Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MIRKARIM OSIMNING “SINGAN SETOR” QISSASIDA MAShRAB OBRAZI TALQINI

Vazira Sultonova Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi  Annotatsiya: Ushbu maqolada Mirkarim Osimning “Singan setor” qissasida Mashrab obrazi tahlili yuzasidan fikr yuritilgan. Ushbu qissa xalq kitoblaridan “Qissai Mashrab” bilan qiyoslab tahlil qilingan. Maqolada Mashrab obrazining har ikki asardagi talqini bo‘yicha tegishli xulosalar chiqarilgan. Kalit so‘zlar: Mashrab, Mirkarim Osim, “Singan setor”, qissa, obraz, talqin.   Tarixiy davr bosqichlarida o‘zlarining boy ilmiy-ijodiy merosi, o‘ziga xos sermahsul hayot yo‘li bilan o‘chmas iz qoldirgan  ijodkor shaxslar hayoti barcha davrlarda diqqat-e’tiborda bo‘lib kelgan. Adabiyotshunoslar uchun adabiyot tarixining rivojida tub burilish yasagan, badiiy betakror asarlar yaratgan adiblar ijodi doimiy tadqiq va talqin manbasi bo‘lib kelayotgani ham mazkur adiblar ijodi zamirida yotuvchi chuqur ma’nolar tufayli ekanligi sir emas. Zalvorli hayot yo‘lini bosib o‘tgan ajdodlar siymosida namoyon bo‘luvchi yuksak axloqiy xislatlar, ulug‘vor g‘oyalarni zamon yoshlariga muttasil targ‘ib etish ta’lim-tarbiyadagi eng maqbul va samarali usul hisoblanadi. Shu maqsadda nomlari mangulikka muhrlangan Shiroq, To‘maris, Spetamen,  Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ ajdodlarimiz ibratli hayoti, faoliyati doimo yoshlarga ibrat sifatida ko‘rsatiladi. Badiiy so‘zning kuchidan, axloqiy-estetik funksiyasidan samarali foydalana olgan so‘z ustalari tarixni bugun bilan bog‘laydigan badiiy barkamol asarlar yaratib, qahramonlarni zamon kitobxoniga yaqinlashtiradi. Ziddiyatli, zahmatlarga  to‘la hayot yo‘lini zamonaviy talqinlar asosida qaytadan gavdalantiradi. Tabiiyki, tarixiy mavzu, tarixiy shaxs talqinlar asosida zamon kitobxoni ongi, shuuriga ma’naviy ta’sir etadi. Tarixiy mavzuda qalam tebratish adibdan katta mas’uliyat yukini talab etadi. Jumladan, tarixiy mavzuda yozishni maqsad qilgan har bir ijodkor quyidagi jarayonni bosib o‘tadi:
  1. a) tarixni yaxshi bilish, o‘sha davrdagi asl manbalarni o‘qish, to‘g‘ri va haqqoniy xulosa chiqara bilish;
  2. b) tarixiy shaxsni gavdalantirishda subyektivlikka yo‘l qo‘ymaslik, kitobxon umummanfaatidan kelib chiqib yoritish;
  3. v) asarda davr manzarasini, davr ruhiyatini bera olish, leksik til boyligidan xabardor bo‘lish va
Ya’ni, katta tayyorgarlik yo‘lini bosib o‘tgan adibgina tarixiy mavzuga qo‘l uradi. O‘zbek adabiyotida akademik Oybekning Alisher Navoiyga atalgan turkum asarlari, xususan, “Navoiy” romani tarixiy mavzuda asar yozish yo‘lidagi dastlabki va eng muvaffaqiyatli ishdir. Oybekning aqliy salohiyati, ijodiy tajribasi o‘zbek yozuvchilari uchun katta maktab vazifasini o‘tadi. Iste’dodli adib P.Qodirov Zahiriddin Muhammad Bobur haqida “Yulduzli tunlar” hamda “Xumoyun va Akbar” nomli  romanlari bilan xalqimizni yana bir buyuk farzandi hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Shundan so‘ng Ibn Sino, Spetamen, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik haqidagi badiiy asarlar – qissa va romanlar yaratildi. Shu kabi tarixiy asarlardan bir turkumi – Majnunsifat  ijodkor, murakkab taqdir sohibi Boborahim Mashrabning mazmundor  hayoti, g‘ayrioddiy faoliyati va otashin ijodiga bag‘ishlangandir. Ushbu asarlarning dastlabkisi Hamid G‘ulomning “Mashrab” romani bo‘lib, asar ilk marotaba “Sharq yulduzi” jurnalining 1981- yil 1-2- va 3-sonlarida e’lon qilingan. Roman haqida mashrabshunos olim E.Musurmonov o‘zining “Rahimbobo Mashrab faoliyati va ruhiyati talqini” nomli monografiyasida quyidagicha ma’lumot beradi: “Romanni ko‘zdan kechirish mobaynida shu narsa ayon bo‘ldi-ki, Hamid G‘ulom asarni yozishdan oldin jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan, Mashrab hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beruvchi mavjud ilmiy adabiyotlarni o‘rganib chiqqan. “Devonai Mashrab” qissasi va Mashrab haqida ma’lumot beruvchi tazkiralar bilan tanishgan” [2]. Ikkinchi yirik asar Mirkarim Osimning “Singan setor” qissasidir. Mirkarim Osim tarixiy mavzular bilan jiddiy qiziqqan va shug‘ullangan.  Uning To‘maris, Shiroq, Beruniy, Ibn Sino, Temur Malik, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risidagi turkum qissalari el orasida sevib o‘qiladi [3]. “Singan setor” qissasi shunday asarlardan biri bo‘lib, unda Boborahim Mashrabning bolaligidan to umrining so‘nggi – Balx hokimining buyrug‘i bilan dorga osilishigacha bo‘lgan faoliyati aks etgan. Yozuvchi Shuhratning “Mashrab” romani, ming taassuflar bo‘lsinki, adibning bemorligi sabab tugallanmay qolgan. Ibrohim G‘ofurovning “Gala” va “Alif” nomli hikoyalari ham avliyo shoir to‘g‘risidagi hikoyalardir. “Gala” hikoyasida Mashrab va shogirdi Pirmast bilan Ofoq xo‘janing dargohidan ketganidan keyingi kunlari haqida hikoya qilinsa, “Alif” hikoyasida harfning ilohiy ma’nosi va uning ijtimoiy hayotidagi zuhuroti haqida so‘z boradi. Mazkur asarlar sirasida tugallangan yagona yirik asarligi, qolaversa Mashrab siymosiga imkon qadar xolis yondashilgani bilan “Singan setor” qissasi alohida o‘rin tutadi. Avvalo qissaning nomi e’tiborni tortadi. Voqea o‘smir Mashrabning, aniqrog‘i Boborahimning onasiga “setor olib bering” deb qilgan iltimosi bilan boshlanadi. Ona olib bergan setor, ya’ni tanbur shoirning umr yo‘liga hamdam, hamnafas bo‘ladi. Qissa so‘ngida Balxda Mahmudxonning buyrug‘i bilan begunoh Mashrabning qatl etilishi mana shu setorning, shoirning umrbodlik yo‘ldoshining,  ramziy ma’noda umr yo‘lining sinishi, iste’dodning payhon etilishi ma’nolarini anglatadi. Asarni o‘qir ekanmiz, beixtiyor xalq kitoblari uslubidagi “Qissai Mashrab”, “Shoh Mashrab” yoki “Devonai Mashrab” nomli asarlar yodga tushadi. Sababi, barcha Mashrab haqidagi asarlar aynan mana shu qissa asosida yaratilgan. Kitob muqaddimasida muallif Mashrab haqida qisqacha ma’lumot berib, “avliyoi modarzod” ya’ni tug‘ma avliyo edilar, deb ta’kidlaydi [4, 7]. Bunga Boborahimning ona qornida yetti oylik homila ekanligida onasi ikki dona uzum yeganida gapirgani haqidagi rivoyatni misol qilib keltiradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bunday kishilarni majzubi solik yoki shunchaki majzub deyishgan. Bu haqda tasavvufshunos olim  N.Komilov “Tasavvuf” kitobida shunday ma’lumot beradi: “ Jazba — tortish, Haqning bandalariga va bandalarning Haqqa intilishi, irodani Ilohga bog‘laydigan dard. U ko‘ngilni betoqat etib, faqru fano yo‘liga yetaklayveradi. Jazba qancha kuchli bo‘lsa, solik shuncha tez tariqat odobini o‘zlashtirib, qalb ko‘zi ochiladi, holga kiradi… Shunisi ham ma’lumki, jazba tug‘ma bo‘lishi yoxud suluk jarayonida solik qalbiga nuzul etishi mumkin ekan… Alisher Navoiy «Xamsa»sining ikki qahramoni Farhod bilan Majnun ham ana shunday tug‘ma jazba tekkan kishilardir. Tug‘ma faqirligi ko‘ringan solikni «majzubi solik», suluk davomida jazba paydo qilgan solikni «soliki majzub» deb nomlaganlar”… [1, 33]. Ular tug‘ma devonasifat kishilar bo‘lib, bolaligadanoq turli noodatiy ishlar, hatto karoma-u bashoratlar ko‘rsatishi bilan ajralib turganlar. Boborahimning tug‘ilmasdan avval gapirishi, bolaligidayoq suv ostida soatlab tura olishini “Qissai Mashrab” muallifi mana shunday karomatlardan deb hisoblaydi. Biroq Mirkarim Osim dinsizlik mafkurasi hukmronlik qilgan Sho‘ro davrida Mashrabni avliyo deb olmas edi. Shuning uchun qissadagi bunday karomatlarni chetlab o‘tadi. Ularni o‘z asarida badiiy qayta ishlamaydi.  O‘smir Boborahimning suv ostida soatlab yotishi motivini  asariga kiritgan Mirkarim Osim uni quyidagicha izohlaydi: “Boborahim suvga kalla tashlab, yo‘q bo‘lib ketdi. Bolalar olinma-keyin yuzgacha sanadilar. Bolalar olinma-keyin yuzgacha sanadilar, biroz turib qaytadan sanay boshladilar. Boborahimdan hamon darak yo‘q… Boborahim suv ostida bir uchi suv betiga chiqib turgan qamish nay orqali nafas olib, chalqancha tushib yotar edi. Qulog‘iga uzoqdan yig‘iga o‘xshash bir ovoz chalingandek bo‘ldi. “Hoynahoy buvim kelib dodlayotgan bo‘lsalar kerak. Ularni xafa qilmay”, deb suvdan bosh ko‘tardi-yu, hovuzdan chiqib, qo‘lidagi qamish nayni uloqtirib yubordi. Hovuz bo‘yidagilar sarosimaga tushganlari uchun buni payqamay qoldilar” [3]. Mashrabning noodatiy xatti-harakatlarini esa dindorlarning riyokorliklarini ko‘rsatish uchun, ataylab amalga oshirilgan, deb izohlaydi va kitobxonni shunga ishontiradi.  Biroq peyzaj ustasi bo‘lgan Mirkarim Osimning tabiat tasviri bilan qahramon ruhiyati uyg‘unligi misolida Mashrabni tabiat oshig‘i sifatida tasvirlaydi. Bu holat uni ilohiyat oshig‘i deb ta’riflay olmagan adibning ustaligiday ko‘rinadi: “Ertasi erta bilan olam nur daryosiga g‘arq bo‘lgan bir paytda Boborahim oq yaktagining etagini belbog‘iga qistirib, yo‘lga tushdi. Bozor g‘ovuri, olibsotarlarning shovqini, zohidlarning “huv-g‘uv”i bilan to‘lgan shahar orqada qoldi. Boborahim adirga ko‘tarilib, o‘t-o‘lan va rang-barang gullar hidi bilan to‘lgan havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Yosh oshiqni quvonch bilan qarshi olgan shamol uning qulog‘iga bir nimalar deb shivirlar, osmonda pirillagan to‘rg‘aylar chuldirashib, uni qutlar edilar. Hashoratlarni asal bilan siylayotgan kapalakgullar kulib boqar, ichiga shabnam yig‘ilgan lolaqizg‘aldoqlar unga mayi nob sunar edilar… Nafas olib turgan o‘t-o‘lanlar hididan, yer hididan mast bo‘lgan Boborahim o‘zini podshohdek sezdi. Nazarida jamolining nuri yer yuziga tushib turgan zebo sanami guldek yuzidan pardasini olmay karashma qilayotganday edi” [3, 428]. Qissadagi voqealar rivojida Mashrabning xalqni o‘ylashi, kambag‘allarga qayishishi, dindorlarni hajv qilishi, so‘z bilan mot etishi natijasida oddiy xalq uni avliyo deb e’zozlagan, degan xulosaga kelinadi. Bunga Mashrab Ofoq xo‘ja dargohidan ketgandan so‘ng qalmoq xoni Xuntayshining tuyalarini uch yil boqib, haq olmasligi xonning “tila tilagingni” degan so‘roviga kambag‘allarni to‘ydirishi, xalqqa zulm qilmasligini iltimos qilganini isbot tariqasida keltiradi. Qalmoq xoni Xuntayshining qizi bilan Mashrab orasida muhabbat mojarolari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Qissai Mashrab”da quyidagicha keltiriladi. Qizning go‘zalligini ko‘rgan Mashrab “shoyadki shu qiz musulmon bo‘lib, doxili behisht, anbar sirisht bo‘lsa” deb o‘zini unga oshiq qilib ko‘rsatadi. Uning ishqida uch yil tuyaboqarlik qiladi. Natijada uning ishqi chinligiga ishongan qalmoq go‘zali musulmon bo‘ladi. Bu holat uning otasiga ham ta’sir qilib, qalmoq xoni ham pinhona imon keltiradi va qizini Mashrabga nazr qiladi. Mashrab shu o‘rinda qizga rostini aytadi: “Ey nozanin, men Xudoyi ta’oloning ishqu muhabbatida kuygaydurman, aning uchun mehnatu mashaqqat tortarman” [4, 58]. Bu holat “Singan setor”da quyidagicha talqin etilgan: “Mashrabning o‘z kanizagi bilan uchrashib yurganini bilgan Ofoq xo‘ja uni jazolab, erligidan mahrum etgach, qalmoq xoni Xuntayshining yurtiga tuyaboqarlikka yuboradi. Uch yil sahroda tuya boqqan Mashrab qaytishda qalmoq xonining qizini ko‘radi va unga shirin so‘z aytadi. Uni oshiq bilgan qalmoq xoni el orasidagi obro‘sini ko‘ratish uchun qizini Mashrabga nazr qiladi. Mirkarim Osim qissasida shu o‘rinda soxtalik borday ko‘rinadi. Chunki e’tiqod bo‘lmasa kishi farzandini nazr qilish darajasiga bormaydi. Xalq orasidagi obro‘sini deb o‘zi devona deb bilgan tuyaboqariga qizini berib yuborishi ishonarsiz chiqqan. Keyin Xuntayshining qiziga “men Xudoga oshiqman” deyishini “Qissai Mashrab”da e’tiqod kuchi, valiyligi uchun deyilsa, Mirkarim Osim  asarida esa bu so‘z noilojlikdan aytilgan deyiladi: “Mashrab mahzunlik bilan boshini egib, yerga tikilib qoldi. Gapning po‘skallasini aytib uning shaxtini qaytarmoqchi bo‘ldi-yu, lekin bunga izzat-nafsi yo‘l qo‘ymadi. Yonidagi jononaga: “Meni Ofoqxo‘ja erlik quvvatidan mahrum, uylanish baxtidan bebahra qilib qo‘ygan”deb ayta olarmidi!.. – Men insoniy muhabbat uchun emas, ishqi ilohiy uchun tug‘ilganman, peshonamga yozilg‘oni shu! – dedi u hasrat to‘la ko‘zlarini hurliqoga tikib [3, 453]. Asar davomida Mirkarim Osim Mashrabni goh Xuntayshi, goh muxlislari tilidan bo‘lsin bir-ikki bor “avliyo” deb ataydi. Balki bu “ehtiyotsizligi”ni “to‘g‘rilash” uchundir qissa so‘ngida Mashrabni qatl ettirgan Mahmudxonning halokatini asoslash uchun taraxiy voqelikka murojaat qiladi. Umuman olganda, Mirkarim Osim tarixiy asarlar yozish bo‘yicha katta tajriba to‘plagan adib sifatida kitobxonlar e’tiborini qozongan adibdir. Uning “Singan setor” asari Mashrab hayoti va faoliyati otashqalb shoir hayot yo‘li ilk bora haqiqatga yaqin yoritilgan asar sifatida muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun asar boshqa shu turkumdagi asarlardan o‘ziga xos bir qancha xususiyatlariga ko‘ra ajralib turadi:
  1. Mashrab haqidagi turkum asarlar orasida “Singan setor” qissasi o‘zining tugal asar ekanligi va Mashrab shaxsiga imkon qadar xolis qaraganligi bilan ajralib turadi.
2.Qissada Mashrab asosan xalq dardini kuylovchi gumanist inson va ijodkor sifatida talqin etilgan bo‘lishiga qaramay uning tasavvufiy  faoliyatiga ham imkon qadar to‘xalinganki, bu Mirkarim Osimning o‘z davrida katta jasoratga ega ijodkor ekanligidan dalolat beradi. Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Komilov N. Hol. / Toshkent: Movorounnahr – O‘zbekiston, 2009.
  2. Musurmanov E. Rahimbobo Mashrab faoliyati va ruhiyati talqini. Xurshid Davron kutubxonasi.
  3. Osim M. Karvon yo‘llarida. Toshkent: Adabiyot va san’at, 1987.
  4. Qissai Mashrab. Xalq kitoblari. Toshkent: Yozuvchi, 1992.