Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Korrupsiya illatini yo‘qotaylik …

“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir. Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo‘lidan bemorlar o‘lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo‘ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo‘lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo‘lida zavol topadi. Ta’limning inqirozi – bu millat inqirozidir”. Aziz o‘quvchi ushbu ibora Janubiy Afrika Respublikasi Stellenbos universiteti peshtoqiga yozib qo‘yilgan.                                                “Afsuski bu haqiqat”… Tan olish kerak shu kungacha Oliy ta’lim sohasida korrupsiya avj olib, tizim  bu illat botqog‘idan to‘liq  qutula olmagan. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ta’lim sohasida mas’ul xodimlar o‘rtasida pora olish bilan bog‘liq holatlarga ko‘z yumib ham ketaverganmiz. Eslang yaqin uch yilgacha korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklash holatlarida  kuzatilgan.                Endichi ? Nima  o‘zgardi?… Pandemiya munosabati hamda tizimdagi noxush holatlarni olish uchun Test sinovlari muddatlari 14 kun qilib belgilanganligi, ijodiy imtihonlar shaffof va boshqa viloyat komissiyalari tomonidan o‘tkazilayotganligi, magistraturaga qabul, o‘qishni ko‘chirish va tiklash kabi jarayonlar onlayn respublika miqyosida bo‘layotgani, ayni muddao bo‘ldi. Aniqrog‘i korrupsiyaga yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan jarayonlar oliy ta’lim muassasalaridan begonalashtirilib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda Oliy ta’lim tizimi yuzi yorug‘ bo‘lib qaddini tiklamoqda. Aziz o‘quvchi balki Men yuqorida keltirgan muammolar, noxush holatlar yodingizda qolib ketgandir yoki oz sonli muassasalarda bu kabi unsurlar ham  qolib ketgandir, ammo 3-4 qovun pishiqlar o‘tdi, qonunchiligimiz va faoliyatimizda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi, ish haqlari yetarli darajada oshirildi, va nihoyat talabalik safiga qabul qilish jarayonlarida ham ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bu yil Imtihonlar o‘tadigan xonalar va test sinovlar o‘tadigan joylar to‘liq translyatsiya qilindi.  O‘tgan yilgi ayrim  hududlarda kuzatilgan texnik nosozliklar bu yil qaytarilmasligi uchun imkon qadar harakat qilindi. Har bir ota-ona o‘z farzandini qanday imtihon topshirayotganini onlayn kuzatish mkoniyatiga ega bo‘ldi. “Pul bilan” va turli “o‘yinlar “ orqali  o‘qishga kirish,  eng katta yolg‘on!   Pandemiya munosabati bilan bu yil juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Abiturientlar o‘z uyida hech bir yerga chiqmasdan onlayn hujjat topshirishdi. Tushunmovchiliklar va ma’lumotlar uchun yurtimizning barcha OTM kall sentlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.Shuningdek  test sinovlariga uzoq hududlardan kelayotgan abiturientlar uchun avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Xullas barcha qulayliklar talaba bo‘lish istagida bo‘lgan yigit qizlarimiz uchun yaratildi. Birgina Jizzax viloyati misolida olib ko‘radigan bo‘lsak  oliy ta’lim  muassalariga talaba bo‘lish istagida  70 ming 743 nafar abiturient hujjat topshirgan bo‘lsa shulardan 48011 nafarini A. Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutiga hujjat  topshirgan abiturientlar tashkil etadi. Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari Jizzax viloyatida to‘liq yakunlandi. Shu jarayon davomida Test sinovlari o‘tkaziladigan hududga va sektorlarga kirishda abiturientlarning 7 nafari o‘ringa o‘rin kirishga uringani uchun 12 nafari esa telefon olib kirishga uringanligi sabab, 4 nafari shpargalka olib kirishga harakat qilgani uchun 1 nafari aloqa vositasi (mikro chip) olib kirishga uringani uchun test sinovlaridan chetlashtirildi. Shu yerda haqli bir savol tug‘iladi biz qachongacha o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz? Illatni yo‘qotish uchun nima qilish kerak? Agarki, biz barchamiz birgalikda, hamkorlikda ishlamasak, faqat ayrim mas’ul lavozimdagi insonlargagina ishonib o‘tiraversak, jamoatchilik nazoratini kuchaytirmasak, korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish har birimizning fuqarolik burchimiz ekanini anglagan holda ish yuritmasak, rejalarimiz, maqsadlarimiz shunday qolib ketaveradi yana o‘sha eski chirkin o‘ylar o‘qishga “pul” bilan kirish va uni “tanka” yordamida bitirish tizimini qaytadan avj olishiga yo‘l ochamiz. Bu borada ta’lim muassasasining boshqa faollari, kasaba uyushmasi, talabalar, ota-onalar vakillaridan iborat jamoatchilik kengashi ham muhim ta’sir kuchiga aylanmog‘i kerak. Har bir oliy ta’lim muassasasida jamoatchilik kengashi instituti shakllantirilgan. Uning barcha vakolati ishga solinadigan bo‘lsa, o‘ylaymizki, samaradorlik ham shunga yarasha bo‘ladi. Ezgu maqsad yo‘lida adashmaylik ! Farzandlarimizni tarbiyalash va ularga bilim berishda har doim to‘g‘ri yo‘l tutaylik. Ularga o‘z kuchi, bilimi bilan ilm olishlariga imkoniyat yaratib beraylik, murg‘ak qalbiga ta’magirlik illatini og‘u kabi joylashtirishga yo‘l qo‘ymaylik. O‘g‘il-qizlarimizni tanish-bilishlik yoki pora evaziga o‘qishga olib kirish yo‘lidan saqlanaylik. Maqsadimiz bir – korrupsiyaga qarshi kurashish. Shunday ekan, yo‘limiz ham bir bo‘lsin. Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Sh.S. Sharipov