MUKOFOT MUBORAK USTOZ…
Ustoz X.A. To‘raqulov “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Jizzax davlat pedagogika instituti jamoasi domlani mukofot bilan chin dildan muborakbod etadi.
Ustozning hayoti va faoliyatiga bir nazar…
To‘raqulov X.A. 15-may 1949 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumani Qurli qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1967 – 1973 yillarda Alisher Navoiy nomidagi SamDUning Mexanika va matematika fakultetida tahsil olgan.
To‘raqulov X.A. 1967 – 1973 yillarda Samarqand viloyati Past – Darg‘om tumanidagi 46 – o‘rta maktabda va 1967 – 1976 yillarda Ishtixon tumanidagi 58 – o‘rta maktabda matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritdi. U 1976 yildan o‘z ish faoliyatini Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti “Oliy matematika” kafedrasi o‘qituvchiligidan davom ettirdi. Bu dars ichida u ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishni ham odatiy holatga aylantira oldi va u 1978 – 1981 yillarda o‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi Kibernetika ilmiy – ishlab chiqirish birlashmasida aspiranturada tahsil oldi. U 1982 yil 12 – may kuni texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va mehnat faoliyatini yana JDPIdan davom ettirdi.
To‘raqulov X.A. 1984 – 1989 yillar “Umumiy texnika fanlari” kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi va 1986 yil shu kafedra dotsenti ilmiy unvoniga ega bo‘ldi.
To‘raqulov X.A. 1987 yil “Xalq maorifi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
X.A.To‘raqulov 1989 – 1997 yillarda Kasb ta’limi (hozirgi texnologik ta’lim) fakulteti dekani bo‘lib ishladi.
To‘raqulov X.A. 1984 yillardanoq ustozlik faoliyatini ham boshlab yubordi. Uning shogirdlari birin – ketin 1988, 1989 yillarda Kievda (Ukraina pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida) nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qila boshladilar. 1990 yilan boshlab esa uning shogirdlari O‘zbekistondagi turli ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarda himoya qila boshladi.
X.A.To‘raqulov 1997 – 2012 yillar davomida “Pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi” (Hozirgi Boshlang‘ich ta’lim) fakultetida dekan lavozimida ishladi.
Bu yillar davomida u ko‘pgina yutuqlarni qo‘lga kirita oldi. Jumladan, 2000 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi, 2003 yilda Pedagogik ta’lim xalqaro fanlar akademiyasiga muxbir a’zo ( chlen korspondent) va 2005 yilda haqiqiy a’zo (akademik) bo‘ldi, 2006 yilda professor ilmiy unvoniga ega bo‘ldi, 2009 yilda A.G.Nebolsin nomidagi Xalqaro mukofot lauriyati bo‘ldi, 2012 yilda “Turon” fanlar akademiyasi akademigi bo‘ldi.
X.A.To‘raqulovning ijodiy faoliyati tahsinga loyiq, ya’ni u kishi tomonidan hozirgacha 450 dan ziyod ilmiy ishlar natijalari e’lon qilingan. Ulardan, 70 dan ortig‘i darslik, o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar bo‘lib, ulardan Pedagogika darsligi respublika o‘quv adabiyotlari tanlovida birinchi o‘rinni olgan.
X.A.To‘raqulovning “Pedagogik”, “Ilmiy tadqiqot asoslari”, “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi”, “Dissertatsiya qanday tayyorlanadi” kabi darslik va o‘quv qo‘llanmalari Respublikamiz turli oliy o‘quv yurtlari ta’lim jarayonlarida foydalanilmoqda. Shuningdek, ustoz X.To‘raqulov rahbarligida 10 dan ortiq fan nomzodlari, 20 dan ortiq magistrlar o‘z dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli ravishda himoya qilgan.
Akademik X.A.To‘raqulov o‘z ilmiy maktabiga ega bo‘lgan ustozlardan. U 1984 – 1997 yillar davomida tashkil etgan ilmiy maktabini 1997 yil “Pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi” fakultetida ham davom ettirib kelmoqda. Bu ilmiy maktab qatnashchilarining ilmiy ishlar natijalari har yili “Fan, ta’lim va amaliyot” majmuasining dolzarb muammolari nomli davriy ilmiy to‘plamda chop ettirilib boriladi (2021 yilda bu to‘plamning 16 – chiqishi nashr qilinadi).
X.A.To‘raqulov o‘z farzandlarini ham ijod bilan shug‘ullantirishga yo‘naltirilgan olimlardan. Farzandlaridan To‘raqulov Olim pedagogika fanlari doktori, professor, o‘zMU Jizzax filiali direktori; To‘raqulova Iroda – JDPI Pedagogika va psixologiya fakulteti dekani; To‘raqulov Ulug‘bek Nizomiy nomidagi TDPUda magistratura bo‘limi bo‘yicha maxsus xodim (Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)).
Domla X.A.To‘raqulovning keyingi faoliyati ko‘proq darsliklar yaratish va bo‘lajak ilmiy – pedagogik xodimlar (magistrlar, doktorlar)ni tayyorlash bilan bog‘liq holda olib borilmoqda.
Domlaga uzoq umr tilaymiz, pedagogik, ilmiy faoliyatlari bardavom bo‘lsin, unvonlar muborak bo‘lsin deb qolamiz.
Jizzax davlat pedagogika instituti jamoasi.