Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARIDA BOLALARNI TARBIYALASHDA XORIJIY TAJRIBALARNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI

Qilichova Marhabo Xudoyqulovna JDPI “Maktabgacha ta’lim” fakulteti, “Maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi ANNOTATSIYA Ushbu maqolada maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni tarbiyalashda xorijiy tajribalarning o‘ziga xos jihatlari yoritilgan. Asosan Yaponiya, Koreya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya davlatlarining maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalashning o‘ziga xos jihatlari o‘rganilgan. Shuningdek maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiya vositasini to‘g‘ri tanlash haqida aniq takliflar berilgan. Shuningdek xorijning ilg‘or tajribalaridan foydalanishda tahliliy yondashish kerakligi ta’kidlangan. Hamma milliy tarbiya tizimining o‘ziga xosligi ham yoritilgan va O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim va tarbiyaning asosiy vazifalari ko‘rsatib berilgan. KALIT SO‘ZLAR: maktabgacha ta’lim va tarbiya, tarbiyachi pedagog, xorijiy tajribalar, rivojlangan davlatlar, tarbiya vositasi, O‘zbekiston, Yaponiya, Koreya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, konsepsiya, umummilliy dasturlar, bola, shaxs, fuqaro, ilg‘or tajribalar, milliy harakatli o‘yinlar, texnokratik, informatsiya, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, oila, ona, burch, pozitsiya.   KIRISH O‘zbekiston ta’lim sohasini isloh qilishda jadallik bilan odimlab bormoqda. CHunki  bugungi  kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning maqsadi O‘zbekistonning istiqboldagi taraqqiyotini ta’minlaydigan barkamol avlodni voyaga etkazishdir. Bu borada sharq mutafakkiri Abu Nasr Farobiy “Ta’lim-tarbiyaning asosiy vazifasi mavjud jamiyat uchun etuk insonni tarbiyalash hisoblanadi”[1,17-bet]-degan edi. Darhaqiqat, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni jismonan va ma’nan sog‘lom, intellektual salohiyatli avlodni tarbiyalashga qaratilgan. Mana shu ta’lim-tarbiya tizimining boshlang‘ich bo‘g‘ini maktabgacha ta’lim va tarbiya hisoblandi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan qonunlar, qarorlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ 4312-sonli Qarori[2]- misolida ko‘rsak, mazkur konsepsiya maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarning sifatli maktabgacha ta’limdan teng foydalanishini ta’minlash, maktabgacha ta’lim xizmatlarini rivojlantirish, bir so‘z bilan aytganda, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishning maqsadli vazifalarini qamrab olgan bo‘lib, jarayonning ustuvorliklari va bosqichlarini belgilab beradi. Shuningdek maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimini yanada rivojlantirishda xorij tajribalarini o‘rganish, ularning yutuqlarini tahlil qilish hamda milliy tarbiyadan voz kechmagan holda rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalarini amaliyotga joriy etish talab etiladi. Shunga muvofiq bir nechta xorijiy rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalari tahlil qilindi. ASOSIY QISM YAponiya davlatida bolalarni olti yoshga to‘lishi bilan maktabga berishadi. Unga qadar bolalar bog‘chada ta’lim-tarbiya olishadi. Bog‘cha davrida bolalarga pedagoglar sodda hisob-kitoblarni, shuningdek, “xiragana”  va “katakana” alifbolarini o‘qishni o‘rgatishadi.[3] Maktabgacha ta’limga Yaponiyada katta e’tibor  beriladi, chunki psixologlarning ta’kidlashicha 5 yoshgacha inson bilimlarning 70%ni, qolgan 30%ni butun qolgan umri davomida o‘zlashtirar ekan. Yaponlarda maktabgacha tarbiya odatda oiladan boshlanadi. YApon ayollari uchun onalik birinchi o‘rinda turadi. Ko‘pgina yapon ayollarining aytishlaricha, bola tarbiyasi-hayotlarining maqsadlaridir. YAponiyada maktabgacha ta’lim muassasalarining 59,9 foizi xususiy, 40,8 foizi davlatnikidir. Yapon bog‘chalarida bolaning ilk yoshidanoq o‘ziga xos bo‘lgan tarbiya usullaridan foydalanib, hayotda uchraydigan muammolarni har etishga doir ko‘nikmalari bosqichma-bosqich shakllantirib boriladi. Masalan; 1 yoshda bolada o‘ziga ishonch hissini uyg‘otishga o‘rgatishadi; 2 yoshda amaliy san’at orqali qo‘l mehnatiga o‘rgatiladi; 3 yoshda bolalarda burch hissi tarbiyalanadi; 4 yoshda yaxshilik va yovuzlikni farqlashga o‘rgatiladi; 5 yoshda bolada liderlik hislatlari tarbiyalanadi, ularni mustaqillikka o‘rgatishadi, rejalar tuzishga va ularni bajarishga doir ko‘nikmalar shakllantiriladi. Yaponiyada bolalar va qizlar turlicha tarbiyalanadilar. O‘g‘ilga oilaning bo‘lajak tayanchi sifatida qaraydilar va bolalikdanoq qiyinchiliklarni yengishga o‘rgatadilar. Qizlarni ham bolalikdanoq uy ishlariga tayyorlaydilar. Yaponiya bog‘chalarida bolalarni 8 kishilik kichik guruhlar-“xanlarga” bo‘ladi. Bu bolalarga bog‘chada o‘z ish o‘rnilari ajratiladi, ular o‘z “xanlariga” nom tanlaydilar. Shu tariqa eng kichik yoshdan jamoada ishlashni o‘rgatadilar. Bu guruhdagi har bir tarbiyalanuvchi guruhda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga doir ko‘nikmalar shakllantiriladi. Yaponlar ekologik tarbiyaga ham katta e’tibor qaratishadi. Ular  bugungi kunda preslangan chiqindilardan butun boshli bir orolni barpo etmoqda. Bunda albatta bolalarning ham hissasi bor. [8, 669-bet.] Maktabgacha ta’lim AQSHda maktabgacha ta’lim muassasalarida, jumladan, ijtimoiy va xususiy  yasli, bog’cha va maktabgacha tayyorlov markazlarida amalga oshiriladi. Davlat faol ravishda maktabgacha ta’lim muassasalarining ta’lim berish vazifasini qo’llab –  quvvatlaydi va bolalarning maktabgacha ta’lim olishi va maktabga tayyorlanishi uchun moliyaviy yordam ko’rsatadi. 5 yoshli ko’plab  amerika bolalari bolalar bog’chalarida tayyorlov sinflarda ta’lim olishadi. Bu sinfda bolalar boshlang’ich maktabda o’qish uchun tayyorlanishadi, ya’ni asta – sekin o’yindan o’qish, yozish va boshqa kerakli ko’nikmalarni o’zlashtirishga o’tishadi. Ijtimoiy maktabgacha ta’lim muassasalarida 60 foiz besh yoshli bolalar ta’lim oladi, ammo ko’plab ota – onalar xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarini ma’qul ko’radilar. Koreyada bolalar bog‘chalari umumiy ta’lim dasturining bir qismi hisoblanmaydi, ota-onalar bolalarni xususiy muassasalarga topshiradilar. Bolalar bog‘chasiga bolalar 3 yoshdan 5 yoshgacha qabul qilinadi. Olti yoshga to‘lgan bolalar odatda maktabga boradi. 1980-yillardan boshlab bolalar bog‘chalari va maktabgacha muassasalarga boradigan bolalar soni keskin o‘sdi: bunda 901 ta muassasaga 1980 yilda 66 433 bola borgan bo‘lsa, 1987 yilda 7 792 muassasa mavjud bo‘lib, ulardagi bolalar soni 397 020 taga etdi. Ulardagi tarbiyachi va pedagoglar soni ham ortdi, ularning katta qismini ayollar tashkil etdi. Koreya bog‘chalari quyidagi turlarga bo‘linadi: boshlang‘ich; o‘rta; yuqori. Janubiy Koreya maktabgacha ta’lim tizimi asosan bolaning boshlang‘ich har tomonlama rivojlantiruvchi ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan. Bolalar uch yoshdan boshlab koreys va ingliz tillarida o‘qish va yozishni o‘rganadilar. Shu yoshdan boshlab bolajonlar matematika sir-asrorlarini o‘rganadilar. Koreyslar bolalarning jismonan sog‘lom va baquvvatligiga, shuningdek musiqa darslarining o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratadilar. Bog‘chadan boshlab bolalarga judayam katta hajmda uyga vazifalar beriladi, ingliz tili darslarida alohida so‘z va jumlalarni tarjima qilishdan tashqari, bolalar o‘z fikr va qarashlarini ingliz tilida ravon va sodda so‘zlashni o‘rganadilar. Koreyada boshlang‘ich ta’lim uchun o‘quv yilida 1 martga qadar 6 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Lekin 5 yoshli bolalar ham o‘qishga kirishga huquqli bo‘lib, buning uchun maktab mas’ul shaxsining ruxsatnomasini olishi lozim bo‘ladi. Bolalar bog‘chasining asosiy vazifasi oilalarni har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Bog‘chalarda asosan musiqa, rasm, hisoblash darslari o‘tiladi. Koreys bog‘chalarida bolalarda mustaqillikni shakllantirishga katta e’tibor beriladi.[4, 47-48-betlar] Buyuk   Britaniyada   odatda   ta’lim   berish   o‘rganilayotgan   predmet   yoki o‘qituvchiga emas, balki bolaga yo‘naltiriladi. Bunday yondashuv ingliz ta’limi tarixiga   asoslanib,   uning   rivojiga   Russo,   Frebel,   Montessori   ta’sir ko‘rsatganlar.   Ular   bolaning   individualligini   rivojlantirish   va mustaqilligini   himoya   qilish   kerak,   deb  hisoblaganlar.   Maktabgacha tarbiyaning   asosiy   maqsadlari:   har   bir   bolaning   ehtiyoji   va   uning manfaatlarini qondirish, bolalar o‘rtasidagi farqni hurmat qilish. Bunda bola o‘qish uchun ichki intilishga ega, qiziquvchan va tabiatan serg‘ayrat, deb taxmin qilinadi. O‘qitish bolaning o‘zi taklif qilgan o‘yin davomida olib borilishi kerak. Ustozning asosiy vazifasi bolaga uqtirish yo‘li bilan emas, balki o‘yinni qo‘llab turish, unga tadqiqot o‘tkazish uchun turli materiallar taqdim etishdan iborat. [5] Germaniya   qonunlarida   maktabgacha   ta’lim   olishning   bepul   huquqi belgilangan. Bolalarni 4 oyligidanoq yasliga olib borish mumkin. Ko‘pchilik nemislar   bu   huquqdan   foydalanadilar.   Nemislarda   keksa   avlod   vakillari bo‘lmish buvi va buvalar nevaralar tug‘ilgandan so‘ng nafaqaga chiqib, ularga qarash majburiyatlari tushunchasi yo‘q. SHuning uchun ota-onalar bolalarini bolalar bog‘chalari va yasliga berishga majbur bo‘ladilar. Germaniya maktabgacha   tarbiya   muassasalarining   (MTM)   rang-barang   shakllari   va turlari quyidagicha:
  1. Waldkindergarten (nemischa Wald so‘zidan – o‘rmon, Kindergarten – bolalar bog‘chasi). Bunday bolalar   bog‘chalarini   yaratish   fikri   Skandinaviyada boshlangan. Ko‘pincha bunday bog‘chalar o‘rmonda joylashadi. Bolajonlar doimo ochiq havoda bo‘ladilar, daraxtlar va boshqa o‘simliklarni o‘rganadilar, tabiiy materiallardan turli narsalar yasaydilar. Bolalarga tabiatni sevish va uni asrab-avaylash o‘rgatiladi.
  2. Bauernhofkindergarten (nemischa Bauernhof  so‘zidan – dehqon xovlisi, qo‘rg‘oni;   Kindergarten   –   bolalar   bog‘chasi).   Bunday   bog‘chalar   dexqon xo‘jaliklarida, fermalar yoki ularga yaqin erlarda joylashgan bo‘ladi. Bolalar kuchlari yetguncha fermerlarga mollarni boqishda, dala va bog‘larda sabzavot va mevalar o‘stirishda yordam beradilar.
  3. Reggio-Kindergarten. Bunday bolalar bog‘chalarini yaratish konsepsiyasi Italiyaning Rejio-Emilio shahrida   paydo   bo‘lgan   va   nomi   ham   shundan olingan.   Bunday   maktabgacha   tarbiya   muassasasi   bozor   (yarmarka)   maydonini eslatuvchi   –   o‘rtada   katta   bir   xona   (xoll)   va   undan   shaharchaning   turli «mavzelariga» – kichik xonalarga chiquvchi inshootni eslatadi. Bunday turdagi bog‘chalarda bolalar joylashgan muhit asosiy tarbiyachi deb ataladi. Har kuni ertalab   bolalar   tarbiyachi   bilan   katta   xonada   yig‘ilishib,   kun   rejasini maslahatlashadilar, so‘ngra xonalarga tarqalishadi. Bitta xona qurilish va turli   konstruktorlar   yig‘ish   xonasiga   aylantiriladi.   Bu   erda   bolalar kubiklar o‘ynashi, konstruktorlar yig‘ishi mumkin. YAna rasm chizish xonasi ham bor,   odatda   u   erda   bo‘eqlar   va   devorlarga   vatman   qog‘ozlar   osib   qo‘yilgan. Bolalarga   maxsus   kiyim   kiygazib   ko‘yiladi   va   ular   xohlagan   erlariga   – devorlar,   pol,   bir-birlariga   rasm   chizishlari   mumkin.   Bu   erda hunarmandchilik,   musiqiy   va   boshqa   xonalar   ham   bor.   Bunday   bog‘chalarda tarbiyachilar   bolalarga   faqat   atrofdagi   joyni   o‘zlashtirishlarida ko‘maklashadilar.
  4. Freinet-Kindergarten. Maktabgacha   pedagogikaning   bu   yo‘nalishi   o‘z nomini   bolalar   tarbiyasiga   o‘ziga   xos   yondashish   usulini   ishlab   chiqqan italiyalik oilaviy juftlik familiyasidan olingan. Bu yo‘nalishning asosiy tamoyili   –   bolaning   butunlay   erkinligi   va   mustaqilligidir.   Fraynet-bog‘chasida   bolalar   nima   qilishlari,   qanday   o‘yin   o‘ynashlari,   nima   bilan shug‘ullanishlari,   qachon   ovqatlanishlari   va   uxlashlarini   o‘zlari   hal qiladilar.  «Bolalar   konferensiyasi»   deb   atalmish   yig‘ilishlarda   bolalar MTM   doirasida   hulq-atvor   qoidalarini   o‘zlari   belgilashadi.   Bunday bog‘chalarda ijod qilish, syujet-rol o‘yinlari, eksperimentlar, tabiat qo‘yni yoki   shaharning   korxona   va   tashkilotlariga   ekskursiyaga   borishlarga   kata ahamiyat beriladi.
  5. Integratsion bolalar   bog‘chalari.  Bunday   turdagi   MTMlarda   sog‘lom bolalar bilan birgalikda jismonan va ruhiy nosog‘lom bolalar birgalikda tarbiyalanadi. Bunday sharoit oddiy bolalar uchun chidamlik, bag‘rikenglik va hurmat qilishni o‘rganishga ajoyib imkoniyat, deb qaraladi. Imkoniyatlari cheklangan bolalar jamiyatdan ajralgan holatda bo‘lmaydilar, o‘z tengdoshlari bilan   muloqot   va   hamjihatlikdabo‘lishni   o‘rganadilar.   SHunday   bog‘cha   va maktablarning   soni   ko‘pligi   Germaniyada   nogironlarning   yashashi,   ta’lim olishi va o‘zini namoyon qilishi uchun qulay sharoitlar yaratadi.
  6. Internatsional bolalar bog‘chalari. Bunday MTMlar emigrantlar uchun yaratilgan bo‘lib, ko‘pincha ularni emigrantlarning o‘zlari farzandlari uchun tashkil etadilar.  Germaniyada   turk-nemis,   yahudiy,   rus-nemis   bolalar bog‘chalari   juda   ko‘p.   Bu   muassasalarning   konsepsiyasi   bilingvallik 1 tamoiyiliga asoslangan. Ya’ni, guruhlarda doimo bolalar bilan ona tilida so‘zlovchi tarbiyachi bilan birga nemis tilida so‘zlovchi tarbiyachi ham bo‘ladi. Bunda bolalar ham ota-onalarining tilini, ham nemis tilini o‘rganadilar.
Rus-nemis   bog‘chalarida   ko‘pincha   Rossiya   mualliflarining   dasturlaridan foydalaniladi. Unda Rossiyada nishonlanadigan an’anaviy – Maslennitsa, 8-mart, yangi yil kabi ko‘p bayramlarga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar ham bor.[6] Rossiya Federatsiyasi ta’lim doirasidagi davlat siyosati mamlakat Konstitutsiyasi va «Ta’lim to‘g‘risida»gi   qonunida   o‘z   aksini   topgan   gumanizm   va   demokratiya   g‘oyalari asosida   qurilgan.   Bu   hujjatlarda   ta’lim   insonni   davlat,   jamiyat   va shaxsning   o‘z   manfaatiga   maqsadli   yo‘naltirilgan   o‘qitish   va   tarbiyalash jarayoni ekanligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Rossiya ta’limining tarkibini o‘quv dasturlari va turli pog‘onali davlat standartlari   hamda   yo‘nalishlari,   shuningdek   boshqaruvchi   tashkilotlar   – ta’lim tizimidan tashqari va ta’lim tizimiga bo‘ysunuvchi muassasalar tashkil   etadi.   Maktabgacha   ta’lim   Rossiya   Federatsiyasida o‘qitish   tizimining birinchi pog‘onasidir. Eng kichik yoshdagi bolalar uchun ham ta’lim olish imkoniyatini berish g‘oyasi   1918   yilda   «Yagona   mehnat   maktabi   to‘g‘risidagi   Nizom»   vujudga kelgandan so‘ng paydo bo‘lgan. Nizom qabul qilingan kundan boshlab har bir bola   tug‘ilganidan   boshlaboq   o‘qish   huquqiga   ega   bo‘lishi   mumkinligi kafolatlangan. Rossiyadagi maktabgacha ta’lim tizimi doimo o‘zgaruvchan holatda bo‘lib, u muntazam ravishda yangilanadi, ko‘rinishini o‘zgartiradi va mukammallashib boradi. Bola uchun ilk ustozlar uning ota-onasi hisoblanadi. Ular bolalarni go‘dakligidan jismonan, intellektual va axloq masalalarida tarbiyalashlari lozim.   Maktabgacha   tarbiya   muassasalari   (MTM)   faoliyati   oilalarga   bilim olish va tarbiyaning keyingi bosqichida yordam berishga qaratilgan. Rossiyaning maktabgacha ta’lim tizimi «O‘quv jarayonni modernizatsiyasi Konsepsiyasi»ga   asoslangan.   Bu   konsepsiyada   ta’limning   sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlashga muhim ahamiyat berilgan. Bu hujjat ta’lim to‘g‘risidagi qonunga, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga, MTM to‘g‘risidagi Namunaviy   nizomlarga   va   Ta’lim   vazirligining   boshqa   qarorlariga asoslangan.   Bu   Konsepsiyada   alohida   tashkilotlarning   foydali   tajribasi asosida o‘qitish mazmunini yangilash kerakligi haqida so‘z yuritiladi.[7] XULOSA Umuman olganda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiya usulini to‘g‘ri tanlash, ta’lim va tarbiyani uzviy bog‘liq ravishda olib borish talab etiladi. Shunday bo‘lsada Sharq mamlakatlarida ta’lim-tarbiya jarayonida tarbiya ustuvor vazifa sifatida yuzaga chiqadi. Chunki shaxsni shakllantirishda bizda asosiy urg‘u tarbiyaga beriladi. Sababi ahloqiy tarbiya shaxs kamolotida muhim o‘rin egallaydi. Shu bilan birga fuqaro tarbiyasi bilan bog‘liq ravishda shaxsda “davlatga mansublik”, “vatanparvarlik”, “mas’uliyatlilik”, “hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lish” kabi hislatlar shakllantiriladi. Tarbiyaning bu usuli millat tarbiyasida ham katta ahamiyat kasb etadi. Millatning qadriyatlarning anglashi, hurmat qilishi, ezgu g‘oya va mafkuralar atrofida birlashishi albatta ularning yoshlikdan olgan tarbiyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Xulosa o‘rni shuni aytimiz mumkinki, bugungi kunda maktabgacha ta’lim va tarbiya tashkilotlarida tashkil etiladigan ta’lim-tarbiya jarayoniga yangicha yondashuv talab etiladi. Bunda rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, tahlil qilish hamda filtrlash orqali milliy va zamonaviy ta’lim-tarbiya tizimiga joriy etish kerak bo‘ladi. Masalan, bola tarbiyasi borasida yapon pedagoglari yosh yapon avlodini saqlab  qolish  vositasini  O‘zbekistondan  topishdi.  Bugungi kunda bizning  ayrim odamlarimiz “zamonaviy emas”, deb o‘ynamay qo‘ygan harakatli o‘yinlarni to‘plab, olib  ketib,  o‘zlarining  superzamonaviy  bolalariga  o‘rgatishayotgan  ekan.  Sababi-zamonaviy bolalar o‘yinlari haddan ortiq texnokratlashib ketgan. Ularda insoniy ruh, joziba,  zavq  va  tuyg‘ular  kam.    Demak,  biz tarbiya usulida o‘zimizning milliy tarbiya vositalarimizdan ham unumli foydalanishimiz kerak ekan. Zamonaviy  pedagogik texnologiyalari  asosida  ishlab  chiqilgan  didaktik  o‘yinlar  bilan  birga  qatorda ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan milliy o‘yinlardan ham unutmasligimiz kerak. Chunki bu o‘yinlar o‘ziga xos shunday xususiyatlarga egaki, u orqali bolalarda intimozlilik, uyushqoqlik, irodalilik kabi ijobiy fazilatlar muayyan harakatlar orqali shakllanadi. Albatta bunda bolaning yosh xususiyatlarini hisobga olish talab etiladi.[9, 634-bet] Demak, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiya vositasini tanlashda milliy xarakterdagi ahloqiy, jismoniy, mehnat tarbiyasi kabilardan voz kechmasdan xorijning ilg‘or tajribalarini moslashtirish kerak bo‘ladi. Shundagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat vujudga keladi. Bu jarayon esa o‘z navbatida yangi O‘zbekiston, uchinchi Renesans uchun sog‘lom, bilimli va intellektual salohiyatli avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.     FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. Niyozov G‘., Ahmedov Q., Tojiboev Q. Sharq allomalari va ma’rifatparvar adiblarning barkamol avlod tarbiyasiga oid ma’naviy – ahloqiy qarashlari. T.: “O‘zbekiston”, 2010, 17-bet.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-4312-sonli Qarori. 2019 yil 8 may. https://lex.uz.
3. https://capitalsc.ru/yaponskiy-alfavit/
4. Fazilova D.X.Xorijiy tajribalardan foydalanish va innovatsion texnologiyalar modulidan o‘quv–uslubiy majmua. jizzax, 2021, 47-48-betlar.
5. http://sdo-journal.ru/journalnumbers/anglijskaja-sistema-do.html
6. http://razvivash-ka.ru/sistema-doshkolnogo-obrazovania-v-germanii/
7. https://edunews.ru/education-abroad/sistema-obrazovaniya/doshkolnoe.html
FOR REFERENCE
8. Qilichova M.Kh, Hamrayeva E. Issues of formation of ecological knowledge and culture in preschool educational institutions. Asian Journal of Multidimensional Research (AJMR). Vol 10, Issue 4, April 2021, P.669. Impact Factor:SJIF-2021=7.699.
9. Qilichova  M.X. Maktabgacha  ta’lim  tashkilotlari  tarbiyalanuvchilarida  ijodiy  fikrlash  qobiliyatini  shakllantirish usullari. “XXI asr ta’lim tizimida innovatsion va integratsion yondoshuvlar” mavzusidagi  Xalqaro ilmiy – amaliy onlayn konferensiyasi materiallari Jizzax: 2021 yil, 634-bet.