MASAL VA HAJVIY ShE’RLARIDA IFODALANGAN DARD
(Shuhrat ijodi misolida)
Soatova Nodira Isomitdinovna,
JDPU professori v.b, f.f.doktori
Individual poetik olamining serqirraligi, original ifoda usullarini san’atkorona qo‘llay olishi bilan qalam ahli xalqning qalbidan o‘rin oladi. Hayot ko‘zgusi hisoblangan badiiy adabiyot voqelikning muhim qirralari va hayot haqiqatini turfa xil janrlarda, ijodkor g‘oyaviy niyatini badiiy vositalar orqali mazmun hamda shakl birligida tasvirlaydi. Ijtimoiy hayot muammolarini, odamlar dardini, davr ruhini aks ettirishda masal va hajviy she’rlar nisbatan katta imkoniyatlarga ega. Bunday tipdagi she’rlarga Shuhrat nima uchun qo‘l urdi, ijodkorning masal va hajviy she’r yaratishdan maqsadi nima bo‘lgan? Quyida shoir yaratgan masallar uning ijodida qanday ahamiyat kasb etadi?,- degan bir qator masalaga e’tiborimizni qaratamiz.
Men o‘tib ketaman, sen keyin qolib,
Haqimda rost so‘zni aytib yur, she’rim!
Do‘stimning bag‘riga boshingni olib,
Raqibga tosh qahrim otib tur, she’rim!,-
deya kuylagan, sinovli, hayot mashaqqatlariga to‘la yillarni boshdan o‘tkazgan ijodkor qalbidagi og‘riqli iztirob-u alamlarni she’rlarining qat-qatiga sig‘magan adolatga tashnalik va haqiqatparastlikdan bo‘lsa kerak, tuyg‘u – fikr – g‘oya zanjiri ostida masal janri va hajvga ham murojaat qilgan. Masal va hajviy she’rlaridagi lirik qahramon timsoli tasvirida shoir insonlar ichki dunyosi, iymon-e’tiqodi, diyonati qay darajada ekanligini ko‘rsatib bera olgan. She’rlar ijodkorning poetik tafakkuri mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
Gap Shuhrat lirikasida hajviy she’rlarning o‘rni haqida borar ekan, eng avvalo, shoir lirik tasvirda muhim g‘oyaviy-estetik vazifalarni o‘z oldiga qo‘yganligini kuzatdik. Nazarimizda, bu ijodiy jarayonda muhim g‘oyaviy-estetik vazifalar, poetik matnni yuzaga chiqaruvchi lirik tasvir, shoir kechinmalari orqali badiiyat namunasiga aylantirilgan. Natijada, shoir adabiy-estetik qarashlarini badiiyat orqali tasvirlaydigan o‘ziga xos go‘zal yaratiq namunasi namoyon bo‘lgan.
Masallarda insonlarga xos qusur va illatlar hayvonlar, parrandalar, baliqlar obrazi orqali ko‘rsatiladi. Allegoriya ertaklardagi kabi masallarda ham hayvonlarga xos bo‘lgan ko‘pchilikka ma’lum xususiyatlar, masalan, tulkining ayyorligi, bo‘rining ochko‘zligi, eshakning ahmoqligi, quyonning qo‘rqoqligi, sherning qudratliligi, bulbulning xushovozligi tarzida maydonga keladi. Masal mazmuni ko‘pincha siqiq, o‘tkir va kichik voqea orqali ifodalanadi. Masalga xos bunday syujet unda ifodalanayotgan mazmun ruhiyatini aniq-ravshan yuzaga chiqarish, allegorik shakl esa asardagi personajlar xarakterini qiyosiy yo‘l bilan yorqin ko‘rsatishga olib keladi. Masallar inson tabiatini, o‘y-kechinmalarini o‘ziga xos rakursda, kulgining g‘oyaviy-estetik mohiyati va badiiy xilma-xil funksiyasi orqali ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Shoirlarning masal yozishdan asosiy maqsadlari allegorik obrazlar orqali o‘zlarining didaktik mazmundagi fikrlarini majoziy usulda bildirish bo‘lgan. Zero, ijodkor “…mahorat, malaka, tug‘ma iste’dodlari tufayli bo‘yoqlar va shakllar yordamida ko‘p narsalarning tasvirini yaratadi”(Arastu) – ekan, undan ko‘zlangan muallif maqsadi asarlari orqali dunyo yuzini ko‘radi. Xususan, inson muammolarini hal etish uchun, avvalo, uni yot illatlar va qusurlardan tozalash kerakligini anglagan Shuhrat ijodida masal va o‘tkir hajviy she’rlar shunday asarlar sifatida yaratildi. Shu bois shoirning asarlari, hamma zamonlar uchun taaalluqli bo‘lib qolaveradi, unda olg‘a surilgan didaktik g‘oyalar, vaqt o‘tishi bilan o‘zining ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyati bilan zarracha o‘zgarmaydi.
Shuhratning “Tulki va quyon” masalini mana shunday umri boqiy asarlar sirasiga kiritish mumkin. Masaldagi munofiqlikni o‘ziga libos qilib olgan ayrim kimsalarning timsoli bo‘lgan tulki holati yuqoridagi fikrimizni to‘liq asoslaydi. O‘zidan kuchsiz quyonni tutib olib, uni sabzi o‘g‘irlashda ayblagan tulki, shu bilangina qanoatlanmay, unga qattiq jazo berish kerakligini uqtirishini, shoir o‘zining tabiiy sodda, ohangi xalqchil, ravon misralarida bayon etadi:
Tulki tutib Quyonni shu on,
Atrofiga yig‘di olomon.
Va dedi u: – Shu gazzob Quyon,
Qo‘shni bog‘da sahardan buyon,
Sabzi yeydi o‘g‘irlab hamon.
Nomus axir! Chidar qanday jon!
Mana uni tutib keltirdim,
Qattiq jazo berilsin derdim!
Shuhrat jamiyatda ildiz otib borayotgan ko‘zbo‘yamachilik, loqaydlik, munofiqlik, adolatsizlik kabi illatlarni keskin qoralash maqsadida bu illatlarni tulki misolida ko‘rsatib beradi. Shoirga ilohiy ilhom kelsa, u vaqt, joy tanlab o‘tirmaydi. Asar “ilhom bilan yozilsa, obrazlar o‘z-o‘zidan gavdalanadi, hatto o‘zining qiladigan ishini, aytadigan gapini yozuvchiga aytib, luqma solib turadi”(A.Qahhor). Ilhomni ijodkorga hayotning o‘zi taqdim etadi. Zero, shoir tulkisimon odamlarni hayotida ko‘p ko‘rgan. Ularning o‘zlarining so‘zlari bilan aytganda “adolat” ostida qiladigan “jirkanch, tuban” ishlari necha-necha begunohlarni abgor qilayotgani, albatta shoirni iztirobga solgan, dilidan tiliga solib, ularni shu bois tulki timsolida yoritishga harakat qilgan.
Tol shoxida o‘ynardi chittak,
Quloq solib turdi-da jittak,
Hayrat bilan Tulkiga boqib,
Nafratidan titrab, tutoqib,
Pastga uchib tushdi-da, shu on.
Matnda tasvirlanishicha, ko‘rinishdan juda kichik bo‘lgan tol chetida o‘ynab o‘tirgan chittak qush tulkining qilayotgan razilona ishiga qarshi chiqishda o‘ziga kuch topa oladi va unga qarshi bosh ko‘taradi. Shoir chittak misolida insonni fikrlashga, hayotning mazmun-mohiyati haqida mushohada qilishga undaydi:
Dedi unga: – Kecha-ku Arslon,
Yeganida o‘g‘irlab buzoq,
Axir qarab turding-ku uzoq!
Na dod solding va na bir nido,
Go‘yo burchin etardi ado!
Go‘yo uning bu ishi yoqib,
Turar eding so‘laging oqib!
Lablaringda bordi tabassum,
Axir buni ko‘rdim men o‘zim!
Qachondan sen nomusli bo‘lding,
Adolatli, hak so‘zli bo‘lding!
Chittakning o‘zini “adolatpesha” sanagan tulkiga qo‘rqmay aytgan so‘zlari kishini o‘yga toldiradi va xalqimiz yaratgan “boyning o‘g‘li qilsa sho‘xlik, kambag‘alniki jinoyat” qabilidagi naqlni yodga soladi. Shuningdek, “…Eng emotsional poeziya ham vazifa va mohiyat e’tibori bilan siyosiy masaladir, she’r – shoirning ijtimoiy vijdoni”(A.Muxtor), ekanligini she’r xulosasidan anglab olish mumkin. Zero, bu masalning yozilishidan maqsad munofiqlikni o‘ziga to‘n qilib olgan insonlarga nisbatan shoirning qalbidan otilgan nafrat va alam hayqirig‘i deb tushunish lozim.
Bu masalning mantiqi ayon:
Munofiqlik hammadan yomon!
Ma’lumki, badiiyatda “…inson kechinmalari – bu uning real hayotining sub’ektiv tomoni, shaxs umr yo‘lining ob’ektiv aspektidir” (S.Rubinshteyn). Shu nuqtai nazardan qaraganda, shoirning ruhiy olamida ro‘y bergan o‘zgarishlar, iztiroblar, tushkunlik yoki xushnudlik hollari uning ijodida turli kayfiyatdagi she’rlarning maydonga kelishiga sabab bo‘lgan. Shuhrat “Tulki va quyon” masalini yozishda mashhur rus masalchisi I.A.Krыlov va o‘zbek hajvnavis shoir Gulxaniy masallaridan ilhomlanganligi sezilib turadi. Zero, Shuhrat masalini o‘qiganimizda rus shoirining “Bo‘ri bilan tulki” masali xotiraga keladi. Ammo bu hol Shuhratning bu va boshqa masallarining Krыlov masallari tarzida yozilganini anglatmaydi. Shu hol Shuhrat masallarining original masallar deyishimizga to‘la asos beradi.
Shuhratning “Tulki va quyon” masalidagi tulki obrazi, umuman, munofiqlik, vijdonsizlik, iymonsizlikning jonli timsoligina emas, shoir tulkidek munofiq kishilarni ko‘p ko‘rgan. Ularning biri shoir asarlaridan siyosiy xatolarni “topib”, shoirni millatchilikda ayblab Moskvaga, “Pravda” gazetasiga 20 – 25 varaqli tuhmatnomasini yuborgan bo‘lsa, ikkinchisi, bu xatning Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamasida tuhmatchini qo‘llab-quvvatlagan. Uchinchisi esa shoir siyosiy ayblar bilan qamoqqa olinganida tergovchiga shoirga qarshi ko‘rsatma bergan. Shuhratning bu masalida real kishilarning munofiqligi Tulki obrazida mujassamlangan bo‘lsa, boshqa masallarida ham shunday imonsiz kimsalar turli hayvonlar obrazida o‘z abadiyatini topgan.
Endi, ma’no mantig‘i jihatdan “Tulki va quyon” masaliga yaqin Krыlovning “Bo‘ri bilan tulki” masaliga murojaat qilsak, unda ham do‘stlik, o‘rtoqchilikka xiyonat qilgan, munofiq tulki obrazini uchratamiz. Krыlov masalida tovuq go‘shtini maza qilib yeb, ortganini yashirib, endi uxlashni niyat qilib turgan tulki oldiga qorni och bo‘ri o‘rtog‘i kelib ahvolining yomonligi, ochlikdan sillasi toza qurigani, itlardan quvg‘in bo‘lganini tulkiga shikoyat qiladi. Uni eshitgan tulki o‘zini unga xayrixoh qilib ko‘rsatadi va marhamat qilib:
“Hali shunaqa de” “Ha, xuddi shunday”.
“Juda qiynalibsan, bechora hay-hay,
Yemaysanmi, o‘rtoq, maboda pichan?
Mana, bir haram bor, tortinma hecham”.
Do‘stining pichanmas, go‘shtdaydi dardi,
Tulki yashirgandan og‘iz ochmadi,
Ammo mehribonlik qildiki chunon –
Bo‘ri och jo‘nadi o‘z ini tomon.
Ikkala shoir masalidagi tulki obrazi munofiqlik, vijdonsizlik, iymonsizlikda bir-biridan qolishmaydi. Ijodkorlar tulkisimon kishilardan ehtiyot bo‘lishni, ulardan uzoq bo‘lishlikni, chunki bunday kimsalardan yaxshilik chiqmasligini uqtirishadi.
Qat’iyat, sadoqat va fidoiylik shaxsiyatiga ega Shuhrat, o‘zligini unutgan, iymonsiz, qo‘rqoq, manfur kishilarga bo‘lgan nafrati sifatida “Qurbaqa” masalini yaratgan. “Qurbaqa” masali ham mazmun-mohiyat jihatdan, shoirning yuqoridagi masalidan qolishmaydi. Mushohadaga, obrazli tasvir vositalariga boy bo‘lgan “Qurbaqa” masali shoirning ijodida yangi sahifa ochdi. Masalda badiiy tasvirning muhim vositalaridan biri portret qahramon ruhiyatini ochishda katta rol o‘ynagan.
Odam bo‘lgan ekan bir vaqt Qurbaqa,
Kelishgan, xushbichim, gap-so‘zga chechan.
Otlarda ucharkan qoqdirmay taqa,
Suhbatda pahlavon, tanti, ko‘ngilchan!
Bir kuni nogihon tildan ilinib,
Podshoning qahriga bo‘libdi duchor.
Beshafqat o‘limga hukm qilinib,
Bozorning boshiga qurilibdi dor.
Dod solib yig‘labdi shunda u odam,
Yolvorib o‘rtaga qo‘yibdi kishi.
Keltirilgan parchada ayonki, bir vaqtlar odam bo‘lgan qurbaqa, ko‘rinishdan “Kelishgan, xushbichim, gap-so‘zga chechan., Suhbatda pahlavon, tanti, ko‘ngilchan” ekanligi aytiladi. Bu uning tashqi qiyofasi tasviri. Lekin, dono xalqimizda shunday maqol bor “usti yaltiroq, ichi qaltiroq”. Shoir qalamga olgan lirik qahramon esa xuddi shunday “usti yaltiroq, ichi qaltiroq”lardan. Shu o‘rinda aytish joizki, “Badiiy asarda portretning vazifalari turlicha bo‘ladi. Biroq portretning eng muhim xarakteri, uning ko‘proq psixologik portret bo‘lishidadir”(N.Shodiev). Psixologik portret shoirga qahramonning tashqi qiyofasi orqali uning ruhiy dunyosini ochishga yordam beradi. Podshoning qahriga duch kelgan ko‘rinishdan e’tiborga molik bo‘lgan odamning ong-u tafakkurida katta bir burilish, tubanlik sari o‘zgarish hosil bo‘lganini shoir uning o‘z so‘zlari orqali namoyon qiladi. Mana uning ichki dunyosi, ma’nan jirkanch qiyofasi:
“Mayli men shahriga qo‘ymayman qadam,
Shu bo‘lsa shohimniig istak-xohishi.
It bo‘lib hurishga roziman hatto,
Qurbaqa bo‘l desa, roziman, mayli,
Iltimos, jonimdan qilmasin judo,
Bir parcha yumshoq et- tilim tufayli!”
Podshoh kulibdi, O‘ylab qarasa,
Osishga arzimas jo‘n odam ekan!
G‘azabdan titragan xaloyiq esa,
Qo‘rqoqqa otibdi gul emas, tikan!
Shoirning bu masalni yozishdan maqsadi, bizningcha, “It bo‘lib hurishga roziman hatto, Qurbaqa bo‘l desa, roziman, mayli” degan misralarda o‘z ifodasini topgan. Shoir uchun eng og‘ir narsa o‘lim emas, balki millatning nazar-e’tiboridan qolishdir. Kimgadir yoki kimlargadir yomonlik qilgan kimsa garchand podshoning qahr-g‘azabidan omon chiqqan bo‘lsa ham, el-u yurt qarg‘ishiga qolib kelganki, bu uning uchun o‘limdan ham dahshatli holdir. Shuhrat shu masalida shunday zotlarnining razilligini Qurbaqa obrazida ro‘y-rost ko‘rsatgan. Shoir fikricha qurbaqaga aylangan insonlar Yaratganning jazosiga mahkumligini aytar ekan, ularning iflos hayoti boshqalar uchun ibrat bo‘lmoqligi lozim, degan g‘oyani masalda uqtiradi, o‘quvchining har bir hujayrasiga singdirgandek bo‘ladi:
Elu yurt qo‘rqoqdan yuz o‘giribdi,
Qo‘rqoqni tutibdi elning qarg‘ishi.
Kechqurun odamdek yotgan bu kishi,
Ertalab Qurbaqa bo‘lib turibdi!
Vaqillab yurarmish o‘shandan beri,
Ochilib el aro qo‘rqoqlik siri!
Shuhrat ijodining boshqa ijodkorlar yaratiqlaridan ajratib turadigan muhim xususiyat – xoh she’riyatda, xoh nasrda, xoh masallarida bo‘lsin, qariyb barcha asarlarida, xira pashsha, xoin, qurbaqa va tulkisimon kimsalarni fosh qiladi. Ulardan hazar qilib, chin insoniylik xislatlarni madh etadi. Shoir barcha janrdagi asarlarida o‘z qalbini jarohatlagan xoinlik va yomonlik, shuningdek, o‘zi uchun ideal hisoblangan sadoqat va yaxshilik mavzusiga qayta – qayta murojaat qiladi, shu bois bu mavzu uning asarlarida bosh mazmun va yetakchi leytmotivga aylangan.
Shuhrat lirik qahramoni orqali kitobxonni hayotda uchraydigan voqea-hodisalardan ruhan boyitadigan mazmun – ma’no topishga undaydi. She’r matni bilan tanishgan o‘qirman, hayotning murakkab xilqat ekanini, bu kurashdan iborat maydonda agar ma’naviyati sust bo‘lsa, har qanday zabardast polvon ham mag‘lub bo‘lish mumkinligini yaxshi anglaydi. Shoir “Bo‘ri edi, tulki bo‘ldi” degan hajviy she’rida haromxo‘r kishining yanada jirkanch qiyofaga kirishi mumkinligini tasvirlagan:
Ismi edi Alijon polvon,
Polvonlikdan bir ish chiqmadi.
Qay maydonga bo‘larkan ravon,
Bir kishini halol yiqmadi.
Bo‘ri kabi chang soldi goho,
Goh bo‘ridek bosib yiqitdi.
Bo‘lsa hamki barcha norizo,
U o‘zini g‘olibdek tutdi.
Shoir Alijon polvon obrazi timsolida, xudbin, pastkash, nafs balosi quli, hamma narsaga bir paytning o‘zida erishaman deb o‘ylagan ochko‘z, jirkanch kimsa qiyofasini yaratadi. Alijon polvon ma’nan qashshoq, o‘z nafsi, hoyu-havasi yo‘lida hech qanday tubanlikdan qaytmaydigan, polvon nomiga munosib bo‘lmagan badkirdor, gumroh. Agar Alijon polvon, bizning zaminimizdan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar, adib va shoirlarimizning asarlarini uqib o‘qib, mutolaa qilganda, o‘z hayot yo‘lini bunday sharmandalik ustiga qurmagan bo‘lar edi. Zero, birgina Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar”ida nafsning yomon oqibatlarga olib kelishi haqida bir qancha ibratli fikrlari borki:
Nafs yo‘lig‘a kirgan kishi rasvo bo‘lur,
Yo‘ldan ozib, toyib, to‘zib gumroh bo‘lur,–
degan satrlarida nafsning – ichki dushman, dushman bo‘lganda ham juda katta dushmanligini, unga tobe bo‘lish, yengilish natijasida insondagi butunlik sinib, ma’naviy osoyishta hayoti barham topishi mumkinligini nazarda tutgan. She’r qahramoni Alijon polvon esa, Yassaviy ta’biri bilan aytganda, nafs quli, hayoti izdan chiqqan kimsadir. Inson zoti yaralibdiki, yaxshilik (ezgulik) bilan yonma-yon yomonlik (tubanlik) birga yashab keladi. Shoir Alijon polvon xarakteriga xos illatlarni she’rda ayovsiz fosh etar ekan, salbiy obraz butun bo‘y-basti bilan gavdalanadi. Har bir inson, avvalo, yaxshilik nima-yu, yomonlik nima farqiga borishi, o‘z ongi, aql-u farosati bilan anglab olishi kerak, yo‘qsa Alijon polvon holiga tushishi hech gap emas.
Bora-bora ismi yoniga,
Bo‘ri so‘zi qo‘shilib qoldi.
Bu shum laqab tegib joniga,
Hiyla qilish yo‘lini oldi.
Hiyla bilan bitmadi ishi,
Hiyla bilan bo‘lmadi polvon.
Shoir Alijon polvon xarakterida uchrovchi illatlarni she’rda ayovsiz fosh etar ekan, haqqoniylik asar mazmunining yoki obraz mohiyatining salmoqdorligi, boshqacha aytganda, konseptualligi orqali belgilanishini tom ma’noda isbotlaydi. Alalxusus, “Nodon – eshak. Balki eshakdin ham kamrak. Eshakka har ne yuklasang ko‘tarur va qayon sursang ul yon borur, aql va tamiz da’vosi yo‘q. Mashaqqati minnatsiz va suubati kulfatsiz. Nodonni eshak degandin mutaxayyir, eshak qoshida yamon va yaxshi degan bir:
Birida muncha hunar, ul birida muncha uyub,
Qaysining xo‘b ekanin, ahli xirad bilgay xo‘b, –
deb kuylagan Alisher Navoiyning eshakdan nodon lirik qahramoni qaysidir ma’noda Shuhratning “Bo‘ri edi, tulki bo‘ldi” she’ri qahramoni Alijon polvonni yodga soladi. Shuningdek, shoir hajv vositasida tanqid qilish bilan birga, hiyla qilish inson uchun foydali emas, balki zararli qusur ekanligini obrazli qilib ko‘rsatishga harakat qiladi.
Endi uni ko‘rgan har kishi,
“Ali tulki shu!” – deydi hamon.
“Ali tulki” demasa uni,
Bu atrofda hech kim bilmaydi.
Bilganlar ham g‘irrom polvonni,
Tulki deya, izzat kilmaydi.
Polvonlikdan nomi qolmadi,
Avval bo‘ri, so‘ng tulki bo‘ldi.
Polvonligin el tan olmadi,
Oxirida bir kulgi bo‘ldi!
Shuhrat she’rlarini mutolaa qilish jarayonida shunday xulosaga kelish mumkinki, nurga ma’naviy yorug‘likka intilgan shoir Shuhrat ham munaqqid e’tirofidek, “…olamni oydin haqiqatlarda ko‘rib, yorug‘ hissiyotlarda qalam tebratadigan shaxs, tashqi dunyonigina emas, u insonning ichki olami ham nurli bo‘lishi dardida yashaydi”(I.Haqqul). Shoir asarlaridagi she’riy obrazlar orqali, munofiqlik, xudbinlik, qo‘rqoqlik, zararkunandalikka nafrat, muhabbatga da’vat va oliy tuyg‘uni ulug‘lash asosiy o‘rin tutishini ko‘ramiz. Binobarin, “…badiiy asar sarlavhasining ixcham, lo‘nda, betakrorligi matnning pishiqligidan, sistemaning mustahkamligidan nishona”, deb hisoblaydigan bo‘lsak, shoirning “Xira pashsha” hajviy she’ri o‘zini to‘laqonli oqlaydi. Yana shuni alohida qayd etish kerakki, “Inson va uning tabiati, ruhiyati haqiqatni kashf etishda hech bir soha adabiyot bilan tenglasha olmaydi va uning o‘rnini bosolmaydi” (U.Normatov). Albatta, hajviy she’rlar ham bundan mustasno emas. Shoirning ushbu she’ri ham inson tabiatiga xos bo‘lgan illatni ko‘rsatishga bag‘ishlangan.
Uyga kirib qolibdi nogoh,
Qaerdandir xira bir pashsha.
Endi boshim qo‘ygan edim, oh,
U boshladi rosa xarxasha!
She’r mazmun-mohiyatidan ko‘rinib turibdiki, pashsha obrazi orqali shoir xirapashsha, zararkuranda insonlarni tasvirlashga harakat qiladi. Shunday kimsalar borki, hayotda ularning foydadan ko‘ra ko‘proq zarari tegishi yetmaganday, “tegmaganga ham kesak otadigan” xunuk qiliqlari bor. Bunday insofsiz kimsalar na eshitadi, na bu odatdan voz kechadi.
Goh labimga qo‘nadi kelib,
Goh burnimga, goho quloqqa.
Ko‘zim ochsam ushlamoq bo‘lib,
Uchib ketar allaqayoqqa!
Ko‘z yumdimmi, yana keladi,
Yana qo‘nar yuz-ko‘z, qoshimga.
Yo g‘ing‘illab xonish qiladi,
Shu atrofda tegib g‘ashimga.
Shuhrat hayoti davomida juda ko‘p xirapashsha insonlarga duch kelgani tabiiy, buni shoirning boshdan kechirgan hayoti to‘liq isbotlaydi. Tom ma’noda “Ijodkor qalami ostidan chiqqan haqiqiy san’at namunasi – mo‘jizakor badiiy asar matni”(B.Karim), – ekanligi aniq. Haqiqat va adolat shoir ijodining mazmun-mohiyatiga singib ketgan, bunday holat ijod jarayonida muallifning zamon va zamondoshlariga munosabatida ham ochila boradi. She’rda shoirning so‘zlarga va so‘zlarning bir-biriga munosabati katta ahamiyat kasb etadi. Poetik so‘z shunchaki o‘z ma’nosigagina ega bo‘lib qolmay, o‘zida boshqa so‘zlarning ma’nosini ham jamlaydi. Bunga she’rni o‘qish davomida shohid bo‘lamiz.
Bor-ey! – dedim boshimni burkab,
Ko‘zim yumsam tushga kiribdi.
Tushimda ham xira muttaham,
Labim uzra qo‘nib turibdi!
Ta’bim xira, uyg‘ondim cho‘chib,
Harom bo‘ldi tushki uyqu ham.
Pashsha esa yuribdi uchib,
Xonam ichra – na qayg‘u, na g‘am!
So‘z zargari tuyg‘ularning rost tasvirini berish uchun badiiy til, adabiy ifodaga e’tibor qaratadi. Har bir ijod namunasi she’r – shoirning qalb mulki. Ijodkor shaxs olamga, odamlarga befarq qarab turolmaydi, dunyoning turfa hodisa, tuyg‘ulari uning yuragiga cho‘g‘ soladi, kuydiradi, yondiradi, natijada shoir bu holatni she’rga soladi, yuragini bo‘shatib oladi. “Xira pashsha” she’rida ham shoir aytmoqchi bo‘lgan “…ifodaning istiorali usuli, ya’ni so‘z ma’nosini boshqa predmetga ko‘chirish, shama, kinoya yoki ramzlarning yaratilishi” (N.Tamarchenko)ni she’rning so‘nggi to‘rtligida ko‘rish mumkin. Ya’ni, lirik qahramon g‘ashiga tekkan pashshani ushlab, o‘ldirib, o‘ligini derazadan uloqtirib yuboradi va shu bilan o‘ziga ozor yetkazayotgan mahluqotdan osongina qutiladi. Lekin shoirni iztirobga solgan, o‘yga toldirgan narsa boshqa, ya’ni pashshadek yo‘lidan olib tashlashi mumkin bo‘lmagan “pashshasifat kimsalar”ning hayotda uchrashi. Bu inson uchun og‘ir musibat. Unday kimsalar bir umr hammaga ozor berib, g‘ashiga tegib yashaydi. Shoir shundan afsus nadomat chekadi:
Bu bir pashsha. Oxiri ushlab,
Derazamdan otdim o‘ligin.
Pashshasifat odamlar uchrab,
-Qolsa bormi hayotda lekin….
So‘zni ruhiga bo‘ysundira bilish har bir shoir oldida turgan muhim vazifa. Ijodkor she’rlarida inson va tabiat ashyolari o‘rtasidagi yashirin yaqin mohiyatni izlaydi. Ushbu she’rdagi “pashshasifat” obraz talqinida ham inson ma’naviyatsizligi muammosi she’r markaziga qo‘yiladi va bu she’rga falsafiy ruh bag‘ishlaydi.
Xulosa qilab aytadigan bo‘lsak, Shuhrat mahorati shundaki, masal va hajviy she’rlarida kechinmalarini o‘zi tanlagan so‘zlar bilan ifodalay olgan. Davrning ijtimoiy – siyosiy, ma’naviy – axloqiy masalalarini she’rlarida dadil aks ettirish orqali inson tabiatining zaif tomonlari, nuqsonlari, qusur-kamchiliklari, noto‘g‘ri xatti-harakatlarini aniq, o‘tkir hajv yo‘li bilan ochib beradi. Shuhrat masal va hajviy she’rlaridagi poetik obrazlarda ko‘zga tashlanuvchi uslubiy o‘ziga xosliklar, shoirda voqelikni tushunish, idrok etish, o‘zlashtirish va baholash tamoyillari yuqori darajada ekanligidan dalolat. Shuhratning masal va hajviy she’rlari aql o‘rgatmagani, pandu nasihat qilmagani holda tabiiy shavqi bilan tuyg‘ularni tarbiyalaydi. Bu holat, hech ikkilanmay aytish mumkinki, didaktik tarbiyaning muhim vositasi sifatida bashariyatni tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu bois shoir masal va hajviy she’rlari XX asr adabiy maydonidagi ma’naviy ibrati bilan hozir ham o‘z ahamiyatini to‘la saqlab qolgan.