Adibni eslab …
Said Ahmadning asarlari kirib bormagan uy, qalb bo‘lmasa kerak.
Har bir ijodkor, kitobni sevgan va ardoqlagan inson borki, Said Ahmad asarlari bilan yaxshi tanish. Yozuvchining pe’salari katta shon-sharaf va mashhurlik keltirgani barchamizga ayon. Uning asarlari teatrda, kinoda o‘z o‘rnini topgandan so‘ng Said Ahmad nomini o‘zbek adabiyoti klassik namoyondalari qatoriga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun buyuk adibimiz Said Ahmadning tavallud kuni. Marhum yozuvchi bugun 100 yoshda. Jizzax davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn konferensiyada oliygohning 130 nafardan ziyod iqtidorli talaba yoshlari ishtirok etishdi. Konferensiyani Jizzax Davlat pedagogika instituti O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti o‘qituvchisi Shoira Doniyorova adibning hayoti va ijodi haqidagi qiziqarli ma’lumotlarga boy ma’ruza bilan ochib berdi. Agar yozuvchining hayot yo‘liga nazar soladigan bo‘lsak uning naqadar mashaqqatli umr ko‘rganini, barcha qiyinchiliklarni sabr-u matonat bilan yengib o‘tganin ko‘rish mumkin. Konferensiyada adib hayoti va faoliyatiga oid yorqin xotiralar tilga olinishi bilan bir qatorda uning serqirra ijodi va yaratgan asarlari haqida ham so‘z bordi. Ta’kidlash joiz Said Ahmad Abdulla Qahhordan keyingi o‘zbek adabiyotida mohir hikoyanavis, o‘tkir hajvchi, xalqimiz sevib o‘qiydigan asarlar muallifidir. Adib ijodining o‘ziga xosligini bu kulgilarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kulgi adibning bosh quroli hisoblanadi. Said Ahmad yaratgan obrazlarning betakrorligi kulgi orqali yanada jozibali, yorqinroq ko‘rinadi. Said Ahmad kulgisi qalbimizda ko‘pincha olijanob, pokiza tuyg‘ular qo‘zg‘ab, yaxshilikka undaydi. Uning hajviyoti chuqur mohiyatga, jozibaga ega. Konferensiyada so‘z olgan iqtidorli talabalar aynan shu xususida to‘xtalib, adibning yengil yumor orqali katta kichik muammolarni o‘z asarlarida aks ettirganini misollar orqali keltirib o‘tishdi. Said Ahmad ham qatag‘on davrining ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkordir.U “aksilsho‘roviy millatchilar guruhi a’zosi, zararli g‘oyalar targ‘ibotchisi” sifatida ayblanib, Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Jezqazg‘an lagerida bo‘ladi. Uning “Qorako‘z majnun” hikoyalar to‘plami bu haqdagi achchiq haqiqatni ro‘y-rost ifodalaydi. Said Ahmadning “Yo‘qotganlarim va topganlarim”, 3 jildlik “Saylanma”si, “Qorako‘z majnun” va “Kiprikdagi tong” to‘plamiga kirgan bir qator qissa va hikoyalari uning istiqlol yillarida zavq-shavq bilan ijod etganidan dalolat beradi. Konferensiyada o‘z fikr mulohazalari bilan ishtirok etgan talabalar adibning ko‘pgina asarlari qardosh va xorijiy tillarga tarjima qilinganligi haqida ham to‘xtalib o‘tishdi. Said Ahmad xotirasiga bag‘ishlangan onlayn konferensiya so‘ngida ishtirokchilar uning ijodidan xususan, 16 yozuvchi va shoirning hayoti haqida g‘oyat teran va tesha tegmagan xotiralar bilan boyitilgan “Yo‘qotganlarim va topganlarim” kitobidan namunalar keltirishdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati