeldi. U sovunning bittasini Bahri xolaga, bittasini Muattar xolaga beradi. —  Voy, munchayam yaxshi! — Muattar xola «polskiy» sovunni huzur qilib hidlaydi. Bahri xola ham hidlayotganida Muattar xoladan dashnom eshitadi. —  Is bilmaysiz-ku, hidlab nimaning farqiga bordin-giz… —  O‘g‘limni duo qilinglar, — deydi Otinoyi astoydil yalinib. — O‘zidan ko‘paysin, denglar, yaxshi farzandlar bersin, denglar. Boyadan beri indamay o‘tirgan «Kelinposhsha» jilmayadi. —  Menga-chi, Otinoyi? Mozor bosib kelgan «Polcha» sovundan menga bermaysizmi! —  Siz sovunni nima qilasiz, Kelinposhsha, o‘zingiz oydaysiz. Undan ko‘ra borib choy damlab keling. «Kelinposhsha» — Otinoyining devor -darmiyon qo‘shnisi. O‘rtadan tuynuk ochib qo‘yishgan. Eri provodnik. Mahalladagi yosh-yalanglar uni Kelinoyi deb chaqirishadi. Otinoyi uchun u «Kelinposhsha». Yaxshi juvon, bechora. Sakkizta bolasi bor. Eng kichkinasi endi yo‘lga kirdi. «Kelinposhsha» shu ko‘klam tag‘in boshqorong‘i bo‘ldi: dovuchchaga. Hovuch-hovuch dovuchcha yeb esi ketdi boyaqishni. Kelinposhsha «dik» etib o‘rnidan turadi. Otinoyi ketidan tayinlab qoladi: —  Iskandarim obkegan choydan damlang, bolam. Dutor chalib turganidan. «Kelinposhsha» bir zumda choy damlab keladi. —  «Polcha» sovunni to‘yana qilasiz, Otinoyi, — deydi kulib. — Aqining to‘yiga! Aqida «Kelinposhsha»ning to‘ng‘ich qizi. Hamshira bo‘lib ishlaydi. Yaqinda uzatishmoqchi. Yangiyo‘llik paxta brigadiriga fotiha qilishgan. — To‘yana sizdan aylansin! — Otinoyi ham kulimsiraydi. — Aqi qizimning to‘yi bo‘ladi-yu, men qarab turarmidim. Sovun nima bo‘pti, hali Iskandarimga aytsam, gilam olib beradi. Iskandar — Otinoyining yolg‘iz o‘g‘li. Katta joyda ishlaydi. Oq mashinada yuradi. Markazda to‘rt xonali uyi bor. Otinoyining aytishicha, vannasi chinnidan emish. Iskandar yaxshi bola. Domga olib ketaman, deb uvvalo yalinsayam, Otinoyi ko‘nmaydi: hovlisiga o‘rganib qolgan. Otinoyining bittayu bitta orzusi bor. Shu — Iskandarining aqalli bittagina bolasini bag‘riga bossa, oyoq-qo‘lini bemalol uzatib ketardi. —  Mayli, to‘y bo‘lsin, — deydi u negadir xo‘rsinib. -Endi… Tirik jon-da, o‘rgilaylar. Vaqti qazoim yetsa, bolam bechora yugurgilab qolmasin, deyman-da, ishi og‘ir, lak-lak odamga xo‘jayin bo‘lish osonmi? * * * Iskandar Vahobovich «vertushka» go‘shagini joyiga qo‘ydi-yu, ichidan xo‘rsiniq keldi. Ministr o‘rinbosari telefonda yigirma minut «qovurdi». Yubiley ob’ekti o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotgani uchun Iskandar Vahobovich boshchilik qilayotgan trest aybdor emish. Iskandar Vahobovich yotig‘i bilan tushuntirmoq-chi edi, zamministr, «bahona izlamang», deb jerkib berdi. U sirqillab ketayotgan chakkalarini kafti orasiga olib bir zum ko‘zlarini yarim yumgancha stol qirrasiga tikilib o‘tirdi. «Har kuni bir g‘alva!» Eshik g‘iyqillab ochildi. Iskandar Vahobovich ostonada turgan do‘mboq kotibaga «ha, tag‘in nima gap!» degandek zardali qaradi. — Shahar telefonida so‘rashyapti, — dedi kotiba hurkibroq. —  Kim? Kotiba quyuq bo‘yalgan kipriklarini pirpiratdi. —  Tanishiman, deydi. «Padariga la’nat tanishlarniyam, notanishlarniyam! Qaysi birining ishi tushsa, darrov «tanish» bo‘lib qoladi». U olcharang telefon go‘shagini shaxt bilan ko‘tardi. —  Ha! Shu zahotiyoq shang‘illagan ovoz qulog‘ini teshib yuboray dedi. —  Iskandarmisan? «Qanaqa savodsiz bu! Baqiradi, sansiraydi!» —  Kim o‘zi bu? — dedi Iskandar Vahobovich qoni qaynab. Javob o‘rniga yana savol eshitdi. —  Iskandarmisan? —  Ha? O‘zingiz kimsiz? Go‘shak yana shang‘illadi: —  Xolmatman! Qo‘shning… Iskandar Vahobovich beixtiyor qo‘shnilarini bir-bir eslab ko‘rdi, Xolmat degan qo‘shnisi yo‘q. Jinni bo‘lganmi bu odamlar?! — Qiladigan ishingiz bo‘lmasa, telefonni joyiga qo‘ying! Shunday deb endi go‘shakni uloqgirmoqchi edi, boyagi ovoz yana shang‘illadi: —  Otinoyimning ahvoli og‘ir! Iskandar Vahobovich esankirab qoldi. Axir Otinoyi… o‘zining onasi-ku! Bo‘ldi-bo‘ldi! Xolmat aka ularning devor-darmiyon qo‘shnisi. Provodnik! —  Nima bo‘ldi?! -dedi birdan yuragiga g‘ulg‘ula tushib. -Oyimga nima bo‘ldi? —  Ahvoli og‘ir. —  Shoshmang, hozir «skoriy» chaqiraman. —  «Skoriy»ni nima qilasan? — Xolmat aka tag‘in baqir-di: — O‘zing kel, tezroq! Telefon uzilib, «tut-tut-tut» degan qisqa tovush eshitila boshladi. Iskandar Vahobovichning ichida bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Nahotki onasi… U yugurib qabulxonaga chiqdi. Mashinka chiqillatayotgan kotibaga buyurdi: —  Dilya! Tezroq mashina chaqiring! Pod’ezdga! …Oq «Volga» gavjum ko‘chalardan shiddat bilan uchib borar, Iskandar Vahobovich orqa o‘rindiqda o‘tirgancha yuragi gursillab bir savolni xayolan qaytarardi. «Nahotki!» Mashina chorrahalarda hadeb to‘xtar, u xayoliga kelgan dahshatli o‘yni haydashga, «toblari qochgandir-da», deb o‘zini yupatishga urinar, ammo o‘sha zahoti boyagi shafqatsiz savol yana vujudini teshib o‘tar edi. «Nahotki!» Mashina choyxo‘rlar chaqchaqlashib o‘tirgan guzar oldidan o‘tayotganida u bir qadar taskin topgandek bo‘ldi. «Xayriyat, tinchlik ekan». U biladi. Xudo ko‘rsatmasin, biron korhol bo‘lsa, choyxonada odam qolarmidi? Ammo mashina past ko‘cha-ga kirishi bilanoq yuragi muzlab ketdi. Ana, o‘sha shifer tomli pastak uy, ana ikki tup tut, rangi unniqib ketgan taxta darvoza. Darvoza oldida besh-olti erkak to‘dalashib turishibdi. Allaqanday ayol tut tagini supuryapti. «Nahotki!» Bu savol uning miyasiga so‘nggi bor chaqmoqday urildi-yu, majolsiz oyoqlarini arang sudrab, mashinadan tushdi. Shu ondayoq Xolmat aka yugurib kelib, uni quchoqladi. —  Onamizdan ayrilib qoldik-ku, ukam! — U Iskandar Vahobovichni bag‘riga bosgancha birdan o‘krab yig‘lab yubordi.— Ayrilib qoldik! Iskandar Vahobovichning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib ketdi. U karaxt bo‘lib qolgan, Xolmat akaning yelkasi muttasil silkinayotganini, mo‘ylovi o‘zining yuziga tegib g‘ashini kel-tirayotganini sezib turar, ammo boshqa narsani idrok etolmas, xayolida faqat bir fikr charx urardi. «Oyim!» «Oyim!» U amallab Xolmat akaning quchog‘idan chiqdi-da, gandiraklagudek bo‘lib uy tomon yo‘naldi. Darvoza oldida turgan kishilar negadir unga tik qaramas, biri boshini xam qilib turar, biri yuzini o‘girganga o‘xshardi. Biroq hozir u bunga e’tibor beradigan ahvolda emasdi. Chayqalib-chayqalib g‘ishtin zinalardan chiqdi-yu, salqin dahlizdan o‘tib, uyga otilib kirdi. Qandaydir ayollar (Iskandar qaramadi) unga yo‘l bo‘shatishdi. Iskandar yaltiroq qubbalari zanglab ketgan sim karavotda yotgan onasini ko‘rdi. Ustiga oq choyshab yopib qo‘yilgan. Onasi qandaydir osoyishta yotar, xuddi uxlayotganga o‘xshardi. Iskandar hozir «Oyi!» deb chaqirsa, uyg‘onib ketadigandek. U shunday qildi. Karavot oldiga, namatga tiz cho‘kkancha iltijo qildi: —  Oyi! Oyi-i! Yo‘q, onasi ko‘zini ochmadi. Shunda u choyshabni ochib tashladi-yu, onasining qo‘lini, yillar zahmatidan barmoklari qing‘ir-qiyshiq bo‘lib ketgan qo‘lini changallab o‘pdi. Qiziq, onasining qo‘li muzdek edi! — Oyi! Oyijo-on! — dedi hayqirib. Keyingi so‘zlar bo‘g‘zidan yig‘i aralash otilib chiqdi.- Oyi-i! U ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketgan lablari bilan onasining qo‘llarini o‘pa boshladi. Keyin nima uchundir ikki qo‘llab namat to‘shalgan yerni mushtladi. —  Nega! Oyi, ayting, nega? U esdan og‘ib qolganga o‘xshar, hadeb yerni mushtlar, ammo bu xitob onasiga qaratilganmi, o‘zigami, aqli yetmas edi. U cho‘kkalagan ko‘yi tag‘in onasining qo‘llariga yopishdi. Muzdek, dag‘al qo‘lni yuziga bosib, o‘krab yubordi. …Bu qo‘llar uning boshini silagan, ko‘p silagan. Ko‘ngli o‘ksiganida, betob bo‘lganida, ilk bor maktabga borganida, maktabni oltin medal bilan bitirganida… Institutga kir-ganida, bitirganida… Nihoyat… uylanganida… Bu qo‘llar uning boshini ko‘p silagan. O‘zichi, o‘zi onasining boshini silaganmi? Biron marta, aqalli biron marta silaganmi?! Yuragining tub-tubidan otilib chiqqan bu savol a’zoyi badanini o‘rtab yubordi. —  Oyi-i-i-i!  — dedi ingrab. Bu qo‘llar uni yo‘rgaklagan, unga ko‘krak tutgan, shamollaganida badaniga qo‘y yog‘i surgan. Bu qo‘llar sigir soqqan, tappi qilgan, kir yuvgan, ovqat pishirgan, non yopgan… Non! Onasining nazarida nondan tabarruk narsa yo‘q edi. Qo‘ni-qo‘shnilarning go‘dak bolasi yo‘lga kirsa oyog‘i orasidan kulcha yumalatib, boshqa bolalarga obqochtirardi. Nikoh to‘yidan avval ikki yoshning pok turmushidan nishona bo‘lsin deb non ushatardi. Bostirmadagi tandirda kunora non yopardi. Zog‘orami, arpa nonmi, ishqilib, non-da! Tandir yonida o‘ralashib yurgan Iskandarga eng avval pishgan nonni yuziga suv sepib uzib berardi… U yosh to‘la ko‘zlari bilan beixtiyor karavot ustiga, shift tomonga tikildi. Ana, ana o‘sha non! «Chiylampa» qilib suvalgan shift ostida, devordagi mixga ilig‘liq turibdi. Bir cheti tishlangan. Ana, o‘sha tish izlari. Bu — dadasi tishlagan non. Qip-qizil… U onasining nonni arta-arta joyiga ilib qo‘yganini ko‘rgan. Mixdan hadeb olib qo‘yilavergani uchun teshigi kengayib ketgan. Ammo non hamon turibdi. Mog‘or bosmagan, qip-qizil… Bir mahal u kimdir ohista turtganini idrok etib, yelkasi osha burilib qaradi. Tanidi: Bahri xola. Ko‘k ro‘mol tang‘ib, ko‘k ko‘ylak kiyib olibdi. Yig‘layverib, shishib ketibdi. —  Bandalikda, bolam, — dedi u ming‘irlab. — Olloning irodasi, jon bolam! Yuvg‘uvchi keldi… — Shunday dedi-yu, hiqillab yig‘lagancha ko‘k ro‘molini yuziga bosdi. Iskandar chiqib ketishi kerakligini tushundi. Ostonaga borganida to‘xtab qoldi. Onasiga termildi. Onasi qubbalari zanglab ketgan sim karavotda yotar, go‘yo uxlayotgandek, hozir o‘rnidan turib, uni bag‘riga bosadigandek, ikki kafti bilan ikki yuzidan ushlab, peshonasidan o‘padigandek edi. U doim shunday qilardi. Shu uyda, shu karavotda onasi uni bag‘riga bosib uxlatgan. Ertalab peshonasini silab uyg‘otgan. …Esida, o‘shanda Iskandar birinchi sinfda o‘qirdi. O‘rik gullagan kun edi. Maktabdan isitmalab keldi. Onasi ming zo‘rlamasin, bir piyola choy ichdi-yu, xuddi mana shu karavotga cho‘zil-di. Uyda xotinlar ko‘p edi. U isitma aralash Bahri xolaning dimog‘i bilan ming‘irlab aytayotgan gaplarini eshitib yotardi. «Endi, ovsinmoshsha, Xudodan ham, bandasidanam qarzingiz qolmadi. Urush bitdi. Kelganlar keldi. O‘lganlarni joni jannatda bo‘lsin. Yosh umringizni xazon qilmang. Bolagayam ota kerak, o‘rgilay. Sizga og‘iz solayotganlar tag-zoti ko‘rgan odamlar…» Iskandar onasining javobini eshitmadi. Uxlab qoldi-mi, hushidan ketdimi, o‘zi bilmasdi. Umuman, bu gaplarning ma’nosini tushunmasdi. Faqat ertasiga onasi kuyib-yonib aytgan so‘zlar qulog‘iga o‘rnashib qoldi. «Ikkinchi unaqa gaplarni gapirmanglar! Xudoni qahri keldi. Bolamga qizamiq toshib ketdi. Dadasi omon bo‘lsa kelar, kelmasa peshonamdan ko‘rdim. Yolg‘iz emasman, shukr, oldimda bolam bor…» —  Iskandarjon, jon bolam, — Bahri xola uning yelkasiga qoqdi. — Chiqa qoling, qoqindiq. Iskandar (u endi Iskandar Vahobovich emas, Iskandar, oddiy Iskandar bo‘lib qolgandi, negaki, o‘lim hammani baravar qilib qo‘yadi) vazmin qadamlar bilan salqin dahlizga chiqdi. Peshayvon ustunidagi mixlarga onasining butun «bisoti» ilib qo‘yilibdi: bitta yangi, ikkita eski ko‘ylak, unniqib ketgan baxmal nimcha, bir burchi teshilgan jun ro‘mol, hali tikilmagan bir kiyimlik shtapel, shol dasturxon… Kavshandozda onasining kavushi turibdi. Qiziq, bu kavushni Iskandar uch yil ilgari olib bergan edi. Nega yap-yangi turibdi? Xolmat akaning xotini — Kelinoyi yig‘idan qizargan ko‘zlari bilan unga termildi. Iskandar kavushga tikilib turganini sezdi shekilli, tushuntirdi: —  Ayab yurardilar. To‘yga borsalar yonboshlariga — ko‘rpachaning tagiga berkitib o‘tirardilar. Iskandarim obergan, deb maqtanardilar. Iskandar hamon kavushdan ko‘z uzmasdi. Kelinoyining savolini daf’atan yaxshi eshitmadi. —  Nima qilaylik, mastavami, sho‘rvami? Iskandar hech nimaga tushunmadi. —  Nima? — dedi garangsib. —  Hali-zamon uyni odam bosadi. Issiq ovqat qilish kerak, — Kelinoyi kuymanib tushuntirdi. — O‘lik chiqqan uyda qozon qaynatib bo‘lmaydi. Biznikida qilamiz. So‘ramasam ham bo‘lardi-ku, siz — o‘zimiznikisiz, ukam. Iskandarni Kelinoyining savoli emas, o‘zini o‘rtayotgan muammo qiynar edi. — Nima bo‘ldi? — dedi ingrab. — Oyim soppa-sog‘ edilar-ku! Kelinoyi o‘pkasi to‘lib xo‘rsindi. — Tuppa-tuzuk edilar, — dedi burnini tortib. — Ertalab o‘ynab-kulib o‘tirdilar. O‘limliklarini ko‘rsatdilar. Hazillashdik. Men aytdim: «O‘limni o‘ylamang. Aqining to‘yi-ni… — Kelinoyi hiqillab qoldi. — Aqidaning to‘yini o‘zingiz bosh bo‘lib o‘tkazasiz», dedim. Xo‘p, dedilar. Keyin birdan, g‘alati bo‘p ketyapman, dedilar. Karavotga yotqizgan edik… Iskandar kavshandozga o‘tirgancha boshini changalladi. Bu qanday gap! Bu qandoq adolatsizlik! Nimaga? Tuppa-tuzuk yurgan onasi nimaga to‘satdan… Kelinoyi hamon hiqillagan ko‘yq uning boshiga egildi. —  Sho‘rva qila qolamiz. Ajab, shu topda taom o‘tadimi tomoqdan! Darvoqe, onasi sho‘rva pishirishga usta edi. To‘yda, ma’rakada xotinlar uning ovqatini maqtashsa quvonib ketardi. Ayniqsa, moxorani ko‘p qilardi. Bu taomni Iskandar ham yegan. Ko‘p yegan! Onasi beva qolganidan keyin jamoat uni Otinoyi qildi. U maktabda farrosh bo‘lib ishlar, lekin uyda ham tinchi yo‘q edi. «Kelin tushdi»ga qovurma chuchvara pishirish bormi, «to‘qqiz-to‘qqiz»ga qatlama qilish bormi, nikoh to‘yida «tortishmachoq» bo‘ladimi, kuyov-kelinning boshidan sochqi sochishmi, kelin salomda quda-qudag‘aylarga salom berishmi — hammasi onasining zimmasida edi. U to‘ydan albatta tuguncha olib kelar, tugunchada non, monpasi, qovurma chuchvara, keyin… albatta-moxora bo‘lardi. Ba’zan yarim kechalari eshik taqillab qolar, Iskandar onasining dik etib o‘rnidan turib ketganidan uyg‘onar, zum o‘tmay onasi qaytib kirardi. «Jon bolam, Ismat cho‘loq omonatini topshiribdi, bormasam bo‘lmaydi, sen qo‘rqmaysan-a, katta yigitsan-ku», deb peshonasidan o‘pib chiqib ketar, shu ketgancha ertasiga peshinda qaytib kelar, o‘zicha qur’on o‘qir: «Joyi jannatda bo‘lsin», deb yuziga fotiha tortar edi. …U onasi yotgan uyga oqsoqlanib kirib ketayotgan paranjili kampirni ko‘rdi-yu, garangsib hovliga tushdi. Dimog‘iga rayhon hidi kirdi. Negadir onasining isi kelgandek bo‘ldi. Kelinoyi hovlidagi rayhonlardan shosha-pisha yulgancha uyga kirib ketdi. Iskandarning xayoliga yarq etib bir fikr urildi: «Gulyaga aytish kerak. Xabari yo‘q-ku hali». U endi eshik tomon yo‘nalgan edi, xotiniga ko‘zi tushdi. Gulya, qo‘lida oq sumkacha, xuddi to‘yga kelgandek yasanib olgan, vodolazka kiygan, qulog‘ida brilliant zirak yaltirab turardi. «Qayoqdan eshitibdi bu!» degan xayolga bordi-yu, uning orqasidan sumka ko‘tarib kelayotgan shofyori Shavkatni ko‘rib, hammasini tushundi: «Shavkat xabar qilgan». — Iskandar aka! — Gulya uning yelkasiga boshini qo‘yib quchoqladi.— Bechora oyim! — U bir zum shu alfozda turdi-da, negadir teskari qarab kafti bilan yuzini changalladi. Shosha-pisha oq sumkachasidan ro‘molcha olib ko‘ziga bosdi. «Sen aybdorsan! — deb o‘yladi Iskandar vujudi titrab. -Hammasiga sen — qanjiq aybdorsan!» U xotinidan chirillatib yuzini o‘girdi-da, burchakda, o‘rik ostida turgan so‘riga borib o‘tirdi. Shu ondayoq shafqatsiz bir savol a’zoyi badanini sirqiratib yubordi. «O‘zing-chi, o‘zing!» Uning uylanishi qiziq bo‘ldi. Qurilish fakultetida Iskandar Vahobovning oldiga tushadigan talaba yo‘q edi. A’lochi, jamoatchi… To‘rtinchi kursda o‘qiyotganida SNOda «Grajdan qurilishini mahalliy sharoitga moslash» degan mavzuda ma’ruza qildi. U shu qadar dadil fikrlarni o‘rtaga tashladi-ki, muhokama janjalga aylanib ketdi. Birovlar uni modernist dedi, boshqalar donishmandga chiqardi. Shunda kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, professor Zarif Hodiyevich uni himoya qildi. «Yosh do‘stimiz Iskandar Vahobovichdan kelgusida yetuk olim chiqadi», dedi komil ishonch bilan. Rostdan ham shunday bo‘ldi. Zarif Hodiyevich uni o‘z tarbiyasiga oldi. Iskandar aspiranturada qoldi. Birinchi bor domlaning qizi — jinsi shim kiyib yuradigan Gulyani ko‘rganida e’tibor bermadi. To‘g‘rirog‘i, e’tibor bermaslikka harakat qildi. Kimsan, akademikning qizi qayoqda-yu, mahalla otinining o‘g‘li qayoqda! U shunday deb o‘ylar, lekin domla bilan olcha soyasida o‘tirib suhbatlashayotganda ichkarida royal chalayotgan, ba’zan xiyol bo‘g‘iq, ammo yurakni o‘rtovchi ovozda qo‘shiq aytayotgan Gulandom — Gulyaga ko‘ngli talpinayotganini sezib turardi. Gulya konservatoriyada o‘qir, zamonaviy, o‘ktam qiz edi. Xullas, Gulyaning o‘zi unga ko‘nglini yordi. To‘y restoranda o‘tdi. Kelinning dugonalari past ko‘chadagi kulbaga kelishganida Iskandarning yetti nomusi yerga bukildi. Nazarida, Otinoyi kelinining boshidan sochgan soch-qilar ham, pishirgan moxorasi ham o‘ta bachkana, o‘ta g‘arib ko‘rinar edi. Buni qarangki, Zarif Hodiyevich mard odam ekan! Xuddi shu hovlida, xuddi shu so‘rida o‘tirib (Otinoyi katta oxurdan yem yegan qudalaridan uyalib, restoranga bormagan, ammo uyda chiroyli dasturxon tuzab qo‘ygan edi) qiziga nasihat qildi: «Iskandarni o‘zing tanladingmi, endi bilib qo‘y, shu oilaning jirini jirlaysan. Onang bechora bir ko‘z bilan o‘g‘il o‘stiribdi. Mening ham bir bolam ikkita bo‘ldi, Otinoyining ham». Otinoyi bu gapdan boshi osmonga yetdi. Tog‘dek suyanchiq topganiga quvonib, qudasining yelkasiga bosh qo‘yib yig‘lab yubordi. Yarim yilcha yaxshi turishdi. Otinoyi kelini uyg‘onmasidan avval pechkaga ko‘mir qalab qo‘yar, ataylabdan tandirda non yopar, kechqurun er-xotin ishdan qaytishiga ovqat tayyor turar edi… Boshqa paytlarda u to‘ygami, ma’rakagami chiqib ketar, allapallada bir lagan sovigan osh, bir kosa moxora, bir chekkasi ushatilgan qatlama olib kelib, o‘rtaga qo‘yar, tan-tana bilan e’lon qilar edi. «Olinglar, bolajonlarim! Sizlarniyam to‘yga yetkazsin!» Keyin bir kiyimlik chitmi, sa-tinmi qeliniga uzatardi: «Obqo‘ying, kelinposhsha, xudo xohlasa, o‘g‘il to‘yi qilsangiz kerak bo‘ladi!» Gulya qaynonasining oldida bir nima deya olmas, kechasi Iskandarni egovlardi: «Onangiz tilanchilikni bas qilsin! Menga birov tishlagan qatlamalar, birov sadaqa qilgan lattalar kerakmas». Katta janjal arzimagan narsadan boshlandi. Bir kuni Iskandar ishdan kelsa, xotini divanga muk tushib yig‘lab yotibdi. Iskandar uning yelkasidan ohista tutgan edi, Gulya divan suyanchig‘ini mushtladi, yoshdan tushi erib ketgan ko‘zida g‘azab chaqnadi: «Yo‘qoling! — dedi yig‘lab. —Tilanchi onangiz bilan qo‘shmozor bo‘ling! Gilamim! Gilamimni nima qildi? Ikki ming‘ so‘mlik gilam edi! Irim-sirimlaring boshingda qolgurlar!» Iskandar esankirab qoldi. Devordagi ipak gilamga qaradi. Yo‘q, hammasi joyida. Keyin, yerga to‘shalgan «Turkman» gilamini sinchiklab tekshira boshladi. Qarasa Gulyaning gapi rost. Gilamning bir burchi teshilib qolibdi. Tangadek teshik. Iskandar go‘yo shu bilan teshik bekilib qoladigandek barmog‘ini tiqib ko‘rdi. Yuragi siqilib uf tortdi. Boshini ko‘tarsa, tepasida onasi turibdi. Otinoyi, «bu yoqqa kel», degandek uni imladi. Iskandar hamon divanda yuztuban yotgan xotiniga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi-da, onasiga ergashdi. «Ayb manda, — dedi onasi shivirlab. — Kecha to‘yda bir uy xotin Gulandomni maqtadi. Kelinimga ko‘z tegmasin, deb isirig‘ tutatgandim. Xokandoz o‘lgurdan cho‘g‘ tushganini bilmay qolibman. — U bir zum o‘ylanib turdi-da, tushuntirdi: -Xotiningni ko‘nglini ol. Xapa bo‘masin. Ja bo‘masa, pensiyamdan yig‘ib-yig‘ib olib berarman!» Na ilojki, bu bilan janjal tugamadi. Gulya masalani ko‘ndalang qo‘ydi: «Yo meni deng, yo tilanchi onangizni! Ketaman! Dadamnikiga ketaman! Onam meni ko‘mirning sassig‘ini hidlasin, deb tuqqan emas». Oxiri er-xotin boshlashib Zarif Hodiyevichning oldiga borishdi. Maslahat so‘rashgan edi, qaynotasi Iskandarni jerkib berdi: «Qanaqa erkaksiz o‘zi! Bir yil turmasdan onangizni tashlab qochishni mo‘ljallab qoldingizmi? Xotin deganni qattiq ushlash kerak-da, bundoq!» Dadasining gapi Gulyaning jon-jonidan o‘tib ketdi. «Uyingizga sig‘masam, ijaraga kvartira olaman», deb yig‘ladi. Qiziq, shunda yana Otinoyining o‘zi yordamga keldi. «Bolalarimga yordam bering, joy olishsin. Gulandomim katta oxurdan yem yegan, mening chaldevorimda tursa uyat bo‘ladi», deb qudasiga yalindi. Shundoq bo‘ldi. Zarif Hodiyevichning ko‘magida shahar markazidan uy olishdi. Er-xotin, «yuring biz bilan», deb Otinoyini hol-joniga qo‘yishmadi. Ammo Otinoyi ko‘nmadi. «Qorada ko‘rsam qornim to‘q, o‘zlaringdan ko‘payinglar. Men cholimning chirog‘ini o‘chirib ketmayman». To‘g‘ri, Iskandar onasini qarovsiz qoldirmadi. Loysuvoq tom ustiga starapil o‘rnatib, shifer yoptirdi. Uy «zamo-naviyroq» bo‘ldi. Keyin… keyin gaz kirgizib berdi. To‘g‘ri, tabiiy emas, ballonli… Otinoyi ularning «dom»iga borsa ko‘p o‘tirolmas, mahalladagi biron to‘ynimi, ma’rakanimi bahona qilib, tezgina tura qolardi. Avvaliga er-xotin bu hovliga bot-bot kelib turishdi. Keyin Iskandarning ishlari ko‘paydi. Iskandar endi kimsan Iskandar Vahobovichga aylandi, fan kandidati, trest boshqaruvchisi… Ajab, uning ishi ko‘paygandan-ko‘payib borar, biroq hammasiga ulgurar edi. Faqat bir narsaga  onasini ko‘rishga vaqt topolmasdi. Bunga bir chekkasi Gulya ham sababchi edi. Er-xotinning umri o‘tib borardi. Farzandlari yo‘qligi avvaliga bilinmasa ham bora-bora Gulya serzarda bo‘lib qoldi. Bir kuni eriga piching qildi: «Oyingiz sizga yangi xotin izlab yurganmish. Eshikma-eshik tentirab o‘rganib qolgan-da! Topsa-topadiyam!» Iskandar o‘shanda xotinini birinchi marta sansiradi. «Uyat bormi sanda», — dedi g‘azabdan titrab. Onasi har doim bir gapni qaytarardi: «Xotiningni xafa qilma, bolam. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan». Gulya har ehtimolga qarshi «profilaktika» uchun shunday deganini bilib, Iskandar battar g‘azablandi: «Uyat bormi sanda?» — Gulya kinoyali kuldi: «Uyat nima qiladi menda, hammasini yig‘ishtirib sizga bergan». «Mana endi hammasi tamom bo‘ldi. Hammasi». Iskandar hovlida odamlar kuymanib yurganini payqar, ammo hech nimani» ko‘rmas edi. Chekkisi keldi. Shimining cho‘ntagiga qo‘l suqsa, sigaret yo‘q. Hali ishxonada stol ustida qolib ketaveribdi. U ma’nosiz nigohini ro‘parasidagi bostirmaga tikdi. Loysuvoq tom yupqalashib qolibdi. Katalakdek derazaning bir ko‘zi singan, oynalari xiralashib ketgan. Ajab, oxirgi marta qachon keluvdi bu hovliga? Ha, bayram arafasida, yettinchi martda kelgan edi. Tushlik tanaffusidan foydalanib, birrov keldiyu ketdi. Odatdagidek shoshib turardi. Keyin, Gulya mehmon keladi deb qo‘ygan… Onasini to‘rtta choy, sovun bilan qutladi. Mashina kutib turganini bahona qilib tuflisini ham yechmadi. Onasi shoshib qoldi. Yalpiz somsa qilgan ekan.Majbur qilib shundan bittasini yedirdi. Iskandar mashinaga o‘tirganda harsillab yugurib chiqdi. Ro‘moli qiyshayib yelkasiga tushib ketgan. Qo‘lida eski gazetaga o‘rog‘lik bir nima. «Ma, — dedi mashinaning qiya ochiq eshigidan uzatib. — Gulandomniyam og‘zi tegsin». Iskandar gazeta ostidan issig‘i sezilib turgan somsalarni mashinaning orqa oynasi tagiga tashlab eshikni yopdi… O‘shanda onasini oxirgi marta ko‘rayotganini bilsa edi! Bugun nechanchi o‘zi? O‘n ikkinchi iyul. Bundan chiqdi uch oydan oshibdi. Uch oy! Nahotki shuncha vaqt ichida bir soat vaqt topolmadi? Topardi, xohlasa albatta topardi… U allakim o‘zining otini aytib chaqirayotganini idrok etib, boshini ko‘tardi. Qarasa, jinsi shim kiygan talabanamo yigit yelkasida karton quti ko‘tarib turibdi. Iskandar uni tanimadi. Talmovsirab qaragan edi, yigit so‘radi: —  Qayoqqa qo‘yay? Iskandar hech nimaga tushunmadi. Yuki og‘irroq bo‘lsa kerak, yigit qutini qo‘sh qo‘llab chiranib yelkasidan oldi-da, so‘ri burchagiga — soyaga qo‘ydi. Iskandarning ko‘zi qutiga yopishti-rilgan etiketkaga tushdi. «Qoraqum». Zum o‘tmay boyagi yigit tag‘in bir quti ko‘tarib keldi. Uniyam so‘ri ustiga, boyagi qutining yoniga qo‘ydi. —  Mayiz, — dedi sekin. Shundagina Iskandarning xayoliga keldi: «Pulini berish kerak». — Shoshmang, — dedi cho‘ntagini kavlab. — Necha pul bo‘ladi? Yigit to‘xtab qoldi. Hayron bo‘lib unga tikildi. —  Necha so‘m? — dedi Iskandar ovozi xirillab. Yigit negadir yerga qaradi. — Otinoyim… — Shunday dedi-yu, u yog‘ini gapirmadi. Ko‘zi-ga shu qadar ma’noli tikilib qaradiki, Iskandar beixtiyor pulni qaytib kissasiga soldi. Yigit ohista burildi-da, indamay ketaverdi. Qiziq, nima demoqchi bo‘ldi u! «Otinoyim mening ham onam edi, sen pastkash hamma narsani pulga chaqasanmi», dedimi! Kim o‘zi bu yigit? Nimaga Iskandar uni tanimaydi? Umuman, o‘zidan boshqa — Iskandar Vahobovichdan boshqa kimni taniydi?! Bir mahal u kavshandozda Kelinoyi imlab chaqirayotganini ko‘rdi. Paranjili yuvg‘uvchi oqsoqlanib zinadan tushib kelardi. Kelinoyi yoshdan qizargan ko‘zlarini Iskandarga tikdi. —  Otinoyimning ziraklarini yuvg‘uvchiga berdik, — dedi sekin. — O‘zlari vasiyat qilgandilar. «Yuvg‘uvchi», «vasiyat…» Bu so‘zlar Iskandarga xunuk, sovuq eshitilar, go‘yo bu gaplar hammasi yolg‘ondek, tushida bo‘layotgandek edi. Hozir uyg‘onib ketadi-yu, yengil tortadi. —  Mana… Olib qo‘ying… Iskandar merovsirab Kelinoyining qo‘liga qaradi. Ikki lo‘ppi choy. «Indiyskiy». —  Ikkitasini yuvg‘uvchiga berdik. Rozi bo‘ling. — Kelinoyi titrayotgan labini tishladi..— To‘rtga edi. Sakkizinchi martda olib kelgan ekansiz. Otinoyim… Otinoyim… — Kelinoyi en-tikib qoldi. — Barkash orqasiga bekitib qo‘ygan edilar. Birov kelsa, Iskandarim obkelgan choydan damlang, dutor chalib turgan choydan, derdilar. Men boshqa choy damlardim. Bunisini Otinoyim har kuni hidlab-hidlab barkash orqasiga bekitib qo‘yardilar. Iskandar boshi g‘uvillab borayotganini, hozir yiqilib ketishini his etib turardi. Kelinoyi «dutor chalib turgan» hind choyini peshayvon taxtasiga qo‘ydi. Burnini torta-torta yig‘lagancha ko‘ylagining yoqasidan qo‘yniga qo‘l suqib, eski gazeta qog‘oziga o‘roqlik allanima chiqardi. — Olib qo‘ying, — dedi qog‘ozni uzatib. — O‘limligim deb, yostiqlarining orasiga tiqib qo‘ygan edilar. Siz tashlab ketgan ekansiz. Qirq so‘mini yuvg‘uvchiga berdik. Ikki yuz oltmish so‘m qoldi. Sanab oling. — U gazeta qatini ochib, bir so‘mlik, uch so‘mlik pullarni Iskandarga uzatdi. Qachon, qachon shuncha pul bergandi u onasiga!! Bu qandoq jazo! Bu qandoq bedodlik! Shu kunidan ko‘ra onasi emas, o‘zi o‘lgani yaxshi emasmidi!!! Onasi bir so‘mlab yiqqan pensiya pulini ham Iskandarim berdi degan. Shu gapga o‘ziyam ishongan, boshqalarniyam ishontirgan. Qani endi ko‘kragini shundoq yirtsa-yu, yuragini sug‘urib olib yerga uloqtirsa! Ich-ichidan otilib kelgan bo‘g‘iq yig‘idan titrab, pulni tashlab yubordi. Bir so‘mlik, uch so‘mliklar parishon pirpirab kavshandozga tushdi. … Iskandar hovliga, undan yo‘lakka otildi. Uzun atlas lozim kiygan qandaydir kelinchak tor yo‘lakka «shakarob» qilib suv separ, sachramaslik uchun qo‘lidagi paqirni borgan sayin pastroqqa egar edi. Ochiq darvozadan zabardast yigit kirib keldi. Iskandar uning aftini ko‘rmadi. Yigit maykachan yelkasiga yo‘l-yo‘l dasturxon tashlab olgan, yelkasi aralash gardaniga ortilgan bir qop un zalvari ostida ikki bukilib kelardi. Iskandar bir tomonga, suv sepayotgan kelinchak bir tomon-ga chetlab yo‘l berishdi. Yigit yalang oyoklarini gurs-gurs bosgancha Iskandarning oldidan o‘tib, hovliga kirib ketdi. Iskandar darvozadan chiqdi-yu, to‘xtab qoldi. Eshik oldiga tumonat odam to‘plangan, tor ko‘chaga mashina sig‘may ketgandi. Qiziq, qayoqdan keldi shuncha mashina! «Ishxonadan bo‘lsa kerak», degan o‘y xayolidan lip etib o‘tdi. Ammo o‘sha ondayoq bular «Jiguli»,«Moskvich» mashinalari ekanini, ishxonadan faqat o‘zining mashinasi bir chekkada turganini payqadi. Nariroqda yuk mashinasi turibdi. Mashina ustida ikki o‘spirin turib olib, yig‘ma stollarni, xarraklarni uzatib beryapti. Pastda esa to‘rt yigit stollarni paydar-pay tushi-rishib, bir chekkaga olib qo‘yishyapti. Iskandar tut panasida turgan tobutni ko‘rib, ko‘ngli uzilib ketdi. Tobutdan beriroqda, hozirgina mashinadan tushirilgan xarraklarda salla o‘ragan, yaktak kiygan chollar o‘tirishibdi. —  Bandalik-da, ukam! Iskandar yonida turgan mahalla oqsoqoli Shokir akaga ma’nosiz qarab qo‘ydi. — Hammaning boshida bor, — oqsoqol xo‘rsindi. — Onamiz boshqacha edilar-da, jannati xotin edilar. Keyin oqsoqolning poxol shlyapa kiygan «zami» Iskandarning qo‘lini qisdi. —  Necha yoshda edilar? — dedi sekin. «Buning nima ahamiyati bor?! — Iskandar shuni o‘yladi-yu, daf’atan xayoliga boshqa fikr keldi. — Darvoqe, necha yoshda edi onasi! Ha, o‘n sakkizinchi yil edi. O‘zi qirq ikkinchi yilda tu-g‘ilgan bo‘lsa, demak, onasi yigirma to‘rt yoshda beva qolgan ekan». O‘zini quchoqlagan to‘nli kishini Iskandar daf’atan taniy olmadi. Keyin bildi: qaynotasi. Zarif Hodiyevich uning peshonasidan ohista o‘pdi. —  Bardam bo‘ling, o‘g‘lim, — dedi sekin. — Ota-ona o‘lmog‘i farz… Keyin kimdir yelkasiga turtdi. Qarasa Xolmat aka. —  Bu yoqqa yur, — dedi-yu, uni yo‘lakka boshlab kirdi. Devor tagidagi kursida yotgan to‘nni kiygizdi, beliga belbog‘ o‘radi. Qati buzilmagan do‘ppi uzatdi, — kiyib ol! Do‘ppi kichkina ekan. Iskandar kafti bilan bosib-bosib tashqariga yo‘nalarkan, Xolmat aka yana pichirladi: — Laylaktepaga olib boramiz-da, a! O‘zlari aytgan ekanlar. Iskandar yuk mashinasi faqat stol-stulni olib kelishga mo‘ljallanmaganini tushundi. Laylaktepa olis, to‘rt chaqirim keladi. Oyog‘i ostida o‘ralashayotgan o‘n-o‘n ikki yashar bolakaylar ham to‘n kiyib, belini bog‘lab olganiga avval hayron qoldi-yu, keyin tushunganday bo‘ldi. Ehtimol, Xolmat akaning bolalaridir, ehtimol, qo‘shni bolalardir… … Old tomoniga paranji, orqasiga mursak yopilgan tobutni olib chiqishganida hammayoq dilni o‘rtovchi faryodga to‘lib ketdi. Kelinoyi, Bahri xola, Muattar xola, allaqanday qizlar, kelinlar chuvvos solib tobut ketidan yugurishdi. —  Voy onam! —  Ro‘shnolik ko‘rmagan onam! To‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan bolakaylar ko‘zidan duv-duv yosh oqib: «Buvijonim, buvijonim!» deb chirillashar edi. Xolmat akaning mo‘ylovi ho‘l bo‘lib ketgan, nuqul titrardi. —  Hammamizning onamiz edingiz-a! Yo‘q, Iskandar o‘ylagandek tobutni mashinaga ortishmadi. Yelkada ko‘targancha yo‘lga tushishdi. Iskandar tobut bandidan ushlab olti-etti qadam yurgan edi, uni siqib chiqarishdi. U tobut bandiga hadeb qo‘l cho‘zar, ammo navbat tegmas edi. Tanish-notanish odamlar goh oldinga, goh orqaga o‘tib talashib-tortishib tobutga yopishar, har kim iloji boricha ko‘proq ko‘tarishga, yelkasini uzoqroq tutib berishga harakat qilar edi. Bekatga chiqishganda trolleybus kelib qoldi. To‘xtashi bilan duv etib o‘ttiztacha erkak tushdiyu tobutga yopishdi. —  Kim? — deb so‘radi ziyolinamo ko‘zoynakli yigit Iskandarning yonida ko‘z yoshini to‘nining yengiga artib-artib ketayotgan Xolmat akadan. —  Otinoyim! — Ie! — ko‘zoynakli yigit rangi o‘chgancha tobutga qaytadan tirmashdi. Endi katta ko‘cha odamga to‘lib ketgan, orqada trolleybus to‘xtab qolgan, ro‘paradan kelayotgan yengil mashinalar chekkaga chiqib to‘xtar, haydovchi ham, yo‘lovchilar ham shu tomonga yugurishar edi. —  Kim? —  Otinoyim! —  Ie! Ko‘chada harakat butunlay to‘xtab qoldi. Burilishga yetganlarida Iskandar beixtiyor orqasiga qaradi. Odamlar oqimi ikki bekat orasiga cho‘zilib, butun ko‘chani to‘ldirib kelar, tobut ularning yelkasida osoyishta tebranib borar, oqimga esa yangidan-yangi odamlar kelib qo‘shilar, qo‘shilar, qo‘shilar edi…