Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Buyuk Ipak yo‘li tizimida Jizzax vohasining tutgan o‘rni

Bizga ma’lumki, o‘tmishda Buyuk Ipak yo‘li paydo bo‘lgunga qadar har xil, uzun-qisqa savdo-karvon yo‘llari ham mavjud bo‘lgan. Ammo bu yo‘llar Sharq va G‘arbni bog‘lagan ushbu buyuk yo‘lchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmagan. Ikki ming yillar ilgari kashf etilgan bu yo‘ldan savdo karvonlari, tijoratchilar va sayyohlar, Sharqdan G‘arbga va o‘z navbatida G‘arbdan Sharqqa doimiy qatnaganlar. Qit’alararo o‘tgan, Osiyo, Afrika va Yevropa mamlakatlarini ko‘prik misoli birlashtirgan bu Buyuk yo‘l cho‘llar, dashtu sahrolar, tog‘lar, vodiylar, dengiz va ko‘llarni kesib o‘tgan, hech bir davlatga, aqida va mafkuraga bo‘ysunmagan, har xil tillarda gaplashuvchi, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlarning o‘zaro muloqotini osonlashtirgan, madaniyatlarini bir-birlariga tanishtirgan. “Ipak yo‘li” atama sifatida ishlatila boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. U ilk bor 1877-yilda nemis geograf olimi Ferdinand Paul Vilgelm tomonidan nashr etilgan “Xitoy” nomli kitobida uchraydi. Vilgelm Rixtgofen “Ipak yo‘li” atamasini fanga kiritar ekan, u dastlab  Xitoy-Turkiston-Hindiston yo‘nalishidagi yo‘lni nazarda tutgan. Keyinchalik uning ishlarini davom ettirgan bir qator olimlar qadimgi savdo yo‘llarini atroflicha tadqiq etib, atamaning mazmuniga o‘zgartirishlar kiritganlar. Xususan, ular Xitoyning qadimgi poytaxti Chang’an shahridan boshlab Xesi yo‘lagi (Xeshi koridori), Taklamakon cho‘li atrofi va Turkiston shaharlari orqali Yaqin Sharq, Afrika va Yevropa mamlakatlarini bog‘lab turuvchi karvon yo‘lini nazarda tutganlar. Ipak yo‘li yo‘nalishidan yiroqda yashagan xalqlar ham boshqa xalqlarning vositachiligi bilan uning taftidan bahramand bo‘lganlar. Xavf-xatarlarga, tasodif va tabiiy ofatlarga to‘la bo‘lgan bu yo‘l notanish odamlarni bir-birlariga yaqinlashtirgan. Qit’alararo o‘tgan bu yo‘ldan savdogarlar va karvonlar ipak va ipakdan to‘qilgan gazlamalar, oltin, olmos, kumush kabi qimmatbaho toshlar va metallarni, qullar, kanizaklar, otlar, fillar, sherlar, ohular, tovus, to‘ti, lochin kabi qushlarni, asal, shakar, g‘alla, paxta, teri va ziravorlarni, atir-upalar va dori-darmonlarni, o‘simlik va ularning urug‘lari hamda ko‘chatlarini, ilohalarning haykallari va suratlarini u yoqdan-bu yoqqa tashishgan. Yozma manbalar va o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlarning dalolat berishicha, O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekistonning barcha ko‘hna tarixiy – madaniy vohalarida bo‘lgani kabi Jizzax vohasida ham miloddan avvalgi birinchi ming yillikdan boshlab shaharsozlik madaniyati shakllana boshlangan. Geografik jihatdan qulay joylashuv, Sangzor va Zominsuv daryolari, Morguzar, Turkiston tizmalaridan bosh oluvchi o‘nlab soy va buloqlar havzasida dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun obikor va lalmikor yerlarning mo‘lligi, chorvabop tog‘oldi va dasht yaylovlarining bepoyonligi sababli voha va uning atrofida ajdodlarmizning chorvachilikka asoslangan ko‘chmanchi, ovchilikka asoslangan yarim o‘troq, yarim ko‘chmanchi, dehqonchilik, hunarmandchilikka asoslangan o‘troq hayoti ancha qadimgi, neolit davridan boshlangan. Insoniyat taraqqiyoti darajasining muayyan o‘lchov me’zoni hisoblangan shaharsozlik madaniyati va shahar hayoti boshlanishi ham eng so‘nggi arxeologik tadqiqotlar natijasiga qaraganda, Jizzax va Zomin vohalarida miloddan avvalgi II-I asrlarga borib taqaladi. Ta’kidlash joizki, tadqiqotlar davom ettirilsa ushbu davriy sana yanada qadimiylashishi mumkin. Bu jarayonlarni ilmiy o‘rganish va tahlil qilish,  voha tarixining ko‘pgina muhim hodisalariga baho berishda, turli tarixiy davrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotdagi an’analarni aniqlashtirishda katta o‘rin tutadi. Jizzax vohasi o‘rta asrlarda Ustrushona nomli mintaqa tarkibiga kirgan va uning shimoli-sharqida joylashgan. Mashhur geograf olim Al-Istaxriy “Masolik al-mamolik” asarida shunday yozadi: “Ustrushona Sug‘d kabi iqlim nomi bo‘lib, Ustrushona nomidagi shahar bo‘lmagan. Ustrushonaning aksariyat qismi tog‘, g‘arb tomondan Samarqand hududi, shimol tomondan Shosh vohasi va Farg‘onaning ayrim hududi, janub tomondan Keshning ozgina qismi, Sag‘aniyon, Shumon, Voshgird hududi, sharq tomondan Farg‘ona yerlari bilan tutashib ketgan.  Ustrushonada joylashgan shahar va qishloqlari Bunjiket, Zomin, Dizak, Arsiyaniket, Kurket, G‘azaq, Fag‘ket, Sobot, Nujket, Xaraqana degan nomlar bilan atalgan. Shuningdek, Zarafshon tepasidagi Buttim tog‘ida joylashgan qishloqlar ham Ustrushona mintaqasiga tegishli joylar hisoblanadi.” Samarqanddan Farg‘ona va Shoshga Dizak (Jizzax) va Zomin orqali o‘tilgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Buyuk Ipak yo‘lidagi rivojlangan shahar Samarqandga sharqiy tomondan savdo karvonlari bir nechta yo‘nalishda Ustrushona hududi orqali o‘tgan. Ustrushona va Toshkent vohasidan Zomin va Jizzax orqali kelgan savdo yo‘li So‘g‘diyonaning poytaxti Samarqandga olib kelgan. Buyuk Ipak yo‘li Jizzax vohasi xalqining iqtisodi va madaniyati, jumladan xo‘jalik madaniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Eng serqatnov karvon yo‘li Bog‘dod – Tabriz – Koshon – Marv – Chorjuy – Buxoro – Samarqand – Xarakana – Dizak yo‘nalishi bo‘lib, Dizakdan so‘ng yo‘l ikkiga, hatto uchga bo‘linib ketgan va barcha holatlarda ham u Yevroosiyo dashtlari orqali Xitoy va Uzoq Sharq mamlakatlariga olib boradigan yo‘llarni Arab va Ajam mamlakatlari bilan bog‘lagan. Nurotaga Jizzaxdan Forish orqali keluvchi yo‘llar, Nurota va Forish chegarasidagi tog‘lardagi (bu tog‘larni mahalliy aholi Qoratov yoki Qorachotov deb atashadi) uncha baland bo‘lmagan dovonlar Savrbel dovoni va boshqalar orqali Samarqandga o‘tilgan yo‘l ham qadimgi davrdan  boshlab o‘zlashtirila boshlangan. Turk xoqonligi davrida Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy tarmog‘ining ahamiyati oshib, Sharqiy Turkistondan Tyan’shan tog‘ dovonlari orqali Yettisuvga o‘tuvchi yo‘llardan foydalanish, tog‘ dovonlarini o‘zlashtirish yanada rivojlandi. Shimoliy yo‘lning bir tarmog‘i Zomindan Shosh orqali Isfijob, Taroz, Uchbuloq, Qulan (hozirgi Lugovaya stansiyasi), Chu vodiysidagi Aspara, Navket, Suyab shahri (Oq-Beshim) orqali Issiqko‘lning janubiy-sharqiy qishlog‘ida joylashgan Yuqori Barskanga kelingan. Turk xoqonligi davrida Xitoyni O‘rta Osiyoning markaziy xududlari bilan bog‘lovchi yo‘llar ichida Shulz (Qashqar)dan Baxan (Farg‘ona) va Suduyshona (Ustrushona) orqali Kan (Samarqand Sug‘di) ga o‘tuvchi yo‘nalish ham iqtisodiy va davlatlararo elchilik aloqalarida asosiy o‘rin tutgan. Markaziy Osiyodagi aksariyat shaharlari kabi Ustrushona shaharlari ham savdo yo‘llari, xususan Buyuk ipak yuli kabi ulkan savdo yo‘llari bo‘ylab shakllanganligiga guvoh bo‘lish mumkin. O‘sha vaqtlari shaharlararo yo‘llar to‘xtash joylarida rabotlar joylashgan. Ma’lumki, savdo karvoni to‘xtagan joyda rabot yoki karvonsaroylar qurilgan, savdo-sotiq ishlari kuchayib, keyinchalik bozorlar vujudga kelgan. Istaxriy “Usrushanada mevalar ko‘pligidan chet mamlakatlarga chiqarilganidan ortgani bilan hayvonlarini boqayotganini ko‘rasiz” ma’lumot bergan. Ustrushona, xususan qadimgi Jizzax vohasi o‘zining obod vohalaridagi rabot va karvonsaroylari bilan mashhur bo‘lib, Sharq va G‘arbni bir-biri bilan bog‘lab turgan. Uchinchi ming yillik boshiga kelib qadimgi Buyuk Ipak yo‘lini o‘zaro manfaatli aloqalar asosida qaytadan tiklash hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlab topish muhim vazifaga aylandi. Bu yo‘nalishda bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, TRASEKA dasturi ishlab chiqilishi bilan  “Yevropa-Kavkaz-Osiyo” yo‘lagi orqali mintaqa davlatlari iqtisodiy sherikligining yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, ushbu dasturlar doirasida ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy farovonligini rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi barcha sohalarda madaniy hamkorlik va aloqalarni mustahkamlash asosiy maqsad qilib olingan. Jizzax vohasi ushbu dasturlar doirasidagi aloqa va savdo yo‘nalishlarida o‘ziga xos qulay hududda joylashganligi sababli mintaqaning o‘rta asrlargacha mavjud bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘llari tizimidagi o‘rnini tadqiq etish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.                 Umumiy tarix kafedrasi o‘qituvchisi Saidov Javohir           Foydalanilgan adabiyotlar:                                                                                                                                                                
  1. Бартольд В.В. Очерки истории Семиречья /Соч. В 9 томах. М.: Наука, 1963.
  2. Немцева Н.П. По караванным дорогом Бухарской степи// Великий шелковый путь. Культура и традиции. Прошлое и настояшее: Материалы международной научно-теоретической конференции. Тошкент, 2007.
  3. Байпаков К.М. Великий шелковый путь и судьбы цивилизаций. Алматы. 2006.
  4. Pardaev, J.G‘ofurov Markaziy Osiyo – Buyuk Ipak yo‘li tizimida (qadim va o‘rta asrlar). -Toshkent, “Lesson press”, 2021.