Bayram tabrigi
Assalomu alaykum hurmatli Jizzax davlat pedagogika institutining aziz va mo‘tabar ayollari, talaba qizlarim!!!
Ayoli ulug‘langan yurtda yashashdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, — Oilang tinch, turmushing obod, farzandlaring bag‘ringda kamol topsa. Mehnat qilishing, izlanishing, umuman aytganda, bor imkoniyatlaringni ro‘yobga chiqarishing uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Bugun shu narsaga amin bo‘ldimki, astoydil mehnat qilgan odam, albatta, uning rohatini ko‘rar ekan Ayollar iqtisodiy, ijtimoiy tomondan keng qo‘llab-quvvatlanayotir. Xotin-qizlarning baxti, kamoli, istiqbolini ko‘zlagan va buni oliy maqsad, deb bilgan mamlakat dunyoda kamdan-kam topiladi. Ayollari e’zozlanayotgan Ana shunday yurtda yashayotganimizdan behad faxrlanaman. Bugun mana shunday bahor va nafosat bayrami bo‘lmish 8 mart bayrami arafasida Jizzax viloyatida yashayotgan har bir ayol, ishda va oilada chin ma’noda, baxtli deb bilgan go‘zal opa –singillarmizni, jamoada o‘z o‘rniga ega o‘qituvchi degan sharafli nomga munosib ayol hamkasablarimizni chin dildan muborakbod etaman.
Bugun ayollarning siyosat maydonida, iqtisodiyot, sanoat tarmoqlarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida, umuman, barcha jabhada faolligi ortib borayotir, kechagi uy bekasi — bugun jamiyatning faol a’zosi. Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi xotin-qizlar islohotlar jarayonida faol qatnashib, Vatanimiz taraqqiyoti, uning yanada gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ularning safiga Jizzax davlat pedagogika institutida bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan professor o‘qituvchilar, olima ayollarimizni ham bemalol qo‘shishimiz mumkin. Bugungi kunda viloyatimizning oliy ta’lim muassasalarida 61 nafar olima ayollar faoliyat yuritadi. Jizzax davlat pedagogika institutida 6 nafar fan doktori, 44 nafar fan nomzodi va falsafa doktorlari faoliyat yuritayotgani ko‘nglimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Ularni nomma-nom sanasak qog‘oz ham yetmas balki… Talaba qizlarimizning sport va sa’natda, qolaversa o‘z yo‘nalishlarida muvaffaqiyatlarga erishuvi, iqtidorlari tufayli turli loyihalarda ishtirok etib g‘olib bo‘layotganliklari meni behad quvontiradi.
Ayolning oila va jamiyatdagi o‘rni yuksak bo‘lishi, davlatning xalqaro hamjamiyat orasidagi o‘rni yuksak bo‘lishiga olib keladi. Millat genofondi va inson kapitaliga tikilgan sarmoya qanchalik katta bo‘lmasin, ayol zotiga beriladigan e’tibor va hurmat past bo‘lsa, sarmoya behudaga sarflangan bo‘ladi. Shunday ekan, eng birinchi o‘rinda prezidentimiz rahnamoligida boshlangan xotin-qizlarga bo‘lgan e’tiborning davlat siyosati darajasiga olib chiqilishi va bu harakat butun jamiyat a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
Davlatimiz rahbari boshchiligida, xotin-qizlarni jamiyatdagi mavqeini oshirish va iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, o‘tgan 2020 yilda respublika bo‘yicha, OTMlarga kirish uchun qo‘shimcha 4 foizli (940 nafar xotin-qizga) qabul kvotalari ajratilishi belgilangan edi. Bunda asosan, kam ta’minlangan, ota-onasi vafot etgan, beva ayol farzandi bo‘lgan, jismoniy imkoniyati cheklangan, doimiy uy-joyiga ega bo‘lmagan oilalarda yashayotgan, oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan hududlarda yashovchi xotin-qizlarga tanlov asosida oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha kvota ajratildi.
Shular orasida viloyatimizning turli hududlarida yashovchi 21 nafar xotin-qizlar ushbu imtiyoz sabab, Jizzax davlat pedagogika instituti talabasi (grant asosida) bo‘lishdek baxtga sazovor bo‘ldilar.
Jizzax davlat pedagogika instituti talabalarining hamda professor –o‘qituvchilarining ko‘pchilik qismi xotin-qizlardan iborat. Bu esa, respublikamizning turli hududlariga ham sifatli pedagog, ham tajribali ayol shaxsini yetkazishda oliy ta’lim muassasasi o‘rni yuksak ekanligining dalilidir. Ayol kishi butun boshli oilada tarbiya topayotgan farzandlarga mas’uldir. Pedagog ayolning yelkasidagi mas’uliyat esa ikki karra muhimroq. Sababi, pedagog ayol nafaqat o‘z farzandlari tarbiyasi, balki yuzlab-minglab yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi uchun ham javobgar va mas’uldir.
Aziz va mehribon ayollar,talaba qizlarim !!! Siz mening nazarimda e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namunasisiz. Har bir ayol uchun tinch va farovon yurtda yashashdan, oila va jamiyat e’zozida bo‘lish-u sog‘lom farzandlarni kamolga yetkazishdan ortiq baxt va saodat yo‘q.
Zero, davlatimiz rahbari har bir chiqishlarida, aholi bilan uchrashuvlarda opa-singillarimizning betakror fazilatlari qatorida latofati va nafosati, vafo va sadoqatini alohida qayd etib, farzandlarimiz yuragiga o‘z ona-yurtiga sevgi va sadoqat tuyg‘usini singdiradigan bu, eng avvalo, ayollar ekanini e’tirof etadi.
Tabrigimga shu yerda nuqta qo‘yishdan avval, Chidam, sabr-bardosh, fidoyilik, mehnatsevarlik, matonat qisqacha aytganda, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlar sohibi nozik jussali opa-singillar siz qahramon, vafo va nazokat, sadoqat ramzisiz degim keldi … “Siz xonadonlarimizda, mahallalarimiz, butun yurtimizda har doim o‘zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitining, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot o‘chog‘ining eng kuchli posboni bo‘lib kelgan va bugun ham ana shunday fazilatlari bilan insonni inson, oilani oila qilib kelayotgan, munisa, mehribon va jafokash ONA, OPA, SINGIL va go‘zallik timsoli Muhtarama AYoLSIZ!!!”
Bahor va nafosat bayramingiz muborak bo‘lsin aziz ayollar!!!
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S.Sharipov