РОЛЬ И ЗНАЧЕНИЕ ТЕОРЕТИЧЕСКИХ НАУК МУЗЫКИ В ПОВЫШЕНИИ ПРОФЕССИОНАЛЬНОЙ КОМПЕТЕНЦИИ И ТВОРЧЕСТВА БУДУЩИХ УЧИТЕЛЕЙ МУЗЫКИ
THE ROLE AND IMPORTANCE OF MUSIC THEORETICAL SCIENCES IN IMPROVING PROFESSIONAL COMPETENCE AND CREATIVITY OF FUTURE MUSIC TEACHERS
Urinova Sabina Shuxrat qizi
J.D.P.U. “Musiqa madaniyatifakulteti”
“Musiqa ta’limi” kafedrasi stajor-o’qituvchisi
Tel: +998 99 331 33 35
Annotatsiya
Mazkur maqolada bo’lajak musiqa o’qituvchilarining kasbiy-pedagogik mahoratini va uning bir tarmog’ sanaladigan kasbiy kompetensiyasini oshirish ahamiyati haqida so’z boradi. Bugungi kun musiqa o’qituvchilari faoliyati samaradorligini, pedagogik faoliyatini yo’lga qo’yishga tayyorlashda avvalo, unda pedagogik mahorat, har bir pedagogik jarayonda zarur bo’lgan kompetensiya turlariga egalik faoliyatdagi ahamiyati yoritib o’tilgan. Kreativlik va kasbiy kompetensiyani oshirishda musiqiy-nazariy fanlar ahamiyatiga to’xtalib o’tilgan.
Kalit so’zlar: musiqa madaniyati, axloqiy tarbiya, estetika, faoliyat, pedagogika, pedagogik mahorat, kompetensiya, komponent, mutaxassis.
Аннотация
В данной статье говорится о важности повышения профессионально-педагогического мастерства будущего учителей музыки и профессиональной компетентности, которая является одной из ее ветвей. Сегодня в деятельности подчеркивается эффективность деятельности учителей музыки, подготовка к началу педагогической деятельности, прежде всего важность педагогического мастерства, владения видами компетенций, необходимых в каждом педагогическом процессе. Затронуто значение теоретико-музыкальных наук в повышении креативности и профессиональной компетентности.
Ключевые слова: музыкальная культура, нравственное воспитание, эстетика, деятельность, педагогика, педагогическое мастерство, компетентность, компонент, специалист.
Annotation
This article talks about the importance of improving the professional-pedagogical skills of future music teachers and professional competence, which is one of its branches. Today, the effectiveness of music teachers’ activities, preparation for starting pedagogical activities, first of all, the importance of pedagogical skills, the possession of the types of competences necessary in each pedagogical process, is highlighted in the activity. The importance of music-theoretical sciences in increasing creativity and professional competence was touched upon.
Keywords: music culture, moral education, aesthetics, activity, pedagogy, pedagogical skills, competence, component, specialist.
Ta’lim sohasi rivojida pedagogik kadrlarni bilimli, zamon talablariga mos tarzda tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “…biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz, …yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz”
[1] deb ta’kidlar ekan, Yangi O’zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda o’z yo’lini tanlashida kadrlar tayyorlash masalasini ham dolzarb vazifa sifatida belgiladi. Bu vazifani amalga oshirishda uzluksiz ta’limning muhim bosqichi bo’lgan Oliy ta’lim muassasalari alohida ahamiyat kasb etadi.
O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunida Oliy ta’lim muassasalari rivoji, pedagogik kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratilgan. “Oliy ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlaydi…Bakalavriat oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim, malaka va ko‘nikmalar beradigan, o‘qish davomiyligi kamida uch yil bo‘lgan tayanch oliy ta’limdir.”
[2].
Oliy dargohlarda pedagogik faoliyatga tayyorlanayotgan bo’lajak o’qituvchilar bilim va salohiyati umumiy o’rta ta’lim sifatini belgilab beradigan eng zarur omillardan. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risida”gi PQ-3775-son Qarori, 2019-yil 8-oktabrdagi “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi PF-5847-son Farmoni, 2019-yil 29-apreldagi “O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi PF-5712-sonli Farmoni, 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to’g’risida”gi PF-60-sonli Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda bo’lajak pedagoglarni o’z faoliyatlarida ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini qo’llab, olingan bilim, ko’nikma, malakalarini amalga tadbiq eta oladigan qobiliyatli, ijodkor shaxs sifatida tarbiyalash zaruratini yuzaga keltiradi.
Mamlakat fuqarolari har tomonlama komillik sari intilib yashashi, davlat taraqqiyotining asosiy omiliga aylanadi. Yurt ravnaqi yo‘lida talaba-yoshlarning bilim egallashlari bilan bir qatorda o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lgan, ma’nan yetuk, sog‘lom fikrlovchi, yuksak kasbiy mahoratli qilib tarbiyalash bu yo‘lda dolzarb masalalardan bo‘lib qolmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “…kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha qilib aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishini farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq”
[3] deb ta’kidlagan.
Demak, musiqa ta’limining oliy maqsadi: “musiqani idrok eta oladigan, yetuk, barkamol, madaniyatli, nafaqat o‘z milliy an’analarini, balki boshqa millatlar madaniyatidan boxabar va bu an’ana, madaniyatlarini xurmat qiladigan qilib voyaga yetkazishdan iboratdir”
[4]
Yuqoridagi kabi jihatlarni bolalarda shakllantirishda pedagog asosiy rol o‘ynashini hisobga olsak, bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarini tayyorlash musiqa madaniyati fanlarining sifat ko‘rsatkichini belgilab berishini anglash qiyin emas. O‘qituvchining kasbiy jihatdan shakllanishi oliy ta’limda kasbiy ta’lim olish jarayonidan boshlanadi.
Bugungi kun jamiyat taraqqiyotida raqobatbardosh malakali kadrlarni tayyorlashda oliy ta’lim yetakchi ilm dargohi sifatida alohida ahamiyatga ega. Hozirgi kunda mamlakatimizda pedagogik oliy ta’lim muassasalarida Musiqa ta’limi yo‘nalishi bakalavriat bosqichi bitiruvchilarining davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktablari uchun pedagogik kadr sifatida shakllanishi; magistraturada ta’lim olish, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish, ommaviy axborot vositalari, davlat boshqaruvi organlari, davlat va nodavlat muassasalarda faoliyat yuritishga tayyorlab borishda ularning pedagogik va kasbiy mahorati, kasbiy kompetensiyasi va kreativligini oshirib borish esa ertangi kun zamonaviy pedagog xodimlarining sifat ko‘rsatkichini belgilab beradigan omillaridandir.
Oliy ta’limning bakalavrlar tayyorlash o‘quv jarayonida turli xil faoliyat turlarini bajarishlari, malakalarni o‘zlashtirishlari zaruriy qayd etilib, xususan, musiqa ta’limida 3 yillik o‘qish mobaynida bakalavrlar kasbiy faoliyatlarining turlari quyidagicha:
“● pedagogik;
- ilmiy-tadqiqot;
- ma’naviy-ma’rifiy;
- tashkiliy-boshqaruv;
- ishlab chiqarish” [5]
Kasbiy faoliyat turlarining pedagogik faoliyat turida bakalavrlar oldiga bir necha vazifalarni qo‘yib, bakalavriat bitiruvchisi ularni bajarishga qodir bo‘lishi kerak.
Pedagogik faoliyat turlari o‘z navbatida bo‘lajak musiqa o‘qituvchisining kasbiy kompetentligi va kreativlikka ega bo‘lishi va ularni bitiruv jarayonigacha oshirib borishini talab etishini anglash mumkin. Bakalavriat bosqichida bo‘lajak musiqa o‘qituvchilar tayyorlash jarayonida o‘quv rejasida “Musiqa o‘qituvchisining kasbiy kompetentligi va kreativligi” fanining bo‘lishi ularda ushbu sifatlarni shakllantirish, rivojlantirib borishni belgilab, talabalarni bo‘lajak faoliyatga kasbiy kompetentlikka egalik va kreativ yondoshuv orqali tarbiyalab borishni ta’minlaydi. “Fanni o‘qitishdan maqsad – fanni nazariy va amaliy faoliyatni o‘zlashtirish jarayonida, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tasvirlab berish, musiqiy ta’lim tarbiya berishda kasbiy kompetensiyaviy yondashuvi va ish faoliyatiga kreativ yondashishga qo‘yilgan talablarga oid bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish… Fanning vazifasi – musiqa o‘qitishning innovasion texnologiyalari ta’limining mazmuni, o‘qituvchi va talabalar ijodiga pedagogik ta’sir etish, musiqa ta’limida rivojlanuvchi ijodiy o‘yinli va interaktiv texnologiyalar, innovatsion texnologiya va axborot texnologiyalari haqida asosiy ma’lumotlar berish. Musiqa ta’limi va tarbiyasi sohasidagi ilg‘or tajribalarni mustaqil tayyorlashni o‘rganishga tayyorlash”
[6] dan iborat.
Bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiya va kreativligini rivojlantirib borishda bakalavriatda fanlarning qay darajada o‘zlashtirilishi muhim. Fanlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, musiqiy-nazariy fanlar musiqa ta’limining eng avvalo, musiqiy savodxonlik darajasini belgilab beradigan asosiy fanlar hisoblanadi. Unda rivojlanishi lozim bo’lgan Badiiy
(musiqiy) fikrlash kompetensiyasi
[7] ni fan orqali
– o‘qituvchi qachonki o‘zi yuqori salohiyatli, o‘z sohasida badiiy-obrazli tarzda fikrlay olsagina o‘quvchilarini musiqa olami bilan yaxshiroq tanishtira olishga erishishi mumkin.
Musiqa nazariyasi – musiqashunoslikning nazariy jihatlari bilan shug‘ullanadigan fanlar majmuasini qamrab oladigan qismidir. Musiqa nazariyasi – musiqaning elementar nazariyasi, garmoniya, polifoniya, musiqa shakli, solfedjio, cholg‘ushunoslik, ritmika kabi fanlarni umumlashtiruvchi tushuncha.
Oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishilarining musiqiy ta’lim yo‘nalishida “Musiqa nazariyasi” fani bo‘lib, “fanni o‘qitishdan maqsad – talabalarda musiqiy ifodalilikka nisbatan ongli tafakkurni tarbiyalash va uni idrok etish qobiliyatini hosil qilish, talabalarning musiqiy dunyoqarashini, idrokini shakllantirish va rivojlantirish, musiqiy-estetik didini to‘g‘ri yo‘naltirish va boyitish, ijodiy qobiliyatlarini o‘stirish; talabalarni musiqa o‘qituvchisi sifatida amaliy faoliyatga tayyorlashdan iborat.
Fanning vazifasi – talabalarga musiqiy ifodalilikning asosiy vositalarini tushunib yetishlarida chuqur bilimlar berish hamda musiqiy-texnik ko‘nikmalarni o‘rgatish;
- kompozitorlik ijodining ahamiyatli masalalari va asosiy muammolari bilan yaqindan tanishtirish hamda musiqa tizimi va unda muqim o‘rin egallagan garmoniya haqida aniq tushunchalar berish;
- musiqiy asar shaklining tuzilishidagi asosiy qonuniyatlari, muhim musiqa elementlari, musiqiy rivojlanish prinsiplari, shakldagi qismlar funksiyasi bilan talabalarni tanishtirish va turli xil musiqiy shakllarni tahlil qilish malakalarini shakllantirish;
- talabalarning musiqiy fikrlash, musiqiy eshitish, sof intonasiyani his eta olish qobiliyatlarini va musiqiy xotirasini shakllantirish, ularda lad, ritm, temp va uslub tuyg‘usini tarbiyalash hamda o‘zlashtirgan bilimlarini amaliyotga qo‘llay olishga o‘rgatishdir”[8]. Fan tarkibiga “Musiqa elementlari nazariyasi”, “Garmoniya”, “Musiqa asarlari tahlili” va “Solfedjio” fanlari kiritilgan.
Fanlarni 3 yil davomida o‘zlashtirib boradigan bo‘lajak musiqa o‘qituvchisida mavzular, nazariy va amaliy topshiriqlar vositasida musiqiy-nazariy fanlar bo‘yicha bir necha kompetensiyalar shakllanadi.
Jumladan: “Musiqa elementlari nazariyasi” fanini o‘qitish natijasida talabada:
- musiqiy tovush xususiyatlari, musiqiy tizim, nota yozuvi tizimi, ritm, metr, o‘lchov, temp, dirijorlik qoidalari, interval, lad, tonallik, tonalliklar kvinta davrasi, akkord, xalq ladlari, alterasiya, xromatizm, xromatik gamma, transpozisiya, tonalliklar pog‘onadoshligi, og‘ishma, modulyasiya, kuy, musiqiy belgilar, ijrochilik uslubining belgilari haqida tasavvur va bilimlarga ega bo‘ladilar;
- tovushlarni nota yo‘liga to‘g‘ri yozish, transpozisiya qilish, major va minor tonalliklari tovushqatorini tuzish, turli tovush va tonalliklarda intervallar tuzish, ularni yechish, tovushdan akkordlar tuzish, ularni yechish, tonalligini aniqlash va tonalliklarda akkordlar tuzish, xalq musiqasi tovushqatorlarini tuzish, aniqlash, xromatik gammalarni yozma va amaliy tuzish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar;
- interval, akkordlar, ladlar tuzish, asarlarning tempi, tonalligini aniqlab, obrazlarning xarakterini tahlil qilish malakalariga ega bo‘ladilar.
Garmoniya kursida esa bo‘lajak musiqa o‘qituvchilari:
- garmonik qonun-qonuniyatlar, garmonik tahlil, akkordlar va ularning garmoniyadagi xususiyatlari haqida tasavvur va bilimlarga;
- akkord tuzilishi, to‘rtovozlik tuzilmada akkordlar yozish, akkordlar qo‘shilishi, ovozlarning to‘g‘ri yo‘nalishi, ovozlarning birgalikdagi harakati, kuy va basin garmoniyalash, ularning aylanmalari va yechilishini tuzish, garmonik davralarda akkordlarni qo‘llash, akkordlar ketma-ketligi va sekvensiyalarni fortepianoda ijro etish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.
Musiqa asarlari tahlili kursida talabalar:
- musiqa asar shakli haqida, rivojlanish tamoyillari, muhim musiqiy ifoda vositalari, tuzilmalarning gomofon va polifon turlari, bayon turlari, shakl tuzilishlari haqida nazariy bilimlarni egallaydi;
- biron musiqiy asarni musiqiy ifoda vositalarini tahlil qilish, asar rivojlanish tamoyillari, bayon turlarini aniqlash, turli shakldagi asar xususiyatlarini tushungan holda ularni tahlillash, musiqiy asar mavzulari xarakteri, vositalari, o‘ziga xosliklarini tushunish ko‘nikmalarini egallaydi.
Solfedjio kursi musiqa nazariyasi fanining laboratoriya qismi hisoblanib, bunda talabalar:
- solfedjioning amaliy ahamiyatini tushunish, bir va ikki ovozli kuylarni sof intonasiyada kuylash, musiqiy diktant yozish, musiqa elementlarini tinglab aniqlash, kuyga akkomponiment tuzish qonun – qoidalari haqida tasavvur va bilimlarga ega bo‘lishi mumkin;
- sof, ma’noli, to‘g‘ri me’yorda, xarakterga mos, dinamik belgilarga e’tibor bergan holda, bir, ikki ovozli xalq, klassik va zamonaviy yo‘lidagi asarlar namunalarini solfedjiolash, ularni eshitib turib notaga solish, davriya shaklidagi o‘tilgan akkordlardan tuzilgan ketma – ketliklar kuylash; xromatik tovushlari mavjud bir tonally va modulyasiyalovchi bir ovozli hamda gomofon-garmonik va polifonik uslubdagi ko‘p ovozli namunalar kuylash; interval, akkord, ladlarni tinglab aniqlash; berilgan kuyni transpozisiya qilib kuylay olish; bir va ikki ovozli melodik diktant, intervalli diktantlar yozish malakasiga ega bo‘lishi kerak.
Amaliy mashg‘ulotlar uchun fan tarkibiga kiruvchi musiqaning elementlari nazariyasi, garmoniya, musiqa asarlari tahlili fanlaridan alohida- alohida mavzular berilgan bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlar multimedia qurilmalari bilan jihozlangan auditoriyada bir akademik guruhga bir professor- o‘qituvchi tomonidan o‘tkazilishi zarur. Mashg‘ulotlar faol va interaktiv usullar yordamida o‘tilishi, mos ravishda munosib pedagogik va axborot texnologiyalar qo‘llanilishi maqsadga muvofiq.
“Bo‘lajak musiqa o‘qituvchisi “Musiqa nazariyasi” fanidan barcha musiqiy-nazariy bilimlarni egallab, ularni amaliy tarzda qo‘llay olar ekan, uni shu fan bo‘yicha yetarli bilim, ko‘nikma va malakalarga ega deb hisoblash mumkin”
[9]. Bu o’rinda anglash mumkinki, nazariy fanlar musiqiy savodxonlik faoliyati muhimdir.
Talabaning pedagogik faoliyati davomida darslarni faoliyat turlari ya’ni biz yuqorida sanab o‘tgan boshlang‘ich sinflarda:
- “Xor bo‘lib qo‘shiq kuylash.
- Musiqa savodi.
- Musiqa tinglash.
- Musiqaga mos harakatlarni bajarish.
- Bolalar cholg‘u asboblarida jo‘r bo‘lish…
O‘rta sinflarda esa musiqa darsi uchta faoliyat turi asosida olib boriladi:
- Xor bo‘lib qo‘shiq kuylash.
- Musiqa savodi.
3.Musiqa tinglash”
[10] kabilar bo‘yicha tashkillashtirishida kasbiy kompetensiya va kreativligi muhim. Kasbiy kompetensiya va kreativlikni esa oliy ta’lim muassasasida shu nomli fan va boshqa nazariy, amaliy, ijodiy bilimlar orqali oshirib borishi uning kelajakda o‘qituvchilik kasbi faoliyatida ham salohiyatli pedagog sifatida shakllanishiga zamin yaratishi tabiiy. Dars faoliyat turlarining barchasi musiqiy-nazariy bilimlarni talab etishini hisobga olsak, bo‘lajak musiqa o‘qituvchisining har bir faoliyat turida o‘z kasbiy kompetentligini namoyish etishi va jarayonlarga kreativ yondashishi uchun bakalavr davrida kasbiy kompetentligi va kreativligini musiqiy-nazariy fanlar vositasida oshirib borish samarali natija ko‘rsatadi.
Umuman olganda, umumta’lim maktablarida musiqa madaniyati darslarida mavzu mohiyatidan kelib chiqib, faoliyat turlarini almashtirgan holda qo‘llash orqali bir butun kompleksga erishish dars samaradorligi, bolalarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishda xizmat qiladi. Har bir faoliyat turining musiqiy-nazariy fanlar bilan chambarchas bog‘liq ekanligini tahlil qilar ekanmiz, pedagogning bakalavr davridanoq bu fanlarda puxta bilim egallashiga alohida e’tibor qaratish lozimligini anglash mumkin. Darslarni faoliyat turlari bo‘yicha tashkillashtirishda esa o‘qituvchining kasbiy kompetentligi va kreativligi an’anaviylikni zamonaviy yondashuv asosida boyitishda yetakchi omil bo‘lib, bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarning kasbiy kompetentligi va kreativligini musiqiy-nazariy fanlar vositasi oshirib borilsa, yanada maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bo’lajak musiqa o’qituvchisining kasbiy kompetensiya va kreativligini musiqiy-nazariy fanlar orqali oshirish maqsad qilib qo’yilar ekan, bu fanlar ertangi kun pedagogik faoliyatda darslarni tashkillashtirish, olib borishda o’qituvchi uchun tayanishi mumkin bo’lgan bilimlarni bera oladigan tarzda egallanishiga ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Musiqaning elementlari nazariyasi, garmoniya, musiqa asarlari tahlili, solfedjio fanlari bo’yicha bilim, ko’nikma va malakalar, bu fanlar orqali shakllangan kompetensiyalar avvalo, darsda samarali “ishlata olinishi”, o’quvchilarda ham aynan shu fanlar vositasi fanga oid kompetensiyalarning shakllanishiga erishish maqsadi, fanlarning faoliyatning qaysi o’rnida yetakchi ekanligiga e’tibor qaratishga undadi. Ya’ni, umumiy o’rta ta’lim maktablarining musiqa madaniyati fanidagi dars faoliyat turlari va talaba oliy ta’lim muassasasida bilim egallagan musiqiy-nazariy fanlarni o’zaro bog’lash, pedagogda rivojlantirilgan kompetensiyalarning aynan qaysi biri biror faoliyat turida eng asosiy ekanligini, aynan ushbu kompetensiyaning oshirib borilishida qaysi musiqiy-nazariy fan eng zaruri ekanligini yanada yaxshiroq tushunishimizga imkon yaratadi.
Dars faoliyat turlarini tashkil etishda, bolalarda faoliyat turi orqali bilim, ko’nikma va malakalarni, zarur kompetensiyalarni shakllantirishda kreativ pedagog bo’lish, ijobiy samaraning garovi ekanligini hisobga olsak, bo’lajak musiqa o’qituvchisining kreativ jihatlarining qaysi qirralarining dars faoliyat turlaridan ko’proq qo’l kelishini hisobga olgan holda, bu orqali talabaning kasbiy kompetensiya va kreativligini musiqiy-nazariy fanlar vositasida oshirib borishda ko’zlangan natijaga erishish yo’li sifatida, dars faoliyat turi-kompetensiya-kreativlik parametri-yetakchi musiqiy-nazariy fan bog’liqligi tizimlashitirildi.
Mazkur bog’liqliklarni inobatga olgan holda, shu asosida bo’lajak musiqa o’qituvchilarning kasbiy kompetensiya va kreativliklarini musiqiy-nazariy fanlar orqali oshirib borish muhimligi haqida xulosaga kelindi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI.
- O‘zbekiston Respublikasining Ta’lim to’g’risidagi Qonuni,. O‘RQ-637-son 23.09.2020-yil.
- Karimov I.A. “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch”. Ma’naviyat nashriyoti, Toshkent., 2008-yil.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. President.uz sayti https://president.uz/oz/lists/view/4057. 2020-yil 29-dekabr.
- O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi. 5111100 – Musiqa ta’limi bakalavriat ta’lim yo’nalishining malaka talablari. O’z.R. O.O’.M.T.V. Buyruq № , Toshkent 2020-yil.
- “Musiqa nazariyasi”. Fan dasturi. Toshkent davlat pedagogika universiteti. Toshkent 2020-yil.
- “Musiqa o’qituvchisining kasbiy kompetentligi va kreativligi”. Fan dasturi. Toshkent davlat pedagogika universiteti. Toshkent 2020-yil.
- Аврамкова С.И. «Понятие «компетенция» в современной теории и практике преподования музыке» // Известия Российского государственного педагогического университета им. Герцена. №136. М., 2010 г.
- Drapeau Sparking student creativity (practical ways to promote innovative thinking and problem soving). – Alexandria – Virginia, USA: ASCD, 2014.
- Yusupova N. Musiqa savodi, metodikasi va ritmika. Musiqa nashriyoti. Toshkent., 2010-yil.
- Sharipova G, Najmekdinov G’. “Musiqa o’qitish metodikasi praktikumi”. O’quv qo’llanma, “Turon-Iqbol” nashriyoti. Toshkent., 2014-yil
[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. President.uz sayti
https://president.uz/oz/lists/view/4057. 2020-yil 29-dekabr.
[2] O‘zbekiston Respublikasining Ta’lim to’g’risidagi Qonuni,. 23.09.2020 yildagi O‘RQ-637-son. 11-modda.
[3] I. Karimov “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch”. Ma’naviyat nashriyoti, Toshkent., 2008. 61-bet.
[4] Yusupova N. Musiqa savodi, metodikasi va ritmika. Musiqa nashriyoti. Toshkent., 2010-yil, 4-bet.
[5] O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi.
5111100 – Musiqa ta’limi bakalavriat ta’lim yo’nalishining malaka talablari. O’z.R. O.O’.M.T.V. Buyruq № 418., Toshkent 2020, 6-bet.
[6] “Musiqa o’qituvchisining kasbiy kompetentligi va kreativligi”. Fan dasturi. Toshkent davlat pedagogika universiteti. Toshkent 2020-yil., 2-bet
[7] Аврамкова С.И. «Понятие «компетенция» в современной теории и практике преподования музыке» // Известия Российского государственного педагогического университета им. Герцена. №136. М., 2010 г. 149 стр.
[8] “Musiqa nazariyasi”. Fan dasturi. Toshkent davlat pedagogika universiteti. Toshkent 2020-yil., 2-bet
[9] Drapeau Patti. Sparking student creativity (practical ways to promote innovative thinking and problem soving). – Alexandria – Virginia, USA: ASCD, 2014. Pg 11.
[10] Sharipova G, Najmekdinov G’. “Musiqa o’qitish metodikasi praktikumi”. O’quv qo’llanma, “Turon-Iqbol” nashriyoti. Toshkent., 2014-yil. 11-bet.