Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

TAOM VA OZIQ-OVQATGA OID LEKSIK BIRLIKLARNING QO‘LLANISHI

Narmatova Manzura –  o‘qituvchi Jizzax davlat pedagogika universiteti         Annatatsiya. Ushbu maqolada milliy taomlar va ularning ayrim turlariga oid lisoniy tushunchalar, ularning etimologik xususiyatlari, “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlari matnida uchragan namunalari haqida ma’lumotlar berilgan. Annotatsiya. V dannoy state predstavlenы svedeniya o lingvisticheskix ponyatiyax natsionalnыx blyud i nekotorыx ix vidov, ix etimologicheskaya xarakteristika, primerы, vstrechayuщiesya v tekste bыlin «Malikka Ayyar», «Baxrom i Gulandom». Annotation. This article provides information about linguistic concepts of national dishes and some of their types, their etymological characteristics, examples found in the text of the epics «Malikka Ayyar», «Bahrom and Gulandom». Taom arabcha so‘z bo‘lib tilimizga o‘zlashib kirib kelgan va yemish,ovqat,egulik ma’nolarini ifodalaydi.Tilimizning nufuzli lug‘atida mazkur so‘z birligiga “Pishirilgan, yeyish uchun tayyorlangan narsa,ovqat” (O‘TIL,III,871-bet) deb izoh berilgan. Aslida taom leksemasi oziq-ovqat so‘z birligiga ma’nodosh-sinonimik vazifasini bajaradi. Ovqat so‘zi ham arab tiliga mansub bo‘lib oziq-ovqat,egulik,ozuqa ma’nolarini bildiradi. Bu so‘z qut leksik birligining ko‘pligi bo‘lib,u o‘zbek tiliga metoteza yo‘li bilan o‘zlashgan: avqot,aqvot (O‘TIL,III,872-bet).Ko‘ramizki, ovqat leksemasi keng qamrovda “rizqlanish, yeyish-ichish uchun tayyor narsa: yemish, taom, yemak” ma’nolarini ifodalashga xizmat qiladi. Fikrimizni “Malika ayyor” dostonidan olingan quyidagi matnlar ham tasdiqlaydi: Bular ovqatlardan yeb, qorni to‘yib, qovzonib oldi (155-bet). Oziq-ovqatni xilma-xil oziq va ovqatlar yig‘indisi deyish mumkin. Bu boradagi kuzatishlarimizni dalillash maqsadida oziq-ovqat tushunchalarini ifodalovchi leksemalarning lug‘aviy izohlar va tadqiqotimiz tahliliga jalb etilgan xalq dostonlarida qo‘llanilgan matnlarga e’tiborni qaratamiz.         Chulon leksemasi adabiy tilimizda va yozma yodgorliklar matnida uchramaydi, faqat ba’zi shevalarda qo‘llanadi va ularga tegishli xalq og‘zaki ijodi namunalarida mavjudligini ta’kidlash lozim. Bu o‘rinda “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kiruvchi “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” xalq dostonidagi: “Go‘ro‘g‘libek aytdi: Podsho deganning qatorida nori bo‘ladi. Hamma fuqarolarga berib turadigan chuloni bo‘ladi” kabi matnlarni xotirga keltirishning o‘zi yetarli.Tadqiqotimizning ob’ekti sanalgan “Malika ayyor”dostonida chulon leksik birligi taomning bir turi sifatida qo‘llanilgan: Kelib qirq yigitga chulon berayin, Coqijon taningdan boshing yulayin (7-bet). Bu  leksema “Bahrom va Gulandom”da uchramadi.         Ta’til leksemasi arab tilidan tilimizga o‘zlashgan bo‘lib, to‘xtash, to‘xtatish; berkitish, yopib qo‘yish; tarqatish kabi ma’nolarini ifodalaydi. Adabiy tilimizdagi bu so‘zning ma’nolari haqida quyidagi izohlar berilgan:    1. esk. O‘quv dargohlarida, umuman, dars-mashg‘ulot bo‘lmaydigan kunlar, dam olish kunlari; 2. Maktab va boshqa o‘quv yurtlarida dars-mashg‘ulotlar to‘xtatilib, o‘quvchilarga dam beradigan “o‘quvchilar dam olishga chiqadigan” vaqt, tanaffus;   3. Dam olish, davolanish va shu kabilar uchun ishdan ozod qilib beriladigan ma’lum kunlar, ishdan ozod qilinadigan muddat. Ta’til leksemasining yana bir yangi ma’nosi bor va uning qo‘llanish doirasi keng: bu so‘z, asosan, shevalarda va folklor asarlarida uchraydi. Masalan, millatimizning ma’naviy ozuqa beruvchi shoh asarlaridan birida, xususan, “Alpomish” dostoni matnida quyidagilar uchraydi: Ul alplar qanday alp: yoyandoz, mergan,har qaysisi… har kuniga to‘qson shirvozning etini ta’til qilgan… zo‘r polvonlar. Ko‘ramizki, ta’til leksemasi ovqat, yegulik, nonushta, ovqatlanish ma’nolarini ham ifodalaydi. Biz o‘rgangan “Malika ayyor” dostonida ham ayni ma’nolar epik qahramonlarga berilgan tavsifida o‘z ifodasini topgan: Ularni Chambil elda Asad, Shodmon sher deydi, Har qaysisi ta’tiliga to‘qson devni yer edi (40-bet). Ta’til leksemasi “Bahrom va Gulandom” da  uchramadi.         Non leksemasi forsiy so‘z bo‘lib, oziq-ovqat ma’nosini bildiradi.Uning qo‘llanishi doirasi keng: tilimizdagi eng faol so‘z sanaladi va ikki ma’noda ishlatiladi: 1.Xamirdan tayyorlanib, tandir, o‘choq, tova va shu kabilarda pishiriladigan yegulik. 2.Umuman, yegulik-ichkulik; yashash, tirikchilik uchun zarur narsa (O‘TIL,III,57-bet). Non leksemasi “Malika ayyor”da  bir o‘rinda qo‘llangan: Avaz Qalandarga: – Bobo, siz gadoy ekansiz, parcha-purcha noningiz bormi, deb so‘rayotibman,– dedi (61-bet).Tahlilga jalb etilgan “Bahrom va Gulandom” dostonida mazkur leksema qo‘llanilmagan.         Osh so‘zi forsiy tildan kirib kelgan, tilimizning oltin boyligidan munosib o‘rin olgan va kundalik-maishiy hayotda faol qo‘llaniladi, yovg‘on, sho‘rva, xo‘rda, ovqat ma’nolarini ifodalaydi. Tilimizning eng nufuzli lug‘atida mazkur leksemaning to‘rt xil ma’nosi mavjudligi qayd etilgan: 1.Pishirilgan issiq ovqat; 2. Umuman, har qanday ovqat, taom; 3. etn. Palov; 4. etn. Ba’zi munosabatlar bilan o‘tkaziladigan ziyofatlar nomining tarkibiy qismi, masalan, qiz oshi, xotin oshi, arvoh oshi, maslahat oshi (O‘TIL,III,168-bet). Tilimizning og‘zaki va yozma nutqlarida har ikkalasiga ham tegishli ma’nolarda osh leksemasi ma’nodoshlik jihatdan palov so‘ziga sinonim bo‘lib kelishi kuzatiladi. Buning boisi shuki, osh ham, palov ham funksional jihatdan bir xil vazifani bajaradi: pishirilgan ovqat sifatida masallig‘i guruch, yog‘, go‘sht va sabzidan iborat bo‘lib, qovuriladi, qaynatiladi va damlab tayyorlanadigan quyuq ovqat, osh (O‘TIL,III,210-bet) sifatida qadrlanadi. Lingvomadaniy birlik sifatida osh (palov) leksemasi biz o‘rgangan “Malika ayyor” dostonida uch o‘rinda qo‘llanilgan. Masalan: Uch ko‘shk: ichkima-ichki, zertang-zabartang, obod joy. Pastki ko‘shkda osh damlanib turibdi. Avazxon aytdi: ”Bu alpga xo‘p yo‘liqdim,buni suzib yeb olayin”.(M.a.47-bet). Gulqiz: – Oshing pishgan bo‘lsa, borib suzib kel, – deb Gulzamonga buyurdi.(M.a.48-bet). Osh leksemasining oshima, oshimni, oshin kabi shakldoshlari mazkur dostonda ancha faol qo‘llangan bo‘lsa-da, lekin ularni birortasini, hatto osh leksik birligining ham “Bahrom va Gulandom” dostoni matnida qo‘llanganligini  uchratmadik.         Go‘sht­­­­­­ – bu leksema aslida forsiycha bo‘lib et ma’nosini bildiradi. Ona tilimizning izohli lug‘atida bu so‘zning uch xil ma’noda qo‘llanilishi ta’kidlangan:1.Tirik organizmning mushak to‘qimalari; et. 2.So‘yilgan jonivor tanasining ovqat sifatida iste’mol qilinadigan qismi: et; 3.Ba’zi mevalarning yeyiladigan qismi, eti (O‘TIL, II, 533-bet). Ko‘ramizki, go‘sht – taom uchun tayyorlanadigan, qaynatiladigan va qovuriladigan ozuqa bo‘lib, kundalik-maishiy hayotda faol qo‘llaniladi (masalan, go‘shtli somsa, go‘shtli qovurma, go‘shtli sho‘rva va h.k). Go‘sht leksikasining tarkibidagi t undoshining talaffuzda qolishi – go‘sh varianti og‘zaki nutqda, folklor namunalarida ancha faol qo‘llanilishi ham bir lisoniy hodisadir. Birgina misol keltirish bilan chegaralanamiz: ”Yusuf va Ahmad” dostoni matnidagi: ”O‘lganlarning quzg‘un qo‘nar go‘shiga, Cho‘qsavdolar solay o‘zim boshiga” kabi epik bayon ta’kidlangani bu boradagi kuzatishimizni dalillaydi.         Go‘sht leksemasi biz tahlil qilayotgan xalq dostonlarida ham ancha faol qo‘llangan. Ongni ko‘rsak otamiz, go‘shtini kabob qilib, yo‘llarda yeb ketamiz (B.va G.75-76-bet). Mening o‘g‘lim ovboshi otib keldi, – deb ot go‘shtiga chulon qilib beradi (B.va G. 9-bet). ”Malika  ayyor “ dostoni matnida mazkur leksemaning go‘shiga, go‘shingni, go‘shini, go‘shtdan, go‘shtdi, go‘shtiga, go‘shtimning, go‘shini, go‘shting, go‘shtingni, go‘shtini, go‘shtni kabi yigirmaga yaqin shakldoshlari ham qo‘llanilgan. Misollar keltiramiz: “Bir qo‘yni so‘yib,sho‘rvasiga to‘yib, go‘shtini pishirib, korsonga solib, bularning oldiga olib kelib qo‘ydi.Avazxon go‘shtdan olib yeyayotir. Asad mergan ham bir tuyurini olib,emoqchi bo‘lib og‘ziga soldi(M.a.41-bet). Devlar ziyofatiga qo‘yni so‘ydi.Pishirib go‘shtini olib kelib qo‘ydi, yugurib qildi xizmat” (M.a.58-bet). Keltirilgan matnning dastlabkisidagi tuyur leksemasi pishirilgan go‘shtning bir bo‘lagi, kichikkina qismi ma’nosini ifodalagan. Bu o‘rinda yana ta’kidlash lozimki, go‘sht leksemasi qo‘llanilgan ayrim matnlarda iste’mol qilinadigan ovqatning bir qator ko‘chmalari ham o‘z ifodasini topganligi kuzatiladi: 1. Go‘shtini yemoq –“kelishmovchilik”, yolg‘orish ma’nosida: Sen yeysan-ku qirq tog‘amning go‘shtini, Nodon ko‘ngling har xayolga bo‘lmagin, Qirq tog‘amning barin nobud qilmagin (M.a.41-bet).2. Go‘shtini sotmoq – “o‘ch olish ma’nosida: Ko‘ring Soqi marddi, qilib yotar siyosatdi, Yomonlagur, jayratmasam, yoyga choqlabotsam, befarzandin yig‘latmasam, katta chorak go‘shtini bir tangaga sotmasam, o‘zimning tegishimni g‘ingqillatib yutmasam, – deb sharaqlatib sori yoyni tortdi, yoyini o‘qi yashinday bo‘lib oqib ketdi…(7-bet). 3. Go‘shingni yemoq, go‘shti qolmoq – do‘q, po‘pisa ma’nosida: Ikkovi birikib kesar boshingni, Xabardor bo‘l, bu ishlardan, qalandar,     Qarg‘a–quzg‘un yeydi sening go‘shingni. Yorim bor deb mag‘rur bo‘lib yurasan,Ikkovi biriksa tayin o‘lasan, O‘zing o‘lib, go‘shting bunda qoladi.      Ukag‘ar, qalandar, qayga borasan… (61-bet).         Sharbat leksemasi arabcha bo‘lib, bir qultum: shirin ichimlik ma’nosini ifodalaydi. Tilimizda faol qo‘llaniladi. Bu leksik birlik, asosan, ikki holatda qo‘llanilishi haqida nufuzli lug‘atlarda ma’lumotlar berilgan: 1. Pishib yetilgan ho‘l mevalardagi qand moddasi, shirinlik, shira; 2. Mevalardan tayyorlangan shirin ichimlik (O‘TIL IV, 547-bet). Ta’kidlangan ma’nolar “Malika ayyor” dostoni matnida uchragan: Qalandarlarning vaqtini xushladi, ziyofat ustiga ziyofat, qand ustiga sharbat quydirdi, ko‘p in’omlar berib, yaxshi joylar tayinlab, qalandarlar Malikaning in’omlarin olib, dimoqlari choq bo‘lib turdi (191-bet). … ostiga yaxshi libos-to‘shaklardan tashlab, joy tayin qilib, o‘tqizib, ziyofat ustiga ziyofat, qand ustiga sharbat, shirin ustiga sharob, taom ustiga taomlardan torta berdi. Keltirilgan matnlardan ayon bo‘ladiki, epik qahramonlarning bir-biriga samimiyati, mehmondorchilik tartibi, dasturxon tuzash qoidalari, bazmi-jamshid lavhalari tasvirida taom va oziq-ovqat mahsulotlardan sharbat, qand, sharob kabi leksemalar qatnashgan. “Malika ayyor” dostoni matnida sharbat leksemasi boshqa bir ma’noda – ajal (o‘lim) sharbati tarzida qo‘llanganligi e’tiborimizdan chetda qolmadi: ushbu leksik birliklar (ajal sharbati) epik qahramonlardan biri Shoqalandarning o‘z dushmanlari Boymoq dev lashkarlariga qarata aytgan murojaatida qo‘llanilgan:         Uyalmasang, kelgin devlar, Mening qo‘limda o‘linglar, Harna bo‘lsang, yomon devlar, Ajal sharobin ichinglar (166-bet). Yuqoridagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, sharbat leksemasi “Malika ayyor”da bor-yo‘g‘i uch o‘rinda qo‘llangan, ularning ikkitasi taom va oziq-ovqatning bir turi sifatidagi ma’noda ishlatilgan, yana biri – uchinchisi ko‘chma ma’noda ajal sharbati ichish (o‘lim muqarrarligi) ta’kidlangan. Lekin “Bahrom va Gulandom”da sharbat so‘z birligi umuman uchramadi.         Sharob aslida arabcha so‘z bo‘lib, ichimlik: sharbatichimlik: sharbat, may, vino ma’nolarini ifodalaydi. Nufuzli lug‘atlarda ushbu leksemaga quyidagicha izoh berilgan: q.t. Kayf beruvchi ichimliklarning umumiy nomi: may, vino (O‘TIL, III, 549-bet). Sharob leksemasi “Bahrom va Gulandomda” bor-yo‘g‘i bir o‘rinda qo‘llangan: Nega so‘z ko‘nglidan kechib, Bu majlisda sharob ichib, O‘ltirar ul zamon Bahrom, Ko‘nglida Fag‘furning qizi, Kiygani gulgun qirmizi… (89-bet). Sharob leksik birligi “Malika ayyorda” to‘r to‘rinda, uning sharobin shakli esa bir o‘rinda uchraydi: Yaxshi to‘shaklar to‘shalgan, sharob, antaxurlar to‘kilgan, suvlar sepilgan, namoyishga chini gujumlar tikilgan (M.a. 7-bet). Zargarbekdan zarba ko‘rib, Ajal sharobini ichdi (M.a. 144-bet). Keltirilgan matnlarning dastlabkisida sharob leksemasi taomning bir turi- ichimlik ma’nosida, keyingi matnda esa “o‘limga mahkumlik” ma’nosida qo‘llanilganligi ayon bo‘lib turibdi. May leksemasi qo‘llanilishi va funksional vazifasiga ko‘ra sharob so‘ziga ma’nodosh, sinonim bo‘la oladi. (Sharob-may, may-sharob kabi). May so‘zi aslida forscha leksema bo‘lib, boda, sharob ma’nolarini ifodalaydi. Nufuzli lug‘atimizda may leksemasiga “Uzumdan tayyorlangan ichimlik: musallas, vino” tarzidagi izoh berilgan (O‘TIL, IV. 527-bet). Ushbu leksema biz o‘rgangan xalq dostonlarida ham uchraydi. Masalan: bola shu majlisda kosa gul bo‘lib, soqiylik qilib, devlarga may quyib berayotir (M.a. 76-bet).         Aroq leksemasi aslida arabiy so‘z bo‘lib, ter, bug‘lanish ma’nosini bildirgan. Bu ma’no ko‘pgina yozma yodgorliklar tilida saqlanib qolgan. Bu o‘rinda bir misol keltiramiz. Mumtoz adabiyotimizning yirik vakillaridan Haydar Xorazmiyning “Gulshan ul asror” asaridagi “To‘kmasa dehqon aroq, poyi bel, yemishining foydasin topmas el” kabi misralar bu boradagi fikrni to‘liq tasdiqlaydi. Suv bilan vino (etil) spirt aralashmasidan iborat bu ichimlik adabiy tilda aroq, og‘zaki so‘zlashuv nutqida araq-paraq, xalq dostonlari tilida araq-sharaq shakllarida uchraydi: Darvozani ochib ichkariga kirib qarasa, qirq dev araq-sharaq ichib mast bo‘lib o‘tiribdi.Chiqib turgan tutun araq ichib shag‘al mast bo‘lib o‘tirgan devlarning dami edi (M.a. 37-bet). May va araq leksemalari biz o‘rgangan “Bahrom va Gulandom” dostoni tilida qo‘llanilmagan.         Qovurma – pishirilgan taomlarning bir turi. Aslida qovurma leksemasi qovuriladigan, yog‘da qovurib pishiriladigan; qovurilgan ma’nolarini ifodalaydi (O‘TIL, V, 320-bet). Qovurma taomining turlari ko‘p: qovurma palov, qovurma sho‘rva, qovurma go‘sht va hokozo. Qovurma sho‘rva– hamma masalliqni oldin qovurib olib, so‘ngra suv quyib tayyorlanadigan sho‘rva sanalsa, qovurma taomi – go‘sht, kartoshka, piyoz va boshqa sabzavotlardan qovurib ustiga ozroq suv quyib, dimlab pishiriladigan quyuq taom nomidir. Xalqimizning kundalik turmush sharoitida bu taomlar ko‘proq tayyorlanishi hech bir dalil talab qilmaydigan holat. Qovurma go‘shtning esa asosiy qismini go‘sht tashkil etadi, piyoz va boshqa sabzavotlar qo‘shiladi, suv solib dimlab pishiriladi. Qovurma go‘sht taomi ham (ba’zi hududlarda go‘shtli qovurma deb yuritiladi) eng mashhur va mazzali.Mazkur taom nomi bizda xalq dostonlarida ko‘plab uchraydi. “Momoga beringlar qovurma go‘shtni” (Sh.Sh. 76-bet); shu zamonda ko‘p taomlar, pista-rusta ham qandolat,  ustiga-ustak aralashdi, olib kelayotir qizlar, Boz ustiga qovurma go‘shtdi.  Izzat bilan Malika ayyor, qalandarman ko‘rishdi (M.a. 191-bet); Oldilariga dasturxon tashlab, Avazning ko‘nglini xushlab, pista, rusta, qand, novvot aralashdi, buning ustiga olib keldi qovurma go‘shtdi, Gulqiz bilan shunday o‘tirishdi (M.a 54-bet). Keltirilgan matnlardagi pista, qandolat, rusta, qand, novvot leksemalari ham oziq-ovqatga xos so‘z birliklari hisoblanadi. Buning tabiiy asoslari bor. Masalan, qandolat “Un va qiyomning o‘rtasiga mag‘iz yoki qovurilgan no‘xot solib tayyorlangan yumaloq-yumaloq shirinlik” (O‘TIL,V, 237-bet) hisoblanadi. Xalqimiz orasida mahalliy shirinliklar qand-qurslar ham qandolat mahsulotlari sifatida qadrlanadi. Pista forscha so‘z bo‘lib, asosan, tog‘li hududlarda o‘sadigan past bo‘yli, yong‘oq- simon daraxtning qattiq qobiqli mevasi sifatida dasturxonga qo‘yiladi. Rusta ham forscha so‘z bo‘lib, holvaning bir turidir. Tilimizning izohli lug‘atida aytilishicha, rusta ichiga o‘rik yoki bodom mag‘zi solib tayyorlangan parvarda (O‘TIL, III, 398-bet).         Qand leksemasi arabcha so‘z bo‘lib shakar, obakidandon ma’nosini bildiradiva u sof shakardan tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsuloti, undan shirinlik sifatida kundalik-maishiy turmushda keng foydalaniladi. Parvarda leksemasi esa forsiycha so‘zdan olingan bo‘lib, xalqimiz orasida oliy nav bug‘doy uni, o‘simlik yog‘i va qiyomdan tayyorlanadigan mahalliy shirinlik sifatida dasturxonga qo‘yiladi. Ta’kidlangan leksemalarning hammasi oziq-ovqat guruhiga xos leksik birliklar sanaladi. Xullas, kundalik taom va oziq-ovqatlarga oid leksimalar tilimizdan munosib o‘rin olgan. Ularning og‘zaki va yozma adabiyot manbalaridagi uchragan namunalarini o‘rganish, kelgusi avlod vakillariga tanishtirish tilshunoslikning dolzarb vazifalaridan biridir.   FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR:
  1. G. – Bahrom va Gulandom. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1986.
  2. A. – Malika ayyor. – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.
  3. O‘TIL – O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh tomlik. –Toshkent:  3-jild, 2007. – 688 b.
  4. O‘TIL – O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh tomlik. –Toshkent: 4-jild, 2008. – 606 b.
  5. O‘TIL – O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh tomlik. –Toshkent: 5-jild, 2008. – 592 b.