Ijod, ibrat va fikrat maktabi
XX asr tarix silsilasida insoniyat boshiga ikki jahon urushini solgan, bu bilan ham kifoyalanmay, qancha-qancha xalqlar hayotiga turli qirg‘in va balolarni yog‘dirgan asr bo‘lib qoldi. Shuning barobarida, u hech bir asrda ko‘rilmagan texnika taraqqiyotiga erishilgan kosmik parvozlar davridir.
Bizning jafokash xalqimiz uchun XX asr uch tuzum – uch saltanat zamoni bo‘ldi: avvaliga chor Rossiyasi istibdodini kechirgan xalqimiz yaxshi hayot umidida uning o‘rnini zo‘rlik bilan tortib olgan sho‘rolar zamonidan najot kutib yashadi, makkor siyosat asosiga qurilgan bu tuzumdan ham ro‘shnolik ko‘rmagach, to‘kila-to‘kila, salkam bir yuz o‘ttiz yillik zulmatdan so‘ng asrning so‘nggi o‘n yilligida ozodlik deb atalmish yorug‘lik yuzini ko‘rdi.
Atoqli shoir, dramaturg, olim, yirik davlat va jamoat arbobi Hamid Olimjon dastlabki ikki zamon muhitida yashadi va ijod qildi. 35 yil umrining 9 yili ichida Jizzax qo‘zg‘oloniga va Oktabr inqilobiga guvoh bo‘ldi. Bu voqealar bo‘lajak shoir qalbida va ruhiyatida bir-biriga qarama-qarshi iz qoldirgani, shubhasiz.
Ustoz adabiyotshunos olim Naim Karimov singari fidoyi va zahmatkash olimlarimizning ko‘plab ilmiy tadqiqotlariga suyangan holda ayta olamizki, qisqa umri davomida Hamid Olimjon hamisha xalq yuragiga quloq tutib yashadi, butun ijodini xalq ruhiyati poklanishi va yuksalishiga bag‘ishladi, hayotdan zavq olib yashashga da’vat etdi.
Shoirning “O‘zbekiston”, “Jangchi Tursun”, “Roksananing ko‘z yoshlari” kabi asarlari esa uning nomini dunyo she’riyat muxlislariga tanitdi.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov yozganidek, “Hamid Olimjon — o‘zbek she’riyatida sira o‘chmas iz qoldirgan shoir. Uning lirikasi hali uzoq yillar she’riy jo‘shqinlikning, shavq va ehtirosning timsoli bo‘lib qoladi. Hali ko‘p avlodlar uning satrlaridan zamonaning o‘tli nafasini tuyub, xalqning hur, baxtiyor ovozini eshitadi”.
Adabiyot hamma zamonlarda xalq og‘zaki ijodidan suv ichib kelgan. Ammo Hamid Olimjon ijodi va xalq og‘zaki ijodi, ya’ni folklor rishtalari shu qadar mustahkam bog‘langan, shu qadar pishiq va baquvvatki, bu o‘zaro aloqadorlik hali yanada chuqur tahlil etish uchun asos bo‘la oladi.
Hamid Olimjon o‘z vaqtida o‘zbek xalq dostonlarini xalq baxshilaridan yozib olishda tashabbuskor va tashkilotchi bo‘lgan. Misol uchun, atoqli baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan o‘ttizga yaqin dostonlar yozib olingan. Jumladan, “Alpomish” dostoni birinchi marta nashrga tayyorlanib, so‘zboshi bilan chop etilgan.
Hamid Olimjonning xalq og‘zaki ijodiga bunday e’tibori bejiz emas. Shoirning bugunda ham deyarli har bir xonadonda yod olgan bitta o‘quvchisi bor. “O‘zbekiston” she’rida shunday satrlarni o‘qiymiz:
Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi manda..
Chappar urib gullagan bog‘in,
O‘par edim vatan tuprog‘in.
Odamlardan tinglab hikoya
O‘sar edi shoirda g‘oya.
Daryolarday kuylab o‘tardim,
Ertaklarga quloq tutardim.
“Oygul bilan Baxtiyor” dostonida esa shoir bizni yana go‘zal ertaklar olamiga yetaklaydi:
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Ko‘p ertak eshitgandim,
So‘ylab berardi buvim.
Esimda o‘sha damlar:
O‘zi uchar gilamlar,
Tohir-Zuhra, Yoriltosh,
Oyni uyaltirgan qosh,
O‘t bog‘lagan qanotlar,
Beqanot uchgan otlar…
Ushbu shalola kabi quyilib kelgan quyma satrlar baxshiyona ruhi bilan har qanday o‘quvchini rom etadi, bamisoli sehrlab qo‘yadi.
Gap shundaki, Hamid Olimjon Qo‘shrabotda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Narpayda Islom shoir Nazar o‘g‘li, Kattaqo‘rg‘onda Muhammad Jomurod o‘g‘li Po‘lkan, Baxmalda va Bulung‘urda Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kabi dostonchilik maktabining yirik vakillari, xalq baxshilari do‘mbira sayratib, eshitgan elni yayratib o‘tgan zaminda, ta’bir joiz bo‘lsa, Zarafshon dostonchilik maktabi muhitida ulg‘aydi. Pirovardida, xalq ruhiyatiga chirmashib ketgan o‘z adabiy maktabiga asos soldi.
Xalq dostonchiligiga xos jo‘shqinlik, samimiylik, obrazlarning jonli va hayotiyligi, teranligi va tiniqligi shoirning “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg‘” yoki “Parizod va Bunyod”, “Zaynab va Omon” kabi dostonlarida-yu har bir she’rida yarqirab turadi.
Buloq o‘zi ko‘z ochgan tog‘, o‘zi jildirab oqqan zamin tabiatini namoyon etadi. Shu tog‘ bag‘rida ko‘milgan ma’danlarning rangidan rang olib, shu zamin jamoliga ko‘rk bergan giyohlarning betakror toti-yu xush bo‘ylaridan muattar bo‘lib oqadi. Hamid Olimjonning ijod bulog‘i xalq qalbidan sizib chiqqan. Xalq og‘zaki ijodiga cho‘milgan, behad to‘yingan. Shu bois shoir ilhom bulog‘i bo‘lgan jafokash ona xalqini baxtli ko‘rishni istaydi. Odamlar ruhiyatidagi o‘sha davrga xos muayyan ko‘tarinkilikdan ilhomlangan shoir Chor Rossiyasi istibdodi zamonida ezilgan millatini sho‘rolar va’da etgan zamonda afzal bilib, uning ertangi kuniga umid bilan qaraydi, romantik qarashlar ta’sirida ijod qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Shodlikni kuylaganimning sababi” deb nomlangan she’rida:
Shodlik yo‘lga boshladi meni,
Baxtiyorlik bo‘ldi odatim,
Shoir bo‘lib shodlik va baxtni
Kuylamaklik zo‘r saodatim, —
deya yozadi. Uning bu satrlari, bir tomondan, xalqning ma’naviy-ruhiy ehtiyojiga mos bo‘lgani bois, ikkinchi tomondan, ijtimoiy-siyosiy zarurat tufayli shoir ijodi tadqiqotchilari tomonidan o‘ziga nisbatan “Baxt va shodlik kuychisi” ta’rifi qo‘llanishiga sabab bo‘ldi. Bizningcha, baxt va shodlik motivi shoir ijodida ko‘proq ma’naviy-ruhiy ehtiyoj ifodasi ekani to‘g‘riroq.
Demoqchi bo‘lgan gapimiz shuki, badiiy adabiyot ijtimoiy-siyosiy zarurat nuqtai nazaridan emas, balki ma’naviy-axloqiy missiyani qanday ado etayotganiga, badiiy mahorat mezonlariga ko‘ra baholanishi joiz. Badiiy so‘zning ma’naviy-axloqiy missiyasi inson qalbiga, uni poklashga, ravshan etishga qaratilgan. Shu ma’noda, “Baxt va shodlik kuychisi” iborasini shoir ijodining ma’lum bir yo‘nalishiga nisbatan qo‘llash o‘rinli.
Negaki, xalq dostonchiligi an’analari ta’siri xalqchillik barobarida shoir ijodiga mardona ruh baxsh etdi. Shoirning “Tanlangan” asarlari”ga kiritilgan shunday to‘rtligi bor:
Xalqqa ayting, men aslo o‘lganim yo‘q,
Yov qo‘liga taslim ham bo‘lganim yo‘q;
Men elimning yuragida yashayman,
Erk deganning tilagida yashayman!
Aslida, bu to‘rtlik Hamid Olimjonning “Muqanna” deb nomlangan tarixiy asaridan olingan. Bunday mardona satrlarni u zamonlarda faqat yuragi botir shoirlargina ayta olgan.
Bu haqda fikr yuritgan O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov shunday deb yozgan edi: “Urush davri bo‘lgani sababli “Muqanna” kabi asarlarda ozodlik tuyg‘usi kuylangani uchun o‘sha paytlarda muallifga teginishmadi. Lekin keyinchalik shu ruhdagi “Jaloliddin Manguberdi” asarini yozgani uchun Maqsud Shayxzoda qatag‘onga uchradi. Balki Hamid Olimjon barvaqt ko‘z yummaganida uning boshiga ham Shayxzodaning kuni tushardi”.
Haqiqat shuki, shubhasiz, betakror va o‘ta xalqchil bu nodir she’riyat o‘ttiz besh yoshida qismatning beshafqat zarbasiga uchradi. Bu yog‘i endi taqdirning inoyati edimi, Hamid Olimjon yaratib ketgan adabiy maktab an’analari uning sadoqatli umr yo‘ldoshi, asl o‘zbek ayollariga xos yuksak iroda sohibi bo‘lgan Zulfiyaxonim ijodida davom etdi. Atoqli shoiramizning quyidagi satrlari buning dalilidir:
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!
Parvardigorning o‘zi sevgan bandalarining idroki ila ko‘rsatgan marhamatiga qarangki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusiga ko‘ra, bugun adabiyotimizning yorqin siymolari — Hamid Olimjon va Zulfiya ijodi, chinakam ma’noda, yuksak hurmat va ehtiromga munosib ko‘rildi. Jizzax shahri markazida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga ajoyib haykal o‘rnatildi. Hozirgi kunda ularning nomi bilan atalgan xiyobon, ijod maktabi va muzey ishlab turibdi. Bu va yana olti viloyatda, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida tashkil etilgan atoqli adiblarimiz nomlaridagi bunday ijod maktablari yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lsa, kattalar uchun fikrat, tafakkur maktabi vazifasini o‘tayotir:
Qani, men ham bir daraxt bo‘lsam,
Ko‘ksimdagi otash gulxandan
Sonming pushti chiroqlar yoqib,
Matonatli o‘riklar kabi
Bahor yo‘llarini yoritsam!
Sa’dulla Hakim