Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

XALQ DOSTONLARIDA IJTIMOIY-SIYOSIY MUNOSABATLARNI VA MA’MURIY-    HUDUDIY BOʻLINISHNI IFODALOVCHI LEKSEMALAR

 Tulaganovna Manzura Narmatova Jizzax davlat Pedagogika universiteti o‘qituvchisi narmatovamanzura75@gmail.com Tayanch so’zlar: doston, leksema, baxshi, lug’at, farmon, yurt, mamalakat. Annotasiya: maqolada “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlarida  ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni va ma’muriy-hududiy boʻlinishni ifodalovchi leksemalar tahlil qilingan. Ключевое слова: эпос, лексема, бакши, словарь, указ, страна. Аннотация: в статье анализируются лексемы, репрезентирующие общественно-политические отношения и административно-территориальное деление в эпосах «Маликка Айяр», «Бахром и Гуландом».   Xalq dostonlari matnida, xususan, biz oʻrgangan “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlari tilida ijtimoiy-siyosiy turmushning keng qamrovli sohalariga oid leksemalar faol qoʻllangan. Shulardan biri ijtimoiy- siyosiy munosabatlarni bildiruvchi leksik birliklar (masalan, hukm, farmon, rusm, ehson, tuhfa, xiroj, peshkash, qonun, qoida, tabarruk, hidoya) sanaladi. Biz quyida ularning ayrimlarini koʻzdan kechiramiz: etimologik xususiyatlari va qoʻllanish holatlari haqida qisqacha toʻxtalamiz, Hukm: asli etimologik jihatdan arabcha soʻz boʻlib, hukmronlik; hokimiyat, boshqarish; tuzum, qaror, toʻxtam, buyruq; fikr, tushuncha kabi ma’nolarni ifodalashga xizmat qiladi. Biz oʻrgangan “Malika ayyor” dostoni matnida bu leksema faqat toʻrt oʻrinda, uning hukmiman shakldoshi esa bir marta qoʻllangan: Bunda kelib gʻarib boʻlib zor-zor, Ne qilsa hukmi bor qudratli jabbor (M.A.48-bet); Bu soʻzni aytib yigʻlab haqqa zoru-zor, Ne qilsa hukmi bor qudratli jabbor (M.A.82-bet); Uch oshiq hukmiman yutib Zargarbek, Oq yuzidan oldi olti muchchini (M.A.116-bet). Lisoniy dalil sifatida berilgan ushbu matnlarning birinchisi va ikkinchisida (hukmi bor juftligida) “biron ish qilish izm-ixtiyori oʻzidaligi”, “imkoniyat borligi” ma’nolari ustuvorlik qilgan. Uchinchi misolda (matnda) koʻchma “buyruq, amr” ma’nosi oʻz ifodasini topgan. Mazkur leksema biz oʻrgangan “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida uchramadi. Farmon: forscha soʻz boʻlib, “amr, hukm: koʻrsatma, qat’iy-qaror” ma’nolarini ifodalaydi. Adabiy-badiiy asarlarda, xalq ogʻzaki ijodi namunalarida bu leksema biror ishning bajarilishi haqida beriladigan buyruq, hukm, topshiriq: amr ma’nolarini ifodalashga xizmat qiladi. Biz oʻrgangan “Malika ayyor” dostonida mazkur leksemaning farmoni, farmonim, farmonlar kabi shakldoshlari ikki-uch martadan qoʻllangan. Shunday boʻldi menga haqning farmoni, Sizni tuqqanlarning bormi armoni. (M.A.52-bet); Yor axtarib judo boʻldim yurtimdan, Hasratman ayrilib mamlakatimdan, necha shahar erdi hukmi farmonim, Shu gʻurbatga soldi bir goʻzal zolim (M.A.156-bet). Keltirilgan matnlarning dastlabkisida Gulqiz oyimning Avazxonga qilgan murojaatida: – Qaysi mamlakatdan kelding? degan soʻroviga xudoning sifatlaridan biri (haq) leksemasi qoʻllangan va “toʻgʻri, rost, chin, haqqoniy” ma’nolari ifodalangan. Ikkinchi matnda esa “hukmronlik qilmoq” ma’nosi ustuvorlik qilgan. Biz oʻrgangan “Bahrom va Gulandom” dostonida farmon leksemasi qoʻllanmagan. Rusum, rasm-rusum. Bu leksema etimologik jihatdan arabiy boʻlib “rasm” soʻzining koʻpligi hisoblanadi; rasm va odatlar, rasm-rusumlar; qoida-nizomlar ma’nosida qoʻllanadi. Xalq dostonlari tilida va ogʻzaki soʻzlashuv nutqida “rasm-rusum”; ayrim hollarda “rasm” shaklida faol ishlatilgan. Biz oʻrgangan “Bahrom va Gulandom” dostonida bu soʻz birligi uchraydi. Buni Bulgʻor shahridan xat (noma)ni olib kelgan elchilarning Fagʻfur shoh darvozabonlariga aytgan quyidagi gapidan bilsa boʻladi, unda qoʻlidagi xatni birovga bermasligi, elchilikdagi qat’iy rasm-rusum sir saqlanishi va faqat podshohning oʻziga xatni berishining epik bayoni berilgan: Elchi aytar: “Bunday ishlar boʻlmaydi, Elchining odati shunday boʻladi! Har kimga xatni berib yurmaydi, Shunday boʻlsa agar maqsadin Podshoning oʻziga tegadi xating, Biz elchining shudir rasmi, odati (B.G.60-bet); Elning rasimi shunday boʻlarmi, Hech zamonda kuchukka xun olarmi? Bu kuningdan oʻlsang boʻlar, Qosimshox (B.G.88-bet). Merganlar aytdi: – Avazjon! Boshqaga bandargoh boʻlsa, kirib chiqmoqqa rasm boʻlsa, senga kasm boʻldi (M.A.46-bet). Keyingi berilgan har ikkala matnlarda rasm leksemasi “muayyan urf-odat, rasm-rusum, qoida-nizom” ma’nosida qoʻllanganligi sezilib turibdi. Umuman, “Bahrom va Gulandom” dostonida mazkur leksemaning rasmi 2 marta, rasmin, rasmini kabi variantlari bir martadan qoʻllangan va ularning hammasi yuqorida qayd etilganlarni oʻzida ifoda etgan. Ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni shakllantirish va rivojlantirishda ma’muriy-hududiy boʻlinishni ifodalovchi leksemalarning oʻz oʻrni, vazifalari mavjud. Aslida bu tipdagi soʻz birliklarining paydo boʻlish tarixi muayyan jamiyatning paydo boʻlishi davriga borib taqaladi. Jamiyat bor joyda muayyan ma’muriy-hududiy boʻlinishlar va ularning oʻziga xos tartib- qoidalari ustuvorlik qiladi. Agarda jamiyat tarixiga nazar solinsa, ilk mulkchilik shakllana boshlagan davrdayoq mavjud hududlar ham mulkiy koʻrinish tarzida asta-sekin taqsimlanib borgan. Bularning hammasi ijtimoiy-siyosiy hayotda va uning tilida oʻz izini qoldirgan. Ma’muriy hududiy birliklarni nomlashda eng avvalo, muayyan joyning xususiyatlari, jamiyatdagi oʻrni va istiqomat qiluvchilarning oʻziga xos va mos jihatlari nazardan qochirilmagan. Ayni lingvistik va ekstrolingvistik holatlar aholi orasida ma’muriy-hududiy boʻlinishni ifodalovchi leksemalarning kundalik-maishiy hayotda, turmush tarzida faol qoʻllanishiga asosiy sabablardan biri boʻlgan. Biz quyida shu tipdagi leksemalarning xalq dostonlarida qoʻllanishini qisqacha koʻzdan kechiramiz. Yurt: leksema sof turkiycha soʻz boʻlib, uning qoʻllanilish miqyosi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Ona tilimizning izohli lugʻatida uning ikki xil ma’nosi mavjudligi qayd etilgan: 1. Ma’lum xalq, aholi yashab turgan joy, oʻlka, mamlakat, vatan; 2. Biror mamlakat yoki oʻlkada yashovchi xalq; el; aholi (OʻTIL, V, 93-bet). Mazkur ma’nolardagi leksemalar tahlilga jalb etilgan ikkala doston matnida ham koʻplab uchraydi. Bu oʻrinda ayrim misollar keltirish bilan chegaralanamiz: Chambilning yurtiga, Goʻroʻgʻlining ustiga qoʻshin tortib borayotgan edi (M.A. 28-bet); Xurum yurtidan kelgan qancha amaldor, otlanib shu zamon safda amaldor… (B.G 115-bet); Chin shahri degani ajoyib erdir, Bir gʻulgʻula bul ham katta shahardir, Bu yurtlarning bunda egasi bordir, Etdik deb, Bahromning koʻngliga keldi (B.G 55-bet); Sabl qilding, Torkistonday yurtingni, Tashlab ketding bunday mamlakatingni… (M.A. 121-bet). Bu oʻrinda ta’kidlash lozimki, yurt leksemasining “Malika ayyor” dostonida yurtga, yurtda, yurtimizda, yurtini, yurtingni, yurtimizga kabi 70 ga yaqin, shuningdek, “Bahrom va Gulandom” da 45 ga yaqin shakldoshlari qoʻllanilganligi aniqlandi. Ularning hammasida ham yuqoridagi ta’kidlangan ma’nolar oʻz ifodasini topgan. Yana bir lisoniy holat kuzatildi: Juda koʻpchilik matnlarda yurt leksemasi oʻlka, mamlakat, vatan, el, xalq kabi soʻzlari bilan ma’nodoshlik qilgan sinonimlik vazifasini bajargan. Misollar keltiramiz:
  1. Yurt (mamlakat,el soʻzlari orqali sinonimlik): Muning podsholigini bildi. Muning birovi Rum mamlakati podshosi ekan, birovi Chin-Mochin podshosi ekan, – dedi (M.A. 65-bet); Ne sababdan chiqding Chambil elingdan, yoʻl boʻlsin, Avazjon, qayga borasan? (M.A. 42-bet).
  2. Yurt (el, xalq soʻzlari orqali sinonimlik): El-u xalqing senday bekka intizor (M.a, 159-bet); El-u xalqingni esingga oldingmi, Ul sababdan, bolam, koʻngling boʻldingmi (M.A. 159-bet).
  3. Yurt (vatan, xalq leksemasi orqali sinonimlik): Soʻzimni eshitgin shohim muqarrar, Otim yoʻlchi, oʻzim yurgan qalandar. Tarki dunyo qildim, Vatan ne darkor (M.A. 92-bet).
Mamlakat: arab tilidan oʻzlashma sifatida kirib kelgan mazkur leksema “salatanat, davlat, podshohlik” (OʻTIL, II, 534-bet) ma’nolarini bildiradi. Biz oʻrgangan xalq dostonlari matnida bu leksema faol qoʻllangan. Xususan, “Malika ayyor” dostonida mamlakat, mamlakatdan leksemalari toʻrt martadan, mamlakataningni uch marta, shuningdek mamlakatga, mamlakati, mamlakatidan, mamlakatim, mamlakatimdir, mamlakatimni, mamlakating, mamlakatni, mamlakatning kabi variantlarining har biri bir martadan qoʻllangan. Ularning hammasida ba’zan saltanat, ba’zan davlat yoki podshohlik ma’nolarini ifodalash ustuvorlik qilgan. Fikrimizni dalillash maqsadida ikkita matn keltirish bilan chegaralanamiz: Buni Goʻroʻgʻli sulton koʻrib, oshiqi beqaror boʻlib, ul parizodga qarab: – Asli joying, mamlakating qaerda? – deb soʻrab turibdi (M.A.8-bet); Chin-Mochin shahrida mamlakatimdir, Xon qalandar deydi mening otimni, izlab chiqdim Malika parizotimdi (M.A.63-bet). “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida mazkur leksemaning qoʻllanish darajasi biroz pastroq. Aniq statistik ma’lumotlarning tasdiqlashicha, mamlakat leksemasi, mamlakatga, mamlakatda, mamlakatdan, mamlakatini kabi variantlari ikki martadan, shuningdek, mamlakati, mamlakatim, mamlakatingni, mamlakatlaridan singari shakllarining har biri bir martadan qoʻllanganligi aniqlandi. Ularning deyarli hammasida muayyan davlat (mamlakat), saltanat va shohlik kabi ma’nolarni ifodalash ustunlik qilgan. Misollar keltiramiz: Bu erdan bir qizni olib ketarman, mamlakat, yurtima men ham etarman (B.G.63-bet); Necha kun, necha tun, unda yurarman, Mamlakatim togʻ-u toshin koʻrarman, Javob bersang, ota endi borarman (B.G.15-bet) kabi. Oʻlka: sof turkiy soʻz sifatida faol qoʻllanadi, mamlakat leksemasining sinonimi sifatida qoʻllanilishi mumkin. “Malika ayyor” dostonidan olingan mazkur matn bu boradagi kuzatishimizni dalillaydi: Chambil oʻlkalarim yodima endi, Salomat koʻrarsan qizingdi, Chambilbelda sen ham yurgan toʻrasan (M.A.46-bet). Tarzing koʻrdim bir mamlakat shunqori, Bul oʻlkaga nechuk tushdi guzori, Guzor solgan xonim qaydan boʻlasan? (M.A.52-bet). “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida oʻlka leksemasi uchramadi. Xulosa shuki, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni va ma’muriy-hududiy boʻlinishni ifodalovchi leksemalar tilimizning oltin fondidan munosib oʻrin olgan. Ularning xalq dostonlari matnlarida qoʻllangan namunalarini toʻplash, etimologik va qoʻllanish xususiyatlarini oʻrganish alohida tadqiqot olib borishni talab qiladi