Sohibqiron Amir Temur faoliyatining qaysi qirrasini olib qaramang, barchasining asos-zamirida adolat yotishiga guvoh bo‘lasiz. Hatto ulkan harbiy yurishlar va yurt sarhadlaridan olisda kechgan shiddatli janglar tafsiloti o‘rganilsa, bu muhorabalar ham adolatni ustuvor etish yoki qaysidir jinoyatga adolatli jazo tariqasida yuz bergani ayon bo‘ladi. Binobarin, dunyo tarixida Sohibqiron Amir Temurdek adolat sohibi kamdan-kam topilishi tarixchilar tomonidan yakdil e’tirof etilgan. Quyidagi voqea xalq xotirasida, og‘izdan-og‘izga o‘tib, asrlar osha bugungacha saqlanib kelgan. Hozircha bu mavzu “ko‘hna manbalarda qayd etilgan tarixiy ma’lumot” sifatida maxsus o‘rganilmagan. Har holda, faktlar va mantiqqa suyanilsa, tarixiy haqiqatlar yuzaga chiqaveradi. Ma’lumki, bundan olti asr muqaddam, hozirgi Rossiyaning katta qismi Oltin O‘rda davlati tarkibida bo‘lgan. Uning hukmdori To‘xtamishxon jahongirlik da’vosida Turkiston shaharlariga ham o‘qtin-o‘qtin xuruj qilib turgan. Sohibqiron Amir Temurning masalani tinch yo‘l bilan hal etish maqsadidagi sa’y-harakatlari natija bermagach, To‘xtamishxonga qarshi harbiy yurish qilishga majbur bo‘ladi. Amir Temur qo‘shini Don va Dnepr bo‘ylaridagi keng dashtlardan o‘tib, hozirgi Lvov shahriga yaqinlashadi. Turgan gapki, shaharda Sohibqironning jangovar qo‘shiniga qarshi tura oladigan kuch bo‘lmagan. Aholi o‘rtasida vahima boshlanadi. Kutilganidek, ko‘p o‘tmay, ilg‘or qismlar shaharga kirib kela boshlaydi.
Boyonlar topgan-tutganini peshkash qilib, jahongirdan shafqat so‘rashadi. Ammo shahar ahlining nochor ahvolini ko‘rib, Sohibqiron olinajak o‘lpondan voz kechadi. U paytlar Lvov kichik va ko‘rimsiz qo‘rg‘on bo‘lgan. Tomiga poxol bostirilgan ukraincha uylarning bo‘g‘otida kaptarlar ko‘p edi (negadir hozir ham u shaharda kaptar mo‘l).Kutilmaganda Sohibqiron, har bir xonadondan atigi bittadan… kaptar olishga amr etadi. Uning muruvvatidan hayratlangan yerlik aholi bu g‘alati talabni shu zahoti bajo keltirishadi. Vaholanki, o‘sha davr odatiga ko‘ra, shaharlarning katta to‘lov berishi odatiy hol bo‘lgan. Xullas, behisob qo‘shin tinch aholiga ziyon-zahmat yetkazmay, bir necha kun davomida shahar yonidan keti uzilmay o‘tib turishadi. Ilg‘or jangovar qismlar ellik-yuz chaqirim masofaga uzoqlashib ketadi. Nihoyat, bir haftadan so‘ng qo‘shin ortidan ko‘ch-ko‘ron yuklangan aravalar, chorva hamda xo‘jalik xizmatchilari o‘tayotganida, shahar ahlining fikri buziladi. “Bu sahroyi bosqinchi bizning drujinamizdan qo‘rqdi. Shu sababli durustroq o‘lpon so‘rashga ham botina olmadi”, — deb dadillana boshlaydilar. Insonning fe’li qiziq-da. Kechagina jonlari omon qolishi uchun bor-budidan voz kechishga tayyor turgan shaharliklar hatto, qo‘shin ortidagi karvonga hujum qilib, bir necha xizmatchilarni nobud etadilar. Bu noxush xabar tezda Sohibqironga yetib boradi. Shunday hodisa sodir bo‘lishi mumkinligini Amir Temur oldindan sezgan edi. Ammo qo‘shin shahardan juda olislab ketgan, noshukrlarni jazolash uchun ortga qaytilsa, ancha vaqt boy beriladi. Qolaversa, xiyonatchilar Sohibqironning ulkan va jangovar qo‘shiniga arzirli raqib ham emas. Shunda Amir Temur shahar ahli bergan kaptarlarni ishga soladi. Ot yog‘i shimdirilgan matodan uzun-uzun tasmalar qirqib, kaptarlarning oyog‘iga bog‘lashni, so‘ngra ularni yoqib, kaptarlarni uchirishni buyuradi. Ot yog‘i shimdirilgan tasma sekin yonar, ammo shamolda o‘chmas ekan. Tez orada har bir kaptar o‘z makoniga, ya’ni poxol tomlarga borib qo‘nadi. Shu zahoti yong‘in chiqib, tezda butun shahar dahshatli olov ichida qoladi…
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati