Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

ABU NASR FOROBIY MA’NAVIY-AXLOQIY TA’LIMOTINING YETAKCHI G‘OYALARI

Uralova Odina Ravshanovna, Jizzax davlat pedagogika universiteti  Umumiy pedagogika kafedrasi katta о‘qituvchisi   Maqolada falsafa, mantiq, ta’lim-tarbiya ta’limotida muhim о‘rin tutuvchi alloma Abu Nasr Forobiy merosining mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan yuksak ma’naviy-axloqiy g‘oyalarning didaktik ahamiyati mavjud manbalar asosida tahliliy yoritilgan. Bugungi pedagogik jarayonlarda ulardan foydalanish muhim ijtimoiy zarurat sifatida talqin qilingan.   Kalit sо‘zlar: bilish, ta’limot, о‘quv jarayoni, ma’naviy-axloqiy g‘oyalar, insoniy xislatlar, tarbiya mazmuni, tarbiya usullari, metodik ta’minot   Jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotini rivojlantirish, shaxs ruhiy kamolotini ta’minlash insoniyatning azaliy maqsadi, ezgu-intilishlari majmui sanaladi. Ilm-fan, ma’rifat peshvolari, taraqqiyot tarafdorlari faoliyatining asosiy  yо‘nalishi ayni shu masalalarni qamrab olganligi bilan xarakterlidir. Xususan, buyuk Sharq mutafakkirlari butun hayotida davomida olib borgan ilmiy, ijodiy, amaliy faoliyati qaysi soha yoki yо‘nalishda bо‘lmasin, birlamchi maqsadi inson ruhiy-ma’naviy kamolotini yuksaltirish, shu orqali butun jamiyatni sog‘lomlashtirish, rivojlantirish, taraqqiyotning yangi-yangi chо‘qqilarini zabt etishdan iborat bо‘lgan. Qomusiy  ilm sohiblari bor iste’dod va imkoniyatlarini ushbu masadlarga erishish yо‘lida sarflaganlar. Buni biz Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Rumiy, Rudakiy Farg‘oniy kabi ulug‘ allomalar foliyatida ham keng kuzatamiz. Binobarin, yosh avlodni tarbiyalash va о‘qitish nazariyasi bilan amaliyotning qanday taraqqiy qilib kelganligini bilmay turib, yoshlarni har tomonlama komil inson etib tarbiyalash masalalarini ilmiy ravishda hal qilib bо‘lmaydi. Bu ajdodlarimiz tomonidan isbot qilingan ilmiy-nazariy, falsafiy-tarbiyaviy haqiqatdir. Axloqan pok va yetuk insonlarni tarbiyalash masalasini muvafaqiyatli hal etishda xalqimizning tarixiy an’analari, ma’naviy boyliklari, ajdodlarimizning bizga qoldirgan ilmiy me’roslari va tarixiy-tarbiyaviy tajribalarini о‘rganib chiqish, ularning yutuqlarini hayotga, ta’lim-tarbiya ishlariga tatbiq etishning ahamiyati kattadir. Barkamol avlod tarbiyasi ijtimoiy hodisa bо‘lib, shaxsning shakllanishini ta’minlaydigan eng qadimiy va abadiy qadriyat, inson va jamiyatning mavjudligini belgilovchi asosiy mezon sifatida avloddan-avlodga о‘tib boraveradi. Jumladan, butun jahonga Aristoteldan keyin “Ikkinchi muallim” nomi bilan shuhrat qozongan Abu Nasr Forobiyning boy ilmiy-falsafiy, ma’naviy-tarbiyaviy merosi bu borada alohida qimmatga ega. Allomaning ma’naviy-axloqiy tarbiyaga oid ta’limotidan bugungi kunda umumiy о‘rta va oliy ta’lim tizimidagi о‘qitish jarayonlarida foydalanish nihoyatda samarador ahamiyatga molik. Abu Nasr Forobiy  izlanishlarining asosiy yо‘nalishi insonning tuzilishini, ruhiyatini, moddiy va ma’naviy olamini о‘rganish qamrab oladi. Forobiy yetuk faylasuf sifatida ruhiy jarayonlarni insonning aqliy, axloqiy, ma’naviy rivojiga bog‘liq xolda о‘rganishga va talqin etishga harakat qiladi. Shuning uchun ham u о‘z asarlarida sezgilar va aqliy bilish fikrlash kabi jarayonlarga juda katta e’tibor beradi va ular haqida boshqa ruhiy jarayonlar, masalan, xotira, tasavvur, diqqat, his-tuyg‘u, iroda, qobiliyat, malaka kabi shaxsiy xislatlarni bilish jarayoni bilan bog‘liq holda sо‘z yuritadi. Ma’lumki, insonga xos bо‘lgan va uning ma’naviy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etuvchi taffakkur va nutqning rivojlanishi ta’lim-tarbiyaning asosini tashkil qiluvchi muhim jarayon sanaladi. Forobiy inson tafakkuri va nutqining fazilatlarini chuqur о‘rganadi, grammatika va mantiq fanining rivojiga, uning ayrim masalalarini tahlil etishga, juda katta e’tibor beradi. U Aristotelning mantiqqa oid barcha asarlarini chuqur о‘rganadi hamda ularga sharhlar yozadi va mantiqning turli bо‘limlari: tushuncha, hukm, diduksiya, isbotlash kabilarga bag‘ishlangan risolalar yozib, qoldiradi. Olimning ruhiyat va mantiqqa oid fikrlari ta’lim-tarbiya sohasidagi ta’limotning tabiiy, ilmiy, nazariy asoslari bо‘lib xizmat qiladi. Komil ma’naviyat va axloq, inson tarbiyasi masalasi Qadimgi Sharqda G‘arbda, xususan, Qadimgi Yunonistonda har doim mutaffakkir olimlarning diqqat markazida bо‘lib kelganligi tо‘g‘risida bir qancha qimmatli manbalar mavjud. Shu jihatdan, Forobiy Qadimgi Yunoniston faylasuf olimlarining merosini о‘rganar ekan Aristotel, Platon, Suqrot, Pifagor kabi mutafakkirlar asarlari bilan yaqindan tanishib, ularga sharhlar yozadi. О‘zlashtirgan bilimlariga tayangan holda ta’lim-tarbiya jarayonlarida insonning ma’naviy yuksalishi eng asosiy va birlamchi maqsad bо‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari suradi. Forobiy talqinicha, inson dunyo taraqiyotining eng mukammal va yetuk yakuni. Shu sabab u о‘z ilmiy-amaliy faoliyati davomida yaratgan asarlarida insonga tarbiya va ta’lim berish zaruriyati va buning uchun nimaga asoslanish lozimligi, ta’lim-tarbiya usullari, undan qutilgan maqsad masalalariga yechim kо‘rsatishga asosiy e’tibor qaratadi. Xususan, uning “Fozil odamlar shahri”, “Baxt saodatga erishuv haqida”, “Ixso al ulum”, “Aql ma’nolari xaqida” nomli, shuningdek, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar keng tadqiqu-targ‘ib etilgan asarlarida bu kabi muammolar atroflicha tahlil qilinadi, muhim tavsiyalar ilgari suriladi. Jumladan, alloma “Baxt saodatga erishuv xaqida” nomli risolasida bilim mohiyati, mazmuni, ularni о‘rganish tketma-ketligini birma bir sanab о‘tadi. Olimning ta’kidicha “Bilish zarur bо‘lgan ilm bu olam asoslari xaqidagi ilmdir. Uni о‘rgangach, tabiiy ilmlarni, tabiiy jismlar tuzilishini, shaklini, osmon xaqidagi ilmlarni о‘rganish lozim. Undan sо‘ng, umuman, jonli tabiat о‘simlik va hayvonlar xaqidagi ilm о‘rganiladi”. “Bundan keyin- deb davom etadi Forobiy, – insonni о‘rganishga kirishamiz hamda insonning bilishidan kutilgan maqsad-muddaoni о‘rganamiz va shuning natijasida nima, qanday narsa ekanligini bilib olamiz. Shundan sо‘ng biz insonning hozirgi kamolotiga erishuvi sabab bо‘lgan narsalarni о‘rgana boshlaymiz. Bu narsalar esa xayr-ehsonli ishlar, gо‘zal insoniy fazilatlar bо‘lib, ushbu fazilatlarni, insonni kamolotga erishuvidan mahrum qiladigan salbiy xislatlarni ajratib о‘tamiz. Bu salbiy xislatlar, yomon odatlar xatti-harakatlarning kelib chiqish sabablarini о‘rganishdan avval shu xulq-atvor xatti-harakatning о‘zi bilan tanishib chiqamiz. Bu ilm shunday narsalar о‘rgatuvchi ilmki, uning yordamida shahar xalqlari va shaharlik bо‘lmagan xalqlarni о‘z ichiga olgan ya’ni inson olamiga xos bо‘lgan barcha xislatlarni о‘zida umumlashtirgan odamzod jismga har turli a’zolar kabi kishiga ma’lum bо‘ladi”. Inson ma’naviy axloqi tо‘g‘risidagi ta’limot – etika Forobiyning ijtimoiy ta’limotida eng muhim va asosiy о‘rinlardan birini egalaydi. Forobiy axloq tо‘g‘risidagi ilmini an’anaga asoslanibgina belgilamaydi. Subyektiv ravishda kelib chiqishni kо‘rsatadi va uni keltirib, chiqargan omillar ya’ni insonning ijtimoiy mohiyatini ham asoslashga harakat qiladi, insonga bilim va tarbiya berish ijtimoiy zarurat ekanligini nazariy asoslaydi. U inson “aqlli mavjudot” deyilganda, uning aqlli bо‘lishiga layoqatliligi, lekin yomon xatti-harakatlarga ham qobilligi tushunilishini ham uqtirib о‘tadi. Alloma ta’limotiga kо‘ra, ta’lim-tarbiya jarayonida nazariy bilim bilan amaliy harakat va odat-malaka, faoliyat birlashib boradi, yetuklik shu  birlashuvning darajasiga qarab yuzaga keladi. Forobiy ta’lim-tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchi yoki ta’lim oluvchi shaxsga yakka xolda yondashuvni, uning tabiiy, ruhiy va jismoniy xislatlarini nazarga olish zarurligini ta’kidlab shunday deydi: “Bu barcha tabiiy xislatlarni oliy kamolot sari yoki kamolotga yaqin bо‘lgan darajaga kо‘tarishga xizmat qiluvchi vosita yordamida tarbiyalashga muhtojdir. Insonlar turli ilm, hunar faoliyatga moyilligi va qobiliyatliligi bilan tabiatan farqlanadilar. Teng tabiiy xislatlarga ega bо‘lgan odamlar esa, о‘z tarbiyasi ( malakalari) bilan tafovut qiladi. Tarbiyasi jihatidan teng bо‘lganlar esa, bu tarbiya natijalarining turlichaligi bilan bir-biri bilan farq qiladilar”. Tarbiya jarayoni, Forobiyning fikricha, tajribali pedagog о‘qituvchi tomonidan tashkil etilishi, boshqarilib turilishi va ma’lum maqsadlarga yо‘naltirishi lozim, chunki “har bir odam ham baxtni va narsa hodisalarni о‘zicha bila olmaydi. Unga buning uchun о‘qituvchi lozim”. Forobiy insonga xos bо‘lgan va uning ma’naviy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etuvchi, tafakkur va nutqning rivojlanishini ta’lim-tarbiyaning asosini tashkil etuvchi muhim jarayon hisoblaydi. Olim bolalarning fe’l-atvoriga karab tarbiya jarayonida “qattiq” yoki “yumshoq” usullardan foydalanish kerak, deb hisoblaydi: “tarbiyalanuvchilar о‘qish va о‘rganishga moyil bо‘lsa, ta’lim-tarbiya jarayonida yumshoq usul qо‘llaniladi; tarbiyalanuvchilar о‘zboshimcha, itoatsiz bо‘lishsa, qattiq usul qо‘llanishi lozim”. Allomaning axloqiy-ta’limiy g‘oyalari, avvalo, buyuk yaratuvchi – Ollohni bilishga , insoniyat yaratgan ilmu bilimlarni о‘zlashtirishga qaratilgan, ta’lim-tarbiya jarayonining muhim vosita va usullarini asoslab bergan. Forobiy insonning ma’naviy hayotida asosan, uning ikki tomoniga: aqli-ongiga va axloqiga (xulq-atvoriga) katta e’tibor beradi. Shuning uchun alloma fikricha, ta’lim-tarbiya, insonni aqliy tomondan ham, axloqiy tomondan ham yetuk, mukammal kishi qilib yetishtirishiga qaratilmog‘i lozim. Demak, ta’lim-tarbiyaning birdan-bir vazifasi – jamiyat talablariga tо‘la tо‘kis javob bera oladigan va uni bir butunlikda, tinchlikda, farovonlikda saqlab turish uchun xizmat qiladigan ideal inson tayyorlashdir. Forobiy ta’lim-tarbiya jarayonini yо‘lga qо‘yish, uni boshlashdan avval odamlarning shaxsiy xislatlarini bilish lozimligini aytadi. Uning fikricha, insoning xohish, ixtiyor, iroda, yaxshilik va yomonlik kabi xislatlarini, nimaga qobiliyati borligini aniqlamay turib ishga kirishish kutilgan natijani bermaydi. Forobiy о‘z ma’naviy-axloqiy ta’limotida insoniy xislat-fazilatlarni tо‘rtga bо‘ladi: nazariy fazilatlar, tafakkur, yaralma fazilatlar, amaliy san’at fazilati (kasb-hunar). “Baxt-saodatga erishuv haqida”gi risolasida mutafakkir inson gо‘zallikni samarali idrok etishi uchun unda nozik tabiat va aqliy mukammallik zamini bо‘lishi kerak, hissiy va aqliy qobiliyatga ega bо‘lgan insongina dunyoning barcha sirlarini bila olishi mumkin, deb ta’kidlaydi. “Inson aql-idroki tufayli haqiqiy insonga aylanadi, bilim insonga baxt va shodlik keltiradi, inson bilish orqali о‘zida gо‘zallik va mukammallikni kashf etadi”,- deb uqtiradi. Forobiy insonlarrni ilm bilan, san’at bilan shug‘ullanishga da’vat etadi va shu tufayli gо‘zal narsalar mohiyatini idrok etish teranlashadi, deb kо‘rsatadi. Forobiy fikricha, shaxsni kamol toptirish jarayoni inson о‘z hayoti davomida ilm-hunar о‘rganishi, axloqiy normalarni egallashi va san’atni hayotiy tajriba bilan boyitishi orqali sodir bо‘ladi. Insoniy fazilatlar inson atrofini qurshagan muhit ta’sirida shakllanadi. “Kamolotga bir kishining yolg‘iz erishuvi mumkin emas. Har bir inson, har qanday kamolotga erishuvda boshqalarning kо‘magiga va ular bilan birlashishga muhtoj yoki majburdir”,- deydi mutafakkir. Forobiy axloq tushunchasini keng ma’noda talqin qilar ekan, butun insonlarni, ularning dini, e’tiqodi, irqi, tilidan qat’iy nazar, hamjihatlik va hamkorlikka chaqiradi. Dunyoda bir butun yagona inson jamoasini shakllantirishni va barcha fuqarolarning manfaatlarini birdek kо‘zlab faoliyat kо‘rsata olishini orzu qiladi. О‘z davrida ajoyib orzu-istaklar va g‘oyalarni ilgari surgan Forobiyning dunyoda yagona jamiyat barpo qilish tо‘g‘risidagi fikrlari ham keyinchalik dunyoning juda kо‘p mutafakkirlari, jumladan, nemis faylasufi I.Kant tomonidan ham ilgari surilgan edi. Forobiy ilgari surgan, shuningdek, dunyo olimlari tomonidan ham maqsadga muvofiq deb topilgan “dunyoda yagona fuqarolik jamiyati”ni tarkib toptirish haqidagi g‘oyalari bugungi kunda nnihoyatda muhim ahamiyatga ega. Alloma fikricha, yuksak axloqiy fazilatlarga rioya qilgan holda rivojlanayotgan har qanday davlat о‘z fuqarolarini, shak-shubhasiz, baxt-saodat yо‘liga olib chiquvchi kuchli quroldir. Inson bilim va namunali axloq egasi bо‘lgandagina yaxshi odat va harakatlarni о‘zida mujassamlashtira oladi, u har qanday yovuz buzg‘unchiliklar kо‘chasiga kirmaydi, aksincha, ularga nisbatan shafqatsiz jang olib boradi. Falsafa va mantiq, insonshunoslik, jamiyatshunoslik ilmining bu buyuk bilimdoni tomonidan ilgari surilgan ma’naviy-axloqiy tarbiya, о‘qitishga doir ilg‘or g‘oyalari о‘zidan keyingi ulamolar, pedagoglarning ta’lim-tarbiya va inson kamoloti xususidagi fikr-mulohazalari rivojlanishiga ijobiy ta’sir kо‘rsatdi. Mutafakkirning axloq va uning asosida yosh avlodga tarbiya berish ta’limoti hozirgi kunda ham о‘z ahamiyatini yо‘qotgani yо‘q, aksincha, axloqiy tarbiyaning yangi usul va qoidalarini ishlab chiqish va ularni rivojlantirishda juda katta ahamiyat kasb etib kelmoqda. Ma’naviy-axloqiy tarbiya jarayonlarini tо‘g‘ri va tizimli yо‘lga qо‘yish, ilmiy-metodik ta’minotini takomillashtirishda muhim manba vazifasini  о‘tab qolmoqda.   Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Zunnunov A. Pedagogika tarixi. // Oliy о‘quv yurtlari uchun darslik. – T.: “Sharq”, 2004.
  2. Forobiy A.N.. Fozil odamlar shahri. –T.: “Xalq merosi”, 1993.
  3. Forobiy A.N. Risolalar. –T.: “Fan”, 1995.
  4. Jalilov Z. Sharq mutafakkirlari merosini о‘rganishning didaktik metodlari. //Zamonaviy ta’lim. –T., 2017, №5, 38-43- b.
Quronov M. Maktab ma’naviyati va milliy tarbiY. –T.: “Fan”, 19